Yulduzlar 

14 270

YULDUZLAR QANDAY PAYDO BO’LGAN?

  Avvalo, yulduzlarning o’zi nima? Yulduz cho’g’ bo’lib qizigan gazlardan iborat katta shardir. Yulduzlar tarkibida katta miqdordagi vodorod bor va u asosiy energiya manbaidir. Yulduzlar tarkibida, shuningdek, geliy, azot, kislorod, temir, nikel va rux kabi boshqa kimyoviy elementlar ham bor. Yulduzlarning barcha elementlari gazsimon holatdadir. Yulduzlar chang va gazlarning koinot bo’ylab harakat qilayotgan zich bulutlaridan hosil bo’ladi. O’sha bulutning ichidagi behisob gazsimon zarralar bir yerga to’plana borishi natijasida yulduz hosil bo’ladi. Aylanayotgan zarralar o’ziga boshqalarini ham birlashtirib oladi, u asta-sekin kattalasha boradi va tortish kuchi ham o’sadi. Zarralar katta gaz sharini tashkil qiladi. Shar kattalashgani sayin zichlashadi va uning ichidagi bosim orta boradi. Nihoyat, bosim shunday bir darajaga yetib, gazning temperaturasi ko’tariladi va o’zidan yorug’lik chiqara boshlaydi. Sharning ichidagi bosim va temperatura juda yuqori darajaga yetgandan so’ng termoyadro reaksiyalari yuz bera boshlaydi. Gazlar yulduzlarga aylanadi. Buning uchun qancha vaqt kerak bo’ladi? Millionlab yillar kerak bo’lsa ajab emas. Agar yulduz hosil bo’lishi uchun katta miqdordagi modda bir joyga yig’ilsa, o’sha yulduz katta, yorqin va issiq bo’ladi. Agar u issiq yulduz bo’lsa, uning termoyadro yonilg’isi 100 000 000 yil yorug’lik chiqarishiga yetadi. Agar yulduz oz miqdordagi moddadan hosil bo’lsa, u kichik, xira va sovuq bo’ladi. Uning yonilg’isi juda sekinlik bilan yona boradi va u milliardlab yillar yorug’lik taratishi mumkin. Bizning Quyosh o’rtacha kattalikdagi yulduzdir. U Yerga nisbatan 1 300 000 marta kattadir. 

NEGA YULDUZLAR O’ZIDAN YORUG’LIK CHIQARADI?

  Yulduzlar, nurini o’zida aks ettiradigan va shu tufayligina yorug’ bo’lib ko’rinadigan sayyoralar va ularning yo’ldoshlaridan farqli o’laroq,o’zidan nur tarqatadigan katta gaz sharlaridir. Masalan, Oy shu'lasi Quyosh nurining aksidan boshqa narsa emas. Yana bir farq shundaki, bizga yulduzlar miltillayotganga o’xshab ko’rinadi, ammo sayeralar yorug’ligi miltillamaydi. Yulduzlar miltillashiga sabab bo’lgan narsa Yer atmosferasida turli moddalarning mavjudligidir. Quyosh ham, unchalik katta yoki yorqin bo’lmasada, yulduzdir. Boshqa yulduzlar bilan taqqoslaganda, u o’rtacha kattalikdadir. Millionlab yulduzlar Quyoshdan kichik bo’lishi barobarida yana shunchasi undan ancha kattadir. Shunday yulduzlar ham borki, ular Quyosh o’rnida bo’lganida Yer, Mars, ҳatto, Yupiter orbitasini ham o’z ichiga qamrab olishi mumkin edi. Ammo ular bizdan juda olisda joylashgani uchun ko’zimizga kichik bir nuqta bo’lib ko’rinadi. Qadimgi yunon munajjimlari zamonidan beri yulduzlar kattaligiga qarab, bir necha guruhlarga bo’linadi. «Kattalik» deganda, yulduzlarning katta-kichikligi emas, aksincha, ularning yorqinligi ko’zda tutiladi. Bundan tashqari, yulduzlar o’z spektrlariga ko’ra ham, boshqacha aytganda, o’z yorug’lik tulqinlari uzunligi bilan ham bir-biridan farq qiladi. Munajjimlar u yoki bu yulduzning spektrini urganayotganda, o’sha yulduzning o’ziga xos xususiyati, temperaturasi va hatto kimyoviy tarkibi to’g’risida ham qimmatli ma'lumotlar yig’ishadi.

