Suv va muzliklar haqida ma'lumotlar 

14 462

  Har bir jismning suvda suzishi va cho’kishi miloddan avvalgi III asrda yashab o’tgan qadimgi yunon olimi Arximed kashf etgan prinsip bilan aniqlanadi.

NEGA MUZ ERIYDI?
  Atrof-muhitning harorati pasayib, suv muzlashi natijasida muz hosil bo’ladi. Muzlagan suvning hajmi ancha kengayadi. O’n litr suvdan, taxminan, o’n bir litr muz hosil bo’ladi.
  Har bir jismning suvda suzishi va cho’kishi miloddan avvalgi III asrda yashab o’tgan qadimgi yunon olimi Arximed kashf etgan prinsip bilan aniqlanadi. U keyinchalik Arximed qonuni deb nom olgan qonunni kashf etdi. Unga ko’ra, suvga tushgan har qanday jismni ostidan o’zi siqib chiqargan suv miqdoridagi kuch itaradi. Yog’och suvdan o’rtacha ikki marta yengil, shuning uchun g’o’la o’z hajmining yarmiga teng bo’lgan suv miqdori bilan suzib yuradi. Po’kak olinadigan emanning po’stlog’i suvdan besh barobar, muz esa, taxminan, 1/10 marta yengildir. Shuning uchun ham aysbergning 9/10 qismi suv ostida bo’ladi. Uning haqiqiy o’lchamlari suv yuzasidagidan o’n barobar kattadir.
  Havo harorati suvning muzlash nuqtasidan, ya'ni Selsiy shkalasi bo’yicha 0 darajadan bir oz past bo’lganda, muzni isitmay turib ham, bosimni oshirish hisobiga eritish mumkin. Qo’shimcha bosim yo’qolganda, suv yana muzlay boshlaydi. Masalan, qo’lingizga bir hovuch qor olib, uni yumaloqlash maqsadida qisa boshlasangiz, u asta-sekin erib, suvga aylana boshlaydi, ammo kaftingizni yozishingiz bilan u yana muzlab qoladi.
  Suvning muzga aylanib kengayishi ma'lum miqdorda kuch ajralishiga olib keladi. Qoyadagi biror yoriqqa kirib qolgan suv muzga aylanib kengayadi, yillar o’tishi bilan bu hol bir necha bor takrorlangach, u katta bir granit palaxsasini ikkiga yorib yuborishi ham mumkin. Bu tog’ jinslarini nuratib, parchalashda katta ahamiyatga ega. Odamzod qadim zamonlardayoq bu kuchdan o’z maqsadlari yo’lida foydalanishni o’rganib olgan. Finlyandiyaning ulkan tosh konlarida toshtaroshlar qoyalarning katta bo’laklarini ortiqcha kuch ishlatmasdan sindirib olishadi. Ular buning uchun toshlardagi yeriqlarga suv quyib, uning muzlashini kutishadi. Suv muzlash natijasida kengayib, toshni yorib yuboradi.
 
NEGA MUZ QUVURLARNI YORIB YUBORADI?
 Ko’pgina talabalar: «Nega endi fizika va tabiiy fanlar bilan boshimni qotirishim kerak, axir, men ulardan hech qachon foydalanmayman-ku?» deb shikoyat qilishadi. Bunday kishilarning fizika va tabiiy fanlarning «befoydaligi» to’g’risidagi gaplariga ishonish qiyin. Biz, o’zimiz bilib-bilmay, kundalik hayotimizda fizika qonunlaridan foydalanamiz.
 Kishi sovuq bo’ladigan iqlimda yashaydigan har bir kishi o’z mashinasining radiatoriga antifriz solishni, barcha quvurlardagi suvlarni tukib tashlash lozimligini juda yaxshi biladi. U, mabodo, bunday qilmasa, radiatorida yeriqlar paydo bo’lishini, quvurlar esa yorilib ketishini tushunadi. Nega bunday bo’lishi fizika qonunlarida asoslab berilgan.
 Masalan, aksariyat moddalar suyuq holatdan qattiq holatga o’tganda, ularning hajmi torayadi. Ammo suv — buning butunlay aksi. U torayish o’rniga kengayadi. Kengayganda ham, taxminan 10 foiz yoki 1/9 qismga kengayadi, ya'ni chelagingizda to’qqiz litr suv bo’lsa, undan, muzlagach, 10 litr qattiq muz hosil bo’ladi. Endi suvning radiator yoki quvurda muzlab qolishini tasavvur qilib ko’ring. O’n litr qattiq muzga to’qqiz litr suvga nisbatan ko’proq fazo talab etiladi. Ammo radiator quvurchalari yoki suv quvurlari cho’zilish xususiyatiga ega emas. Chunki ularda oshiqcha joyning o’zi yo’q. Shuning uchun ham suv muzlaganda, quvurlarga sig’may, yorib chiqadi.
 Tabiatning bunday o’ziga xos hodisasi katta kuchga ega. Siz quvurlar pishiq metallardan tayyorlanishini yaxshi bilasiz. Finlyandiyaliklar bunday kuchdan ham unumli foydalanishadi. Ular tosh konlarida qoyalardagi yoriqlarga suv quyishadi va uning muzlashini kutishadi. Muzlagan suv pona vazifasini o’taydi. Ulkan qoya toshlari muzning kengayishi natijasida katta toshlarga bo’linib ketadi.
 Muz suvga nisbatan ko’proq joyni egallasa ham, undan yengildir va uning ustida suzib yuradi. Shuning uchun ham katta suvliklar hech qachon to’liq muzlamaydi. Suv yuzasidagi muz qatlami ostidagi narsalarni muzlab qolishdan saqlaydi.
 
