Eng qiyin til qaysi? 

9 309

  • Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzida 6809 ta til bor. Bu tillarga egalik qiluvchilarning aksariyati Afrika va Osiyoda.
  • Tillarning ayrimlari rivojlanib, so‘zlashuvchilari soni ko‘payib boryapti. Ayrimlari esa, yo‘qolib ketish xavfi ostida.
  • Til yashab qolishi uchun unda so‘zlashuvchilar soni kamida 100 ming kishi bo‘lishi kerak. Hozir 400 ga yaqin til yo‘qolib borayotgan tillar safiga kiritilgan.
  • Tillar o‘lishining asosiy sabablaridan biri unda so‘zlashuvchilarning notekis taqsimlanganidir. Yer yuzi aholisining 80 foizi 80 ta tilda so‘zlashadi. 3500 ta tildan esa sayyora aholisining 0,2 foizigina foydalanadi, xolos.
  • Hozir 46 ta tilda faqat bir kishigina so‘zlashadi. Agar bu tillar boshqalarga o‘rgatilmasa, ular o‘tmish bo‘lib qolishi turgan gap. Shuningdek, uch-to‘rt kishigina biladigan tillar ham talaygina. 200 ga yaqin tilning esa 10 nafardan so‘zlashuvchisi bor.
  • Afrika qit’asida jami 1000 dan ortiq tilda so‘zlashiladi.
  • Papua-Gvineyada 700 dan ko‘proq til amal qiladi. Ularning qay birini davlat tili sifatida belgilash ancha vaqt bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Shu sababli konstitutsiyada davlat tili yo‘qligi belgilangan. Ish yuritishda ingliz tili va uning mahalliy lahjasi – pijin-inglishdan foydalaniladi.
  • Xitoy tilining mandarin lahjasi eng ko‘p so‘zlashuvchiga ega – unda 885 milliondan ortiq kishi gaplashadi. Bu borada ikkinchi o‘rinni ispan (332 million), uchinchi o‘rinni ingliz (322 million), to‘rtinchi o‘rinni bengal tili (189 million) egallaydi.
  • Xalqaro sun’iy til – esperantoni 1887 yili varshavalik vrach Lyudvik Zamengof tuzgan.
  • Afrika xalqlari gaplashadigan suaxili tili mahalliy qabilalar, arab va portugal tillari chatishmasidan hosil bo‘lgan.
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotida oltita rasmiy til amalda – ingliz, fransuz, arab, xitoy, rus va ispan tillari.
  • Eng qiyin tillardan biri bask tilidir. Hatto uni Ikkinchi jahon urushi yillarida maxfiy axborotlarni almashish uchun ishlatishgan. Qiyinlik bobida tabasaran tili ham o‘ziga xos. U Dog‘istonda davlat tillari qatoriga kiritilgan. Bu tilda 48 ta kelishik bor! Eskimoslar tilida esa hozirgi zamon fe’lining 63 ta shakli, otlarga qo‘shiladigan 252 ta qo‘shimcha bor!
  • Sanskrit tilidagi matnlarni malakali tarjima qilish yoki shu tilda yozish uchun bu tilni kamida 12 yil o‘rganish kerak bo‘ladi.
  • Eskimos tilida "qor” so‘zining yigirmadan ortiq ma’nodoshlari bor.
  • Eng qadimgi alifbolardan hozirgacha saqlanib kelgan harf – O. Fanga ma’lum bo‘lishicha, u miloddan oldingi 1300 yillar atrofida finikiya alifbosida qo‘llanilgan va hozirga qadar o‘zgarishlarga uchramagan. Bugun bu harf dunyo xalqlari alifbolarining 65 tasidan o‘rin olgan.
  • Xitoy tilida 50 mingdan ortiq iyeroglif bor. Biroq gazeta o‘qish uchun ularning 2 mingtasini bilish kifoya qiladi.
  • Papua-Yangi Gvineyadagi rotakas tili alifbosida bor-yo‘g‘i 12 ta harf bor.
  • Botsvana va Namibiyada gaplashiladigan kxong tilida 112 ta tovush bor.
  • Kambojada davlat tillaridan biri sifatida e’tirof etilgan kxmer tili alifbosida 74 ta harf bor. Bu dunyodagi eng katta alifbodir. Bu tilda mamlakat aholisining 12 millioni gaplashadi.
  • Sedang tilida (Vyetnam) 50 ta unli tovush bor.
  • Hindistonda 17 ta rasmiy til bor. Ikkinchi o‘rinda Janubiy Afrika Respublikasi turadi – u yerda 11 ta rasmiy til amal qiladi.
  • Kavkaz mintaqasida 40 ta tilda so‘zlashiladi. Ulardan biri – abxaz tilida 2 ta unli va 60 ta undosh tovush bor.

Orifjon Madvaliyev 

"Sog‘lom avlod” gazetasining 2016 yil 42-sonida chop etilgan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.