O‘lik dengizi o‘likmi? 

14 167

  O‘lik dengiz Falastin, Iordaniya va Isroil o‘rtasida joylashgan turg‘un sho‘r ko‘ldir. Uni arablar "Al-Bahr Al-Mayyit” – o‘lik dengiz, "Bahru Lut” – Lut dengizi, yahudiylar "Yam ha Melah” – tuz dengizi, "Yam ha Mavet” – o‘lik dengiz deb ataydi. Shuningdek, bu ko‘lning "Asfalt dengizi”, "Saddum dengizi” kabi nomlari ham bor. Garchi dengiz deb atalsa-da, O‘lik dengiz aslida ko‘l, "dengiz” deb atash ham xato emas. Uning suv yuzasi, 2012-yil dekabr holatiga ko‘ra, dengiz sathidan 427 metr pastda. Suv sathi yiliga bir metrdan pasayib boryapti. Dengiz sohili Yerning quruqlik qismidagi eng quyi hudud hisoblanadi. O‘lik dengiz sayyoramizdagi eng sho‘r suv havzalaridan biri. Tuzlilik darajasi 340-350 promillega yetadi. Solishtirish uchun ma’lumot: O‘rtayer dengizida bu ko‘rsatkich 40 promille. Dengizning uzunligi 67 km, kengligi eng yoyiq joyida 17 km. Eng chuqur yeri 377 metr. Maydoni 1050 kvadrat kilometr atrofida. O‘lik dengiz sho‘r ko‘llar ichida eng chuquridir. Ko‘l dengizga chiqish yo‘liga ega emas.
  "O‘lik dengiz” nomi ilk bor II asrda yashab o‘tgan qadimgi yunon olimi va geografi Pavsaniy asarlarida uchraydi. U ushbu ko‘l suvlarini birinchilardan bo‘lib tadqiq qilgan. Bu dengiz to‘g‘risida miloddan oldingi I asr tarixchisi va geografi Strabon ham "Geografiya” nomli asarida so‘z yuritgan va uni "Sirbonid ko‘li” deb atagan.
  Qur’oni Karimda Lut qavmi qissasi bor. Bu qavm haqida boshqa ilohiy kitoblarda ham so‘z boradi. Rivoyatlarda kelishicha, qavmning umumiy soni to‘rt yuz ming kishi bo‘lgan va ular beshta shaharda yashagan. O‘lik dengiz atrofida olib borilgan qazishma ishlari qadimgi Sodom va Gomorra shaharlari ko‘lning janubiy sohilida Siddim vodiysida joylashganini ko‘rsatdi. Biroq hozir bu hududlarga kelgan kishi faqat aftoda va g‘arib holdagi qum-tuproq uyumlarinigina ko‘radi, xolos. Yo‘qolgan shaharlarni haligacha hech kim topolmagan. Mutaxassislar fikricha, bir zamonlar gullab-yashnagan bu shaharlar kuchli zilzila-ofatlardan so‘ng suv ostida qolib ketgan. Chunki bu yerda buzuqlik va axloqiy tanazzul avjiga chiqqan, erkaklar bilan erkaklar jinsiy yaqinlik qilar, majlislarida yalang‘och yurish targ‘ib etilar, fahsh ishlari ochiq-oshkora edi. Bundan tashqari, ular Arabiston, Misr va Yaqin Sharqqa boradigan savdo yo‘llari chorrahasida joylashganlari sababli karvonlarga hujum uyushtirar, talon-taroj qilar, yo‘lovchi va savdogarlarni o‘ldirar edilar. Lutning (alayhissalom) qavmni to‘g‘ri yo‘lga boshlash borasidagi barcha urinishlari besamar ketadi va Alloh taolo qavmga ofat jo‘natadi.
  Olmon arxeologi Verner Keller bu yerda juda qattiq zilzila bo‘lgani, tabiiy gazlar portlab, chaqmoq tushgani, tevarak-atrof yong‘in ichida qolgani va Siddim vodiysini shaharlari bilan birga yer yutganini ta’kidlaydi. Ilmiy farazlarga ko‘ra, bu voqealar bundan to‘rt ming yil ilgari, miloddan oldingi 2000 yil boshlarida yuz bergan.
  Vayron bo‘lgan shaharlar haqida ko‘lning sharqiy qismidagi suvosti manzaralari ham darak berib turganga o‘xshaydi. Bu yerda dengiz havzasi ichiga kirib borgan quruqlik bor. Arablar uni "Al-Lison” deb ataydilar. Uning o‘ng tarafida suvning chuqurligi 400 metr atrofida bo‘lgani holda, chap tomonda bor-yo‘g‘i 15-20 metr atrofida. Ko‘lning quyi oqimi bo‘ylab qayiqda kezilsa, quyosh nurlari mos tushgan paytlari suv ostidagi o‘rmonzorni ko‘rish mumkin. Bu daraxatlarni suvdagi intensiv tuzlar qotirib qo‘ygan. Taxminlarga ko‘ra, bu daraxtzor juda qadimiy. Bir zamonlar yam-yashil yaproq chiqarib, gul ochgan bu og‘ochlar ostida balki Lut (alayhissalom) suruvlarini o‘tlatib yurgandir. Har holda, bu manzara o‘ta shiddatli tabiiy ofatdan darak beradi.
