Xitoy Xalq Respublikasi
Jahonning eng qadimiy va yirik davlatlaridan hisoblanadigan hozirgi
Xitoy 1949-yil 1-oktyabrda tashkil topgan. Uning hududi 9,6 mln. km.kv ga
teng. Maydonining kattaligiga ko'ra jahonda
uchinchi o'rinni egallaydi. Bu mamlakat hududi g'arbdan sharqqa 5 ming km. ga,
shimoldan janubga esa 3 ming km. gacha cho'ziladi.
Xitoy - xilma-xil tabiiy resurslarga juda boy. U toshkomir, temir va marganes
rudalari, boksit va polimetallar surma, volfram, molibden, qalayi kabi mineral
xomashyolar bilan jahonda eng yaxshi ta’minlangan mamlakatlar qatoriga kiradi.
Daryolar gidroenergetika resurslariga nihoyatda boy, bunday quvvatlar hajmiga
ko'ra u dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Mamlakatning shimoli-sharqiy va
janubi-sharqiy hududlari esa o'rmonga boy. Jami hududining 8 foizi o'rmonlardan
iborat. Shunday qilib, Xitoyda dunyodagi eng baland, sovuq va qurg'oqchil tog`liklar
bilan iliq va mo'tadil iqlimli nam subtropik va tropik tabiatli hududlar
yonma-yon joylashgan.
Xitoy - aholisining soniga (1350,0
mln kishi) ko'ra jahonda eng yirik mamlakat. Hozirgi vaqtda Xitoyda jahon
aholisining 20 foizga yaqini yashamoqda.
Xitoyda aholi ko'payishini
kamaytirishga olib keladigan o'ziga xos demografik siyosat amalga oshirilmoqda.
Mamlakat Konstitutsiyasida qonunlashtirilgan bu demografik siyosatga ko'ra «bir
oilaga bir bola» tavsiya qilinadi.
Mamlakat
aholisining umumiy soni 1955-2013-yillar orasida 615 mln. dan 1350,0 mln.
gacha, ya’ni 2,2 baravardan ortiqqa ko'paydi. Xitoy aholisi ana shunday qat’iy
cheklashlarga qaramasdan, so'nggi vaqtda yiliga 12-13 mln. kishigacha kо`paymoqda.
Xitoy jahonning eng yirik
mehnat resurslariga ega bo'lgan mamlakati hamdir. Unda 795,4 mln.dan ziyodroq
mehnatga layoqatli aholi mavjud.
Aholisining milliy-etnik
tarkibiga ko'ra Xitoyni bir vaqtning o'zida ham ko'p millatli, ham bir millatli
mamlakatlar qatoriga kiritish mumkin. Xitoyda 60 dan orliq turli millat va
elatlar yashaydilar. Bular uyg'urlar, mo'g'ullar, tibetliklar, dunganlar, manjurlar
va boshqalardir. Shu sababli Xitoy ko'p millatli mamlakatlar qatorida turadi.
Bir millatli mamlakat deyilishining sababi Xitoy aholisining 90 % dank o`prog`ini
xitoyliklar – xanlar tashkil qiladi.
Xitoy aholisi hududiy jihatdan
notekis taqsimlangan. Aholining o'rtacha zichligi har 1 km.kv maydonga 141 kishini tashkil qilgani
holda, bu ko'rsatkich Buyuk Xitoy pasttekiligi qismida 400-500 kishini, Xuanxe
va Yanszi daryolari oraliq tekisliklarida 800 -1000 kishini, cho`l va baland
Tibet yassi tog`ligi hududlarida esa 1-2 kishini tashkil etadi. Aholisining 90
foizi mamlakat hududining 1/3 qismidagina to`plangan.
Xitoy jahonning o'rtacha
darajada urbanizatsiyalashgan mamlakatlari qatoriga kiradi. Aholining 47,8% i shaharlarda
yashamoqda. Bu 739,4 mln. kishini tashkil etadi. U hozirgi vaqtda jahon
mamlakatlari orasida yirik shaharlar (450), millioner shaharlar (60)
ning umumiy soniga hamda shahar aholisining mutlaq miqdoriga ko‘ra birinchi o‘rinda
turadi. Faqat yirik va "millioer” shaharlardagina jami shahar aholisining 1/2
ga yaqin qismi yashamoqda. Shanxay (14,4 mln.kishi), Pekin (12,7 mln.kishi),
Guanchjou (11,8 mln), Shenchjen (11,7), Dunguan (7,6 mln), Tyanszin (7,2 mln) dunyoning
eng yirik shaharlari qatoriga kiradi. Xitoy aholisining katta qismi
qishloqlarda yashaydi. Unda 700 mingga yaqin qishloqlar hisobga olingan. Qishloqlar
va qishloq aholisining soniga ko`ra ham bu mamlakat jahonda birinchi o`rinda
turadi.
