Barchani ohanraboday tortuvchi davlatlar
Yaqinda e`lon qilingan reytingga ko'ra yashash uchun eng qulay davlatlar ro'yxatidagi dastlabki o'rinlarni Singapur va Yangi Zelandiya egalladi. Xo'sh, bu davlatlarning muvaffaqiyat siri nimada?
Biz eng ko'zga ko'ringan 10 jihatni o'rganib chiqdik.
1. Singapur to'g'risida gap ketganda, ko'pchilik bu davlatmi, shaharmi yoki poytaxtmi, deb o'ylaydi. Singapur bu orolda joylashgan ham davlat, ham poytaxt, ham shu nomdagi shahardir. Bu mitti davlat maydoni 715 kv. km.ni tashkil qiladi. Asosiy shahar bir orolda joylashgani holda yana 63 ta kichik orollar ham shu davlat tarkibiga kiradi va ularning aksariyatida odam yashamaydi.
2. Davlat nomi «singa» – sher, «pur» – shahar so'zlari qo'shiluvidan kelib chiqqan. Hozir ham davlatning eng ommabop ramzi tanasi baliq, boshi sher ko'rinishida bo'lgan afsonaviy jonzot (Merlion) haykali hisoblanadi.
3. Bu mitti mamlakatda 4,5 million kishi yashaydi. Aholining asosiy qismini – xitoyliklar (78 foiz), malaylar (14 foiz), hindlar (7 foiz) va qisman yevropalik va dunyoning boshqa hududlaridan kelganlar. 2018 yil so'rovnomasi natijalariga ko'ra, Singapur ekspatlar uchun eng yaxshi mamlakat sifatida to'rtinchi bor e`tirof etilgan. Aholi zichligi bo'yicha ikkinchi o'rinda bo'lib, yana ikki karlik davlat – Monako va Vatikan orasida joylashgan.
4. Singapurda yuridik shaxsni ro'yxatga olish va biznes ochish o'n daqiqadan ortiq vaqt talab qilmaydi. Tasdiqlanmagan ma`lumotlarga qaraganda, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev 2009-yilda Singapurga tashrif buyurganida tizimning ishlashini tekshirib ko'rish uchun internet orqali firmani ro'yxatdan o'tkazgan va hayratda qolgan. Oradan bir yil o'tib bu davlat soliq idoralaridan yillik soliq to'lash haqida maktub kelgan. Chunki firmani yopish hech kimning xayoliga kelmagan.
5. Singapurda 100 000 (yuz ming) nafardan ko'proq millionerlar bor va ular asosan maxsus va o'ta qimmat kvartal — Keppel Bay kvartalida yashashadi. Millarderlar soni ham anchagina. Singapurlik oddiy ishchining o'rtacha daromadi yiliga 35 ming dollar atrofida. Davlat Nyu-York, London singari dunyo moliyaviy markazlaridan biri hisoblanadi. Osiyoda esa faqat Hongkonggina u bilan bellasha oladi.
Marina Bey sohili
Foto: National Geographic
6. Singapurda o'rtacha umr ko'rsatkichi 80 yoshni tashkil qiladi va bu borada ham mamlakat yetakchilar qatorida turadi. Bunga asosan dengiz mahsulotlari iste`mol qilinishi va sog'lom turmush tarzi orqali erishilgan. Toshloq o'lka bo'lsa-da, odam mehnati bilan Singapur hududining deyarli yarmi ko'kalamzorlashtirilgan. Shu bilan birga, bu hududda umuman tabiiy boyliklar yo'q. Hatto ichimlik suvi ham Malayziyadan import qilinadi.
7. Bu mitti davlat o'zining ulkan jarimalari bilan nom qozongan. Taqiqlangan joyda chekish, tuflash, mashinadan chiqit tashlash kabi arzimas tuyuladigan qoidabuzarliklar uchun ham ming dollar atrofida jarima to'lash yoki politsiya tomonidan kaltaklanish mumkin. Ha, kulmang. Bu davlatda hamon jazolash usuli sifatida darra bilan savalash saqlanib qolgan.
8. Avtomobillar hosil qiladigan tirbandliklarga qarshi kurashish maqsadida bir necha usullar qo'llaniladi. Jamoat transporti juda rivojlangan. Avtomobil xarid qilish huquqini sotib olish uchun ba`zan yillab kutish kerak va bu anchagina mablag' turadi. Taxminan 50 ming dollarga 10 yil davomida avtomobil boshqarish huquqini sotib olish mumkin. Avtomobillarning o'zi ham juda qimmat.
9. Singapur haqida gap ketganda uning asoschisi sifatida ko'riluvchi Li Kuan Yu haqida alohida to'xtalib o'tish joiz. 1959-yildan 1990-yilgacha davlatni boshqargan Li Kuan Yu hammaga qaram bo'lgan botqoqdagi bir orolni dunyoning eng jozibador davlatiga aylantira oldi va «Singapur mo`jizasi»ni yaratdi. Ayniqsa, uning korrupsiyaga qarshi kurashdagi yutuqlari alohida e`tirof etiladi.
Singapur «otasi» Li Kuan Yu (1923-2017)
Foto: The CEO Magazine
10. Singapurga tashrif buyurmoqchi bo'lganlarga bu davlat o'z eshiklarini 96 soat davomida ochib turadi. Singapurga kirgan sayyoh viza yoki boshqa ruxsatnomaga ega bo'lmasa, avvalo qaytish aviachiptasiga ega bo'lishi va 4 sutka ichida davlatni tark etishi shart. Bu davlatning «Changi» aeroporti yiliga 36 million kishiga xizmat ko'rsatishi bilan dunyoda yetakchilardan biri bo'lsa, mitti davlatning ulkan porti 1000dan ortiq yirik kemalarni sig'dira oladi.
