Dunyo okeani va uning qismlari 

28 571

Dunyo okeani.  Olimlarning fikricha, „okean" atamasi yunoncha „qirg‘oqsiz dengiz", „Yerni aylanib oquvchi buyuk daryo", degan ma’nolarni anglatadi. „Dunyo okeani" atamasini rus olimi Y.M.Shokalskiy 1917-yilda fanga kiritdi. Yer sharining uzluksiz suvli qobig‘i Dunyo okeani deb ataladi.

Dunyo okeani Yer sharining 361 mln kv.km maydonini egallaydi. Suv Yer yuzasining Shimoliy yarimsharda 61 % ini, Janubiy yarimsharda 81 % ini qoplagan. Yer Shimoliy, Janubiy, G‘arbiy va Sharqiy yarimsharlarga ajratilishidan tashqari, yana okeanlar yarimshari va materiklar yarimshariga ham bo‘linadi. Okeanlar yarimsharida Yer yuzining 90,5 % qismini suv qoplagan.

Dunyo okeanining o‘rganilish tarixi. Buyuk geografik kashfiyotlar davri (XV asrning ikkinchi yarmi — XVII asrning birinchi yarmi)dan boshlanadi. Bu davrda X.Kolumb, J.Kabot, Vasko da Gama, A.Vespuchchi, F.Magellan, F.Dreyk, V.Yanszon, A.Tasman va boshqalar Dunyo okeanida suzishib, muhim kashfiyotlar qilishgan. Shu bilan birga, oqimlar, materik va orollar, quruqlik qirg‘oqlari, suv ning  sho‘rligi, harorati, hayvonot olami to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar to‘pladilar. XVII-XIX asrlarda okeanni tadqiq etish ilmiy yondashuv asosida olib borildi. Jumladan, J.Kuk, I.F.Kruzenshtern va Y.V.Lisyanskiy, F.F.Bellinsgauzen va M.P.Lazarev, S.O.Makarov, „Chellenjer" kemasi a’zolari Dunyo okeani geografiyasi uchun eng zarur ma’lumotlar to‘pladi. Masalan, „Chellenjer" ekspeditsiyasi natijalari okeanografiya faniga asos soldi.

XX asrdan boshlab maxsus dengiz tashkilotlari tuzilib, Dunyo okeanini xalqaro hamkorlik asosida o‘rganish ishlari tashkil etildi. 1920-yildan keyin okean suvlari chuqurlik bo‘yicha o‘rganila boshlandi. 1960-yilda fransuz Jan Pikar Mariana cho‘kmasini zabt etdi. Endilikda kemalar zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, kosmik kemalardan olingan tasvirlar tahlil qilinmoqda.

Dunyo okeanining qismlari dengiz, qo‘ltiq, bo‘g‘izlardan iborat. Okeanlar bir-biridan geografik o‘rni, geologik tuzilishi, biologik xususiyatlari bilan farq qiladigan bir butun tabiat komplekslaridir.

Dengizlar — okeanning bir qismi bo‘lib, ular Dunyo okeanidan quruqlik yoki orollar, yarimorollar va suvosti relyefining ko‘tarilgan joylari bilan ajralib turadi. O‘zining geografik o‘rni va havzalarining xususiyatiga qarab 3 turga bo‘linadi: 1) materiklar orasidagi dengizlar; 2) materik ichkarisidagi dengizlar; 3) chekka dengizlar.

Okeanning (dengiz yoki ko‘lning) quruqlik ichkarisiga kirib turgan qismi qo‘ltiq deb ataladi. Bengaliya, Meksika, Gudzon, Katta Avstraliya, Alyaska kabi qo‘ltiqlar eng katta qo‘ltiqlardir.

Okeanlarni (dengiz yoki ko‘llarni) bir-biri bilan qo‘shib turadigan kambar suv bo‘g‘iz deyiladi. Bularga Dreyk, Mozambik, Gibraltar, La-Mansh va boshqalar misol bo‘ladi.

Dunyo okeanini birinchi bo‘lib niderlandiyalik olim B.Varenius 1650-yilda beshta okeanga ajratgan (Tinch, Atlantika, Hind, Shimoliy va Janubiy Muz okeanlari). Keyinchalik, tadqiqotchilar uni uchta (Tinch, Atlantika, Hind), to‘rtta (Tinch, Atlantika, Hind, Shimoliy Muz) okeanlarga ajratishgan. Hozirgi paytda beshinchi — Janubiy Muz okeanini ham ajratish haqida fikrlar bor. Dunyo okeanida jami 67 ta, quruqlikda esa 2 ta (Kaspiy va Orol) dengiz ajratilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.