Jamiyat bilan tabiatning o`zaro aloqadorligi va ta`siri 

10 287

  Tabiatda minerallar holida uchraydigan tabiiy boyliklar mineral resurslar (boyliklar) deyiladi. Hozirgi vaqtda mineral resurslarning 200 dan ortiq turlaridan xo`jalik ehtiyojlari uchun foydalanilmoqda. Amalda mineral resurslar tarkibida D.I.Mendelyevning kimyoviy elementlar davriy jadvalida bor bo`lgan elementlarning deyarli barchasi mavjud va ular yer qa`rida foydali qazilmalar holida yotadi. Inson juda qadim zamonlardayoq mavjud resurslardan foydalanib kelgan. Davrlar o`tishi bilan esa foydalaniladigan mineral resurslar turi va hajmi tobora ortib borgan.
 Tugaydigan va tiklanmaydigan tabiiy resurs hisoblanadigan yer osti qazilma boyliklaridan foydalanish hajmi ham yildan yilga oshib bormoqda. Bular ko`mir, neft, tabiiy gaz, qora va rangli metall rudalari, tog`-kimyo xomashyolari, qurilish materiallaridir. Ulardan ayrimlarining zaxiralari ancha katta bo`lsa, boshqalariniki aksincha, ko`p emas. 

