Tibetga sirli sayohat 

2 548

 
XIX asrda Rossiya O'rta Osiyo hududida faol siyosat olib bordi. Bundan, shubhasiz, Angliya hukumati norozi edi. Ko'ribsizki, ikki orada o'ta sirli diplomatik jang boshlandi. Sababi, O'rta Osiyo Angliyani ham Rossiyadan kam qiziqtirmasdi. Ikki davlat josuslari oradan hech qancha vaqt o'tmay ushbu jangda faol ishtirok eta boshladi.

Imperator janoblari qabulida
Rossiya hukumatini ko'proq mamlakatni O'rta Osiyo bilan bog'lovchi Sinszyan viloyati qiziqtirardi. Aynan shu viloyat Tibet bilan chegaradosh va diplomatik jangda harbiy harakatlar markaziga aylanishi mumkin edi. Rus bosh shtabi shu hududdagi Angliya harbiylari kirib kelishi muqarrar bo'lgan barcha yashirin yo'llarni bilishga oshifta edi. Aleksandr II shuni hisobga olgan holda zudlik bilan Osiyoda tog' orqali o'tadigan temir yo'l qurilishi boshlashga farmon berdi. Bu temir yo'l mamlakat askarlarini kerakli manzilga yetkazish uchun xizmat qilishi rejalashtirildi.

Oradan bir necha yil o'tib, Rossiya hukumati O'rta Osiyoga yuborish uchun mashhur sayyoh va ofitser, o'sha paytda general unvonini olib, hukumatda yuqori lavozimlardan birini egallagan Nikolay Prjevalskiy, Bosh shtab ofitseri P.K.Kozlov, taniqli sayyoh V.I.Roborovskiy yetakchiligida bir nechta ekspeditsiya guruhini tuzdi. Bu guruhning vazifasi tayin. Tibetning eng maxfiy hududiga buddist qalmiqlar yordamida kirib borishdan iborat edi. Josuslar guruhiga tajribali mutaxassis, Tibet tilini yaxshi o'zlashtirgan Ulanov boshlovchi etib tayinlandi.

Bungacha Ulanov Sankt Peterburgda Tibetda josuslar amalga oshirishi lozim bo'lgan maxfiy ishda qanday intizom, tajriba zarur bo'lsa, barchasini o'rgatuvchi maxsus kursda o'qitildi. Aslida kurs ikki yil davom etishi lozim edi. Biroq Angliya hukumati yuritayotgan siyosat keskinlashgach, o'qish to'xtatilib, Ulanov xizmat vazifasini ado etish uchun Tibetga ketishga tayyorgarlik ko'ra boshladi.

Haqiqatan, o'shanda Angliya rus-yapon urushi boshlanganidan unumli foydalanishni mo'ljallab, o'z harbiy qismlarini Tibetga olib kirishga ulgurgandi. Harbiylar juda tez fursatda Lxasani egalladi. Dalay-lama inglizlar ta'qibidan qochib Mongoliyaga o'tib ketdi.
Rossiyaning asosiy vazifasi ingliz qo'shinlarini Tibetdan siqib chiqarish, Tibetni Xitoy hukumati ixtiyoriga topshirishdan iborat edi. Afsuski, bu ishni amalga oshirish ham qiyinlashgani ko'zga tashlanib qoldi. Negaki, inglizlar Tibet rahbarlari bilan kelishuv shartnomasini imzolashga erishdi. Shartnomaga ko'ra, Tibet to'liq inglizlar ixtiyoriga berib qo'yilgandi.

1904-yili Rossiya mudofaa vaziri general-adyutant Kuropatkin Nikolay II nomiga maktub yo'llab, josuslar guruhi rahbari Ulanovni bir yil muddatga egallab turgan vazifasidan bo'shatishni so'radi. Bu, albatta, dushmanni chalg'itish yo'llaridan biri edi. Sababi, Ulanovning qanday qudrat va salohiyatga ega ekanini inglizlar yaxshi bilishi, maxfiy josuslar guruhidan xabardor ekaniga shubha qilmasdi.