SUMALAKLAR QANDAY HOSIL BO’LADI?
 Uylarning tomidan osilib turgan sumalaklar qanday hosil bo’lishini hech o’ylab ko’rganmisiz?
  Ular qachon hosil bo’ladi: eruvgarchilik paytimi yoki sovuq paytmi? Agar eruvgarchilik paytida bo’lsa, nega suv noldan yuqori darajada muzlab qoladi? Agar sovuq payt bo’lsa, tomda suv qayerdan paydo bo’ladi?
  Demak, bu savolga javob berish unchalik oson emas. Sumalaklar hosil bo’lishi uchun bir vaqtning o’zida ikki xil: erish uchun noldan yuqori, muzlash uchun noldan past temperatura kerak.
  Aslida ham shunday. Quyosh nuri tushishi bilan uylarning tomidagi temperatura noldan yuqori ko’tarilib, u yerdagi qorni qizdiradi, oqib tushayotgan suv tomchilari esa tomning chetiga, tunuka tarnovlarga tegib, muzlab qoladi, chunki bu yerdagi temperatura o’sha payt noldan past bo’ladi. Erigan suv tomdan oqib tushayotib, uning chetiga osilib qoladi. U tom ostidagi temperatura noldan past bo’lgani uchun muzlab qoladi. Muzlagan tomchi ustiga yana bir tomchi yetib kelib, muzlab qoladi va hokozolar, shu tariqa kichik muz bo’rtigi hosil bo’ladi. Boshqa bir kuni boshqa tomchilar qo’shilib muzlab qolishi natijasida burtik yanada uzayadi va alal-oqibat yer osti g’orlaridagi ohaktosh stalaktitlari (oqiq tomchilari)ga o’xshash sumalak hosil bo’ladi. Shunday qilib, saroylar va, umuman, isitilmaydigan binolarning tomlarida sumalak paydo bo’ladi.
 
 NEGA BUGUNGI KUNDA HAM MUZLIKLAR BOR?
 Shimoliy Amerikada muz davrini boshlab bergan ulkan muz massasi «kontinental muzlik» deb ataladi. Uning markazidagi qalinlik 4,5 km. ga yetgan. U butun muz davri davomida to’rt marta paydo bo’lib, shuncha marta erigan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas.
  Dunyoning boshqa joylarini qoplagan muzlikning ayrim joylari, umuman, erimagan. Masalan, ulkan Grenlandiya oroli, ochiq tor sohil bo’ylarini hisobga olmaganda, hanuz kontinental muzlik bilan qoplanib yotibdi. Muzlikning o’rta qismidagi qalinlik uch kilometrdan oshadi. Antraktida ham kontinental muzlik bilan qoplangan. Muzning qalinligi ayrim joylarda 4 km.gacha yetadi.
  Yer sharining ayrim mintaqalarida muzlik turib qolganiga sabab, uning muzlik davridan to shu kunga qadar erimaganidir. Ammo hozirgi muzliklarning asosiy qismi yaqinda tashkil bo’lgan. Ular, asosan, tog vodiylarida joylashgan.
  Ular amfiteatrlarni eslatuvchi keng, nishab vodiylardan boshlanadi. Qor bu yerlarga tog’ yonbag’irlaridan ko’chki va o’pirilish natijasida tushadi. Bu qor yozda ham erimaydi, shu tariqa yillar bo’yi qalinlashib boraveradi. Asta-sekin og’irlik kuchi ta'sirida, qorning erib, qayta muzlashi natijasida qor massasi ostidagi havo siqib chiqariladi va u qattiq muzga aylanadi. Qor va muzning og’irligi butun massani siqib chiqara boshlaydi va uni vodiy bo’ylab pastga siljishga majbur etadi. Muzning bunday harakatlanayotgan qismi, tog’ muzligi deb ataladi.
  Yevropadagi Alp tog’larida 1200 dan oshiq shunday muzlik bor. Ularni Pireney, Karpat, Kavkaz, shuningdek, Osiyoning janubiy qismidagi tog’larda ham ko’rish mumkin. Alyaskaning janubidagi baland tog’larda o’n minglab muzliklar bor. Ularning ayrimlari uzunligi 50— 100 km.ni tashkil etadi.

