Eski neft konlari qayta tiklanadimi? 

4 316

O'qing, bu — qiziq!
Mutaxassislarning fikricha, hozirgi paytda eski neft konlari va yerning bir zamonlar shunday bebaho yonilg'iga boy bo'lgan qatlamlaridan foydalanish ularning yangilarini izlab topish va o'zlashtirishga nisbatan ancha arzonga tushadi. Chunki allaqachonlar ishlatilib bo'lingan quduqlarda vaqt o'tishi bilan qaytadan neft hosil bo'ladi, ularni qazib olish uchun esa ortiqcha sarf-xarajat talab qilinmaydi. Rossiyadagi neft va gaz muammolari institutining akademik A.N.Dmitriev rahbarligi ostida faoliyat ko'rsatayotgan bir guruh ilmiy xodimlari bu borada samarali tadqiqotlar olib borishmoqda.

Misol tariqasida Tataristondagi Romashkino konini keltirish mumkin. Unda jamlangan neft miqdori oldindan faraz qilinganiga nisbatan ancha ko'p bo'lib chiqdi. Umuman olganda esa, keyingi paytlarda Tataristonda neftning oltmish besh foizidan ortig'i ko'hna yoki hozirgacha jami zaxirasining to'rtdan uch qismi o'zlashtirilgan konlardan qazib olinmoqda. Tegishli qatlamlarni oldindan qidirib topish esa so'nggi 25-30 yil ichida mo'ljaldagidan bir yarim baravar ko'proq neft zaxiralariga ega bo'lish imkonini berdi. Qolaversa, tadqiqotchilar "Romashkino”da muqaddam foydalanilgan, keyinchalik sof holdagi va suv aralash neft bilan qayta to'lgan eski quduqlarni izlab topishdi. Ma'lum bo'lishicha, ulardagi neft zaxirasi er qobig'ining yorilgan yoki darz ketgan qismlarining o'zaro zichlashishi natijasida tobora ko'payib bormoqda.
 
Darvoqe, er qobig'i qatlam-qatlam shaklli tuzilishga ega bo'lib, go'yoki ichiga turli-tuman masalliqlar solib pishirilgan taomga o'xshaydi. Ba'zi joylari nisbatan qattiq yoki yumshoq, ba'zi joylari ichi neftga to'la ilma-teshik g'ovaklardan iborat bo'ladi. Qaysidir qismi talay yoriqlar va darzlar bilan qoplanadi. Ular deyarli yassi bo'shliqlar hosil qiladi. Bu murakkab shakl erning tektonik harakatlari ta'sirida uzluksiz ravishda o'zgarib turadi: qatlamlar harakatlanadi, yoriqlar kengayadi va hosil bo'lgan bo'shliqlarga chor tarafdagi darzlardan suyuqlik quyilib kira boshlaydi. Ularning er qobig'iga, shuningdek, g'ovaksimon yuqa qatlamlarga ta'siri yoriqlarning sezilari darajada kengayishiga olib keladi. Aralashib qorishish bo'shliqlar va darzlarning 10-15 kilometr chuqurlikda joylashgan keng ko'lamli tizimi bo'ylab ro'y beradi. O'z navbatida, suyuqliklarning harakati ham o'zgaruvchan xususiyatga ega bo'lib, neft gohida ko'payadi, gohida kamayadi. Yirik g'ovakli qatlamlarda bu jarayon o'n minglab yillarga cho'ziladi, darz ketgan qatlamlarda esa birmuncha qisqa vaqt oralig'ida ro'y beradi. Agar ular unchalik chuqur joylashmagan bo'lsa, bu muddat ming yillardan yuz, hatto o'n yillargacha qisqaradi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.