Sayyoralar haqida qiziqarli ma'lumotlar 

84 466

MARSDA HAYOT BO’LISHI MUMKIN, DEB TAXMIN QILISHADI?

 Olimlar Koinotdan hayot izlayotgani, turli tajribalar o’tkazayotgani sizga ma'lum. Tabiiyki, hayot izlaganda bepoyon kosmik fazodan ko’ra o’zimizning Quyosh sistemamizni tadqiqqilish osonroqdir. Olimlarning fikricha, qandaydir hayot shakli bo’lishi mumkin bo’lgan sayyora Mirrixdir. Nega ular aynan Mirrixni tanlab olishdi?Bu sayyora Yer bilan egizak, deb hisoblanadi. Mirrix bilan Quyosh o’rtasidagi masofa Yer bilan Quyosh o’rtasidagi masofaga yaqin turadi. Uning diametri Yernikidan ikki marta kichik, Mirrix ikki yilda bir marta Quyosh atrofini aylanib chiqadi. Ammo Mirrixdagi kun davomiyligi Yernikiga to’g’ri keladi. Munajjimlar Mirrixni kuzatayotib, u yerda hayot qandaydir shaklda bo’lishi mumkinligidan darak beruvchi ayrim narsalarga duch kelishdi.Birinchidan, Yerdagi singari Marsda ham yilning to’rt fasli bor. Uning yuzasida ham fasllar almashuvi barobarida o’zgarishlar ko’zga tashlanadi. Bahorda va yozda qoramtir joylar yanada qorayadi, ularning rangi ko’k-yashildan sariqqa aylanadi. Balkim, bu o’simliklardir? Munajjimlarning taxminicha, sayyora atmosferasi tarkibida mavjud oz miqdordagi suv bug’lari u yerda hayot vujudga kelib, rivojlanishi uchun sharoit tug’dirishi mumkin.Italyan munajjimi Jovanni Skiaparelli 1887-yili Mirrix yuzasida kanallarga o’xshash narsani kuzatganini ma'lum qildi. Olimlar: «Mirrixliklar qurg’oqchil mintaqalarga qutblardan suv olib kelish uchun kanallar qazigan bo’lishi mumkinmi?» deb savolni ko’ndalang qo’yishdi. 1976-yili Amerikaning ikkita «Viking» uchish apparati Mirrix yuzasiga qo’ndi. Sayyora tuprog’i kosmik apparatlar bortida mavjud asboblar yordamida hayot nishonasini topish maqsadida tadqiqqilindi, tadqiqot natijalari Yerga yuborildi. Ushbu tadqiqotlardan tuproqda mikroorganizmlar mavjud bo’lishi mumkinligi, ammo Mirrix tuprog’i Yernikiga mutlaqo o’xshamasligi ma'lum bo’ldi.Mabodo, Mirrixda hayot bo’lsa ham, u juda oddiy shakldadir. 

YUPITERNING NECHTA YO’LDOSHI BOR?

