Aslida Shimoliy qutbni kim ochgan edi? 

4 242

  Birmuncha vaqt Shimoliy qutbni Robert Piri ochgan deb hisoblab kelindi. Unga admiral unvoni berilib, medal va Faxriy legion ordeni topshirildi. Piri - qutb tadqiqotlari tarixidagi o‘z ishiga astoydil berilgan va muvaffaqiyatga erishgan, va bir vaqtning o'zida eng yoqimsiz taassurot qoldirgan kishilardan biri. U haqiqatan ham layoqatli, o‘z maqsadi yo‘lida mardonavor harakat qiladigan, qat’iyatli, o'jar, tashkilotchi kishi bo‘lgan, biroq unda shuhratparastlik, dong taratishga ishtiyoq kuchli bo‘lgan.
 Frederik Kuk, kambag‘al nemis imigrantlarining o‘g‘li, o'qish uchun mustaqil pul ishlab topib shifokorlik kasbini egalladi. Arktikaning bu ikkala tadqiqotchisi tamomila ikki xil odamlar bo'lishgan. Kuk shuhrattalab emasdi: «Maqsadga erishishning o‘zi emas balki unga erishish yo'lida uchraydigan to'siqlarni yengib o‘tish kishiga haqiqiy lazzat bag'ishlaydi, - deb yozgan edi u. - ...Men davlatdan izzat-ikrom ham, orden-medal ham, pul ham talab qilmaganman... Inson aqlining  tantana qilganligi, shu paytgacha yengib bo'lmaydi deb hisoblab kelingan tabiat kuchlari ustidan inson g'alabasini his qi- lishgina kishiga mamnuniyat bag'ishlaydi».
  Shimoliy qutbni birinchi bo'lib ochganligini da’vo qilgan Piri Kukni firibgarlikda aybladi. Barcha ustunlik - mashhurlik, hokimiyat tomonidan qo'llab-quvvatlash va ko'p sonli nufuzli homiylarning bari Piri tarafida edi. AQSh kongressi «qutbni ochilishi to'g'risidagi ish»ni ko'rib chiqib, Kukni shon-shuhratga intilgan firibgar deb e’lon qildi.
  Bugungi kunda Piri bilib turib, dalillarni buzib ko'rsatganligiga shubha qolmadi. Uning shaxsiy arxividagi materiallaridan ma’lum bo'lishicha, u navigatsiya xatolari va oziq-ovqat yetishmaganligi sababli qutbga yetib bora olmagan.
  Piri va Kukning Shimoliy qutbda bo`lganlarini tasdiqlovchi inkor etib bo'lmaydigan dalillar yo‘q. Ularning bunga erishganlari ehtimoldan ancha uzoq. Biroq Kuk u yerda bo'ldim deb haqiqatan ham adashgan bo'lishi mumkin, Piri esa oldindan ma’lum noaniq kuzatuv usullaridan foydalangan, barcha malakali guvohlarni yo'q qilgan, shuningdek uning raqibini yolg'onchi deb topishlari uchun qo'lidan kelgan barcha chorani ko'rgan.
  1926-yil 12-mayda Shimoliy qutb ustidan ilk marotaba havo kemasi uchib o‘tdi. Bu bortida 16 nafar ekspeditsiya a’zolari bo'lgan «Norvegiya» dirijabli edi. Ularning orasida norvegiyalik Rual Amundsen ham bor edi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.