Идет загрузка...
Идет загрузка...

Hindiston 

17 224

 Rasmiy nomi — Hindiston Respublikasi. Poytaxti — Dehli. Hududi — 3287732 km.kv. Aholisi – 1 mlrd 221 mln.dan ortiq (2013). Davlat tili — hind va ingliz tillari, yana 14 ta til (bengal, tamil, tellugu va boshqalar) mamlakatning turli shtatlarida rasmiy til sifatida ishlatiladi. Dini — hinduizm (82,6%), islom (11,4%), xristian (2,4%), sikx (2%), buddizm (0,7%). Pul birligi — hind rupiysi.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Hindiston — Janubiy Osiyodagi davlat. Sharqda Bangladesh (chegara uzunligi — 4053 km) va Myanma (1463 km), shimolda Xitoy (3380 km), Nepal (1690 km) va Butan (605 km), g’arbda Pokiston (2912 km) bilan chegaradosh. Mamlakat hududini uchta tabiiy zonaga ajratish mumkin. Dekan yassitog‘lari deyarli butun Hindiston yarimorolini egallagan G‘arbiy va Sharqiy Gat tog1 tizmalarini o‘z ichiga olgan. Hind — Gang tekisligi o‘z navbatida ikki qismdan iborat: Sharqda Ganga va Braxmaputra vodiysi, shimoli sharqda Tar sahrosi. Shimoliy qismi dunyoning eng baland tog’lari — Himolay bilan o‘ralgan. Mamlakatning asosiy daryolari — Ganga, Hind, Braxmaputra, Godovari. Foydali qazilmalari: ko‘mir (ko‘mir zaxiralari bo‘yicha dunyoda 4-o’rinda), temir rudasi, tabiiy gaz, neft, marganes, titan, xromit, olmos, ohaktosh, boksit. Hududining 55% i ekin ekiladigan yerlar, 23% i o‘rmon va changalzorlardan iborat.
   Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — federativ respublika. Mamlakat 25 ta shtat va 7 ta ittifoqdosh hududga bo‘linadi. 1947-yil 15- avgustda mustaqillikka erishgan. Qonunchilik ingliz umumiy huquqiga asoslangan. Milliy bayrami — 26- yanvar — respublika e’lon qilingan kun (1950-yil). Ijroiya hokimiyati prezident (davlat boshlig‘i)ga va premyer-ministr boshchiligidagi hukumatga tegishli. Qonun chiqaruvchi oliy organ ikki palatali parlament (Sansad). Asosiy partiyalari: Hindiston Milliy Kongressi (HMK), Bxaratiya Janata partiyasi (BJP).
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Hindiston sanoatida to‘qimachilik, mashinasozlik, tog‘-kon, neftni qazib olish neftni qayta ishlash, farmatsevtika, elektronika va kimyo sanoati muhim o‘rin tutadi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari YIMning 30% ini tashkil etadi. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 61850 km. Avtomobil yo‘llari — 1970000 km (960000 km qattiq qoplamali). Ichki suv yo‘llari — 16180 km. Asosiy portlari: Bombey, Madras.
   Tarixi. Hozirgi Hindiston hududida insoniyatning qadimgi sivilizatsiyalaridan biri paydo bo‘lgan. M. a. 3-ming yillik o‘rtalaridan m. a. 2-ming yillik o’rtalarigacha Hinidiston hududida hind-oriy qabilalari vayron qilingan Xarappa sivilizatsiyasi rivojlandi. М. a. VI asrda Hindistonning shimoli g‘arbiy qismi Fors imperiyasi hukmronligiga o‘tdi. Musulmon bosqinchilari bosqiniga qadar (X asr oxiri) Hindiston hududida hinduizm madaniyati va dini rivojlangan turli davlatlar hukmronlik qilgan. 1398-1399-yillarda Amir Temur tomonidan Hindistonnnig katta qismi bosib olindi va Dehli saltanati o‘zining ko‘pgina vassallaridan ajralib, kuchsizlanib qoldi. Zahiriddin Bobur 1526-yilda Dehlini bosib olib, mamlakat hududida XVIII asrgacha, ya’ni yevropaliklar tomonidan bosib olinguniga qadar o‘zining rivojlanishi cho‘qqisiga erishgan buyuk imperiyaga asos soldi. Bu hududda o‘z ta’sir doirasiga ega bo‘lish uchun kurash Fransiya va Angliya o‘rtasida kechdi va Angliyaning g‘alabasi bilan tugadi. Britaniya tomonidan yangi mustamlakani o‘zlashtirish XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlarida faollashdi. 1818-yilda hindlarning oxirgi qarshiligi sindirildi. XX asrning 40-yillarida Maxatma Gandi rahbarligidagi Milliy Ozodlik harakati 1947-yil mamlakatning mustaqillikka erishishiga olib keldi, lekin mamlakat ikki qismga — Hindiston va Pokiston Islom Respublikasiga bo’lindi. Hindiston mustaqillikka erishgandan keyin 1960-yilda Xitoy, 1965-yilda esa Pokiston bilan harbiy mojarolarga (Pokiston bilan Jammu va Kashmir shtatlari hududi bo‘yicha mojaro hozirgi vaqtda ham davom etmoqda) tortildi. Hindistonda bir necha marta diniy va milliy mojarolar ham (1984-yilda premyer-ministr Indira Gandi va uning o‘gli Radjiv Gandining 1991-yilda o’ldirilishi) yuzaga keldi. 1991-yilda boshlangan islohotlar, aholining ko‘pligi va shu bilan bog‘liq bo`lgan muammolarga qaramay, Hindiston iqtisodini dunyoda eng tez rivojlanayotgan davlatlar qatoriga qo’shdi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.