            Jahonda zaxiralari eng katta bo`lgan foydali qazilmalar

Foydali qazilma turlari

O`lchov birligi

Umumiy geologik zaxira

Shu jumladan, aniqlangan zaxira

Yiliga qazib olinmoqda

Ko`mir

mlrd. t

14800

1200

5,0

Neft

mlrd. t

480

260

3,8

Tabiiy gaz

trln. m.kub

320

142

2,5

Temir rudasi

mlrd. t

400

1500

0,9

  Mineral yoqilg`i geologik zaxiralarining umumiy prognozi 12,5 trln. tonnadan oshadi. Ushbu zaxiralar hozirgi vaqtda qazib olinishini hisobga olganda 1000 yilga yetishi kerak. Mineral yoqilg`ining asosiy qismi ko`mir (60% gacha), qolgani (27% ga yaqini) neft va gazdan hamda slanes va torfdan iborat. 
  Yoqilg`i mineral resurslarining konlari, asosan, qadimgi platformalarning chekka botiq qismlarida ko`proq uchraydi. Hozirgi vaqtda jahonda 36 mingdan ziyod ko`mir havzalari va konlari bor bo`lib, ular jami quruqlikning 15% ini egallaydi. Asosiy ko`mir konlari yer kurrasining shimoliy yarimsharida joylashgan. Yirik ko`mir konlari Osiyo (Rossiya, Xitoy, Hindiston), Shimoliy Amerika (AQSH, Kanada), Yevropa (Germaniya, Polsha, Ukraina) va Avstraliyada joylashgan. 
  Jahon bo`yicha 600 dan ortiq neft va gaz havzalari havzalari aniqlangan. Hozirgi vaqtda ularning 500 ga yaqinidan neft va gaz gaz qazib chiqarilmoqda, ishga solingan barcha konlarning umumiy soni esa 35 mingdan ortadi. Neft va gaz konlarining asosiy qismi sayyoramizning shimoliy yarimsharida joylashgan. Bular G`arbiy Sibir, Shimoliy Amerika va Karib havzasi, Arabiston platformasining cho`kindi jinsli chekka botiq hududlari, Markaziy Osiyo, Shimoliy va Markaziy Afrika hamda boshqalardir. 
  Hozirgi jahon iqtisodiyotida ma`dan (metall) rudali qazilma resurslarining ahamiyati nihoyatda kattadir. Umuman, hozirgi vaqtda metalldan foydalanilmaydigan bironta moddiy yoki nomoddiy ishlab chiqarish sohalarini topish amrimahol. Ma`dan rudali mineral resurslarga boy mintaqalar ham borki, ularning asosiy konlari yerning rudali halqalari bo`ylab joylashgan. Bular Alp-Himolay, Tinch okean bo`yi halqalari va boshqalar. Bunday mintaqalar tog`-kon sanoati uchun katta xomashyo bazasi bo`lib xizmat qiladi va alohida o`lkalar yoki mamlakatlarning xo`jalik ixtisosini belgilaydi. Rossiya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Braziliya, JAR, Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Qozog`iston jahonda qora va rangli metall xomashyolariga eng boy mamlakatlar hisoblanadi. 
  Noruda mineral boyliklardan tuzlar, fosforit va oltingugurtli minerallar, qurilish materiallari konlari qadimiy platformalarda, burmali tog`larda ko`p uchraydi. 
  Muhim tabiiy qazilma resurslar qatoriga geotermal energiya (yerning ichki issiqlik energiyasi) ham kiradi. Bunday energiya manbalari, ayniqsa, yer yuzining yosh, harakatdagi seysmik darajasi yuqori va vulqon harakatlari davom etayotgan o`lkalari (Islandiya, AQSHning Kaliforniya va Alyaska, Rossiyaning Kamchatka va Shimoliy Kavkaz regionlari, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Filippin, Italiya, Meksika) da, ayniqsa, ko`pdir. 
  Tabiiy mineral resurslarning shu vaqtgacha, asosan, iqtisodiy-texnik jihatdan qulay konlari o`zlashtirib kelindi. Yangi mineral konlarni izlash ishlari so`nggi davrlarda, ayniqsa, Rossiyaning Sibir, AQSHning Kordelyera tog`lari, Kanada, Braziliya, Kordelyera tog`lari, Kanada, Braziliya, Avstraliya, Afrikaning iqtisodiy jihatdan sust o`zlashtirilgan hududlarida faol olib borilmoqda. Insoniyatning tabiiy mineral resurslarini o`zlashtirish borasida oldida turgan eng muhim vazifalardan biri, ularni tejab-tergab o`zlashtirishdan iborat.