SUV NIMA?
 Olimlar boshqa sayoralardan hayot izlaganda, avvalo, u yerda suv bormi, degan savolga javob izlashadi. Biz suvsiz hayet bo’lmasligini yaxshi bilamiz.
Suv hidsiz, ta'msiz, rangsiz suyuqlikdir. U barcha mavjudotlar tarkibida, tuproqda va havoda bo’ladi.
  Tirik organizmlar faqat suvda erigan ozuqani iste'mol qilishadi. Tirik hujayralar, asosan, suvdan tarkib topgan. Suv tarkibiga nimalar kiradi? U ikki gazning: o’ta yengil vodorodning va nisbatan og’ir, faol gaz bo’lmish kislorodning oddiy birikmasidir.
Vodorodning kislorodda yonishi natijasida suv hosil bo’ladi. Ammo suvning xarakteristikasi uni tashkil etuvchi elementlarnikiga mutlaqo o’xshamaydi. Uning o’ziga xos xususiyatlari bor.
  Suv ham boshqa ko’plab moddalar kabi uch xil holatda mavjud bo’ladi: suyuq (odatdagi shakli), «muz» deb ataladigan qattiq va «suv bug’lari» deyiladigan gazsimon holatlari. Suvning holati uning temperaturasiga bog’liq.
  Selsiy shkalasi bo’yicha 0 darajada suv suyuq holatdan qattiq holatga o’ta yoki muzlay boshlaydi. Selsiy shkalasi bo’yicha 100 darajada u suyuq holatdan gazsimon holatga o’ta boshlaydi. Bunday ko’rinish holatidan ko’rinmas holatga o’tish «bug’lanish» deb ataladi.
  Agar issiq uyga bir bo’lak muz olib kirilsa, u eriy boshlaydi. Mabodo, uy ancha issiq bo’lsa, muzdan hosil bo’lgan suv xalqobchasi yo’qolib ketadi, ya'ni suv bug’lariga aylanadi. Suv soviganda, hajmi kengayadi.
  Buloqlar atmosfera yeg’inlaridan suv oladi. Yomg’ir suvi yer ostiga sizib o’tadi va qirlar yonbag’ri yoki tog’ etaklaridan sizib chiqa boshlaydi.
  Yer osti suvlari ham bor: ulardan katta-katta basseynlar hosil bo’ladi. Buloqlar shuga o’xshash rezervuarlardan suv to’kilib turadigan teshiklarga o’xshaydi. Suvning tarkibi u o’z yo’lida duch keladigan jinslarga bog’liq. Buloqlarning ikki turi bor: mineral buloqlar va termal (issiq) buloqlar. Issiq buloqlarda, odatda, temperatura 20 darajadan baland bo’ladi. Ayrim daryolarning tubiga suv sizadi. Bir joyga to’plangan suv yana yuzaga oqib chiqadi. Bunday buloqlar karst buloqlar deb ataladi.
  Suv tabiatda hyech qachon sof holda uchramaydi. Uning tarkibida erigan mineral tuzlar, gazlar, mikroorganizmlar zarralari bo’ladi. Suv aylanib yuradi. Quyosh uni bug’lantirib, dengizlar va okeanlardan havoga olib chiqadi. Suv bug’lari bulut bo’lib yig’iladi va yomg’ir, tuman, qor yoki shudring holida yerga, suvliklarga qayta yog’adi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.