Ekologik muammo keltirib chiqarayotgan omillar 

7 982

Ekologiya sohasi olimlari anchadan beri ogohlantirish qo’ng`irog`ini chalishmoqda — Yer sayyorasi katta xavf ostida. Insoniyatning tabiatga nisbatan ko’r-ko’rona tutayotgan yo’li flora va fauna olami turlarini me’yordan tashqari 1000 marta ko’proq vayron bo’lishiga sababchi bo’layotir. Bugungi kun hisob-kitoblariga qaraganda 20 mingga yaqin tabiat namunasi izsiz yuqolib ketgan. Eng dahshatlisi shundaki, biz odatiy turmushimizda shunday buyumlar ishlatamizki, ular bir qarashda ko’zga tashlanmaydi, ammo aynan ana o’shalar tabiatni vayron etuvchi omillar sifatida qayd etiladi. Bugun ana shunday buyumlardan ayrimlari haqida gapirib o’tishni lozim topdik.
 
Taom uchun bir martalik tayoqchalar ishlatish
1. Xitoy tayoqchalari — o’rmonlar kushandasi 
Xitoy yoki yapon oshxonasini sevuvchilar restoranlarga tashrif buyurishadi va maza qilib ovqatlanish uchun qo’llariga taom yeyish uchun mo’ljallangan tayoqchalarni olishadi. Ammo qo’llarida turgan bu tayoqchalar tabiatga qanchalik ziyon yetkazishini o’ylab ham ko’rishmaydi. Aynan ana shu tayoqchalar Xitoy o’rmonlarining haqiqiy kushandasi hisoblanadi.

Xitoyda bir yilda 80 mlrd ana shunday tayoqchalar ishlab chiqariladi va ular bir marta ishlatilgandan so’ng tashlab yuboriladi. Aynan ana shuncha tayoqchalarni tayyorlash uchun 20 million dona daraxt kesiladi, ular asosan o’n ikki yillik daraxtlardan tayyorlanadi. Buning natijasida bugungi kunga kelib, Xitoy o’rmonchiligida sezilarli muammolar paydo bo’ldi. Ayni damda ushbu mamlakat o’rmonchiligi rivojlangan mamlakatlar orasida 139 o’rinda ketmoqda.
 
Tug`ilishni nazorat qilish okeanlarga bitmas-tuganmas zarar keltiradi
2. Nazorat va dunyo okeanlari 
Kim homiladorlikka qarshi tabletkalardan foydalansa, shuni yaxshi bilsinki, bu tabletkalar, shuningdek, dengiz jonivorlari hayotiga putur yetkazadi. 2014-yilda  Nyu-Bransuik Universiteti bir necha o’n yillar davom etgan tadqiqotlar o’tkazdi. Ular chiqindi suvlarning ekotizimga bo’lgan ta’sirini o’rganib chiqishdi.

Olimlarning aniqlashtirishlaricha, hatto oz miqdordagi estrogen ham dengizdagi barcha turlarning qirilib ketishiga sabab bo’lar ekan. 2001-yilda Ontoriodagi ilmiy-tadqiqot markazi ko’llarning birida estrogen moddasi hamda garmonlarga qarshi ichiladigan tabletka va dorilarning tizimga ta’sirini sinab ko’rishdi. Xulosa shu bo’ldiki, bunday holatlarda baliqlar ko’payishni tamoman to’xtatishgan.

Organizmga hazm bo’lmagan garmonlar yakunda kanalizatsiya tizimiga tushadi. Kanalizatsiya tizimi daryo yoki dengizlarga quyiladigan shaharlardagi dengiz jonivorlari juda katta miqdorda zarar ko’rgan.
 
Prozakning qushlarga ta’siri
3. Prozak — qushlar uchun o’lim 
Ko’p miqdordagi kishilar antidepressant hisoblanmish prozak qabul qiladi. Ammo kamchilik uning yon-atrofimizdagi olamga salbiy ta’siri haqida bilsa kerak. York Universiteti olib borgan tadqiqotlar natijasi shuni ko’rsatdiki, antidepressantlar (prozakning turli xillari) tabiatga, asosan, qushlarga juda katta miqdorda ziyon keltirar ekan.

Olimlar yomg`ir chuvalchanglarida prozak miqdorini o’lchab ko’rishgan. Miqdor insonnikiga qaraganda ko’p bo’lmagan — 3 foizdan 5 foizgacha. So’ngra ular o’sha chuvalchanglar bilan nazorat ostida bo’lgan 24 ta chug`urchuqni oziqlantirishdi hamda qushlarni olti oy davomida kuzatishdi.

Qushlarda ham ayrim odamlarda bo’ladigan aks ta’sir kuzatildi: ular yemakka bo’lgan qiziqishlarini yuqotishdi va oziqlanishni to’xtatib qo’yishdi. Qushlar, shuningdek, o’zga jins vakillariga qiziqishlarini ham yuqotdi.
 
Ichimliklar uchun naychalar
4. Bu ko’zga ko’rinmas narsa — okeanlar vayronkoridir 
Ma’lum bo’lishicha, restoranlar va barlarda ichimlik solingan bokallarga qo’shib beriladigan naychalar sayyora ekologiyasiga jiddiy zarar yetkazadi.  Qo’shma shtatlarda har kuni mana shunday naychalardan 500 millionta ishlatilinadi.