  Yer inson uchun har jihatdan eng ahamiyatli tabiiy resurs hisoblanadi. Sirasini aytganda, u insonning asosiy hayot manbayidir. Chunki, aholining kundalik hayotiy ehtiyojlari vositalarining deyarli hammasi yerdan undirib olinadi. Xalq bekorga "barcha boyliklarning otasi mehnat, onasi esa yer”, deb unga katta baho bermagan. 
  Insonning qay darajada yer resurslari bilan ta`minlanganligi imkoniyatlari jahon yer fondi va uning tarkibida o`z aksini topgan. Hozirgi vaqtda jahon yer fondining umumiy hajmi 13,4 mlrd. gektarga teng. Ammo uning tarkibi o`ziga xos. Jahon aholisi o`z tirikchiligi yo`lida to`g`ridan to`g`ri foydalanadigan yerlar miqdori u qadar ko`p emas. Insoniyatga faol xizmat qiladigan yerlar (qishloq xo`jaligida foydalanadigan yerlar) jahon yer fondining 34% inigina tashkil qiladi. Bular, asosan, ishlov beriladigan (11%) va o`tloq hamda yaylov (23%) yerlardir. Bulardan ishlov beriladigan yerlar insoniyat uchun zaruriy oziq-ovqat vositalarining 88 % ini, o`tloq va yaylovlar esa 10% ini yetkazib bermoqda. Yer fondining qolgan qismi o`rmonli (30%), texnogen (shahar va qishloqlar, sanoat korxonalari, transport magistrallari, turli boshqa muhandislik inshootlari egallagan maydonlar 3%) va kam foydalaniladigan yoki butunlay unumsiz yerlar (33%) dir. Yer resurslarining eng qimmatli qismi ishlov beriladigan (ekin ekiladigan) maydonlar va ularning serunum tuproqlaridir. 
  Inson qadim zamonlardan buyon eng qulay sharoitli hududlarni o`zlashtirish, ekinzorlarga aylantirish uchun uzluksiz harakat qilib keldi. Birgina XX asr davomida ishlov beriladigan maydonlar hajmi dunyo bo`yicha ikki baravar kengaytirildi. Qo`riq yerlarni o`zlashtirish, botqoqli va zaxkash yerlarni ishga solish, cho`l yerlarga suv chiqarish yo`li bilan ekin maydonlarini kengaytirish ishlari, ayniqsa, AQSH, Kanada, Avstraliya, Rossiya, Qozog`iston, Xitoy, Braziliya, O`zbekiston kabi davlatlarda keng ko`lamda olib borildi. Hozirgi vaqtda ishlov beriladigan asosiy maydoylar aynan ana shu davlatlarda joylashgan. 
 Shunday qilib, insoniyat o`zini iste`mol vositalari bilan boqib kelinayotgan yer maydonlarini kengaytirishga urinib keldi va bu borada katta siljishlarga erishdi, bu bir tomondan.
  Ikkinchi tomondan, katta qiyinchiliklar hisobiga o`zlashtirilgan bunday yerlar asta-sekin ishdan ham chiqib bormoqda. Eng avvalo, insonning e`tiborsizligi sababli yuz beradigan eroziya jarayoni har yili qishloq xo`jaligida foydalaniladigan 6-7 mln. gektar yerdan mahrum qilmoqda. Yerlarning botqoqlanishi va sho`r bosishi oqibatida esa yana 1-1,5 mln. gektar ekin maydonlari ishdan chiqmoqda. Shahar va qishloqlar sanoat va transport qurilishlarining yildan yilga tinimsiz o`sib borishi ham ekin maydonlarini ortiqcha band qilmoqda. Buning ustiga tuproq qatlamining unumdorligi ham pasayib bormoqda. Bular yer resurslaridan foydalanishda katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. 
 Foydalanib kelinayotgan yerlarning taqdiriga tobora zo`rayib borayotgan cho`llashish jarayoni katta xavf solmoqda. U o`nlab davlatlardagi eng unumdor yerlarni o`z domiga tortmoqda. Bunda, ayniqsa, Sahroi Kabir, Namib, Atakama, Tar kabi cho`llar misol bo`lishi mumkin. Orol dengizining deyarli qurib qolishi natijasida tezlashayotgan cho`llashish jarayoni tufaylii Qizilqum va Qoraqum cho`llari tobora kengayib, ular orasida yangi cho`l – Orolqum yuzaga kelmoqda. 
 Demak, yer resurslaridan foydalanish imkoniyatlari va ular bilan bog`liq bo`lgan turli jarayonlar quyidagi xulosalarni chiqarishga olib keladi: 1) ishlov beriladigan maydonlarni uzluksiz kengaytirib borish tobora qiyinlashmoqda; 2) yerning turli yo`llar bilan ishlovdan chiqib ketayotganligi sababli yer bilan ta`minlanganlik darajasi pasayib bormoqda; 3) yerdan ehtiyotkorlik bilan tejab-tergab foydalanish talab etilmoqda. 