  Kosmik kemalar va ochiq kosmosdagi sayohatlar to’g’risida o’qiganimiz sayin Quyosh sistemasidagi boshqa sayyoralarga qiziqishimiz tobora ortib boraveradi. Mars — Mirrixdan keyin bizni eng qiziqtirgan sayora, shubhasiz, Yupiter — Mushtariydir. Mushtariy, avvalo, kichik bir Quyosh sistemasini eslatadi.Bugungi kungacha Mushtariy atrofida aylanadigan 16 tadan kam bo’lmagan yo’ldoshlar yoki oylar kashf etilgan.Ularning to’rttasi o’lchamlariga ko’ra, bizning Oyga yaqin turadi.Ulardan ikkitasining diametri 50 km, ayrimlari esa juda mitti yo’ldoshchalardir. Diametri — 25 km yoki undan ham kichkina. Mushtariy sayoralar ichida eng ulkani bo’lib, uning hajmi Yernikidan 1 300 marta kattadir.Unga oddiy ko’z bilan boqqaningizda ham, garchi u Yerga 587 000 000 km masofadan yaqin kelmasada, yorqin va go’zal tomoshaning guvohi bo’lishingiz shubhasiz. Mushtariyni teleskop yordamida o’rganayotgan olimlar ko’p bor u yerda muttasil o’zgarib turadigan manzarani kuzatishgan.Sayyora yuzasida yorqin kengliklar bilan ajratilgan yo’l-yo’l chiziqlar yoki belbog’lar mavjud, ular zonalar deb ataladi.Belbog’lar aniq bir ko’rinishga ega emas, ammo doimiy sur'atda har xil ko’rinishdagi shakllarga ajralib turadi. Zonalar ham vaqti-vaqti bilan o’zgaradi: ularda to’satdan qoramtir dog’lar va yorqin oq joylar paydo bo’ladi. Munajjimlarning taxminicha, bizning ko’zimizga belbog’ yoki zonalar bo’lib ko’rinayotgan narsalar aslida bulut va bug’lar to’dasidir, ular tez-tez beqaror holatga tushib turadi. Mushtariyning yana bir qiziq tomoni shundaki, uning yuzasida tez-tez kishini lol etadigan ranglar paydo bo’ladi. Uning ikkita belbog’i qip-qizil rangdan malla, kulrang, ҳatto, ko’kimtir ranggacha o’zgarib turadi. Bu Mushtariyning Quyosh atrofida aylanishi bilan bog’liq bo’lsa kerak, degan taxmin bor. U Quyosh atrofida 12 yilda bir marta aylanib chiqadi, ranglar o’zgarishida ham 12 yildan iborat davriylik bor. Mushtariyga tegishli eng qiziq va ajoyib jihat undagi ulkan qizil dog’dir. Dog’ning bo’yi — 50 000 km, eni esa — 12 000 km. Dog’ning rangi, shakli, yorqinligi va harakatchanligi o’zgaruvchandir. Yilning ayrim fasllarida qizil g’isht rangida, boshqa vaqt kul rangida bo’ladi, ba'zida butunlay yo’qolib ketadi. Bundan tashqari, bu sirli qizil dog’ Yupiter yuzasida joydan-joyga ko’chib yurganga ham o’xshab ko’rinadi. 

SATURN HALQALARI NIMA?

  Osmonni birinchi bo’lib teleskop yordamida tadqiqqilgan buyuk italyan olimi Galileo Galiley 1610-yilda Quyosh sistemasida sayyoralardan biri Saturn — Zuhalning qiziq bir xususiyatga ega ekanini kuzatdi.U Zuhalning ikki yonida qandaydir bo’rtiklar mavjudligini ko’rdi. 1655-yili niderland olimi Kristian Hyuygens Galileynikiga nisbatan kuchliroq teleskop yordamida Zuhalni tadqiqqildi. U kuzatgan manzara shu darajada hayratlanarli ediki, olim ko’rgan narsasi haqida birovga og’iz ochishdan ham qo’rqib ketdi.Shuning uchun u o’z kuzatishlarini maxsus shifrlar yordamida kundaligiga yozib qoldirdi. Keyinchalik kundalik o’qilganda, shunday satrlarga duch kelindi: «Quyosh bir yilda aylanib chiqadigan fazoviy doira — ekliptikaga qiyalagan Zuhal o’z yuzasiga tegmaydigan yupqa va yassi halqa bilan o’ralgan». Ilk kuzatuvchilarni benihoya hayratga solgan Zuhal halqalari shu kungacha Quyosh sistemasining eng katta jumboqlaridan biri bo’lib qolmoqda.Bunday hodisa Koinotning o’rganishga imkon yetadigan boshqa biror yerda uchramaydi. Albatta, Galiley kashfiyotidan so’ng odamlar Saturnni obdon o’rganishdi.Zuhal Quyosh sistemasida kattaligi jihatidan Mushtariydan so’ng ikkinchi o’rinda turadi. Uning Quyosh atrofida aylanib chiqish davri 29,5 yilga teng. Zuhal atrofida aylanadigan 10 ta yo’ldosh bor. Sayora yuzasi teleskoplar yorib o’tolmaydigan atmosfera bilan qoplangan.Uning qobig’i turli metall — ma'danlar mineralidan iborat bo’lsa ajab emas. Lekin, baribir, Zuhalning o’ziga xos xususiyati uning sirli halqalaridir. Asosiy uch halqa aynan bir xil tekislikda joylashgan va bu sayyora ekvatori tekisligiga to’g’ri keladi. Halqalarning tashqi diametri, taxminan, 300 000 km. Halqalarning eng yorqini o’rtadagisidir. Uni tashqi halqadan eni 2900 km bo’lgan oraliq masofa ajratib turadi.Ichki halqa juda xira ko’rinadi. Kosmik yo’ldoshlarga o’rnatilgan asbob yordamida, bu uch halqadan tashqari yana bir necha tashqi halqalar va bitta ichki halqa borligi ham aniqlandi. Tashqi halqalar zo’rg’a ko’rinadi.Ichki halqa esa, taxminan, Zuhal atmosferasida suzib yurgan bulutlar balandligida joylashgan. Zuhal halqalari o’lchami zarradan tortib 1 km va undan katta milliardlab qattiq jismlardan iborat, ular Quyosh nurini o’zida aks ettiradi. Bu jismlar aylana orbita bo’ylab harakat qiladi va bir-biri bilan to’qnashib ketmaydi. Zuhalning Yerdan ko’rinadigan halqalari va kosmik apparatlar yordamida kashf etilgan yangi halqalar yuzlab nisbatan ensizroq «halqachalar»dan tashkil topgan. Halqalarning qalinligi 1,3 km. dan 20 km.gacha yetadi. 

