Nega «Yetti iqlim” deyiladi? 

4 919

Iqlim lotincha "klima” ("og`ish”) so’zidan kelib chiqqan. Bu so’z fanga eramizdan oldingi II asrda yashagan Gipparx tomonidan kiritilgan. U Yerning odamlar istiqomat qiladigan qismini o’n ikki bo’lakka ajratgan. Yunon olimi Ptolomey bu miqdorni sakkiztagacha kamaytirgan. Lekin o’z qalamiga mansub "Geografiya”da iqlimlar nazariyasiga amal qilmagan. Jo’g`rofiya joylarni mintaqalar va yeparxiyalar bo’yicha taqsimlagan.

Geografiya iqlimlar nazariyasiga to’la rioya etgan holda ilk bor Muso al-Xorazmiy ( 780-850-yillar) bayon qilgan. U Kurrai zaminning ma’mur, tushunarliroq qilib aytganda, insoniyat yashaydigan obod qismini yetti iqlimga ajratgan. Ptolemeydan farqli o’laroq mintaqalar, mamlakatlar va ulardagi jug`rofiy hududlarni emas, balki birinchi iqlimdan to yettinchi iqlimgacha bo’lgan joylarni tavsiflagan. Bu jihatdan uning 836-847-yillar oralig`ida bitilgan "Kitob surat ul-arz” risolasi beqiyos ahamiyatga ega.

Kitobda quruqlik, suvlik va tog`likdan iborat 2402 ta geografik joy o’rni keltiriladi. Mamlakatlar, shaharlar, buloqlar, daryolar, ko’llar, dengizlar, tog`lar va orollar iqlimlar bo’yicha taqsimlanadi. Bu nazariya jo’g`rofiya fanining keyingi rivojiga salmoqli ta’sir ko’rsatdi. Xususan, Yerning ma’mur qismini iqlim mintaqalari asosida o’rganishni osonlashtirdi.

Al-Xorazmiy g`oyasini yana bir buyuk bobokalonimiz – Ahmad al-Farg`oniy ( 798-865 yillar) o’zining "Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum” ( "Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi”- odatda u "Astronomiya asoslari haqidagi kitob” deb ataladi) asarida davom ettirgan. Uning 9-bobini jo’g`rofiyaga bag`ishlagan. Yetti iqlimning barchasini ulardagi mamlakatlar, viloyatlar va shaharlar bilan birga tasvirlagan.

Faqat o’rtadagi farq shundaki, Muso al-Xorazmiyning "Kitob surat ul-arz”i Ptolomey an’anasiga, Ahmad al-Farg`oniyning "Kitob al –harakat as-samoviya va javomi’ il an-nujum”iga hindlar an’anasiga asoslangan. Aniqrog`i, Al-Xorazmiy iqlimlar tavsifini rub’i ma’murning eng g`arbiy chekkasidan –Afrikaning Atlantika ummoni qirg`og`iga yaqin orollaridan boshlab, eng sharqiy chekkasigacha, ya’ni Tinch okeanidagi yapon orollarigacha davom ettiradi. Kenglama yo’nalishida ekvatorial yerlardan to shimoliy qutbiy yerlargacha bo’lgan hududlar to’g`risida so’z yuritiladi. Al-Farg`oniy esa, gapni rub’i ma’murning eng sharqiy chetidan boshlaydi. Risoladagi tartib bo’yicha keyingi besh iqlim tavsifi diqqatga sazovorligi bilan alohida ajralib turadi. Ularda Markaziy Osiyo hamda bu mintaqaga tutash yerlarning viloyat-shaharlari batafsil tilga olinadi. Mana, ayrim misollar:

"To’rtinchi iqlim Sharqdan boshlanadi va Tibetdan, so’ngra Xurosondan o’tadiki, bunda Xo’jand, Usrushona, Farg`ona, Samarqand, Balx, Buxoro, Hirot, Amuya, Marvarrud, Marv, Saraxs, Tus, Nishopur shaharlari bor. Undan so’ng Jurjon, Qumis, Tabariston, Demovand, Qazvin, Daylam, Ray, Isfaxondan o’tadi.

Beshinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatidan boshlanadi, so’ng Xurosonning shimolidan o’tadi. Unda Toroz - savdogarlar shahri, Navokat ( Navkat), Xorazm, Isfijob ( Sayram), Turarband ( O’tror-hozirgi Aris) va Ozarbayjon, Armaniya viloyati, Barda’a ( Barda), Nashava ( Naxichivon) shaharlari bor.

...Yettinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatining shimolidan boshlanadi, so’ng turkiy mamlakatlar ( Markaziy Osiyo)dan, so’ng Jurjon ( Kaspiy) dengizining shimolidan, so’ng Rum dengizi ( Qora dengiz)ni kesib saqlablar ( slavyanlar) mamlakatidan o’tadi va Ғarb (Atlantika) dengizida tugaydi”.

Ko’rinib turibdiki, Al-Farg`oniy katta kenglikdagi o’lkalarni tavsiflash asnosi o’zining asl Vatani – Movarounnahr shaharlari haqida batafsilroq to’xtalgan. Bundan tashqari, Yajuj mamlakati deb Sharqdagi afsonaviy yerni emas, balki hozirgi Mo’g`ulistonning sharqi va Xitoyning shimoli-sharqiga mos keladigan aniq jo’g`rofiy hududni ko’rsatgan.
Abdunabi HAYDAROV,
O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.