Maktubda yana vazir ushbu harakatning sirlari haqida alohida to'xtaldi. Nikolay II vazirni to'g'ri tushungan holda iltimosini rad etmadi. Shu bilan birga josuslar guruhining kelgusidagi faoliyatini mukammallashtirish maqsadida xazinadan o'n to'rt ming rubl (Bu o'sha davr uchun juda katta mablag' hisoblangan) ajratdi. Qolaversa, maktubdagi iltimoslarni qondirish uchun shaxsan Ulanov, gelyun Dambo Ulyanov hamda yana bir nechta ko'zga ko'ringan josuslarni Qishki saroyda qabul qildi.

Qabul o'ta maxfiy vaziyatda o'tdi. Qabulga tashrif buyurganlarga harbiy kiyimda emas, oddiy fuqaro kiyimida kelishga ruxsat berildi. Imperatorning ushbu uchrashuvi matbuotda e'lon qilinmasligi masalasida barcha chora tadbirlar ham ko'rib qo'yildi.

— Azizlar, — degandi o'shanda imperator Nikolay II. — Tibet masalasida Angliya bilan sovuq urush boshlanish xavfi bor. Esda tuting, sizning josuslik guruhingiz Rossiya manfaatlarinigina himoya etishi zarur!
 
Yo'ldagi halokat
1904-yil yanvarida josuslar guruhi Sankt Peterburgni tark etib, bahorga yaqin O'rta Osiyoga kirib bordi. Josuslar sir saqlanishi uchun o'zlarini go'yo Sinszyan fuqarolari qilib ko'rsatishga urinardi. Ammo oldinda juda jiddiy muammo ko'ndalang edi. Kerakli hujjatlarni qo'lga kiritishning o'zi bo'lmasdi. Chunki ingliz josuslari ham mudramayapti. Ular hamon hushyor turibdi. Shunga qaramay, josuslar Kuldj shahridagi rus vakolatxonasi xodimlari ko'magida o'sha hujjatlarni qo'lga kiritdi. O'sha yerda tajribali karvonboshilar hisoblanmish to'rt nafar mahalliy fuqaro josuslar safiga kelib qo'shildi.

Josuslar monax kiyimida Xitoy hududiga tobora ichkarilab bordi. Hammasi ko'ngildagidek kechayotgandi. Ammo kutilmaganda fojia yuz berdi. Josuslik guruhi rahbari Ulanov va yordamchisi Sharapovlar g'alati kasallikka duchor bo'ldi. Bu qanday kasallik ekanini na josuslar, na mahalliy tabiblar aniqlay olishdi. Oradan bir necha kun o'tib Ulanov olamdan o'tdi. Keyinchalik ma'lum bo'ldiki, ikki yetakchi ham ingliz josuslari tomonidan zaharlangan ekan. Biroq Sharapov xastalikni yenga oldi. Asta-sekinlik bilan bo'lsa-da, oyoqqa turdi. Faqat bir narsa achinarli edi. Guruh yetakchisiz qoldi. Bu narsa maxfiy amaliyotni yo'qqa chiqarishi mumkin edi. Gelyun Ulyanov mulohaza qilib ko'rib, Kuldjga yo'l oldi va u yerdagilarni bo'lib o'tgan ishlardan ogoh etdi.

— Siz guruh yetakchiligini zimmangizga olasiz, — deyishdi Kuldjdagilar. — Biz Sankt Peterburg bilan bog'landik. Bosh shtabdagilar nomzodingizni qo'llab-quvvatladi.

Shunday qilib, gelyun Dambo Ulyanov josuslar guruhi yetakchisiga aylandi. U karvonni Chemen tog'lariga olib chiqdi. Josuslar o'sha yerda qalmiqlar orasida qishlab qoldi. 1905-yil martida esa guruh dovon orqali Tibetga jo'nadi.
 