QAYSI SAYYORA YASHIL TUSDA?

  Uran sayyorasi yashil tusdadir. (Yerdan qaraganda) Uran atmosferasidagi metan gazi sayorani yashil tusga bo’yaydi. Uni ilk marta havaskor munajjim Uilyam Gershel 1781 yili kashf etgan. Uran Quyoshdan 2 877 mln.km uzoqlikda joylashgan va shuning uchun ham undagi temperatura nihoyatda sovuqdir. U, asosan, vodorod va geliydan tarkib topgan. Kosmik appratlardan olingan ma'lumotlarga qaraganda, Uranning 15 ta yo’ldoshi va halqalar tizimi mavjud. Uning aylanish o’qi Quyosh atrofidagi o’z orbitasi tekisligiga nisbatan 98 gradus qiyadir. 

PLUTON SAYYORASI QANDAY KASHF ETILGAN?

  Modomiki, siz g’aram ichiga tushib ketgan ignani topishni mushkul yumush der ekansiz, cheksiz Koinotdan mittigina Pluton sayyorasini qanday «topish» mumkinligini ham bir o’ylab ko’rsangiz ziyon qilmaydi. U Quyosh sistemasining eng olisda joylashgan sayyorasidir. U bilan Quyosh o’rtasidagi masofa Yer bilan Quyosh o’rtasidagi masofadan qirq marta olisdir. Plutonni ko’rish uchun juda katta teleskop kerak bo’ladi.Lekin qandaydir yo’l bilan u kashf etilgan.Qanday qilib? Sayoralarning o’lchami va ulargacha bo’lgan masofani aniqlaydigan ikkita qonunlar majmui bor. Keplerning sayyoralar harakatiga oid qonunlariga ko’ra, sayyoralarning Quyosh atrofidagi orbitasi to’g’ri aylana shaklida emas. Nyutonning gravitatsiya qonuni munajjimlarga sayyoralarning vazni, o’lchamlari va massasini aniqlash imkonini beradi. Qonunga asosan, ikki jismning bir-biriga tortilish kuchi har bir jismdagi material miqdori (uning massasi) hamda ular o’rtasidagi masofaga bog’liq. Massa qancha katta bo’lsa, tortish kuchi shuncha kuchli bo’ladi; jismlar birbiriga qancha yaqin bo’lsa, o’zaro tortish ham shuncha kuchli bo’ladi. Bu qonunlardan boxabar ikki kishi 1846-yili o’sha vaqtlar Quyosh sistemasining eng chetida joylashgan deb hisoblangan Uran sayyorasi xatti-harakatida qiziq bir holatni kuzatishdi. Uning o’z orbitasi bo’ylab qilayotgan harakatida taxmin qilinganidan (barcha ma'lum sayyoralarning tortish kuchini hisobga olganda) og’ish yuz berayotgani aniqlandi. Uranning harakatini kuzatish natijasida, trayektoriyasiga boshqa bir sayyora ta'sir ko’rsatyapti, degan xulosaga kelindi.O’sha kishilarning biri Berlin rasadxonasidan yangi sayorani osmonning ma'lum bir qismidan izlashni iltimos qildi. Haqiqatan ham o’sha yerdan yangi bir sayyora topildi va unga Neptun deb nom berildi. Amerikalik munajjim Persival Louell, Uranning harakatiga Neptundan ham narida joylashgan yana bir sayyora ta'sir ko’rsatadi, deb hisoblar edi. Bu 1915-yilda bo’lgan gap. Boshqa munajjimlar Neptunning o’ziga ham undan narida bo’lgan boshqa bir sayyora ta'sir ko’rsatayotganini bilib qolishdi. Shunday qilib, yana bir sayyorani teleskoplar yordamida va suratlarni o’rganish orqali izchil qidirish boshlandi. 1930-yilning 18-fevral kuni munajjim Tombo yangi sayorani qidirish jarayonida suratlarni o’rganayotib, uni Louell bashorat qilgan yerdan topdi! Bu Pluton edi. 

