“Titanik” halokati bilan bog'liq yangi taxmin ma`lum qilindi
Britaniyalik jurnalist Shenan Moloni 30 yil davomida "Titanik” tarixini o'rgandi va laynerning halokati bilan bog'liq o'z taxminini bildirdi. 1500 dan ortiq inson halok bo'lgan hodisa yonilg'i saqlanadigan joyda o't chiqishi sabab sodir bo'lgan bo'lishi mumkin. Molonining fikricha, bir necha hafta davom etgan yong'in natijasida kema qoplamasi qizib ketgan – aynan shuning uchun aysberg bilan to'qnashuv fojiali yakunlangan. Shenan Molonining tadqiqotiga bag'ishlangan film Britaniya televideniyesi tomonidan yangi yil kechasi efirga uzatildi. "Titanik”ning halokati borasidagi yangi taxmin haqida The Independent so'z yuritdi.
"Titanik” – o'z davridagi eng yirik okean layneri bo'lib, 1912-yilning 15-aprel kuni o'zining ilk reysi chog'ida cho'kib ketgan. Kema Atlantika ummonida aysberg bilan to'qnashgan. Halokat oqibatida 1500 dan ortiq inson qurbon bo'ldi. Rasmiy ma`lumotlarga ko'ra, fojia "kema xavfli, muzlab qolgan suvlarda katta tezlikda harakatlangani, va jamoa aysberg bilan to'qnashuvning oldini ola bilmagani» tufayli yuz bergan.
Britaniyalik jurnalist Shenan Molonining taxminicha, "Titanik”ning halokatiga aslida yonilg'i saqlanadigan joydagi yong'in sabab bo'lgan. Molonining fikricha, olov laynerda uning Sauthemptondan chiqishidan avval paydo bo'lgan hamda uni bir necha hafta davomida o'chira olishmagan. Bu vaqt davomida kema qoplamasi qizib ketgan, shuning uchun aysberg bilan to'qnashuv jiddiy oqibatlarga olib kelgan.
The Independent’ning yozishicha, Shenan Moloni halokat tafsilotlarini o'rganish jarayonida laynerning reysga chiqishidan avvalgi suratlarini o'rganib chiqqan. Aysberg bilan to'qnashuv oqibatida zarar ko'rgan qoplamaning ichki tarafida qurum izlari topildi. Mutaxassislar ham izlar "Titanik” yonilg'i baklaridan biridan yong'in sabab paydo bo'lganini tasdiqlashgan.
Ma`lum bo'lishicha, yong'in "Titanik” Sauthemptonga kelishidan avval boshlangan. Jurnalist kema egalari bu holatdan xabardor bo'lgani va uni yo'lovchilardan berkitishga urinishganini aniqladi: buning uchun uni Sauthemptondagi qirg'oqqa boshqa yonboshi bilan olib kelishgan. Zobitlarga esa yo'lovchilarga yong'in haqida gapirmaslik haqida buyruq berilgan.
Yo'l davomida 12 kishidan iborat jamoa olovni o'chirish bilan band bo'lishgan, biroq buning uddasidan chiqa olishmagan. Shenan Molonining aniqlashtirishicha, kemaning bu joydagi qoplamasi Tselsiy bo'yicha 1000 daraja issiqqa qadar qizib ketgan. "Titanik” yo'lga chiqqanining beshinchi kunida aysberg bilan to'qnashib ketgach, qoplama bardosh bera olmagan va bortda yirik teshik paydo bo'lgan.
Jurnalistning fikricha, "Titanik” halokatiga faqatgina aysberg sababchi emas: layner bilan bog'liq fojiaga bir qator omillar, jumladan yong'in va kema egalarining befarqligi olib kelgan.
"Titanik"ning halokati: haqiqat va taxminlar
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.