Tadqiqot: Choy yoki qahva? Qaysi mamlakatlarda bu ichimliklarga xohish bor? 

6 109

Euromonitor International tomonidan "Choy yoki qahva? Qaysi mamlakatlarda bu ichimliklarga xohish bor?” mavzuida so'rov o'tkazilgandi. Tadqiqot natijalariga ko'ra, O'zbekiston aholisining 99,6 foizi choy iste`mol qilishga moyil ekani oydinlashgan. Gvatemala aholisining 99,6 foizi esa qahvani afzal ko'rgan. Jahon mamlakatlarida o'tkazilgan tadqiqot natijalari The Independent nashrida e`lon qilindi. Choyni afzal ko'ruvchi mamlakatlar safidan Keniya (99,2 foiz), Ozarbayjon (99,1 foiz), Pokiston (99 foiz), Xitoy (98,9 foiz) va Misr (98,5 foiz) o'rin olgan. Qahvani esa Dominikan Respublikasi (99 foiz), Braziliya va Ekvador (97,4 foiz), Gretsiya (96,8 foiz) va Daniya (92,2 foiz) aholisi yaxshi ko'rishi ma`lum bo'ldi. Rossiya aholisining 77,5 foizi choyni, 22,5 foizi esa qahvani yaxshi ko'rar ekan. Buyuk Britaniyada esa aholining 78,4 foizi choy ichishni ma`qul ko'rishi ayon bo'lgan.

Mutaxassislarning aytishicha, har kuni dunyo bo'ylab odamlar o'z xohishlariga qarab 1 milliard 600 ming chashka qahva va bundan ikki barobar ko'p choy ichishadi. Bugungi kunda dunyo olimlari o'rtasida "choy afzalmi yoki qahvami?” degan savol keng muhokamalar mavzusiga aylangan. Kimdir inson organizmi uchun choy afzal desa, boshqa tomondagilar qahvaning afzalliklari borasida soatlab gapirishi mumkin. Buyuk britaniyalik yozuvchi Jorj Oruell yozganidek, "choy Britaniyadagi sivilizatsiyaning ustunlaridan biridir”. Tadqiqot natijalariga ko'ra, har ikki ichimlik eksperiment ishtirokchilarining kayfiyatiga bir xil ta`sir ko'rsatishi aniqlandi. Lekin uyqu oldidan qahva ichish maqsadga muvoffiq emasligi bildirildi.

Buyuk Britaniyaning Sarrey grafligi universiteti olimlari o'tkazgan tadqiqotlarga qaraganda qahva ichib to'shakka cho'zilgan odamlarning ko'ziga uyqu kelishi qiyin bo'lar ekan. Bundan ko'rinib turibdiki, choyning qahvaga nisbatan afzalliklari bor. Uyqu oldidan ichilishi nazarda tutiladigan bo'lsa, u holda choy so'zsiz qahvani siqib chiqaradi. Shu sababli tunda televizor ko'rmoqchi yoki ishlamoqchi bo'lganlarga qahva ichish tavsiya qilinadi. Kun bo'yi ishlab, tunda yaxshi orom olmoqchi bo'lganlarga esa choy ichish maslahati beriladi. Ammo tish shifokorlarining fikricha, qahvaga nisbatan choy tishlarni ko'proq sarg'aytiradi. Biroq Angliyada choy asablarni tinchlantirib, aql rivojiga xizmat qilishi ta`kidlanadi. Ya`ni, muntazam choy ichib yuruvchilarning hamisha bosiq ekani tan olinadi. Qahva ichib yuruvchilar haqida bunday deb bo'lmaydi. Olimlar choy ham, qahva ham yurakka deyarli ta`sir ko'rsatmasligini aytishar ekan, qahvaning yurakka sal bo'lsa ham foydasi borligini qayd etishadi. Choy esa saraton kasalliklaridan himoya qiladi. Ko'k va qora choy tarkibida inson organizmi uchun foydali va tabiiy bo'lgan mahsulotlar borligi aniqlandi.

Shifokorlar imkon boricha xaltalarga qadoqlangan choylarni ichmaslikni maslahat berishadi. Chunki ularga rang va ta`m beruvchi kimyoviy qo'shimchalar solinadi. Xaltali choylardan bo'g'im va suyaklar zarar ko'rishi aniqlangan. Qahvani muntazam ichish yurak qon tomiri xastaliklariga olib keladi. Altsgeymer kasaligi xavfini ortiradi. Shu sababli, qahvadan ko'ra choy afzalroq degan qarashlar bor. Eng yaxshisi bargli choy iste`mol qilgan yaxshiroq hisoblanadi.