Lxasa
May oxirida josuslar guruhi Tibet poytaxti Lxasaga yetib keldi. O'sha yerda ham Ulyanov o'zidagi noyob qobiliyat, ya'ni, o'zini artistlarcha tutishi natijasida mahalliy aholining hurmat, e'tiborini qozona oldi. Bunga, ayniqsa, uning mahalliy ilohlarga sig'ina boshlashi ham jiddiy sabab bo'ldi.

Lekin Ulyanov yaxshi bilardi. Lxasada ingliz agentlari yetarlicha topiladi. Shuning uchun Ulyanov ularni chalg'itishning ajoyib yo'lini topdi. U qachonlardir tibet tilida buddizmning muammoli masalalari tahlilini qog'ozga tushirgandi. Shuni sumkasidan olib buddizm vakillari e'tiboriga havola etdi. Ko'ribsizki, tez kunda Ulyanovni monaxlar buddizm olimlari darajasida ko'ra boshlashdi. Angliya josuslari esa guruhni haqiqatan buddizm vakillari deb xayol qildi va e'tibordan chetda qoldirdi.

Ulyanov juda ehtiyotkorlik bilan Tibetdagi Rossiya manfaatlariga xizmat qiluvchi noyob ma'lumotlarni yig'a boshladi. Hatto, kunlarning birida dalay-lama yo'qligi sababli Tibetni boshqarayotgan Goldan Giva-Rambuch qabuliga kirish sharafiga muyassar bo'ldi. Aynan u Rossiya diplomatiyasi ta'sirida inglizlar o'z qo'shinlarini Tibetdan olib chiqib ketganligini ma'lum qildi.

Hammasi risoladagidek edi. Yana kutilmagan hodisa yuz berdi. Yarim kechasi yordamchisi Sharapov josuslar guruhi joylashgan binoning uchinchi qavatidan pastga qulab tushdi. U toshga yiqilgan ekan.

Oyoqqa turib ketishiga ishonch deyarli qolmagandi. Ulyanov navbat o'ziga kelganini, ingliz josuslari ularning hech birini tirik qoldirmasligini anglab yetdi. Xayriyatki, mahalliy tabiblardan biri ko'nglini ko'tardi. Sharapovni ikki oy deganda oyoqqa turg'azishga va'da berdi. Shunday bo'ldi ham. Qanday malham yordamida davolaganini sir tutsa-da, Sharapovni oyoqqa turg'azdi. Ulyanov esa bu muolaja sirlarini aniqlashga harakat qilib ko'rdi. Baribir foydasi bo'lmadi. Sir sirligicha qolaverdi.
 
Qaytish
1905-yil avgustida maxfiy josuslar guruhi Lxasani tark etdi. Va 1906-yil 17-mart kuni josuslar guruhi Rossiya poytaxtiga yetib keldi. Ulyanov zudlik bilan Tibetda qalmiq tilida qog'ozga tushirgan kundaliklar asosida Mudofaa vazirligi va tashqi ishlar vazirligi uchun doklad tayyorladi. Bu doklad oqibatda Rossiya hukumat rahbarlarining maqtovlariga sazovor bo'ldi.

Tez orada dalay-lama bilan uning Lxasaga qaytishi xususida muzokaralar boshlandi. Dalay-lama esa qachonki rus harbiylari uni shaxsan qo'riqlab borsa, Mongoliyadan Tibetga qaytishi mumkinligini bildirdi. Shart qabul qilindi.

Rossiya Xitoy va Angliya bilan muvaffaqiyatli ravishda shartnomalar imzoladi. Bunga ko'ra, Tibet inglizlar tomonidan Xitoyning bir qismi sifatida e'tirof etildi. Biroq josuslar guruhining Tibetda amalga oshirgan maxfiy ishlari hanuz sirligicha qolib ketdi. Hatto, imperator Nikolay II ning Qishki saroyda Tibetga yo'l olish arafasida turgan josuslarga qanday aniq topshiriqlar bergani ham hech kimga ma'lum emas.

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.