Sharqiy Osiyo 

12 342

Geografik o‘rni.
Sharqiy Osiyo Xitoy davlatining sharqiy qismini, Koreya yarimorolini, Yapon va Filippin orollarini egallaydi. Bu o‘lka shimoldan janubga qarab dengiz sohillari bo‘ylab bir necha ming kilometrga cho‘zilgan.

Tabiiy sharoiti.
Sharqiy Osiyoning zaminida eng qadimgi kristall jinslardan tarkib topgan Xitoy-Koreya va Janubiy Xitoy platformalari yotadi. Platformaning yuzasi Xuanxe va Yanszi daryolari keltirgan allyuvial yotqiziqlardan tashkil topgan. Bu hudud Buyuk Xitoy pasttekisligiga mos keladi. Pasttekislikning markaziy qismida uncha baland bo‘lmagan Shandun tog‘i ko‘tarilib turadi.

Buyuk Xitoy pasttekisligining shimoliy qismi iqlimi mo‘'tadil, mussonli, janubi subtropik mussonli iqlimdir. Shimolda qish quruq, sovuq (-6°C), janubda iliq (+3°C) bo‘ladi. Yozi issiq, dengiz sohillarida iyulning o‘rtacha harorati +26°C. Yillik yog‘in miqdori shimolda 500 mm, janubda 1000 mm. Yog‘inning qariyb 80% i yoz oylariga to‘g‘ri keladi. Musson yomg‘irlari vaqtida tekislik daryolari juda to‘lib oqadi. Suv toshqinlarining oldini olish maqsadida daryo bo‘ylariga damba - to‘siqlar qurilgan. Bu pasttekislikdan Xuanxe, Yanszi va boshqa daryolar oqib o‘tadi. Pasttekisliklarda ko‘llar va suv omborlari ham ko‘p. Eng yirik ko‘llardan biri Tayxu ko‘lidir.
 

Buyuk Xitoy pasttekisligida unumdor qo‘ng‘ir tuproqlar hosil bo‘lgan. Ular insonning ko‘p asrlik xo‘jalik faoliyati natijasida to‘liq o‘zlashilrilgan. Shuning uchun o‘lkaning sharqiy qismidagi fasliy (musson) nam o‘rmonlar zonasi, g‘arbidagi dasht zonalarida antropogen landshaftlar tarkib topgan. Oz bo‘lsa-da, mangra, qarag‘ay, eman, paporotnik, magnoliya o‘simliklari uchraydi. Dehqonlar pasttekislikning shimolida yiliga ikki marta, janubida hatto uch marta hosil yetishtiradilar.

Sharqiy Osiyo o‘lkasining janubiy qismlarini Janubiy Xitoy past burmali tog‘lari egallagan. Bu kichik o‘lka balandligi 2000 m gacha ko‘tarilgan Nanlin va Uishan tog‘laridan tarkib topgan. Bu hududlar iqlim sharoitiga ko‘ra subtropik va qisman subekvatorial mintaqada joylashgan. Musson shamollari past tog‘larga ko‘p yog‘in keltiradi.

Qadimda bu yerlarda o‘simlik qoplami bargini to‘kadigan va doimiy yashil aralash o‘rmonlardan tashkil topgan. Keyinchalik, bu o‘rmonlar insonning xo‘jalik faoliyati tufayli kesib yuborilgan va ularning o‘rnini madaniy ekinlar egallagan. Faqat tog‘larning baland qismlarida ayrim o‘rmonlar saqlanib qolgan. 
 

Xuanxe va Yanszi daryolari havzalarining katta maydonlarida paxta, janubiy qismida shakarqamish, apelsin, mandarin, ananas va bananlar yetishtiriladi. Bu o‘lkaning asosiy ekini sholi va dunyoga mashhur xitoy choyi hisoblanadi. Bundan tashqari, bug‘doy, soya, tariqning bir turi - gaolyan ham yetishtiriladi.

Sharqiy Osiyo o‘lkasi turli xil foydali qazilmalarga boy. Janubiy Xitoy past burmali tog‘lari qalay va volfram foydali qazilmalari bilan mashhur. Xitoy bu qazilmalarning zaxirasi jihatidan dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Sharqiy Xitoyda toshko‘mir va temir rudasining zaxirasi juda katta.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.