Martinika 

2 989

 Rasmiy nomi — Martinika (Fransiyaning dengizorti departamenti va regioni). Poytaxti — Fort-de-Frans. Hududi — 1100 km.kv. Aholisi – 400 mingdan ortiq kishi (2012). Davlat tili — fransuz. Dini — katolik (95 %). Pul birligi — fransuz franki.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Martinika Karib dengizidagi Kichik Antil orollari arxipelagida, Shimoliy va Janubiy Amerika oralig‘ida joylashgan. Pasttekisliklardan iborat vodiyda vulqonlar ko‘p. Harakatdagi Montan-Pele vulqoni 1851, 1902, 1930- yillari otilib chiqqan. Iqlimi — tropik, passatli. Tez-tez dovullar bo‘lib turadi. Palma, qizil daraxt, mango, paparotniklar o‘sadi. Turli-tuman qushlar (to‘tiqush, kolibri), hasharotlar ko‘p.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Fransiyaning dengizorti departamenti. Davlat boshlig‘i — Fransiya prezidenti nomidan — prefekt. Hukumat boshlig‘i — Bosh Kengash prezidenti. Martinika 2 ta okrugga bo`linadi. Siyosiy partiyalari: Fransiya partiyalarining mahalliy bo‘linmalari — Respublikani qo‘llab-quvvatlash birlashmasi, Fransiya sotsialistik partiyasi, Martinika Sotsialistik federatsiyasi, Martinika kommunistik par­tiyasi, Martinika kuchi, Martinika progressiv partiyasi va boshqalar.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyatari. Iqtisodiyoti negizini qishloq xo‘jaligi va turizm tashkil etadi. Rom, shakar, poligrafiya, to‘qimachilik, sement, neftni qayta ishlash korxonalari mavjud. Shakarqamish, ananas, banan yetishtiriladi. Chorvachilik va baliqchilik rivojlangan. Asosiy savdo hamkorlari: Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Gvadelupa, Yaponiya. Martinikada Lamanten xalqaro aeroporti mavjud.
  Tarixi. 1493-yili X. Kolumb kariblar yashayotgan bu orolni kashf qildi. Karib qabilalari qirib tashlanib, 1635-yildan fransuzlar bosqini boshlandi. 1762- va 1794-1815-yillar — ingliz mustamlakachiligi davri. 1848-yili qullik bekor qilingan. 1946-yili Martinika Fransiyaning dengizorti departamenti maqomini oldi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.