Insonlar yashaydigan eng ekstremal joylar
Qadimdan odamlar tabiiy suv havzalari yaqinida qo'nim topishni afzal bilganlar. Shaharlarning qurilishi uchun asosan keng pastliklar hamda daryo va ko'llar sohillari tanlangan. Biroq ba`zi xalqlar uchun bu masalada suv emas, balki qimmatbaho zaxiralar va o'z xavfsizligi birincha o'rinda turgan. Ular o'z uylarini murakkab iqlim sharoitlariga ega va g'animlar yetib borishi qiyin bo'lgan hududlarda qurishgan. Qalin junglilar, chekka orollar va sayyoramizdagi eng issiq va eng sovuq joylar ularning uylariga aylangan. Bunday odamlarning hozirgi avlodlarida turmush uchun qulayroq bo'lgan joylarga ko'chib o'tish imkoni bo'lsada, ba`zi sabablarga ko'ra ular ota-bobolarining makonlarini tashlab ketishni istamaydilar va ajdodlari kabi, hayot uchun juda ekstremal sharoitlarga ko'nikib yashaydilar.
Quyida odamlar yashaydigan shunday ekstremal sharoitlarga ega hududlar keltirilgan.
Yava oroli, Indoneziya
Merapi vulqoni Indoneziyaning 128 ta vulqonidan eng faoli hisoblanadi. Unda kichik otilishlar yiliga 2 marta, yiriklari esa 7 yilda bir marta yuz berib turadi. 2010 yildagi shunday vulqon otilishi 353 kishining umriga zomin bo'lgandi. Vulqon ostida taxminan 500 ming indoneziyalik yashaydi.
La-Rinkonada, Peru
Ushbu shahar And tog'larida dengiz sathidan 5100 metr balandlikda joylashgan. Bu sayyoramizdagi eng baland joylashgan aholi punktidir. Odamlar bunday ekstremal hududga oltin rudasi uchun ko'chib o'tganlar. Shaharda kanalizatsiya va oqova suvlar tizimi yaxshi rivojlanmagan, shu bilan birga shahar aholisi borgan sari ko'paymoqda. 2009-yilda shaharda 30 mingga yaqin kishi yashagan.
Motuo, Xitoy
Bu shaharni tashqi dunyo bilan faqatgina 200 metrlik osma ko'prik bog'laydi. Boshqa barcha yo'llar yo ko'chkilar, yo sellar bilan barbod qilingan. Buddaviylar bu yerni yerdagi muqaddas joy deb hisoblaydilar. Motuo aholisi 10 ming kishini tashkil qiladi.
Cherapunji, Hindiston
Cherapunji sayyoramizdagi eng yomg'ir ko'p yog'adigan va namgarchilik yuqori bo'lgan joylardan biridir. Bu yerda o'rtacha yog'ingarchilik miqdori yiliga 12 ming mm ni tashkil qiladi. Mo'l yomg'irlar tufayli mahalliy tuproqning hosildorligi pastdir. Shaharcha aholisi 10 mingdan sal ko'proqni tashkil qiladi.
San-Pedro-de-Atakama, Chili
Atakama cho'li Yerdagi eng qurg'oqchil cho'l hisoblanadi. Bu yerda yiliga o'rtacha 1 sm yomg'ir yog'adi. Cho'lda o'simliklar juda kam, ba`zi joylarda umuman yo'q. Sharoitlarning og'irligiga qaramasdan, cho'l o'rtasida 5 ming kishi yashaydigan San-Pedro-de-Atakama shaharchasi mavjud.
Verxoyansk, Rossiya
Bu shahar dunyodagi eng sovuq shahardir. Bu yerda o'rtacha yillik harorat -18,6°S ni tashkil qiladi. 2014-yil ma`lumotlariga ko'ra, Verxoyanskda 1173 kishi yashagan.
Illokkortoormiut, Grenlandiya
Ushbu shahar sayyoramizdagi eng shimoliy shahar hisoblanadi. Unga avval samolyotda, keyin esa vertolyot yoki qayiqda yetib borish mumkin. Bu yerda uzoq vaqt qutb ayiqlari, ho'kizqo'ylar va tyulenlar hukmronlik qilgan. 1925-yilda bu yerlarda ilk odamlar paydo bo'lgan. Ayni vaqtda shahar aholisi 500 kishini tashkil qiladi.
Tristan-da-Kunya, Buyuk Britaniya
Pasxa va Pitkern orollari kabi bu joy Yerdagi eng chekka aholi punktlaridan biri hisoblanadi. Atlantika okeanining janubidagi arxipelag tarkibiga kiruvchi Tristan-da-Kunya oroliga ham odam oyog'i yetgan. Unda sut emizuvchi jonzotlar yo'q, yashash uchun esa orolning shimoliy yoki shimoli-g'arbiy qismi yaroqlidir. 2008-yilda orol aholisi 264 kishini tashkil qilgan.
Pitkern oroli, Buyuk Britaniya
Tinch okeanining janubiy qismida joylashgan Pitkern orollari umumiy maydoni 47 kvadrat km bo'lgan 5 ta oroldan iborat. Ulardan birida – Pitkern orolida doimiy ravishda odamlar yashaydi. Orolda yashagan birinchi odamlar "Baunti" kemasida isyon ko'targan dengizchilar va taitilik ayollar bo'lgan. 2014-yil ma`lumotlariga ko'ra, 4,6 kvadrat km lik bu orolda 56 kishi yashagan.
Dallol, Efiopiya
Bu hudud eng yuqori o'rtacha yillik haroratga ega hamda sayyoramizning eng chekka joylaridan biri hisoblanadi. Bu yerda yo'llar yo'q, unga faqat karvon yo'llari bilan yetib borish mumkin. Bu hududda aniq qancha odam yashashi noma`lum.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.