Xo`jaligi, transporti va ichki
tafovutlari
Xitoy yillik ishlab
chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hajmiga ko`ra jahonda uchinchi o`rinda
turadi. Ammo ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning aholi jon boshiga to`g`ri
kelish ko`rsatkichlariga ko`ra, u oddiy rivojlanayotgan davlatlar
darajasidadir. Shuni ta`kidlash lozimki, so`nggi yillarda Xitoy iqtisodiyoti
ancha tez o`smoqda.
YIM ishlab chiqarishda industrial tarmoqlar
hissasi 41% ni, qishloq xo`jaligi 12% ni, xizmat ko`rsatish sohasi 47% ni
tashkil etadi. Tashqi iqtisodiy aylanmasi 2012-yilda 2300 mlrd. AQSH dollarini
yoki jahon bo`yicha 7,9% ni tashkil etdi. Shundan, 1290 mlrd. Dollarga teng
qismi (56,1%) eksportga tog`ri keladi.
Sanoati hozirgi tarmoqlarning deyarli
barcha turlariga ega. Hozirgi industriyasining asosini neft va neft kimyosi,
atom energetikasi, samolyotsozlik, avtomobilsozlik, elektroenergetika, metallurgiya
kabi eng ilg`or sanoat tarmoqlari tashkil qiladi.
Sanoat geografiyasida ham katta
o`zgarishlar sodir bo`ldi. Agar Xitoyda XX asrning 70-80-yillarida sanoat
korxonalarining 2/3 qismidan ko`prog`i dengizbo`yi hududlarida joylashgan
bo`lsa, hozirgi industrial qurilishlarning asosiy qismi mamlakatning kam
o`zlashtirilgan ichki rayonlarida olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda Xitoyda 750 mingdan ziyod
sanoat korxonalarning mavjudligi va ularda 70 mln.dan ortiq
ishchi-xizmatchilarning ish bilan bandligi ko`rsatkichlarining o`zi ham
mamlakatda sanoat rivojlanishi darajasining tobora o`sib borayotganligini
isbotlaydi.
Sanoatning tayanch tarmog`i – yoqilg`i-energetika
sanoatidir. Yiliga 1,4 mlrd.t dan ortiq ko`mir qazib chiqarilmoqda. Uning
asosiy konlari shimoli-sharqiy va sharqiy Xitoyda joylashgan.
Xitoyda 2012-yilda 300 mln.t ga yaqin neft
(shimoli-sharqiy va sharqiy Xitoy hamda Sariq dengiz shelflaridan) qazib
olindi.
Xitoy ishlab chiqaradigan elektroenergetika
miqdoriga ko`ra jahonda AQSH va Yaponiya keyin uchinchi o`rinni egallaydi. Tarmoqda
turli yoqilg`ilar asosida ishlaydigan IES lar salmog`i eng yuqoridir. Uning
hissasiga ishlab chiqarilayotgan jami elektroenergiyaning 4/5 qismi to`g`ri
keladi. IES larda yoqiladigan yoqilg`ilarning ¾ qismi esa ko`mirdan iborat.
Xitoyda metallurgiya majmuyining deyarli
barcha tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyati bor. Undagi qora va rangli metall
konlari birlamchi energiya manbalariga nisbatan juda qulay joylashgan. Qora metallurgiya sanoati tarmoqlari
orasida yetakchilik qiladi.
Metall mahsulotlarining asosiy qismi esa
Anshan, BaTou, Bensi, Baoshan, Pekin, Uxan, Shanxay kabi bir qator to`la siklli
metallurgiya kombinatlari ishlab beradi. Umuman, Xitoy hozirgi vaqtda 400 mln. t
dan ortiq po`lat ishlab chiqarmoqda. Bu ko`rsatkichga ko`ra u jahonda birinchi
o`rinni egallaydi.
Rangli
metallurgiyaning asosini alyuminiy, mis, qo`rg`oshin, rux kabi sanoat
tarmoqlari tashkil qiladi. Xitoy rangli metallurgiyasining mahsulotlarini
ishlab chiqaruvchi asosiy korxonalar Xitoyning sharqiy va shimoli-sharqiy
rayonlarida joylashgan.
