Faddey Bellinsgauzen
Faddey Bellinsgauzen
(1778-1852)
XVIII asrning ikkinchi yarmida janubiy
dengizlarni tekshirgan ingliz sayyohi J.Kuk bu yerlarda yirik muzlarning suzib
yurishi va o`lkan muz dalalarining mavjudligi sababli janubga dengiz orqali
suzib borish mumkin emas, degan fikrni aytgan edi. Uning bu fikri turli
mamlakatlar tomonidan janubiy materikni qidirish bo`yicha ekspeditsiyalar
tashkil etishni 45 yilcha to`xtatib qo`ygan. Ammo rus dengizchisi Faddey
Bellinsgauzen boshchilik qilgan birinchi rus Antarktika ekspeditsiyasi J.Kukning
fikri noto`g`ri ekanligini isbotladi. Rus sayyohi Antarktida qirg`oqlari
bo`ylab aylanma sayohat qilib, birinchi bo`lib uning yaxlit materik sifatida
mavjud ekanini butun dunyoga ma’lum qilgan.
F.Bellinsgauzen
1778-yilda Boltiq dengizidagi Saaremaa orolida
(hozirgi Estoniya hududida) tug`ilgan. Orolda yashagani bois bolaligidan o`lkan
dengiz kengliklarida sayohat qilishni orzu qilardi. Bu haqda o`zi shunday
yozgan: «Men dengiz o`rtasida tug`ildim va xuddi baliq suvsiz yashay olmagani
kabi men ham dengizsiz yashay olmayman». Faddey Kronshtadtdagi dengiz kadetlik
korpusiga o`kishga kirib, dengiz ilmini o`rgandi. 1803-1806-yillarda rus
sayyohi Ivan Kruzenshtern boshchiligida Yer shari bo`ylab aylanma dengiz
sayohatida ishtirok etgan. 1810-1819- yillarda Rossiyaning Boltiq va Qora dengiz
flotlaridagi turli kemalar qo`mondoni sifatida xizmat qildi.
F.Bellinsgauzen
I.Kruzenshtern tavsiyasiga binoan 1819-1821-yillarda yana bir mashhur rus
sayyohi Mixail Lazarev bilan dunyo bo`ylab suzishni amalga oshirgan birinchi
rus Antarktika eks- peditsiyasiga rahbarlik qilgan. «Vostok» va «Mirniy» deb
nomlangan ikkita kemada yo`lga chiqqan ekspeditsiyaning asosiy vazifasi Janubiy
qutb dengizlarini tekshirish va u yerda materik bor yoki yo`qligini aniqlashdan
iborat edi.
Birinchi
rus Antarktika ekspeditsiyasi 1819-yilning 4-iyunyda Kronshtadtdan yo`lga chiqib,
2-noyabrda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahriga yetib keldi. Sayyoh, bu
yerdan dastlab Kuk tomonidan ochilgan Yangi Georgiya orolini aylanib o`tib,
to`g`ri janubga suzgan. 56° janubiy kenglikda uchta Markiz de Trevers
orollarini kashf kilgach, F.Bellinsgauzen Janubiy Sandvich orollarini
tekshirgan. So`ng 59° janubiy kenglik bo`ylab Sharqqa va muzlarning holatiga
qarab ikki marta janubga imkon qadar suzib, 69° janubiy kenglikkacha borgan.
1820-yil
16-yanvarda F.Bellinsgauzen ekspeditsiyasi Antarktidani kashf qilgan. Sayyoh
ushbu materikka ilk bor 69°21 '28" janubiy kenglik va 2°14'50"
g`arbiy uzoqlikka qadar (hozirgi shelf muzligi yaqinida) yaqin kelgan. Besh kun
o`tgach, 21-yanvarda ekspeditsiya ishtirokchilari ikkinchi marta materikni ko`rishgan va 5-6-fevral
kunlari Antarktida qirg`oqlariga yetib borishgan.
Antarktidada
qish kirishi munosabati bilan 1820-yilning martida F.Bellinsgauzen va M.Lazarev
qo`mondonlik qilgan kemalar bir-biridan ajralib, hali hech kim bormagan Hind va
Janubiy okeanlarni 55° janubiy kenglik va 9° g`arbiy uzoqlik orqali kesib
o`tib, Avstraliyaning Jekson (hozirgi Sidney) bandargohiga yetib kelishgan.
Avstraliyadan ekspeditsiya Tinch okeaniga yo`l olib, qator atoll va orollarni
(Bellinsgauzen, Vostok, Simonov, Mixaylov, Suvorov va Rossiyaliklar) kashf
qilgan va Sidneyga qaytib kelgan.
1821yil 10 yanvarda 70°
janubiy kenglik va 75° g`arbiy uzoqlikda Bellinsgauzen yaxlit muz maydonini uchratgan
va shuning uchun shimolga qarab suzishga majbur bo`lgan. Shundan so`ng sayyoh 68° va 69° janubiy kengliklar oraligida
Pyotr I oroli va Aleksandr I qirg`og`ini kashf etib, Yangi Shotlandiya oroliga
kelgan. Ekspeditsiyaning butun yo`nalishini xaritaga tushirgan F.Bellinsgauzen boshchiligidagi sayyohlar 751
kunlik uzoq sayohatdan so`ng 1821-yil 24-iyulda Kronshtadtga qaytib kelishgan.
F.Bellinsgauzen ekspeditsiyasi ushbu sayohat davomida 100 ming km dan ortiq
masofani bosib o`tgan va bu Yer sharini ekvator bo`ylab ikki yarim marta
aylanib chiqqan bilan barobar. Sayohat davomida ekspeditsiya 527 kun suzgan,
shundan 122 kuni 60-paralleldan janubda va 100 kuni muzliklar orasida amalga
oshirilgan. Ushbu sayohat davomida sayyohdar tomonidan 29 ta yangi orolning
nomi xaritaga tushirilgan.
F.Bellinsgauzen eksiyeditsiyasining safari insoniyat tarixida amalga oshirilgan
eng muhim va eng qiyin sayohatlardan hisoblanadi. Sayyoh ushbu safari bilan
janubiy dengizlarning chekkasiga suzib borish mumkin emas, degan noto`g`ri
fikrni inkor qilib, dunyodagi oltinchi materikni kashf etgan. F.Bellinsgauzen
va M. Lazarevning sayohati sharofati bilan janubiy materikni tadqiq qilish
ishlari avj oldi hamda bu jarayon hozir ham davom etmoqda.
Sayyohning
dunyo geografik tadqiqotlari xazinasiga qo`shgan xissasiga ehtirom sifatida
Tinch okeanidagi dengiz, Saxalin orolidagi burun, Tuamotu arxipelagidagi orol,
Laptevlar dengizidagi orol va qo`ltiq, Oydagi krater, Antarktidadagi muzlik va
Vaterloo orolidagi qutbiy stansiyaga F.Bellinsgauzen nomi berilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.