YULDUZLARNING YORQINLIGI QANDAY FARQLANADI?

  Osmonga boqqanimizda, biz yulduzlarni bir-biridan unchalik farqlay olmaymiz. Faqat ayrimlari kattaroq va boshqalariga nisbatan yorqinroq ko’rinadi, xolos. Aslida esa ular bir-biridan keskin farq qiladi, ular o’rtasidagi tafovut nihoyatda kattadir. Agar yulduzlarni spektrlariga ko’ra guruhlarga ajratadigan bo’lsak, ko’kdan tortib qizilgacha bo’lgan yulduzlar qatori vujudga keladi. Ko’k yulduzlar eng issiq va yorqindir. Ular yuzasidagi temperatura Selsiy shkalasi buyicha 400 000 darajani tashkil etadi. Quyosh yuzasidagi temperatura esa Selsiy shkalasi bo’yicha, taxminan, 6000 darajadir. Eng sovuq yulduzlar qizil tusda bo’ladi. Ularning temperaturasi — Selsiy shkalasi bo’yicha 2500 daraja atrofida, ularning yorug’ligi ko’k, oq yoki sariq yulduzlarniki singari yorqin emas. Shuningdek, ko’plab butunlay o’ziga xos yulduzlar ham bor: ular sirasiga qora o’pqon deb atalmish neyron yulduzlarni va hokozolar kiritish mumkin. Qora o’pqonlar mutlaqo o’zidan yorug’lik chiqarmaydi. Yulduzlarni yorqinligiga qarab bir-biridan ajratish uchun qadimgi yunon olimi Gipparx muomalaga kiritgan yulduz kattaligi degan tushuncha bor. Aynan yorqin nur taratuvchi yulduzlar bir xil kattalikka mansubdir. Birinchi kattalikdagi yulduzlar eng yorqin yulduzlar hisoblanadi. Ular ikkinchi kattalikdagi yulduzlardan 2,5 barobar, ikkinchi kattalikdagi yulduzlar esa uchinchi kattalikdagi yulduzlardan 2,5 barobar yorqinroqdir va hokozolar. Oddiy ko’z bilan 1—6 kattalikdagi yulduzlarni ko’rish mumkin, lekin ularning miqdori yulduzlarning jami miqdori bilan taqqoslaganda, juda ozdir. Shuni ham unutmaslik kerakki, yulduz kattaligi yoki ko’z ilg’aydigan yulduz kattaligi ularning yorqinligini ham, haqiqiy o’lchamlarini ham bildirmaydi, aksincha, ularni Birdan kuzatayotgan odam ko’z o’ngidagi yorqinlikni anglatadi, xolos. 

ENG YORQIN YULDUZ QAYSI?

  Biror marta osmondan eng yorqin yulduzni topishga urinib ko’rganmisiz? Osmondagi yulduzlar ko’zingizga son-sanoqsizday ko’ringan bo’lsa ajab emas. Lekin teleskopsiz 6000 ga yaqin yulduzni ko’rish mumkin, ulardan 1500 tasi Janubiy yarim shar ustida bo’lib, Shimoliy yarim shardan ko’rinmaydi. Bundan 2000 yil oldinoq yunon munajjimlari yulduzlarni yorqinligiga qarab kattalikka va sinflarga ajratishgan. Teleskop paydo bo’lishidan oldin yulduzlarning olti kattaligi yoki sinfi mavjud edi. Birinchi kattalikdagi yulduzlar eng yorqinlari, oltinchi kattalikdagilari esa eng xiralari edi. Oltinchi kattalikdagi yulduzlardan kichiklarini teleskopsiz ko’rib bo’lmaydi. Bugungi kunda zamonaviy teleskoplar 21- kattalikdagi yulduzni ham suratga olish imkonini beradi. Bir kattalikdagi yulduzning yorqinligi undan oldingi kattalikdagi yulduz yorqinligidan 2,5 barobar kamdir. Birinchi kattalikdagi yulduzlar soni 22 tadir, ulardan eng yorqini Sirius bo’lib, u 1,5 kattalikka ega. Ushbu yulduz oddiy ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan eng kichik yulduzdan 1000 martadan oshiqroq darajada yorqindir. Yulduzlarning kattaligi yoki sinfi qanchalik past bo’lgani sari ularning miqdori shunchalik ko’pdir. Agar birinchi kattalikdagi yulduzlar soni, bor-yo’g’i, 22 ta bo’lsa, 20-kattalikdagi yulduzlar soni milliardga yaqin. 