So’nggi 25 yil davomida butun dunyo plyajlaridan olti millionta ana shunday natschalar yig`ib chiqilgan. Dunyo okeanida ushbu naychalar eng ko’p zarar keltiruvchi o’nta chiqindi orasida e’tirof etiladi. Naychalar polipropilen — chirimaydigan plastikadan yasaladi. Millionlab naychalar 12-14 tonna plastikaga aylanadi va ummon jonivorlarining umriga zomin bo’ladi. Masalan har yili plastmassalar ta’sirida millionta dengiz qushi halok bo’ladi.
 
5. Qurbaqalarni taom sifatida ishlatish 
Fransuzlarning qurbaqadan tayyorlaguvchi taomlari shu darajada mashhur bo’lib ketdiki, endi bu jonivorlardan kata sanoat vujudga kela boshladi. Qurbaqalar ularni maxsus firmalarda yetishtiruvchi Janubiy Amerikadan keltiriladi.

Yaponiya va Qo’shma Shtatlar qurbaqalarni import qiluvchi yirik importchilar hisoblanadi (faqat AQSh har yili 5 mlnga yaqin qurbaqani import qiladi). Janubiy Amerikadan keltiriluvchi qurbaqalar zamburug`larning bir turi bilan zaxarlangan bo’ladi. bu zamburug`larning inson salomatligiga ziyoni yo’q, biroq u doimiy ravishda mutatsiya jarayonini o’tkazadi va uning yangi shtammlari halokatga olib kelishi mumkin.
 
6. Bakteriyalarga qarshi sovun 
Bakteriyaga qarshi sovunlarning atrof-muhitga qay darajada foyda-ziyoni borligi haqida mana nechi yildirki bahs-munozaralar tingani yo’q. Jons Xopkins universiteti bakteriyaga qarshi sovun tarkibidagi kimyoviy birikmalar kanalizatsiyaga tushgach, nima bo’lishi ustida tadqiqot olib bordi. Sovun tarkibidagi kimyoviy birikmalarga — triklokarban va triklozan kiradi.

Bu birikmalar tozalash jarayonida suv bilan yuvilib ketadi, biroq u so’ngra yerga tushadi va oxir-oqibat suv yuzasiga chiqadi. Triklokarbanning parchalanishi natijasida undan kanserogenlar ajralib chiqadi, triklozanning parchalanishi esa xloroformni vujudga keltiradi. Yakunga borib, bu kimyoviy birikmalar o’simliklar, hayvonlar va insonlarning organizmiga borib tushadi.
 
Mushuklar
7. Mushuklar hojatxonasi global xavf paydo qiladi 
Mushuk parvarishlovchi odamlarning aksariyatida mushuklar uchun maxsus hojatxonalar qilingan. Bunday hojatxonalar bentonitli geldan yasaladi. Ushbu gelni ishlab chiqarish esa ochiq usulda amalga oshiriladi. Bu esa atrof-muhitga faqatgina halokat olib keladi.
 
8. Baliqchilik fermalari 
Baliqchilik fermalarining kengayib borishi ekologik halokatni keltirib chiqaradi. Qisqichbaqalarni sun’iy sharoitda yetishtirilishi sohil maydonlaridagi tuproqning degradatsiyaga olib keladi, bu esa tabiiy suv organlarining halokati demakdir. Bundan tashqari, ichimlik suvining sho’rlanishiga ham sababchi bo’ladi.

Baliqchilik xo’jaligida ko’plab baliq chiqindilari suvga oqizilishiga to’g`ri keladi. Shu bois aksariyat hollarda bunday vaziyatlarda kimyoviy mahsulotlardan foydalaniladiki, uning turgan-bitgani ekologiya uchun o’ta zararli hisoblanadi.
 
9. Soya ozuqasi 
Soya mahsulotlarini ekologik toza va foydali ozuqa sifatida ko’p bor reklama qilishgan. Ammo yaqinda olib borilgan tekshiruvlar shuni ko’rsatdiki, soya yetishtirish atrof-muhitga yetarlicha zarar berar ekan.

Soyani nafaqat insonlar iste’mol qiladi, balki yetishtirilgan soyaning 80 foizi chorvachilikda ham ishlatiladi. Yer yuzida soyaga bo’lgan talab katta, shu bois har yili uni yetishtirish uchun ko’plab joy talab qilinmoqda. 2008-yildan boshlab Braziliyada o’rmonlarni kesish shu darajada avjolib ketdiki, natijada mamlakatda o’rmonsizlik holati vujudga keldi. Uning o’rniga esa 1,2 mln gektar maydonga soya ko’chati ekib chiqildi.
 
10. Oziq-ovqat chiqindilari 
Ko’pchilikka bolalik vaqtida ota-onasi tomonidan tushlik va kechki taomni oxiriga qadar yeb qo’yish kerakligi aytilgan. Ammo ular buning qanchalik muammo keltirib chiqarishini tasavvuram qila olishmagan. Har yili oziq-ovqat chiqindisi butun jahon bo’yicha 1,3 mlrd tonnaga yetadi.

Ularni yig`ib olish uchun esa 750 milliard dollar sarflanadi. Oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash uchun har yili 3,3 mlrd tonna par gazi va har yili Volga daryosidan oquvchi suvdan uch baravar ko’p miqdorida suv ishlatilinadi.

Qishloq xo’jaligining 28 foiz yeri chiqindilarni qayta ishlash uchun foydalaniladi. Shu bois 870 mln kishi har yili ochlikdan aziyat chekadi.
Sarvar Anvar o’g`li tayyorlagan

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.