Dunyo okeani. Iqlimiy, kosmik, biologik va rekreatsion resurslar
Insoniyatning yaqin kelajagida katta
ahamiyatga ega bo`lishi kutilayotgan tabiiy resurs turlaridan biri Dunyo okeani
resurslaridir. U amalda bitmas-tuganmas xazinadir.
Bu xazinaning dastlabki xili dengiz va okean
suvining o`zidir. U yer yuzi gidrosferasining 96,5% ini tashkil qiladi. Dengiz
suvlarining eng muhim xususiyatlaridan biri unda D.I.Mendeleyevning elementlar
davriy sistemasidagi 75 xil kimyoviy elementning erigan holda mavjudligidir.
Shu sababli suvni tabiatning eng muhim minerali deb ham hisoblaydi.
Dunyo okeani suvida eng ko`p erigan holda
uchraydigan boyliklardan biri tuzdir. Qadim zamonlardayoq dengiz suvidan osh tuzi ajratib olishga
erishilgan. Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarda
hozir ham tuz olishda dengiz suvidan foydalanishadi. Umuman, hozirgi vaqtda
dunyo bo`yicha iste`moldagi tuzning 1/3 qismi dengiz suvlaridan olinmoqda. Dengiz
suvlarida magniy, oltingugurt, brom, yod, aluminiy, mis, uran, kumush, oltin kabi elementlar mavjud. Ulardan
hozirgi paytda magniy, brom kabi elementlar ajratib olinmoqda. Boshqa xildagi
yana bir muhim boylik turi Dunyo okeani ostidagi mineral resurslardir.
Quruqlikda uchraydigan deyarli barcha turdagi mineral resurslar dengiz va okean
sayozliklarida (shelf) ham mavjud. Hozirgi vaqtda anchagina xildagi mineral
resurslar dengiz shelflaridan qazib olinmoqda. Ayniqsa, Fors, Meksika
qo`ltiqlari, Shimoliy, Kaspiy, Barens kabi dengizlar sayozliklaridan qazib
chiqarilayotgan neft va gaz miqdori yildan yilga oshib bormoqda. Hozirgi vaqtda okean ostining
boshqa xil qazilma boyliklaridan foydalanish ham kuchayib bormoqda. Jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada,
Yaponiya, Xitoy shelflaridan ko`mir, Indoneziya,
Tailand qirg`oq sayozliklaridan qalayi, shuningdek, olmos (Namibiya), qahrabo (Rossiya
Federatsiyasining Kaliningrad oblasti), oltin vat emir-marganes konkretsiya (tabiiy
qotishma - AQSH) mineral resurslari qazib olina boshlandi.
Dunyo okeanining uchinchi xil boyligi
energetika resurslaridir. Bunday boyliklar ko`lami ham juda katta. Hozir dengiz
suvining qalqishi (ko`tarilishi va pastga tushishi) hosil bo`ladigan energiyani
o`zlashtirishda dastlabki yutuqlarga erishilgan. Rossiya, Knada, AQSH, Argentina,
Avstraliya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya davlatlari suv qalqishi energiyasi
zaxiralari bilan yaxshi ta`minlangandir. Aynan davlatlarning ko`pchiligida
hozirgi vaqtda qalqish elektr stansiya (QES) lari qurilgan.
Nihoyat, Dunyo okeanining inson uchun eng
ahamiyatli to`rtinchi xil boyligi – biologic resurslardir. Suvdagi deyarli
barcha turdagi hayvonot va o`simliklar hayot uchun eng zarur hisoblanadigan
oqsil va boshqa zaruriy birikmalarga boy.
Ma`lumotlarga ko`ra, okean suvlarida 140 ming
turdagi hayvonot va o`simliklar bor. Hozir dunyo aholisining oqsillarga bo`lgan
ehtiyojining 20% idan ko`proq dengiz hayvonlari hisobiga qoplanmoqda. Jami
ovlanadigan dengiz hayvonlarining 85% i baliqlar hissasiga tog`ri keladi.
Bering, Oxota, Yaponiya, Norveg dengizlari, Tinch
okeanining Janubiy Amerika qirg`oqbo`yi suvlari dunyodagi baliqlarga eng boy
kengliklardan hisoblanadi.
Biroq, okean va dengizlarda yashaydigan baliq
va hayvonlar tobora muhofazaga muhtoj bo`lib bormoqda.
IQLIMIY VA KOSMIK RESURSLAR
Iqlimiy va kosmik resurslar qatoriga
insoniyatga xizmat qilayotgan quyosh, shamol va geothermal energiya resurslari
kiradi. Bular va Dunyo okeanining energiya resurslari noan`anaviy energiya
resurslari deyiladi.