YULDUZLAR KUNDUZI QAYERGA G’OYIB BO’LADI?

  Yulduzlar na kechasi, na kunduzi hech qayerga g’oyib bo’lmaydi. Quyosh nuri yulduzlarnikidan bir necha barobar kuchli bo’lgani uchun ham na Oy va na yulduzlarni biz kunduzi ko’ra olmaymiz. Quyoshning bizga yaqinligi yulduzlarni kunduzi ilg’ashimizga imkon bermaydi. Osmonni Quyosh botayetganda kuzatish juda maroqli: qani, qaysi yulduz birinchi bo’lib paydo bo’lar ekan? Tun qorong’isidagi eng yorqin yulduzlar aynan Quyosh botgandan so’ng ilk paydo bo’lganlari ekanini ilg’ab olish qiyin emas. 

OSMONDA NECHTA YULDUZ BOR?

  Bu savolga xech kim aniq javob bera olmasa kerak. Yerdagi eng kuchli teleskoplar bilan ham yulduzlarning barchasini ko’rish mumkin emas. Barchamizning uyimiz bo’lmish Yer (yulduz ham emas!), bor-yo’g’i, kichik bir sayyora bo’lib, u o’rtacha kattalikdagi yulduz — Quyosh atrofida aylanadi. Quyosh esa o’z navbatida Somon Yo’lidagi kichik bir yulduzdan boshqa narsa emas. Bizning galaktikamizda bunday million-million yulduzlar bor. Bundan tashqari, Somon Yo’lining o’zi Koinotdagi ming-minglab galaktikalardan biridir. Ming-minglab galaktikalardan bittasi bo’lgan bizning galaktikamiz ham shu darajada bepoyonki, juda katta tezlikka ega bo’lgan yorug’lik uning bir chekkasidan ikkinchi bir chekkasiga yetib borguncha ming yillar vaqt o’tadi. Shunday ekan, biz osmondagi yulduzlar sonini xech qachon aniq hisoblab chiqa olmaymiz. Lekin savolga quyidagicha javob berish ham mumkin: yulduzlar soni shu darajada ko’pki, ularning miqdorini tasavvur ham qilib bo’lmaydi. 

YULDUZLARGACHA BO’LGAN MASOFA UZOQMI?

  Koinotda shunday yulduzlar borki va ular bizdan shu qadar olisda joylashganki, ulargacha bo’lgan masofani aniqlashning ham, ularni sanab sanog’iga yetishning ham imkoni yo’q. Eng yaqin yulduz Yerdan qanchalik uzoqda joylashgan? Yerdan Quyoshgacha bo’lgan masofa 150 000 000 kilometrdir. Yorug’lik sekundiga 300 000 kilometr tezlik bilan harakatlanishini hisobga olsak, u Quyosh bilan Yer o’rtasidagi masofani bosib o’tishi uchun 8 minut kerak bo’ladi. Bizga eng yaqin yulduzlar Sentvbr Proksimasi va Sentavr Alfasidir. Ular bilan Yer o’rtasidagi masofa Yer bilan Quyosh o’rtasidagi masofadan 270 000 marta uzundir, ya'ni Yerdan bu yulduzlargacha bo’lgan masofa 150 000 000 kilometrlik masofadan 270 000 marta uzundir! Yulduzlargacha bo’lgan masofa nihoyatda olis bo’lgani tufayli uni o’lchash uchun maxsus birlik ishlab chiqishga to’g’ri kelgan. Bu birlik yorug’lik yili deb ataladi. Bu yorug’lik bir yilda bosib o’tadigan masofaga tengdir, ya'ni taxminan 10 trillion kilometrni (10 000 000 000 000 km) tashkil etadi. Eng yaqin yulduzgacha bo’lgan masofa bu ko’rsatkichdan 4,5 marta ko’pdir. Osmondagi yulduzlardan 6000 tasini oddiy ko’z bilan, teleskop yerdamisiz kuzatish mumkin. 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.