Qozog`iston Respublikasi
Markaziy Osiyo mintaqasining
shimoliy va markaziy hududlarida joylashgan. Qozog'iston Respublikasining milliy
mustaqilligi 1991-yilning 16-dekabrida e’lon qilingan. Maydoniga ko`ra
jahonning 9-yirik mamlakatidir. U mintaqa hududining 2/3 qismini egallaydi.
Respublikaning iqlimi keskin
kontinentaldir.
Qozog'iston tabiiy resurslar bilan
yaxshi ta’minlangan mamlakatlardan biridir. U qo'rg'oshin va rux, xrom va
vanadiy, volfram va kumush kabi boyliklar zaxiralariga ko'ra jahondagi ko'plab
yirik mamlakatlardan qatorida turadi. Shuningdek, respublika mis, molibden,
boksit, ko'mir, neft, fosforit, temir rudasiga ham ancha boydir. Ko'mir konlaridan
Qarag'anda, Ekibastuz; neft konlaridan Tengiz, Qorachig'anoq; temir rudasi konlaridan
Kustanay; mis konlaridan Jezqazg`an, polimetall konlaridan Sharqiy Qozog'iston;
fosforit konlaridan Qoratov kattaligi va ahamiyati bilan alohida ajralib
turadi.
Qozog'iston - yer resurslariga
ham juda boy. Jami hududining 80% dan ko`prog'i qishloq xo'jaligida foydalaniladi.
Unda, ayniqsa, yaylov va pichanzorlar hissasi eng katta. Ishlov beriladigan
maydonlar (ekin maydonlari) 35 mln. ga ni tashkil qiladi. Bu boshqa O'rta Osiyo
Respublikalarining jami ekin maydonlariga nisbatan 4 marta kattalik. Shu bilan
birga Qozog`istonda suv va o'rmon boyliklari sezilarli darajada taqchildir.
Bularning bari respublikaning juda katta iqtisodiy rivojlanish salohiyatiga ega
ekanligini ko'rsatadi.
Aholisi. Qozog'iston aholisining soni jihatidan mintaqada
O'zbekistondan keyinda turadi. Hozirgi vaqtda aholisining xususiyatlariga ko'ra
Qozog'iston: ko`pmillatli; tabiiy o'sish ko'rsatkichlari eng past; qayta kо’chib ketuvchilar hisobiga aholisi soni past suratlarda o`sayotgan
respublika hisoblanadi. Uning aholisi 1997-yildagi 16,7 mln. kishidan 2013-yilda
18,0 mln. kishiga yetdi.
Shu bilan birga, Qozog’iston
mintaqada aholisi eng siyrak joylashgan respublikadir. Hozirgi vaqtda har 1 kv.km.
maydonga salkam 7 kishi to'g'ri keladi.
Qozog'iston Markaziy Osiyoda
aholining urbanizatsiya ko`rsatkichlari yuqoriligi bilan ham ajralib turadi.
Hozirgi aholisining 58,8% i shaharlarda yashaydi.
Xo'jaligi industrial-agrar xarakterga ega. Ayniqsa,
ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda sanoat tarmoqlari tez sur’atlar bilan
rivojlantirildi.
Yoqilg‘i-energetika sanoati tarmoqlari respublika sanoatining eng
yirik ishlab chiqarish majmuasidir. Ayniqsa, ko'mir, neft qazib chiqarish va
elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi bo'yicha Qozog`iston O'rta Osiyoda eng
yirik mamlakat hisoblanadi. Neft konlari, asosan g'arbida, yirik elektrostansiyalar
esa shimolida joylashganligi respublikaning yoqilg'i va elektroenergiya bilan ta’minlashda
katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Metallurgiya tarmoqlari sanoatining ikkinchi yirik majmuasidir.
Respublikada qora metallurgiya va rangli metallurgiya sanoatlari yaxshi rivojlangan.
Temirtau shahrida Qarag'anda metallugiya kombinati ishlaydi, Sharqiy
Qozog`iston, Pavlodar va Aktyubensk oblastlarida rangli metallurgiya
korxonalari mavjud.
Kimyo va neft-kimyo sanoati ham tog'-kon sanoati bilan bog'langan
bo'lib, asosan, neftni qayta ishlash, mineral o'g'itlar, avtomobil shinalari va
rezina, texnika, sulfat kislotasi mahsulotlari ishlab chiqarishga
ixtisoslashgan.
Mashinasozlik sanoatida mavjud imkoniyatlar nisbatan
yetarli rivojlanmagan. Astana, Semipalatinsk, Pavlodar shaharlarida
avtomobilsozlik, traktorsozlik va qishloq xo`jaligi korxonalari mavjud.
Respublikada yetakchi o‘rinni oziq-ovqat sanoati tashkil qiladi.
Tarmoqning yetakchi yo'nalishi go‘sht-sut
yetishtirish sanoatidir.
Yengil sanoati respublika qishloq xo'jaligi yetishtirib beradigan
xom-ashyolarni qayta ishlashga moslashtirilgan.
Respublika chorvachiligining
yetakchi tarmog'i qo‘ychilik va echkichilikdir. Hozirgi vaqtda unda 25 mln.
boshdan ziyod qo'y va echkilar bor. Qo'ychiligi, asosan, jun va qorako'l terisi
berishga ixtisoslashgan.
Qoramolchilik chorvachilikning
ikkinchi tarmog'idir. Ularning soni 9 mln. boshdan ortiqdir.
Dehqonchiligi. Ekin maydoni 34 mln. ga bo`lib, 2/3 qismida donli
ekinlar (bahorgi bug`doy, arpa, tariq, makkajo`xori, sholi), qolgan qismida
texnik (paxta, qandlavlagi, kartoshka va yem-xashak) ekinlar ekiladi.
Transporti. Qozog`istonda davlatlararo va rayonlararo yuk tashishda
temiryo'I transportning ahamiyati eng katta. U barcha ichki rayonlarini
bir-birlari bilan bog'lab turadi. Ahamiyatiga ko'ra avtomobil transporti ham
muhimdir. Shuningdek, suv va havo transportlarining ahamiyati tobora oshib
bormoqda.
Ichki tafovutlari. Iqtisodiy rivojlanish darajasi va ishlab
chiqarish ixtisosiga ko`ra nisbatan yaxshi (Shimoliy, Sharqiy va Janubiy
Qozog'iston) va nisbatan kam o'zlashtirilgan (G'arbiy va Markaziy Qozog'iston)
rayonlari ajralib turadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.