Bunday resurslar orasida eng ahamiyatlisi
quyosh energiyasidir. Yerdagi hayot manbayi hisoblanadigan bu energiyadan inson
o`z manfatlari yo`lida doimo foydalanib kelmoqda. Quyosh bitmas-tuganmas
energiya manbayidir.
Yer yuzasiga yetib keladigan quyosh
energiyasi miqdori shunchalik kattaki, u yer qa`rida aniqlangan jami mineral yoqilg`ilar
quvvatidan o`nlab, jahonda hozir iste`mol qilinayotgan jami energiyaga nisbatan minglab marta
ortiqdir. Tabiiyki, yer yuzasining quyoshli kunlar ko`p va quyosh nurlari eng
tik tushadigan qurg`oqchil tropic mintaqalarida quyosh energiyasidan
foydalanish imkoniyatlari katta. Hozirgi vaqtda jahonning bir qator
mamlakatlarida quyosh elektr stansiyalari qurilgan.
Muhim noan`anaviy energiya vositalaridan biri
shamol energiyasidir. Inson qadimdan shamol tegirmonlari, yelkanli kemalar
xizmatini tashkil qilishda shamol energiyasidan foydalanib keladi. Bunday
energiya resurslariga, ayniqsa, Yer yuzisining nisbatan sershamol mo`tadil
mintaqalari boy.
Yana bir muhim noan`anaviy energiya manbayi
Yerning o`zi, uning ichki energiyasidir. Bu energiyani geothermal energiya ham
deyiladi. Geotermal energiyaga, ayniqsa, issiq tabiiy bug`lar va termal
suvlarning tektonik yoriqlar orqali yer yuzasiga chiqib turgan va chiqishi
yaqin bo`lgan hududlar juda boydir. Odatda, bunday hududlar o`z vaqtida
tektonik harakatlar ancha faol o`tgan mintaqalar bo`ylab joylashgan. Ular
vulqonli va geyzerli Islandiya, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Filippin, Italiya,
Meksika, AQSHning g`arbiy, Rossiyaning sharqiy rayonlari va boshqalardir.
So`nggi yillarda, bir tomondan, samarali
yoqilg`I zaxiralarining kamayib borishi, ikkinchi tomondan, asosan, ekologik "toza”
bo`lganligi sababli, jahonda noan`anaviy energiya resurslaridan foydalanishga
bo`lgan e`tibor kuchayib bormoqda.
BIOLOGIK
RESURSLAR
Biologik resurslar deb, Yer yuzasining
o`simlik va hayvonot boyliklariga aytiladi.
O`simlik resurslari madaniy va yovvoyi
o`simliklarni o`z ichiga oladi. Ularning turlari niyohatda xilma-xildir.
O`simlik resurslari ham tuproq, hayvonot resurslaridek tugaydigan, shu bilan
birga, tiklanadigan tabiiy resurs hisoblanadi va ular azaldan insoniyatning
ko`p hollarda hayotiy ehtiyojlarini qondirishda muhim ahamiyat kasb etib
kelgan. Ayniqsa, bu borada o`rmonlarning
ahamiyati nihoyatda katta. Jahonda jami o`rmon maydonlari 40 mln. km.kv (4
mlrd. gektar) ni yoki butun quruqlikning 30% ga yaqinini tashkil qiladi. Lekin
o`rmonlarni kesish tobora oshib borishi (yiliga o`rtacha 4 mlrd. m.kub yog`ich
tayyorlanmoqda), o`rmonli maydonlar hisobiga yangi yerlarni o`zlashtirish,
turli industrial qurilishlarning ko`payib borishi kabi holler o`rmonlarning
amalda kamayishiga olib kelmoqda.
Darhaqiqat, keyingi 200 yil davomida
sayyoramiz o`rmonlari 2 baravarga kamaydi. So`nggi yillarda esa jahon bo`yicha
o`rmonli maydonlar yiliga o`rtacha 25 mln. gektardan qisqarib bormoqda. Demak,
kislorodni qayta tiklaydigan, grunt suvlarini me`yorida ushlab turadigan,
tuproq qoplamini ortiqcha yemirilib ketishdan saqlaydigan, qimmatli yog`och
boyliklarining manbayi, hayvonot dunyosining makoni va yana ko`p qimmatli
xususiyatlarga ega bo`lgan o`rmonlarni har jihatdan asrash, undan ehtiyotkorlik
bilan foydalanish zarur.
Dunyo "o`rmon resurslari” xaritasida ("Atlas”ning
8-beti) kenglik chiziqlari bo`ylab katta masofalarga cho`zilgan ikkita mintaqa
ko`zga yaqqol tashlanadi. Bular: Shimoliy va Janubiy o`rmon mintaqalaridir.
