Yer resurslarini baholash
Yer resurslari xo‘jalik jihatdan juda ko‘p
maqsadlarda baholanadi. Ayniqsa, yer resurslarini dehqonchilik maqsadlarida
baholash keng tarqalgan.
Dehqonchilikni amalga oshirish asosan
relyef, agroiqlimiy resurslar, tuproq sharoiti, yer osti suvlarining
joylashishi va xossalarining qulayligi, suvning mavjudligi va boshqa omillar
bilan belgilanadi.
Dehqonchilik uchun yaroqli yerlarni
o‘zlashtirish va ulardan foydalanishning murakkablik darajalari
landshaftlarning xususiyatlariga qarab turlicha bo‘ladi. Yuqorida
ko‘rsatilgan omillarning tahlili asosida O‘zbekiston tabiiy-hududiy
komplekslari murakkablik darajasiga ko‘ra to‘rt guruhga bo‘linadi: oddiy,
o‘rtacha murakkab, murakkab va juda murakkab tabiiy komplekslar.
Oddiy tabiiy komplekslarga tog‘ oldi
prolyuvial va daryo vodiylarining yuqori terrasalari kiradi. Yer osti
suvlarining gorizontal harakati yuqori darajada ta’minlangan bo‘lib, bu
suvlarining sathi ko‘tarilmaydi, chunki lyossimon jinslar ostida shag‘al
toshlar yotadi. Mazkur joylar dehqonchilik uchun juda qulay.
O‘rtacha murakkablikdagi tabiiy
komplekslarga yoyilmalar va daryo deltalarining yuqori qismlari kiradi. Yer
osti suvlarining gorizontal harakati ta’minlangan, ammo ayrim pastqam
joylarda u yer yuzasiga yaqin ko‘tariladi va sho‘rlanishga sabab bo‘lishi
mumkin. Shamol va suv eroziyasi yuz berishi mumkin. Shuning uchun ihota
daraxtzorlarini vujudga keltirishni loyihalashtirish zarur.
Murakkab tabiiy komplekslarga yoyilmalar va
deltalarning o‘rta qismlari va allyuvial terrasalar kiradi. Yer osti
suvlarining gorizontal harakati yaxshi emas, sug‘orish davomida ularning sathi
ko‘tariladi va tuproqda tuz to‘plana boshlaydi. Buning oldini olish uchun
gorizontal va tik zovurlar qurilishni ko‘zda tutmoq lozim.
Juda murakkab
tabiiy komplekslarga deltalarning etak qismlari, prolyuvial tekisliklarning
quyi yoki chekka joylari, adirlar, plato va balandliklar kiradi. Yer osti
suvlarining gorizontal harakati ta’minlanmagan, ularning sathi sug‘orish
paytida tezda ko‘tarilib ketadi. Buning oldini olish maqsadida zich zovurlar
tarmog‘ini qurish, yerni sifatli qilib yuvish va tekislash, shamol eroziyasiga
qarshi ihota daraxtzorlarini vujudga keltirish lozim. Suv shimilishining oldini
olish uchun tomchilatib, yomg‘irlatib va tuproq ostidan sug‘orish usullarini
qo‘llash zarur.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.