Mashinasozlik sanoati Xitoyda, ayniqsa, tez
rivojlanmoqda. Xitoyda televizorlar, maishiy xizmat texnikasidan tortib
avtomobillar, kompyuterlar, turli o`lchov va elektrotexnika mahsulotlarigacha
ishlab chiqarilmoqda. Mashinasozlik sanoati markazlari Shanxay, Shenyan,
Tyanszin, Pekin, Chanchun, Xarbin va boshqalardir.
Kimyo,
neft-kimyo va qurilish materiallari sanoati mamlakatni mineral o`g`itlar,
maishiy-rozg`or mahsulotlari, sement kabi mahsulotlar bilan bilan ta`minlashda
katta yutuqlarga ega. Mamlakatda 300 mln. t dan ortiq ortiq neft qayta
ishlanmoqda.
Yengil va oziq-ovqat sanoati Xitoyda
hamisha yetakchi sanoat tarmoqlaridan bo`lib kelgan. Ayniqsa, to`qimachilik
sanoati bu borada katta ko`rsatkichlarga ega. Jumladan, ip-gazlama sanoati (bu
tarmoq to`qimachilik mahsulotlarining 90% ini yetkazib bermoqda) ishlab
chiqarishda Xitoy jahonda eng yirik davlat hisoblanadi.
Qishloq
xo`jaligi. Hozirgacha qishloq xo`jaligi mamlakat iqtisodiyotining eng muhim
sohasi bo`lib kelmoqda. Unda 400 mln. dan ortiq mehnat yoshidagi aholi ish
bilan band. Xitoy qishloq xo`jaligining asosiy qismi dehqonchilikdir. Unda esa
donchilik tarmog`ining salmog`i eng katta. Jami ekin maydonlarining 80% i turli
ekinlar bilan band. XXI asr boshida mamlakat bo`yicha 450 mln. t dan ortiq don
mahsulotlari hosili olindi.
Jahon bo`yicha hisoblaganda cho`chqalarning
40% i, turli ish hayvonlari (ot, ho`kiz, tuya va boshqalar) ning 20% i, qo`y va
echkilarning 16% i Xitoyga tog`ri keladi.
Transporti.Hozirgi vaqtda 60 ming km ga cho`zilgan mamlakat temiryo`llarida yil davomida tashilayotgan turli xo`jalik yuklari
va yo`lovchilarning teng yarmi ana shu tarmoq hissasiga tog`ri kelmoqda. U,
ayniqsa, Xitoyning markaziy rayonlaridan to eng chekka g`arbiy qismlarigacha
yoyilgan hududlarini birlashtiradi. Uning temiryo`llari O`zbekiston orqali
o`tadigan qadimiy Buyuk ipak yo`li mamlakatlarni bir-birlari bilan bog`lashda
ham katta ahamiyatga egadir.
Avtomobil
transporti – Xitoyning ikkinchi transport tarmog`i relyef sharoiti juda
og`ir bo`lgan baland tog` yoki cho`l rayonlarigacha kirib borganligida ko`zga
tashlanadi. Mamlakatning dengiz qirg`og`i bo`yi rayonlarini bog`lashda va
tashqi iqtisodiy aloqalarini olib borishda dengiz
transporti asosiy o`rin tutadi. Shu bilan birga, Xitoyda hozirgi zamon
transportining boshqa an`anaviy (daryo, quvur, havo, elektron) hamda
noan`anaviy (ot-ulov, arava, velosiped kabi) tarmoqlaridan ham keng
foydalaniladi.
Ichki tavofutlari. Xitoyni Sharqiy,
Markaziy va G`arbiy iqtisodiy rayonlarga bo`lish mumkin. Shularning ichida
Sharqiy iqtisodiy rayon o`zining tabiiy, ijtimoiy, demografik va iqtisodiy
salohiyatiga ko`ra har tomonlama peshqadamlik qiladi. Mazkur rayonda mamlakat
doirasida sanoat mahsulotlarining 95% i, qishloq xo`jalik mahsulotining 91% i,
YIM ning 93,5% i ishlab chiqariladi. Bu o`rinda, ayniqsa, dengizbo`yi
hududlari, yirik shaharlar Shanxay, Pekin, Tyanszin, Guanchjou erkin iqtisodiy
zonalar sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.