 Suv – hayot manbayidir. Yer sharidagi mavjud suvning asosiy qismi Dunyo okeani va dengizlarda to`plangan. 
 Aholi va barcha ishlab chiqarish tarmoqlari, asosan, toza chuchuk suvni iste`mol qiladi. Yaqin-yaqinlargacha suv ham havo kabi tabiatning to`kin in`omi va uning zaxiralari chegaralanmagan, deb hisoblanar edi. Lekin, amalda unday emas. Chunki, suv resurslari gidrosfera umumiy hajmining atigi 2,5% inigina tashkil qiladi. Buning ustiga, chuchuk suvning asosiy qismi yer sharining chekka, foydalanish qiyin bo`lgan Antarktida, Arktika, Grenlandiya va dunyoning baland tog`lari bag`ridagi ko`plab qor va muzliklarda to`plangan. Bundan xulosa shuki, aholi faol hayot kechiradigan yer sharining asosan, mo`tadil, tropik mintaqalari chuchuk suv bilan ancha kam ta`minlangan.
  Insoniyatning chuchuk suvga bo`lgan ehtiyojini qodiradigan asosiy manba daryolar bo`lib, ulardagi suvning umumiy miqdori atigi 47 ming km.kub dir. Buning ustiga, bu suvning eng ko`p qismi aholi ancha siyrak yashaydigan dunyoning shimoliy va ekvatorial mintaqa hududlari bo`ylab oqadi va ulardan har taraflama foydalanish ancha qiyin. 
  Chuchuk suvga bo`lgan talab uzluksiz oshib bormoqda. Jahonda chuchuk suvdan foydalanish hajmi 1950-yilda 1100 km.kub, 1980-1990-yillarda 3300 km.kub dan 4100 km.kub ga, 2000-yilda 4780 km.kub ga yetdi, 2012-yilda esa 5500 km.kub dan oshib ketdi. Chuchuk suv, ayniqsa, ishlab chiqarish (sanoat va qishloq xo`jaligi) ehtiyojlari uchun eng ko`p sarflanmoqda. Iste`mol suvidan foydalanish hajmining tez o`sib borishi jahonda chuchuk suv tanqisligining yuzaga kelishiga sabab bo`lmoqda. 
  Darhaqiqat, yer yuzasi bo`ylab chuchuk suv zahiralarining taqsimlanishi o`ziga xosdir. Yer yuzining ekvatorial va mo`tadil mintaqalari chuchuk suvga ancha serob. Chuchuk suv bilan eng yaxshi ta`minlangan davlatlar qatoriga Rossiya Federatsiyasi, Qirg`iziston, Gruziya va Tojikiston Respublikalari kiradi.
  Quruqlikning 1/3 qismini tashkil qiladigan qurg`oqchil-cho`l mintaqalarida suv tanqisligi juda keskin. Buning ustiga ularda qishloq xo`jalik ishlari, asosan, sun`iy sug`orish orqali olib boriladi. Shimoliy va Markaziy Afrika, ko`pgina Janubiy, G`arbiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, O`zbekiston, Moldova, Turkmaniston kabi mamlakatlar ham ana shunday davlatlar qatoriga kiradi.
  Aholi hayot kechirishida faqat suvning miqdori emas, balki sifat ko`rsatkichlari ham muhim rol o`ynaydi. Hozirgi vaqtda jahon aholisining faqat 1/3 qismigina yaxshi, sifatli suvni, yana 1/3 qismi esa, asosan, sifatsiz suvni iste`mol qilmoqda. 
  Daryolar suvidan samaraliroq foydalanishga erishish uchun ko`plab suv omborlari qurilgan. Hozir jahonda qurilgan suv omborlarining soni 40 mingdan oshib ketdi. Yirik suv omborlarining ko`pligiga ko`ra AQSH va Rossiya alohida ajralib turadi. 
  Suvdan samarali foydalanish yo`llaridan yana biri – oqar suvlarni hududlararo va mamlakatlararo qayta taqsimlash ishlariir. AQSH, Kanada, Avstraliya, Hindiston, Xitoy, Meksika, Misr, O`zbekiston va boshqa ayrim MDH davlatlarida oqar suvlarni qayta taqsimlashda katta ishlar amalga oshirilgan. Dengiz suvini chuchitish texnologiyasini kengroq qo`llash ham jahon chuchuk suv resurslaridan samarali foydalanishga olib keladi. Hozirgi paytda Fors qo`ltig`i, O`rta dengiz bo`yi mamlakatlari, Qozog`istonning Kaspiy bo`yi rayonlari, AQSH janubi, Yaponiya, Karib dengizi mamlakatlarida dengiz suvini chuchitish va ulardan foydalanish ishlari kengayib bormoqda. Chuchitilgan dengiz suvidan foydalanish hajmi eng katta davlat Quvayt hisoblanadi. 
  Ko`pgina chuchuk suvli daryolar va ko`llar ifloslanib borayotganligi sababli toza ichimlik suvining yetishmasligi tobora ko`zga tashlanmoqda. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.