Choy bargi maxsus plantatsiyalarpda yetishtiriladi. Uning ildiziga ziyon yetmasligi uchun iliq iqlim zarur bo'ladi. Choy plantatsiyalari asosan tropik va subtropik iqlimli tog' yon bag'rlarida joylashgan. Choy asosan Xitoy, Hindiston va Afrikada yetishtiriladi. Hosil bir yilda to'rt marta yig'ib olinadi. Birinchi va ikkinchi hosil qimmatga baholanadi.

Jahonda yetishtiriladigan choyning chorak qismi Xitoy hissasiga to'g'ri keladi. Bu mamlakatda qora va ko'k choydan tashqari oq va sariq choy ham yetishtiriladi. Shuningdek, choyning ulun va puera turlari ham bor. Choy yetishtirish bo'yicha Hindiston ikkinchi o'rinda turadi. Bu mamlakatda asosan qora choy yetishtirilib, choyning katta qismi eksport qilinadi. Tseylon choylari bilan mashhur Shri-Lanka hissasiga jahondagi choylarning 9—10 foizi to'g'ri keladi. Yaponiyada asosan ko'k choy yetishtiriladi. Asosiy qismi mamlakat ichida iste`mol qilinsa, qolganlari AQSh va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi. Hindixitoy mintaqasida asosan Vetnam va Indoneziya choy yetishtiradi. Afrikada esa Keniyadan tashqari Uganda, Burundi, Kamerun, Malavi, Mavritaniya, Mozambik, Ruanda, Janubiy Afrika Respublikasi, Zimbabveda ham 19 asrdan beri faqat qora choy yetishtirib kelinadi. Bu davlatlardan tashqari yana o'nlab mamlakatlarda choy yetishtiriladi.

O'zbek xalqida choylarni sovutib ichish bilan bog'liq hodisalar ham uchrab turadi. Bu sog'liq uchun turgan-bitgani zarar ekani isbotlandi. Chunki damlangan choy yarim soat o'tar-o'tmas nafaqat ta`mini, balki barcha foydali jihatlarini yo'qotadi. Agar turib qolgan choy iste`mol qilinsa, u holda asab buzilishlariga olib kelar va oshqozon hamda tishlarda muammolar tug'dirar ekan. Oshqozon yallig'lanishi va oshqozon yarasiga aynan turib qolgan choylar sabab bo'ladi. Shu bilan birga choy yoki qahvani issiq holda ichish ham tavsiya etilmaydi.

O'zbekistonda choy ichish milliy madaniyatning tarkibiy qismiga aylangan. Biror-bir o'tirish choysiz kechmaydi. Ovqatdan oldin choy uzatiladi. Taom iste`molidan keyin ham choy ichiladi. Birgalikda choyxo'rlik o'zbeklarning qadimiy an`anasidir. Bu - odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishga, o'zaro hurmatga xizmat qiladi. Mintaqalarga qarab odamlar ko'k yoki qora choy ichishadi. Ma`raka va marosimlarda choy asosan kichiklar tomonidan piyolalarga quyilib, kattalarga uzatiladi. O'zbeklarda choy damlashning boshqa xalqlardan farqli jihati bor. Choynakka damlangan choy uch marta piyolaga quyilib, yana choynakka qaytariladi. "Shu tariqa choy yaxshi damlanadi”, degan qarashlar bor. Bir qator mintaqalarda piyola to'ldirilgan holda mehmonlarga uzatilsa, Toshkentda piyolaning yarmisigacha choy quyiladi. Yaqin-yaqingacha choyga sut qo'shilardi (shirchoy). Choyga sut qo'shish odati qishloq oilalarida hamon saqlanib qolgan. Choyga murabbo, limon va shakar qo'shib ichish ham urfga aylangan. Shunisi e`tiborliki, xitoyliklar choyga shakar qo'shmaydi. Ularning fikricha, bu choyning ta`mini o'zgartirib yuborar ekan.

Markaziy Osiyo mintaqasiga choy 19 asrlarda kirib kelgan. "Ungacha ajdodlarimiz nima ichishgan?”, degan savol tug'ilishi mumkin. Saqlanib qolgan urf-odatlar tahlil qilinsa, yaqin-yaqingacha ajdodlar yozin-qishin mevalardan tayyorlangan sharbat ichishgan. Qishda olma, shaftoli, o'rik, gilos, olcha va boshqa mevalardan tayyorlangan qoqilar qaynatilib ichilgan. Bu insonlarning organizimga ancha foydali bo'lgan. Turli kasalliklarning oldini olgan. Bolalar sog'lom bo'lgan.
Sharofiddin To'laganov

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.