“Sovuq” tus olayotgan global isish
Bugungi kunda iqlim o'zgarishi global muammolardan biri sifatida dunyo mamlakatlarini jiddiy tashvishga solmoqda.
Aytish kerakki, Markaziy Osiyo bunday o'zgarishlar ko'p kuzatiladigan hududlardan sanaladi. Mamlakatimiz ham ushbu mintaqada joylashganini inobatga olsak, bizdan bu muammoga jiddiy e'tibor qaratishimizni taqozo etadi.
Bugungi kunda iqlim o'zgarishi global muammolardan biri sifatida dunyo mamlakatlarini jiddiy tashvishga solmoqda. Aytish kerakki, Markaziy Osiyo bunday o'zgarishlar ko'p kuzatiladigan hududlardan sanaladi. Mamlakatimiz ham ushbu mintaqada joylashganini inobatga olsak, bizdan bu muammoga jiddiy e'tibor qaratishimizni taqozo etadi.
Ayniqsa, so'nggi o'n yillikda iqlim o'zgarishi bilan bog'liq salbiy hodisalar tufayli er yuzida suv resurslari tanqisligi kuzatilmoqda. Shu sabab dunyo miqyosida iqlim o'zgarishining oldini olish va uning oqibatlariga moslashish bo'yicha kerakli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amaliyotga qo'llash muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, Yashil iqlim jamg'armasi (YaIJ) global miqyosdagi tashabbus bo'lib, u iqlim barqarorligiga asoslangan rivojlanishni moliyalashtiradi. Bosh qarorgohi Koreya Respublikasining Songa shahrida joylashgan ushbu jamg'arma rivojlanayotgan mamlakatlarda issiqxona gazlarini kamaytirish hamda rivojlanmagan davlatlarni iqlim o'zgarishining muqarrar oqibatlariga moslashishga yordam berish maqsadida 2010 yilda 194 mamlakat hukumatlari tomonidan tashkil etilgan.
O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshidagi Gidrometeorologiya xizmati markazi YaIJ bilan ishlash vakolatiga ega. Ushbu markaz YaIJ moliyalashtirayotgan faoliyatni davlatimizning milliy maqsadlari va dasturlariga muvofiqligini ta'minlaydi hamda barqaror rivojlanishiga ko'maklashadi. YaIJ qoshida akkreditatsiyadan o'tishni istagan davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yadi.
– Mamlakatimizda barcha sohalar kabi gidrometiorologiya xizmati tizimida ham tub islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda, – deydi O'zbekiston FVV huzuridagi Gidrometiorologiya xizmati markazi bosh direktori Komiljon Aripov. – Jumladan, YaIJ bilan o'zaro aloqalarimiz bu boradagi keng ko'lamli ishlarni amalga oshirishga imkon yaratadi.
Hozirda YaIJ bilan hamkorlik ishlari O'zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Atrof-muhit bo'yicha dasturi (YuNYeP)ning "O'zbekiston Yashil iqlim jamg'armasi resurslaridan foydalanishga tayyorlash dasturi” loyihasi doirasida olib borilmoqda. Ushbu loyihaning maqsadi iqlimiy moliyalashtirish resurslari, jumladan, YaIJ mablag'laridan samarali foydalanish, boshqarish va monitoring qilish bo'yicha milliy salohiyatni mustahkamlashga ko'mak berishdan iborat.
– Loyiha doirasida iqlim sohasini moliyalashtirish, yurtimizdagi Milliy vakolatli tashkilot – Gidrometiorologiya xizmati markazining bu boradagi roli va iqlim sohasidagi sarmoyalar va moliyaviy oqimlarni baholash bo'yicha bir qator seminar-treninglar tashkil qilinmoqda, – deydi loyiha rahbari Shuhrat Shukurov. – Bugungi kunda tashkilotning roli va vazifalari hamda loyiha takliflarini ishlab chiqish va ularni baholash bo'yicha qo'llanmalar ishlab chiqildi. Shuningdek, markaz qoshida kotibiyat tashkil qilingan bo'lib, uning ish nizomi ishlab chiqilgan.
Aytish kerakki, jamg'arma akkreditatsiyadan o'tgan turli tashkilotlar orqali loyiha va dasturlarga moliyaviy ko'mak ko'rsatadi. Hozirga qadar ushbu fond yurtimizda 2,65 milliard AQSh dollariga teng bo'lgan 54 loyiha va dasturlarni moliyalashtirmoqda.
Mayna HASANOVA,
"Sog‘lom avlod” muxbiri
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.