Singapur tushunarli, u haqda ko'p eshitganmiz. Ko'chib o'tuvchilar va yashashni istovchilar uchun eng jozibador davlatlar ro'yxatida Yangi Zelandiyaning ikkinchi o'rinni egallashida qanday sir bor?
1. «Uzuklar hukmdori» filmini eslaysiz albatta. Bu film Yangi Zelandiyada suratga olingani bejiz emas. Bu yerning tabiati shu qadar jozibador, havosi shunchalar musaffoki, tashrif buyurgan odamning bahri-dili ochiladi. Buning o'ziga xos sabablari bor – Yangi Zelandiya hududiga uzoq vaqtgacha odam oyog'i yetmagan. Faqat o'n uchinchi asrga kelibgina bu o'lkalarga maori qabilasi vakillari doimiy joylashishgan.
2. Yangi Zelandiyada korrupsiyaga butunlay barham berilgan. Bu boradagi reytingda mamlakat faqat Daniyadan ortda qolgan. Beznes uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan va xususiy mulk tushunchasi muqaddas hisoblanadi. Bu orol davlat demokratiyaning o'ziga xos o'chog'i hisoblanadi. 1893 yilda aynan Yangi Zelandiyada ilk bor saylovlar umumxalq huquqi sifatida tan olingan.
3. Mamlakat rasman Buyuk Britaniya qirolichasi tomonidan boshqarilishi belgilangan. Lekin qirolicha hududiy parlament qabul qilgan qonunlarni ma`qullaydi xolos. Shuningdek, davlatning eng yuqori uch lavozimini ayollar egallagan ilk davlat ham Yangi Zelandiyadir.
4. Yangi Zelandiya poytaxti Vellington shahri dunyo poytaxtlari ichida eng janubda joylashgan shahar hisoblanadi. Bu davlatda yiliga o'rta hisobda 400 marta zilzila qayd etiladi va ular odatda ular bezarar kechadi.
Vellington shahri
Foto: flickr
5. Yangi Zelandiya aholisiga 15 yoshdan avtomobil boshqarish huquqi beriladi. Bu davlatda bolalar uylari yo'q, bola asrab olishni istovchilar yillab kutishlariga to'g'ri keladi. Jomalungma cho'qqisini zabt etgan birinchi inson Edmund Hillari ham shu davlat fuqarosi hisoblanadi.
6. Mamlakat hududining uchdan bir qismi milliy bog'lardan iborat. Ularga tashrif buyuruvchilar poyabzallarini maxsus ishlov berish orqali tozalashlari lozim. Chunki begona bakteriyalar tabiatga zarar yetkazishi mumkin. Bu hududda ilonlar, yirik yirtqichlar va zaharli chivinlar yashamaydi. Lekin kishiga zavq beruvchi va bezarar pingvinlar, turli-tuman qushlar hamda delfinlar juda ko'p.
7. Yangi Zelandiya aholisining (4 mln 850 ming kishi) har biriga taxminan 10 boshdan qo'y to'g'ri keladi va chorvachilik mamlakat iqtisodida muhim o'rin tutadi. Bu davlatning sariyog'lari va pishloqlari Shveytsariya mahsulotlari bilan bemalol bellasha oladi.
8. Ayrim geografik kuzatuvlarga ko'ra, Yangi Zelandiya aholisi quyoshni va tong otishini birinchi ko'rish imkoniyatiga ega. Shuningdek, bundan 27 ming yil ilgari otilgan va so'nggi yuz ming yillikning eng kuchli vulqoni hisoblangan vulqon lavalaridan hosil bo'lgan Taupo oroli sayyohlarning sevimli maskani hisoblanadi.
9. Yangi Zelandiyaning Oklend shahri yashash uchun eng qulay va xavfsiz shaharlar orasida doim yetakchilar qatorida bo'lib keladi. Mamlakat poytaxti Vellington ham dunyo poytaxtlari orasida eng jozibador poytaxtlardan biridir.
10. 1987 yildan buyon mamlakat o'z hududini yadrodan xoli deb e`lon qilgan. Mamlakatda atom elektrostansiyalari faoliyat yuritmaydi, bortida radioaktiv moddalar mavjud yoki atom reaktori yordamida harakatlanuvchi kemalar bu hududga kirishi mumkin emas. Yangi Zelandiya yashil va muqobil energiyani eng ko'p qo'llovchi davlatlardan biri hisoblanadi.
9. Yangi Zelandiyaning Oklend shahri yashash uchun eng qulay va xavfsiz shaharlar orasida doim yetakchilar qatorida bo'lib keladi. Mamlakat poytaxti Vellington ham dunyo poytaxtlari orasida eng jozibador poytaxtlardan biridir.
10. 1987 yildan buyon mamlakat o'z hududini yadrodan xoli deb e`lon qilgan. Mamlakatda atom elektrostansiyalari faoliyat yuritmaydi, bortida radioaktiv moddalar mavjud yoki atom reaktori yordamida harakatlanuvchi kemalar bu hududga kirishi mumkin emas. Yangi Zelandiya yashil va muqobil energiyani eng ko'p qo'llovchi davlatlardan biri hisoblanadi.
Manba: kun.uz
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.