Shimoliy o`rmon mintaqasi mo`tadil va qisman
subtropik iqlimli hududlar bo`ylab joylashgan. Jahondagi jami o`rmonli
maydonlarning yarmi, yog`och zahiralarining esa deyarli yarmi shu mintaqa
hissasiga to`g`ri keladi. Bu mintaqa o`rmonlarining muhim xususiyati, ularda,
asosan, tik o`sadigan sifatli, ignabargli daraxtlarning o`sishidir. Bunday
o`rmonlarga boy davlatlar Rossiya, Kanada, AQSH, Finlandiyadir. Ularda, garchi
daraxt kesish ishlari ancha keng miqyosda olib borilayotgan bo`lsa-da, daraxt
ekish yo`li bilan o`rmonlarni tiklashga katta e`tibor berib kelinayotganligi
sababli o`rmonli maydonlar deyarli kamaymayapti.
Janubiy o`rmon mintaqasi, asosan, tropik va
ekvatorial iqlim mintaqalari bo`ylab joylashgan. U yer yuzasidagi o`rmonli
maydonlarning yarmi va umumiy o`rmon zaxiralarining yarmidan sal ko`pini o`zida
birlashtiradi. Mintaqaning o`ziga xos xususiyatlaridan biri unda, asosan, keng
bargli daraxtlarning qalin, aralash va ko`p yarusli bo`lib o`sishidir.
Shuningdek, bu o`rmonlar yog`ochlik xususiyatlari yuqori bo`lgan qimmatli
daraxtlarga ancha boy. Bu mintaqa o`rmonlariga, ayniqsa, Braziliya, Peru,
Boliviya, Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Hindiston, Myanma,
Indoneziya, Malayziya kabi mamlakatlar ancha boy. Tartibsiz, samarasiz
foydalanishlar (o`rmonlarni yoqib ekin maydonlarini kengaytirish, tartibsiz
kesish va daraxtlarni o`tin sifatida ishlatish) keyingi yillarda Janubiy
mintaqa o`rmonlarining tez kamayib borishiga olib kelmoqda. Lotin Amerikasi va
Osiyoning nekg bargli o`rmon maydonlari faaqat XX asrning so`nggi 30-35 yilida
40% ga, Afrika o`rmonlari esa yanada ko`proq qisqarib ketdi. Mutaxassislar
fikricha, agar tropik o`rmonlarga bo`lgan munosabat ijobiy tomonga o`zgarmasa,
XXI asr davomida ulardan ajralib qolishimiz mumkin. Bunday xavf insoniyat
oldiga o`rmon resurslaridan oqilona foydalanish va ularni har jihatdan muhofaza
etishdek dolzarb vazifani qo`yadi.
REKREATSIYA RESURSLARI
Hozirgi davr ijtimoiy hayotida dam olish,
istirohat, davolanish va turizm obyektlarining ahamiyati juda tez o`sib
bormoqda. Insonning jismoniy va madaniy dam olishi hamda davolanishi
ehtiyojlarini qondirishda xizmat qiladigan vositalar rekreatsiya resuarslari
deb ataladi. Kelib chiqishi va foydalanish xususiyatlariga ko`ra rekreatsiya
resurslari tabiiy va ijtimoiy rekreatsiya resurslariga bo`linadi.
Tabiiy rekreatsiya resurslari qatoriga toza
havoli go`zal tabiat go`sha (landshaft) lari kiradi. Ular daryo, ko`l, dengiz
bo`ylari, tog` etaklaridagi o`simlik dunyosi xilma-xil bo`lgan manzarali
joylar, mineral suvli shifobaxsh maskanlar bo`lishi mumkin. Aholining dam
olish, sport bilan shug`ullanish, ov qilish imkoniyatlari keng hududlar,
markaziy shaharlar atroflaridagi yashil mintaqalar, park va bog`lar yoki maxsus
qo`riqxona va milliy bog`lar ham tabiiy rekreatsiya hududlaridir.
Ijtimoiy yoki madaniy-tarixiy rekreatsiya
resurslari. Turli davrlarda inosn aql-zakovati bilan yaratilgan tarixiy,
arxeologik va san`at obidalari va yodgorliklari, muzeylar, saroylar ijtimoiy
yoki madaniy-tarixiy rekreatsiya obidalari bo`lib hisoblanadi. Bular orasida Afinadagi
Toj Mahal (Hindiston), Samarqanddagi Registon, Xivadagi Ichanqal`a va boshqalar
alohida o`rin egallaydi.
Dam oluvchilar va turistlar o`rtasida tabiiy
va ijtimoiy resreatsiya resurslariga boy mamlakatlar yoki alohida hududlar
katta qiziqish uyg`otadi. Shu sababli Ispaniya, Italiya, Fransiya, AQSH,
Kanada, Gretsiya, Turkiya, Shveysariya, Hindiston, Misr, Meksika kabi davlatlar
jahonning eng yirik xalqaro turizm markazlari hisoblanadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.