ENG OLIS SAYYORA QAYSI?

  Pluton — Yerga o’xshash qattiq sayora.Lekin u Yerdan 5 899 mln.km olisda joylashgani sababli uning aynan nimalardan tarkib topganini aniq bilmaymiz. U Quyosh sistemasidagi eng kichik va yengil sayyoradir. Diametri — 3 000 km. U Oydan ham kichik. Plutonning Quyosh atrofidagi yo’li yalpoq aylanani eslatadi. Boshqa sayoralarnikidan farq qiladigan orbitasi tufayli ham u ayni paytda Quyoshga Neptunga nisbatan yaqin turibdi. Bu u yana Quyosh sistemasining eng olis sayyorasiga aylanadigan 1999-yilgacha davom etadi. 

SAYYORALAR TO`QNASHIB KETISHI MUMKINMI?

  Boshni bundoq ko`tarib, osmonda g’ujg’on o`ynagan sayyoralar va yulduzlarga boqar ekansiz, shunday bir savol tug’ilishi mumkin: bir kuni kelib ular to`qnashib ketmasmikin? Baxtimizga, buning ehtimoli juda kam. Biz osmonga boqqanimizda, qaysi sayora yoki yulduz boshqasiga nisbatan Yerdan olisroq ekanini aniqlay olmaymiz. Buni yaxshiroq anglab olish uchun Quyosh sistemasiga murojaat qilaylik. Sayoralar hech qachon Quyoshning tortish zonasidan chiqib keta olmaydi. Ular doimo unchalik to`g’ri bo`lmagan aylana shaklidagi orbitasi bo`ylab harakat qiladi. Sayyoralarning harakat tezligi ular bilan Quyosh o`rtasidagi masofaga bog’liq. O`z boshingizni Quyosh deb faraz qiling va u Quyosh sistemasida Quyoshning o`rnida joylashgan, deylik. U holda boshingiz turli diametrdagi bir necha aylana markazida bo’ladi. Bu aylanalar sayyoralarning Quyosh atrofida aylanadigan orbitasidir. Agar boshingiz markazda joylashgan bo`lsa, Merkuriy sizdan 6 metr narida bo`ladi! Uning boshingizga nisbatan o`lchami ushbu gap oxiridagi nuqtaga tengdir. (Boshingizning o`lchami Quyosh o`lchamiga teng ekanini unutmang.) Venera — Cho`lpon 11,9 metr naridagi orbita bo`ylab harakatlanadi, uning o`lchami «o» harfiga teng. Uchinchi aylanada bizning sayyoramiz Yer joylashgan. U Veneradan bir oz kattaroq. Boshingiz bilan uning o`rtasidagi masofa — 16 metr (aslida esa bu masofa, taxminan, 150 000 000 km.ni tashkil etadi). To`rtinchi aylanada Yerdan bir oz kichikroq Mars — Mirrix joylashgan. Uning boshingizdan uzoqligi — 25 metr. Navbatdagi sayyora — Yupiter — Mushtariydir. U — sayoralar ichida eng yirigi. Boshingiz (Quyosh) bilan taqqoslaganda, u shisha sharcha kattaligidadir, o`rtadagi masofa futbol maydoni bo`yicha keladi. Oltinchi aylanadagi sayyora Saturn — Zuhaldir. Uning diametri — 12 mm, Yupiterga nisbatan ikki marta olisda joylashgan. Diametri 5 mm Uran Saturndan ham ikki marta uzoqdadir. Urandan bir oz kichik bo`lgan Neptun Uran bilan Quyosh o`rtasidagi masofaning yarmida joylashgan. Yerdan ikki marta kichik bo`lgan Pluton esa Yupiterdan 8 marta uzoqda joylashgan. Ularning barchasi atrofin-gizdagi orbitalari bo`ylab hech bir o`zgarishsiz harakat qilayotganini esga olsangiz, o`zaro to’qnashib ketishi ehtimoli juda kam ekanini anglab yetasiz.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharhlar - 1