Bir finjon qahvaga 140 litr suv?!! 

4 087

yoki oldingdan oqqan suv qadri xususida
 Ertalab bir finjon qahva damlab oldingiz. Ammo ishga shoshilib, uni ichmay ketdingiz. Shu idishdagi qahvaga qancha suv sarflangan bo’lishi mumkin – nima deb o’ylaysiz? Olimlarning fikricha, shu miqdordagi qahvangizga 140 litr suv sarflangan!
 Yoki bo’lmasa, uyda suvni o’chirib qo’yishsa, tashqaridan necha chelak suv tashiysiz. Hech hisoblab ko’rganmisiz?
 O’n-o’n besh chelakligi aniq, deyayotgandirsiz. Agar kichikroq oila bo’lsangiz, bu suv, albatta, yetadi. Ammo kattaroq oila uchun bu miqdordagi suv tuproqqa tushgan tomchiday. Ha, suv yo’q payt bu ne`matning qadrini tobora yaxshi anglaymiz. Ammo keyin-chi?.. Xo’sh, siz jo’mragingizda jildirab, yo bo’lmasam tomchilab oqayotgan suvning hisobini qilib bera olasizmi? To’g’ri, hozir oynaijahon orqali namoyish etilayotgan ijtimoiy reklama orqali bu miqdorni bir oz bilgandaymiz. Lekin jo’mrakni tuzatib qo’yish xayolimizga keldimikan?
 Axir, suv tanqisligi butun dunyo bo’yicha ko’tarilayotgan dolzarb muammolardan biri-ku!
Yaqinda Stokgolmdagi Xalqaro suv instituti hamda BMTning sanoat va qishloq xo’jaligi bo’yicha mutaxassislari insoniyat ichimlik suvidan foydalanish strategiyasini tubdan ko’rib chiqish kerak, aks holda uning tanqisligi global muammoga aylanadi, degan fikrga kelishdi.
 Suv xavfsizligi bo’yicha eng dolzarb muammo, tahlilchilarning fikricha, oziq-ovqat mahsulotlarining ratsional tarzda ishlatilmasligida ekan. Sababi, ularning ishlab chiqarilishiga insoniyat iste`mol qiladigan suvning 40 foizi sarflanadi.
 Insonning ichimlik suvini ishlatish jarayonini aniqroq ko’rsatib berish maqsadida britaniyalik professor Jon Entoni Allenning olib borgan tajribasi natijalari e`lon qilindi. Bu tajriba orqali suvni nafaqat bevosita, balki bilvosita maqsadlar uchun ham ishlatilishi miqdori oshkor bo’ldi. Shu tajriba natijasida suv ko’proq oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashga sarflanishi ma`lum qilindi. Masalan, restoran yo oshxonada ichadigan bir finjon qahvaga 140 litr suv sarflanar ekan (bunga qahvani yetishtirish, qayta ishlash, transportda tashish kabilar ham kiritilgan). Olimlarning fikricha, rivojlanayotgan davlatlarda oziq-ovqat sifatida ishlatiladigan qishloq xo’jaligi mahsulotlarining 15 dan 35 foizgacha bo’lgan qismi dalalarda qolib ketadi, hosilning 10 foizi esa qayta ishlash va tashishda nobud bo’ladi.
 Ammo, bu hali hammasi emas. Bundan ham og’irroq muammo bor – u ham bo’lsa, AQShda har yili 30 foizgacha iste`molga yaroqli oziq-ovqat mahsulotlari chiqitga chiqib ketar ekan. Ularning umumiy bahosi esa 48,3 mlrd. dollarni tashkil qilarkan. Tadqiqot natijalaridan ma`lum bo’lishicha, har bir amerikalik bir kun davomida 6800 litrgacha suv sarflar ekan, bu esa xitoyliklar sarflaydigan suvdan uch barobar ko’pdir.
 Ayni kunlarda dunyo bo’yicha 1,5 mlrd. nafar kishi suv tanqisligidan qiynalmoqda. 2050 yilga borib, mutaxassislarning fikriga ko’ra, bu raqam 3,5 mlrd.ga chiqishi mumkin. Hozirning o’zidayoq qator rivojlangan mamlakatlar, jumladan, Braziliya, Turkiya, Yaponiya, Xitoy va Italiya qishloq xo’jaligi uchun suvni tashqaridan olib kirishga majbur. Bundan tashqari, tadqiqotchilar fikriga ko’ra, suv tanqisligi yaqin yillarda iqtisodiy faktorga aylanishi, ya`ni qator mamlakatlarda aksariyat sanoat korxonalari mamlakatdagi suv yetishmasligi muammosi tufayli yopilib ketishi ham mumkin.
 Shukrki, respublikamizda suv bilan bog’liq bunday o’tkir muammolar yo’q. Ammo shu bilan bir qatorda biz dunyodan ham uzilib qolmaganmiz, ya`ni bu – ichimlik suvni istagancha, bemalol ishlatsak bo’laveradi, degani emas. Ba`zan ko’cha-ko’yda, nufuzli idoralar yonida, mahallalarda nosoz jo’mraklardan oqayotgan suvni ko’rib hayron qolasan, kishi. Axir tomchilab yotgan suv ham yig’ilsa, ko’lga aylanishi mumkin-ku?!
Toma-toma ko’l bo’lur, deganlaridek, ochiq qolgan jo’mraklar, behuda sarflangan obi-hayot miqdori bir kecha-kunduzda qancha bo’ladi? Bir oyda, bir yilda-chi?.. Buni pulga chaqsangiz, qanchadan-qancha mehnat va mablag’ ko’z o’ngimizda havoga sovurilib ketayotganini anglaymiz. Shu bois, buning oldini olish har birimizning qo’limizdan kelishi haqida o’ylab ko’raylik!
 Yana bir mulohaza. Xalqimizda kelin tushirgan xonadon borki, ertalab hovliyu ko’chasining suv sepib, supurib-sidirilgan bo’lishini istaydi. Albatta, tozalik, bu juda yaxshi. Ammo hamma narsaning me`yori bo’lganiga ne yetsin! Mahallamizdagi bir xonadonga kelin kelgach, hammaning og’zida shu kelinchakning ozodaligi bo’ldi. Ammo ba`zi mulohazali ayollar uning isrofgarchilikka yo’l qo’yayotganini aytib, boshlarini chayqashdi. Kelinchak ertalab ham, kechqurun ham tinmay rezina shlangdan ko’chaga suv sepgani-sepgan edi. Uning suvni isrof qilgani bir tomon bo’ldiyu, sog’ligiga ziyon yetgani yana bir tomon…
 Bu kabi misollarni ko’plab keltirish mumkin. Ammo birovni tanqid qilish oson, tarbiya berish qiyin. Befarqlik, loqaydlik kabi illatlardan qutulolmas ekanmiz, nimagadir erishish jarayoni og’ir kechaveradi.
 Albatta, suvni isrof qilmaslik uchun tarbiyaviy ishni, eng avvalo, o’zimizdan, oila a`zolarimizdan boshlashimiz lozim. Qo’ni-qo’shni, mahalla-ko’y orasidagi salbiy holatlarga loqayd bo’lmasligimiz kerak. Bu ishda hamjihatlik va e`tiborlilik muhim.
Gulruh MO’MINOVA, jurnalist    
"Jamiyat" gazetasidan olindi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.