10-iyul Bagama orollari tashkil topgan kun 

2 984

Bagama Orollari Hamdo‘stligi (of the Bahamas) - Markaziy Amerikadagi davlat. Karib dengizida, Florida yarim orolining janubi-sharqida. 700 oroldan iborat Bagama arxipelagida joylashgan. Maydoni 13,9 ming km.kv. Aholining 80%i negrlar va duragaylar. Aholining 58% shaharlarda yashaydi. Mamlakat poytaxti - Nassau shahri Rasmiy tili - ingliz tili. Dindorlarning aksariyati protestantlar. Davlat tuzumi. Bagama orollari - konstitutsiyaviy monarxiya. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik tarkibiga kiradi. Davlat boshlig‘i Angliya qiroli (qirolichasi), uning nomidan general- gubernator ish yuritadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali (senat va majlislar palatasi) parlament. Ijrochi hokimiyat general-gubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat. Tabiati. Bagama arxipelagi, asosan, marjon orollardan iborat. Yer yuzasi - tekislik, aksariyati toshtuz, ohaktosh va gipslardan tarkib topgan. Iqlimi - tropik, passat. Yanvarda o‘rtacha harorat 20, 22°, iyulda 28°. Yiliga 1100-1700 mm gacha yog‘in yog‘adi. Maydan oktabrgacha yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi. Tez-tez dovullar bo‘lib turadi. Sho‘r ko‘llar ko‘p. Tuprog‘i laterit toifasiga oid. Doim ko‘m-ko‘k tikanli butalar, qarag‘ay o‘rmonlar, sohilda kokos yongog‘i o‘sadi. Qushlar ko‘p. Atrofdagi dengizlar baliqqa boy. Orollarda ohaktosh, tuz va argoniy qazib olinadi, neft konlari qidirilmoqda. Tarixi. Bagama oroli tub joy aholisi indeyslar bo‘lgan. 1492 yilda X. Kolumb ekspedisiyasi Yangi Dunyoga yetib kelib, arxipelagning sharqiy orollaridan biriga tushgan va uni ispanlar San-Salvador deb ataganlar. Bagama indeyslarining taqdiri fojiali bo‘lgan. Ispanlar ularni Kuba va Espanolu (Gaiti)ga olib borib, ruda konlarida ishlatishgan. Ular shu yerlarda qirilib ketishgan. 1629-yilda inglizlar orollarni bosib olganida bu yerda aholi yo‘q edi. 1782-yilda Bagama yana ispanlar tomonidan bosib olindi. Ammo 1783-yildan u butunlay Angliya mustamlakasiga aylandi. XVII-XVIII asrlarda ko‘pgina inglizlar o‘zlarining negr qullari bilan birga bu yerga ko‘chib keldilar va plantatsiya xo‘jaligini rivojlantira boshladilar. XIX asr oxirlaridan Bagamaga AQSH ishbilarmonlari kela boshladilar, lekin sarmoyani sarflaydigan ish topa olmadilar. 1946 yildan sayyohlar yopirilib kela boshladi, 50-yillar oxiriga kelib, ularning oqimi ayniqsa kuchaydi. Bagama orollari AQSH va Yevropaning qishki oromgohi bo‘lib qoldi. Bu yerda ulkan mehmonxonalar, ko‘ngilochar muassasalar qurildi. Soliq sohasidagi imtiyozlarga qiziqqan Amerika kompaniyalari sayyohlikni rivojlantirishga katta mablag‘ sarfladi. Keyinchalik ko‘pgina xorijiy bank va firmalar o‘z ofislarini ochishdi. Bagama orollari G‘arbiy yarim sharning yirik moliyaviy markazi bo‘lib qoldi. 1964-yilda Buyuk Britaniya Bagama orollariga ichki mustaqillik berishga majbur bo‘ldi. 1973-yilda Bagama orollari mustaqil deb e'lon qilindi. Bagama orollari 1973-yildan BMT a'zosi. Milliy bayrami 10 yul - Mustaqillik kuni. Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Ilg‘or liberal partiya, 1953 yilda tuzilgan; Erkin milliy harakat, 1972-yilda tuzilgan; Bagama orollari Hamdo‘stligi kasaba uyushmalari kongressi. Xo‘jaligi. Bagama orollari - agrar mamlakat. Iqtisodiyotning asosi - plantatsiya dehqonchiligi. Qishloq xo’jaligi oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning atigi 25% ni qondiradi. Apelsin, banan, ananas, mango, pomidor, bodring, shakarqamish, sizal yetishtiriladi. Qo‘y, qoramol, echki, cho‘chqa, uy parrandasi boqiladi. Baliq, dengiz jonivorlari ovlanadi. Iqgisodiy faol aholining yarmidan ko‘prog‘i sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan band. Katta Bagama orolidagi neftni qayta ishlash zavodi yiliga 25 mln. tonna neftni qayta ishlaydi. Bagama importining 85% ni xom neft tashkil etsa, eksportining 90% neft mahsulotlaridan iborat. Bagama orollarida sement va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Asosiy dengiz porti - Nassau shahri. Mamlakat dori-darmon, sement, rom, tuz ham eksport qiladi, asbob-uskuna, transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan sotib oladi. AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada bilan tashqi savdo munosabatlari olib boradi. Pul birligi - Bagama dollari. Bagama orollarida "Nassau guardian” ("Nassau posboni”, 1844-yildan), "Nassau deyli tribyun” ("Nassau minbari”, 1903-yildan) gazetalari, "Ofishl gazette” ("Rasmiy gazeta”) hukumat haftanomasi, "Bexamian revyu megezin” ("Bagama sharhi”, 1952-yildan) jurnali chiqadi. 1936-yilda radio va teleko‘rsatuvlar kompaniyasi tashkil etilgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.