Yangi yil haqida qiziqarli faktlar… 

25 429

1. Dunyoda ilk bor archa yasatish amali XVII asr boshlarida paydo bo’lgan. Archa Elzas (o’shanda bu shahar Germaniyaning bir qismi bo’lgan. Hozir Fransiyaga tegishli) shahrida archa, sosna daraxtlarini rangli qog’ozdan yasalgan atirgullar, olma, pechenye, qand bilan bezatishgan.

2. Ilk shishadan yasalgan archa shari XVI asrda Tyuringiya (Saksoniya) da paydo bo’lgan. Shisha shishiruvchi ustalar bu sharlarni shishirgach, yordamchilari ularni qo’lda yasalgan qushchalar, qo’ng’iroqchalar, yurakchalar va hokazolar bilan yasatishgan.

3. Rang-barang lampochkalardan iborat archa bezagi 1895-yili Amerikada o’ylab topilgan.

4. 1-yanvar kuni yangi yilni qarshi olish haqida 1700-yili Rossiya shohi Petr I farmon bergan. Bunga qadar cherkovdagilar yangi yilni 1-martda, oddiy odamlar 1-sentyabrda nishonlashardi.

5. 1949-yildan beri 1-yanvar dam olish kuni hisoblanadi.

6. Qorbobo o’zining tug’ilgan kunini har yili 18-noyabrda Buyuk Ustyugda nishonlaydi. Xuddi shu kuni rosmana qish kirib, havo rekord darajada sovib ketadi.

7. Qorqiz esa o’zining tug’ilgan kunini 4-apreldan 5-aprelga o’tar kechasi Kostroma viloyatidagi Shelikovo qishlog’ida bayram qiladi. Aynan shu qishloqda 1873-yili Aleksandr Ostrovskiy o’zining «Qorqiz» pyesasini yozib tugallagan.

8. Qadimiy Rimda yangi yilni mart oyida qarshi olishgan. Eramizdan avvalgi 46-yili imperator Yuliy Sezar yangi yil bayramini 1 yanvarga ko’chirish haqida farmon e’lon qilgan.

9. Fransiyada 755-yilga qadar yil avvalini 25-dekabrdan hisoblashgan. Keyinchalik bu sanani 1 martga ko’chirishdi. 1564-yili qirol Karl IX ning farmoniga asosan yil avvali 1 yanvardan hisoblana boshladi.

10. Eskimoslar yangi yilni birinchi qor yoqqan kuni nishonlashadi.

11. Kubada yangi yildan bir kun oldin uydagi barcha idishlarni suvga to’latib, yangi yil kechasida suvlarni ko’chaga, hovliga sepib chiqishadi. Shunday yo’l bilan gunohlardan forig’ bo’lish, yangi yilni gunohlarsiz qarshi olishga umid bog’lashadi. Kubada yangi yilni «Qirol kuni» deb atashadi.

12. Gretsiyada oila boshlig’i yangi yil kechasi ko’chaga chiqib anorni kuch bilan yerga uradi. Aytishlaricha, turli tarafga sochilib ketgan anor donalari shu xonadonga albatta omad olib kelarkan.

13. Italiyada yangi yil kechasi uydagi eski kiyim, buyumlar, mebellarni ko’chaga irg’itishadi. Qancha ko’p eski buyumni ko’chaga tashlansa, yil shuncha ko’p davlat hadya etadi deb hisoblashadi.

14. Qadimiy Vavilonda yangi yil bayrami bahor oyiga to’g’ri kelgan. Bayram kuni shoh saroydagi jami ayyonlarini olib shaharni tark etgan. Xalq esa tuni bilan ko’chaga chiqib yangi yil bayramini nishonlagan.

15.Mikroneziyada ham yangi yil 1-yanvar kuni kutib olinadi. Oroldagi barcha odamlar yangi yil kuni o’zi uchun yangi ism o’ylab topadi va bu haqda yaqinlarining qulog’iga shipshitadi. Qarindoshlarning bir qismi esa yangi ismni yovuz ruhlar eshitib qolmasligi uchun bor kuchi bilan do’mbira chalib turadi.

16. Ba’zi xalqlarda yangi yil arafasida eng ezgu orzusini odamlar qog’ozga yozib qo’yishadi. Soat 00:00 ga bong urganda, qog’ozni yoqib yuborishadi. Agar qog’oz bong urish to’xtagunga qadar yonib bitsa, bu orzu albatta ushaladi deya hisoblashadi.

17. Yangi yil arafasida Tibetda o’tgan odamga bir bo’lakdan pishiriq tarqatishadi. Yangi yilning barakali kelishini tarqatilgan pishiriqlar soni bilan bog’lashadi.

18. Braziliyada yangi yilning asosiy taomi yasmiqdan tayyorlangan sho’rva hisoblanadi. Aytishlaricha, yasmiq baxt va boylik keltirarkan.

19. Avstriyada kaklik Baxt qushi sifatida qadrlanadi. Shuning uchun yangi yil dasturxoniga ham bu qushning go’shti tortilmaydi.

20. Germaniyada Santa Klaus bolalarga sovg’ani deraza tokchasiga tashlab ketadi. Shvetsiyada esa u bolalar uchun atalgan sovg’ani pechkaning ichida qoldiradi.

21. Afrika davlatlarining ko’pida qish bo’lmaydi. Shuning uchun ular Qorboboga o’zlari ism o’ylab topishgan. Masalan, Kambodjada Qorboboni Issiq bobo deb atashadi.

22. Skandinaviyada yangi yil dasturxoniga guruchli bo’tqa tortishadi. Bo’tqaning ichiga esa bir dona bodom yashirilgan bo’ladi. Uni kim oldin topsa, o’sha yil bo’yi baxtli va boy yashaydi deb o’ylashadi.

23. Qadimda Qorbobo hech kimga sovg’a ulashmagan. Aksincha odamlar Qorboboga sovg’alar hadya etgan.

Olimjon HAYIT tayyorladi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.