  O‘lik dengizning ismi jismiga monand. Suv haddan ortiq sho‘r bo‘lgani sababli bu yerda hech qanday baliq yoki tirik mavjudot yashamaydi. Iordan daryosi quyilish joyidagina ayrim bakteriyalar borligi aniqlangan, xolos. XX asr so‘ngi va XXI asr boshlarida dengizdan yetmishga yaqin oomitset (zamburug‘simon mitti mavjudotlar) va katta qalpoqli qo‘ziqorinlar topilgan. Ular yuqori darajali sho‘rlanishga chidash bera oladi.
  O‘lik dengizga bir necha qurib qoladigan daryochalar va Iordan daryosi quyiladi. So‘nggi qirq yil mobaynida tushadigan suv oqimi yiliga 1,43 milliard kubometrdan 100 million kubometrga kamaydi.
  O‘lik dengizdagi tuzning minerallar tarkibi boshqa dengizlarnikidan farqli. Tuzda sulfatlar kam, bromid ko‘p. Bu esa dengiz suvini shifobaxsh qilgan. Shu sababli dengiz sohilidagi dam olish va davolanish maskanlariga Yer sharining turli burchaklaridan har yili millionlab sayyohlar, davo istagan bemorlar keladi. Kurortlar asosan teri, mushak, nafas yo‘li, asab, jinsiy va nasliy kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan.
  O‘lik dengiz shifobaxsh sho‘r suvidan tashqari sulfidli balchiqlari bilan ham mashhur. Minerallarga boy, brom, yod va garmonsimon moddalarga to‘yingan ushbu balchiq-loy ko‘l tubidan qazib olinadi. Atmosferada changlar va allergenlar (allergiya kasalligining sababchisi bo‘lgan, tana uchun yot modda) yo‘q. Sohil juda quyida joylashgani va Yer yuzidagi eng qalin ozon qatlami shu yerda bo‘lgani tufayli quyoshdan ultrabinafsha nurlari kam tushadi. Oftobda bemalol toblanishingiz mumkin, bu tanaga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, balki foyda beradi. Atmosfera bosimining juda yuqoriligi ham mintaqaning ijobiy xususiyatlaridan. O‘lik dengiz atmosferasida kislorod miqdori boshqa dengizlardagidan o‘n foiz ko‘p.
  Suv tuzga yuqori darajada to‘yingani sababli unda bemalol chalqancha yotib gazeta o‘qish mumkin, cho‘kib ketmaysiz. Ko‘ldagi tuz zaxirasi 43 milliard tonna atrofida. O‘lik dengizning hayratlanarli jihatlaridan yana biri, bu yerda tabiiy asfalt yuzaga keladi. Bunga sabab bo‘luvchi bitum moddasidan misrliklar qadimda mo‘miyolash ishlarida foydalanganlar.
  So‘nggi yuz yil davomida O‘lik dengizdagi tabiiy resurslar juda katta hajmda o‘zlashtirildi. Bu jarayon borgan sari jadallashyapti. Minerallarni qayta ishlash sanoati rivojlangani va dengizga quyiladigan suvlarning sakson foizidan foydalanish sababli ko‘ldagi suv sathi keskin – 25 metrga pasayib ketdi. Bu esa yerosti bo‘shliqlarining yuzaga kelishi va yer cho‘kishiga olib keldi. Iordaniya va Isroil hududida 1200 ta yer o‘pirilishi holati qayd etilgan. Jarliklarning chuqurligi ba’zida 25 metrga yetadi. Ayniqsa, yo‘llar va turar joylar yaqinida hosil bo‘ladigan o‘pirilishlar katta xavf tug‘diradi.
  So‘nggi yillarda ekologik holat dengiz atrofidagi davlatlar sayyohlik sanoatiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Shu sababli tabiiy muhitni tiklashga qaratilgan bir qancha loyihalar taklif qilindi. Hozir Iordaniya va Isroil Qizil dengiz suvini O‘lik dengizga quyish bo‘yicha qo‘shma loyiha ishlab chiqyapti.
  Odamning tabiatga ochko‘zlarcha va mas’uliyatsiz munosabati juda og‘ir natijalarga olib kelishi mumkin. Buni O‘lik dengiz misolida ham ko‘rsa bo‘ladi. Agar vaqtida kerakli choralar  ko‘rilmasa, bebaho va noyob ne’matlari bilan millionlab odamlarning dardiga malham ulashayotgan ushbu ko‘l ham oxir-oqibat o‘z nomiga uyqash shaklda tamoman o‘lik bo‘lib qolishi hech gap emas. 
Orif TOLIB 
"Hidoyat” jurnalining 2014-yil 5-sonida chop etilgan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.