Yevrosiyoning geologik tuzilishi va foydali qazilmalari. Relyefi 

10 196

Yevrosiyoning geologik tuzilishi. Geologik jihatdan Yevrosiyo qadimgi mustahkam platformalardan va ularni tutashtiruvchi turli yoshdagi burmali mintaqalardan tashkil topgan. Qadimgi Lavraziya materigining parchalanishidan Yevrosiyo va Shimoliy Amerika ajralgan (65 mln yil muqaddam). Hozirgi paytda Yevrosiyo materigida ikkita faol geosinklinal mintaqa bor: Alp-Himolay va Tinch okean „olovli halqasi". Bu mintaqalarda harakatdagi vulqonlar, dahshatli zilzilalar tez-tez bo‘lib turadi. Bu mintaqa tog‘lari yosh, burmali, palaxsali tog‘lar bo‘lib, ba’zi joylarda zanjirli tizimlarni (Alp-Himolay), boshqa joyda tog‘ tugunlarini (masalan, Pomir, Tibet) hosil qiladi. Alp-Himolay geosinklinal mintaqasining O‘rta dengiz qismida Etna, Stromboli, Vezuviy kabi harakatdagi vulqonlar, bizning o‘lkamiz — O‘rta va Janubi-Sharqiy Osiyoda halokatli zilzilalar (Ashxobod - 1948, Toshkent - 1966, Hindukush - 2002, Eron - 2003, Indoneziya - 2004, 2009, Xitoy - 2009 va b.) bor. Bular Yer po‘stining faolligidan dalolat beradi. 
 

Qazilma boyliklari. Yevrosiyo foydali qazilmalarga boy. Rudali foydali qazilmalar magmatik va metamorfik tog‘ jinslari tarkibida ko‘p uchraydi. Shimoli-sharqiy Xitoy, Skandinaviya va Hindiston yarimorolidagi temir rudalari magmatik tog‘ jinslaridan qazib olinadi. Sharqiy Yevropa platformasidagi Kursk magnit anomaliyasi temir ruda koni metamorfik tog‘ jinslarida hosil bo‘lgan. Oltin, mis, volfram, uran, qalay, simob va boshqa rangli metallar hamda qimmatbaho toshlarning hosil bo‘lishi magmatik tog‘ jinslarida ko‘p uchraydi. Pireney yarimorolida, Sibirda, O‘rta Osiyoda, Koreya yarimorolida oltin konlari, Markaziy Yoqutiston, Hindiston yarimorolida olmos konlari ko‘p. Uralda, Hindiston yarimorolida, Shri-Lanka orolida turli xil qimmatbaho zangori sapfir (ko‘k yoqut), qizil yoqut konlari bor.

Cho‘kindi jinslar qatlamlarida, asosan, neft, gaz, tosh va qo‘ng‘ir ko‘mir konlari tarkib topgan. Yevrosiyo neft va gaz konlarining boyligi jihatidan boshqa materiklardan oldingi o‘rinni egallaydi.

Relyefi. Asosiy relyef shakllariga tog‘ va tekisliklar tegishli. Tog‘lar  materik maydonining 50% qismini egallaydi. Ular geosinklinal mintaqalarda va litosfera plitalarining o‘zaro to‘qnashgan zonalarida tarkib topgan. Ural, Dekan, Qozog‘iston yassi tog‘ligi eng keksa qadimgi tog‘lardir. Yoshargan tog‘larga Tyanshan, Oltoy, eng yosh tog‘larga Alp, Karpat, Kavkaz, Pomir, Hindukush, Kopetdog‘ va boshqalar tegishli. Vulqonli tog‘lar Kamchatka yarimorolida, Kuril, Sitsiliya va Islandiya orollarida, Apennin yarimorolidagi tog‘larda, Karpat va Kavkaz tog‘larining ayrim qismlarida tarqalgan. Harakatdagi eng baland vulqoni Kamchatka yarimorolidagi Klyuchi Sopkasidir — 4 750 m.

 
Yer yuzasining eng baland nuqtasi Himolay tizmasidagi Jomolungma (Everest) bo‘lib, uning mutlaq balandligi 8 848 m. Yer shari quruqligining eng past nuqtasi ham Yevrosiyoda joylashgan O‘lik dengizdir (–405 m). 
 

Tekisliklar  keksa va yosh platformalar ustida tarkib topgan. Sharqiy Yevropa, Sharqiy Sibir, Hindiston, Buyuk Xitoy, Arabiston yarimorolidagi tekisliklarning zamini eng keksa platformalar hisoblanadi. G‘arbiy Sibir, Hind-Gang va Turon pasttekisliklari zamini esa yosh bo‘lib, ular cho‘kindi jinslar bilan qoplangan.

Tekisliklarning yuza qismi qir-adirlar va past tog‘lar bilan murakkablashgan.

Tog‘ va tekisliklarning rivojlanishi hamda shakllanishida to‘rtlamchi davrdagi muz bosish bosqichlaridagi muzlarning faoliyati ham katta rol o‘ynagan.

Yevrosiyoning shimolida va baland tog‘larda muzlar hosil qilgan relyef shakllari ko‘p uchraydi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.