Atlantika okeani 

26 982

Asosiy xususiyatlari. Barcha yarimsharlarda joylashgan, Buyuk geografik kashfiyotlar shu okeandan boshlangan, qirg‘oqsiz dengizi bor, meridianal yo‘nalgan eng uzun o‘rta okean tizmasi bor, eng yirik port-shaharlari bor, ichki dengizlari eng ko‘p, eng sersuv va eng uzun daryolar shu okeanga quyiladi, eng baland qalqish ham shu okeanda kuzatiladi, materiklar dreyfi giрotezasiga asos bo‘lgan, dengiz transportida dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

 Geografik o‘rni. Atlantika okeani beshta materik orasida joylashgan. Shimoldan janubga 12 ming km masofaga cho‘zilgan. Okeanning maydoni 91 mln kv km, eng keng joyi mo‘tadil kengliklarga (9 450 km) va eng tor joyi (2 620 km) shimoliy qismiga to‘g‘ri keladi.

 O‘rganilish tarixi. Okean nomi Atlanta (yunon afsonasiga ko‘ra,  yelkasida osmon gumbazini ko‘tarib turuvchi pahlavon) atamasi bilan bog‘liq. Dastlab 1507- yilda geografik xaritaga „Atlantika okeani" nomi yozilgan. Miloddan oldingi davrlarda finikiyaliklar, arablar, rimliklar okean suvlarida suzishgan.

 Buyuk geografik kashfiyotlar davrida B.Diash, X.Kolumb, J.Kabot, Vasko da Gama, F.Magellan, J.Kuk va boshqalar sayohatlari Atlantika okeani haqida ko‘plab ma’lumotlar berdi.

 Okean tabiatini kompleks o‘rganish XIX asrning oxiridan boshlanadi. „Chellenjer" kemasidagi ingliz ekspeditsiyasi, Xalqaro geofizika yilidagi (1957-1958) tadqiqotlar, Jak Iv Kusto ekspeditsiyasi davrida okean hayotiga va tabiat komponentlariga taalluqli juda ko‘p ma’lumot to‘plandi.
 Geologik tuzilishi va relyefi. Gondvana va Lavraziya materiklarining gorizontal yo‘nalishdagi parchalanishi natijasida Atlantika okeani paydo bo‘lgan.

 Geologik tuzilishida turli xil yotqiziqlar qatnashadi. Jumladan, o‘rta okean tizmalarida bazaltli va vulqonli jinslar, materik sohillarida daryolar oqizib keltirgan qum, gil, loyqa jinslar tarqalgan.

 Materik sayozligi okeanning shimoliy qismida, Florida yarimoroli, Folklend orollari yonida katta maydonlarni egallaydi, Afrikaning g‘arbiy sohillarida esa tor yo‘lakni hosil qiladi. Materik yonbag‘ri ancha tik. Okean tubida O‘rta Atlantika suvosti tog‘ tizmasi shimoldan janubga 15 000 km masofaga cho‘zilgan. O‘rta Atlantika tizmasi, o‘z navbatida, Shimoliy va Janubiy Atlantika tizmalariga bo‘linadi. Bu tizmalar oralig‘ida bir nechta botiqlar joylashgan. Mazkur botiqlarning chuqurligi 3000 m dan 7000 m gacha yetadi. O‘rta okean tizmasining tepa qismini ko‘ndalang va bo‘ylama chuqur daralar — riftlar kesib o‘tgan. Okeanning eng chuqur qismi Puerto-Riko cho‘kmasi bo‘lib, 8742 m chuqurlikda joylashgan.

 Iqlimi.  Atlantika okeani yuza suvlarining harorati Тinch va Hind okeanlari suvlariga nisbatan past (+16,5°C). Bunga Shimoliy Muz okeanidan va Antarktida tomonidan sovuq oqimlarning kirib kelishi sababchidir. Termik ekvatorda suv yuzasining o‘rtacha yillik harorati 27-28 °C. Okeanning janubiy va shi- moliy qismlarida 0 –1°C gacha pasayadi.

 Okeanda barcha iqlim mintaqalari mavjud. Uning janubiy o‘rtacha kengliklarida yil davomida kuchli shamollar kuzatilsa, subtropiklarda haftalab shtil — shamolsiz kunlar bo‘ladi.

 Okeanning o‘rtacha sho‘rligi (37,5‰) Dunyo okeani o‘rtacha sho‘rligidan yuqori. Okeanning shimoliy va janubiy chegaralarida suvning sho‘rligi 34-35 ‰, eng sho‘r dengizi O‘rta dengiz (37-39 ‰) hisoblanadi.

 Oqimlari.Atlantika okeanida oqimlar halqalar hosil qiladi. Mashhur Golfstrim oqimi okeandagi qudratli daryo singari Shimoliy Amerika va Yevropa iqlimiga ta’sir qilib, shimol tomondagi muz va muztog‘ (aysberg)larning erishiga hamda tumanli kunlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

 Okeanning tabiat mintaqalari. Atlantika okeanining o‘rta qismida ekvatorial mintaqa joylashgan. Bu mintaqaning yillik yog‘in miqdori 1770 mm ga va suvning o‘rtacha sho‘rligi 35 ‰ ga teng. Undan shimolda va janubda tropik, subtropik, mo‘tadil, subqutbiy va bitta qutbiy mintaqalarning bepoyon suvlari joylashgan. Subtropik va tropik mintaqalarda yog‘ingarchilik kam bo‘lganligi tufayli ular suvining sho‘rligi biroz ko‘tariladi.
 Shimoliy subtropik mintaqada tabiati o‘ziga xos bo‘lgan Sargasso dengizi joylashgan. Dengiz suvining sho‘rligi 37 ‰ ga teng, harorati qishda 23 °C ni va yozda 28 °C ni tashkil etadi.
 Insonning xo‘jalik faoliyati. Buyuk geografik kashfiyotlar Atlantika okeanidan boshlangan. Mashhur dengizchilar shu okean orqali safarga chiqqanlar. Hozir ham transportdagi ahamiyati jihatidan birinchi o‘rinni egallaydi. O‘rta dengiz sohillari dunyo turizmida birinchi o‘rinda turadi. Suvaysh (1869-y.) va Panama (1914-y.) kanallarining ishga tushirilishi okeanning ahamiyatini yanada oshirdi. 
 Okean shelflaridan xilma-xil boyliklar qazib olinadi, baliq ovlash ko‘proq okeanning shimolida olib boriladi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.