Ozon - hayot qalqoni 

23 617

  Atmosfera havosi asosan 78% azot (N2) va 21% kislorod(02)dan tashkil topgan. Kislorod suv va yorug‘lik kabi eng muhim hayotiy omillardan biri hisoblanadi. Kislorodning bir qismi atmosferada uch molekula kislorod (O2) ya’ni, ozon sifatida uchraydi. Ozon atmosferaning Yer yuzasidan 20-22 km balandlikda uchraydi. Ba’zan atmosferaning ushbu ozonga boy qatlami ozonosfera deb ham ataladi.
  Ozon ma’lum miqdorda tirik organizmlarga ijobiy ta’sir etadi. Ozon qatlami tirik organizmlar uchun salbiy ta’sir etuvchi quyoshning qisqa to‘lqinli ultrabinafsha nurlarini yutib qoladi. U hayot uchun qalqon: ammo qalqon tabiat tomonidan boshqariladigan bir oz uzun to‘lqin uzunlikdagi ultrabinafsha nurlarni ozon qatlami yaxshi o‘tkazadi. Ushbu nurlar hayot uchun zarur: ular kasallik tug‘diruvchi bakteriyalarni qiradi, odam organizmida D-vitaminini hosil bo‘lishigayordam beradi. Ma’lumki, yozda odam terisining chiniqishiga (qorayishiga) sababchi bo‘ladi. Ozon qalqonining holatini muhofaza qilish katta ahamiyatga ega. Uning o‘zgarishi Yer yuzidagi tirik organizmlarning hayotiga ta’sir etishi mumkin.
  Insonning texnologik faoliyati natijasida ozon qatlami XX asrning ikkinchi yarimidan xavf ostida qoldi. Dastlab Antarktidada har yili himoya qatlami bir necha oylar davomida ayrim bir qit’a o‘lchamida «yoriq» hosil qila boshladi.
  Bir necha yillar davomida kuzatishlar natijasi ozon miqdorining 4-5 marta kamayganligini qayd etildi.
  Olimlar ozon qatlamining «yemirilishi» insonning tabiatga texnogen ta’siri deb hisoblaydilar. Ozon qatlami «yemirilish»ining asosiy sababchisi kimyoviy jihatidan beqaror modda xlorftoruglevodorodlar deb topildi. Bunday moddalar qatoriga freonlar kirib, u maishiy turmushda sovitkichlarda ishlatiladi.
  Atmosferaga uchib chiqqan freonlar quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’sirida parchalanadi. Natijada Xlor(Cl), Ftor(F), Brom(Br) kabi faol radikallar hosil bo‘lib, ular ozon molekulalarini parchalaydi.
  Ozon qatlamining «yemirilishi» shimoliy yarim sharda ham aniqlangan. Keyingi 10 yillarda uning miqdori 2-3% ga kamaydi. Bu holatni juda xavfli deb qarash mumkin. Ozon miqdori bir avlod hayoti davomida 20% ga kamayishi mumkin. Ushbu ko‘rsatkich insoniyatni ekologik halokatga olib keladi. Ozon qatlami buzilishining oldini olish maqsadida 1987-yilda Monreal shahrida Monreal qaydnomasi imzolangan. Unda 1989 yildan boshlab barcha mamlakatlar freondan foydalanishni 50% ga kamaytirishga kelishib olindi. 1988 yili «Ozon qatlamini qutqaraylik» shiori ostida Londonda Xalqaro anjuman o‘tkazilgan.
  1989-yilgi «Ozon qatlamini muhofaza qilish deklaratsiyasida, 2000-yilga qadar freon gazlaridan» ishlab chiqariladigan mahsulotlarni bosqichma-bosqich kamaytirish tadbirlari belgilab olingan.
  Ana shu tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib borilsagina, sayyoramizdagi hayot qalqoni har doim butun bo‘lib, inson salomatligi va barcha tirik organizmlarning yashash sharoitlari to‘la saqlanib qoladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.