Geografik xaritalar 

35 984

 Geografik xaritada Yer yuzasi tekis yuzada kichraytirilgan holda tasvirlanadi (Atlas xaritalarini, devorga osiladigan xaritalarni ko‘ring). Xaritalar har xil bo‘ladi.
  Masalan, relyef xaritalarida quruqlik yuzidagi va dengiz ostidagi tog‘lar, qirlar, tekisliklar tasvirlanadi.
O‘simliklar xaritalarida turli hududlardagi o‘simliklar, ularning qanday tarqalganligi ko‘rsatiladi.
 Foydali qazilmalar xaritalarida ko‘mir, neft, gaz, temir rudasi va Yerning boshqa mineral boyliklari qayerlarda joylashganligi shartli belgilar bilan aks ettiriladi.
 Iqlim xaritalarida Yer yuzining qaysi nuqtasida qancha yog‘in yog‘ishi, havo haroratining qanday bo‘lishi, shamollar yo‘nalishi tasvirlanadi.
 Bu sanab o‘tilgan barcha xaritalarda ma'lum mavzuga oid geografik predmet va hodisalar tasvirlangan bo‘ladi. Shuning uchun bunday xaritalar mavzuli xaritalar deb ataladi.
 Geografik xaritalar Dunyo xaritasi, materik va okeanlar xaritasi hamda alohida o‘lkalar, davlatlar xaritalariga bo‘linadi.
 Mavzuli xaritalardan tashqari umumiy geografik xaritalar ham bo‘ladi. Ularda hududning umumiy ko‘rinishi, ya'ni relyef, daryolar, ko‘llar, dengizlar, shaharlar, okeanlardagi yirik oqimlar va boshqalar ko‘rsatiladi.  Bunday xaritalar tabiiy xaritalar deb ataladi. Tabiiy xaritalar ham har xil bo‘ladi: Dunyo (Yarimsharlar) tabiiy xaritalari, alohida materiklarning tabiiy xaritalari, ayrim davlat va o‘lkalarning tabiiy xaritalari.
 Shunday qilib, geografik xaritalar Yer yuzining umumiy yoki ayrim jihatlarini tasvirlovchi xaritalar bo‘lishi mumkin. Mazmuniga ko‘ra esa umumiy geografik va mavzuli xaritalar bo‘ladi. Tasvirlangan hududining kattaligiga ko‘ra Dunyo xaritasi, alohida materiklar, alohida davlat yoki o‘lkalar xaritalari bo‘ladi.
Xaritalarning shartli belgilari. Xaritalarda turli predmet va hodisalarni tasvirlash uchun xaritaning o‘ziga xos tili hisoblangan shartli belgilardan foydalaniladi.
 Yer yuzining relyefi masalan, ustma-ust rang berish bilan tasvirlanadi. Bunda, 0 m dan 200 m gacha baland bo‘lgan pasttekisliklar yashil rangga, 200 dan 500 m gacha baland bo‘lgan qirlar och jigarrangga bo‘yaladi. Har bir rang qanday balandlikni bildirishi xaritaning pastki qismidagi jadvalda beriladi. Bunday jadval balandliklar shkalasi deb ataladi.
 Balandliklar shkalasidan foydalanib, hududning har bir nuqtasining balandligini aniqlasa bo‘ladi. Chuqurliklar shkalasi ham shunday tuzilgan.
 Ba'zi bir tog‘ cho‘qqilarining balandligi, ayrim okean botiqlarining chuqurligi xarita va globuslarda metr (raqam) bilan ko‘rsatib qo‘yiladi.
 Yer bag‘ridagi foydali qazilmalar (neft, gaz, ko‘mir, temir, oltin, mis, olmos va boshqalar xaritada maxsus belgilar bilan ko‘rsatiladi. Bular xalqaro miqyosda qabul qilingan belgilardir. Agar yodingizdan chiqib qolsa, xaritadagi «Shartli belgilar»dan ko‘rib oling.
  Geografik xaritalardagi izochiziqlar (yunoncha isos - teng) deb ataluvchi chiziqlar biror bir xil bo‘lgan nuqtalarni tutashtiradi. Masalan, havo bosimi bir xil bo‘lgan nuqtalarni tutashtiradigan chiziqlar izobara, havo harorati o‘xshash nuqtalarni tutashtirgani izoterma deb ataladi.
 Xaritalarda turli ob'yekt va hodisalarning harakati, siljishi harakat belgilari strelkabilan tasvirlanadi. Masalan, dengiz oqimlari, shamol yo‘nalishi strelkalar yordamida ko‘rsatiladi.
 Aholining irqiy va diniy tarkiblari, issiqlik mintaqalari, tabiat zonalari turli ranglarbilan aks ettirilgan bo‘ladi.
 Geografik ob'yektlar va hodisalar sodda hamda yaxshi ko‘rinadigan qilib tasvirlangan, daraja to‘ri berilmagan xaritalar ham bo‘ladi. Ular oddiy (sxematik) xaritalar deyiladi. Bunday xaritalarda sayyohlarning bosib o‘tgan yo‘llari, davlatlarning savdo aloqalari va boshqalar tasvirlanadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.