Jeyms Kuk 

15 532

Jeyms KUK 

 (1728-1779) 

Jeyms Kuk mashhur ingliz dengizchi-sayyohi va kartografi, qator yangi yerlarni kashf etgan shaxs hisoblanadi. Dunyo okeanini tadqiq qilish maqsadida amalga oshirilgan Yer shari bo`ylab uchta aylanma sayohatlarga boshchilik qilgan va bir talay muhim geografik kashfiyotlar qilgan. Jumladan, sayyoh XVIII asrgacha juda kam o`rganilgan Nyufaundlend oroli va Kanadaning sharqiy qirgoqlarini, Avstraliyani, Shimoliy Amerikaning g`arbiy qirg`oqlarini, Tinch, Hind va Atlantika okeanlarini tadqiq etgan va xaritaga tushirgan. Kartografiyaga alohida e’tibor berganligi bois, Kuk tomonidan tuzilgan xaritalar aniqligi bilan alohida ajralib turgan va XIX asrning oxiriga qadar ulardan dengizchilar keng foydalanishgan. Jeyms Kuk dengizchilar uchun eng xavfli sanalgan dard - singa kasalligiga qarshi samarali kurash usulini o`zlashtirib, o`ziga xos inqilob yasadi. Shuning uchun ham sayyoh tashkil etgan ekspeditsiyalarda ushbu kasallik tufayli yo`qotishlar juda kam bo`lgan. 

Jeyms Kuk 1728-yilning 27-oktyabrida Buyuk Britaniyaning Ja­nubiy Yorkshir grafligidagi Marton qishlogida tug`ilgan. 1736-yilda Kuklar oilasi Greyt Ayton qishlogiga kuchib o`tib, Jeyms shu yerdagi maktabda ta’lim oldi. 18 yoshga tulganda, ya’ni 1746-yil­da ko`mir tashiydigan «Frilav» savdo kemasiga yunga bo`lib ishga yo`llangach, bo`lajak sayyohning dengizdagi hayoti boshlangan. Keyin­chalik Kuk kema kapitani yordamchisi sifatida Gollandiya, Norvegiya va Boltiq dengizi bandargohdariga sayohat qildi.

1755-yilda savdo kemasining xo`jayini Kukka «Frendship», deb nomlangan alohida kemaga qumondonlik qilishni taklif qilsa-da, sayyoh rad javobini bergan. Shu yilning iyun oyida Brita­niya Qirollik harbiy-dengiz flotiga oddiy dengizchi bo`lib xizmatga kirgan va bu borada tuzukkina tajribasi borligi sababli bir oy o`tgach, botsman etib tayinlandi. 1762-1767-yillarda kema qumondoni sifatida Nyufaundlend oroli qirgoqlarini va uning ichki qismlarini tadqiq qilgan. Shuningdek, Sant-Lavrentiy va Gonduras qo`ltiqlari xaritalarini tuzdi.

Jeyms Kuk Yer shari bo`ylab amalga oshirilgan uchta aylanma sayohatga boshchilik qilgan. Jumladan, 1768-1771-yillarda «In-devor» kemasida Tinch okeaniga amalga oshirilgan birinchi eks­peditsiya Janubiy materikni topish va Avstraliya qirgoqlarini, ayniqsa, uning hali o`rganilmagan sharqiy qismini tadqiq etishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygandi.

Kuk ekspeditsiyasi 1768-yilning 26-avgustida Plimut shahridan chiqib, 1769-yilning aprelida Taiti oroliga yetib borgan. Tinch okeanida yana to`rtta orolni kashf etib, ochiq dengizda 2,5 ming km suzib, 1769-yilning oktyabrida qor bilan qoplangan baland tog`li noma’lum yerga yetib keldilar. Bu Yangi Zelandiya bo`lib, sayyoh uch oy davomida uning barcha qirgoqlarini tekshirib chiqqan. Tekshirishlar natijasida Kuk ushbu orol Abel Tasman aytganidek, Janubiy yerning bir qismi bo`lmay, balki o`rtasidan bo`g`iz bilan ajralib turuvchi ikkita yirik oroldan iborat ekanini tasdiqlagan va xaritaga tushirgan. Keyinchalik bu ikki orolni ajratib turuvchi bo`g`iz Kuk nomi bilan atalgan.

1770-yilning aprel oyida Kuk birinchi bo`lib Avstraliyaning sharqiy qirg`oqlariga kelgan. Sayyoh Avstraliyaning umumiy uzunligi 4000 km.ga teng sharqiy qirg`og`i va Katta marjon qoya tusiqlarining barcha qismlarini (2300 km) o`rgangan va xaritaga tushirgan. Kuk Avstraliyada noma’lum hayvonga duch kelgan va mahalliy aborigendan «bu qanday hayvon?», deb so`raganda, inglizchani bilmagan aborigen o`z tilida «tushunmayman», deb javob bergan va bu so`z «kenguru» qabilida talaffuz etilgan. Jeyms Kuk va tabiatshunos Jozef Benks hayvonni xuddi shu nomda ta’riflab, o`z ma’lumotlarini ikkinchi ekspeditsiya natijalari bilan birga e’lon etishgan va shu tariqa yevropaliklarga kenguru ma’lum bo`ldi.

Kuk Avstraliya qirgoqlarini Katta marjon qoya to`siqlari okeandan ajratib turishini tekshirayotib, Avstraliya va Yangi Gvineya o`rtasidagi bo`g`izga duch kelgan va «Yangi Gvineya Avstraliya bilan tutashmi yoki yo`q?», degan savolga aniqlik kiritgan. Xuddi shu bo`g`iz orqali Kuk Bataviyaga (hozirgi Indoneziya poytaxti Jakarta shahri) kelgan. Kuk singa xastaligiga qarshi kurashning samarali usulini topganini yuqorida eslatib o`tdik. Ammo tropik bezgak kasalligi tufayli uning ko`plab hamrohlari vafot etgan. 1771-yil­ning 14-martida Kuk ekspeditsiyasi Keyptaun bandargohiga kelganda, kemada ishga yaroqli 12 kishigina qolgan edi. Keyptaunda kema ekipaji to`ldirilib, ekspeditsiya 1771-yilning 12-iyulida Britaniyaga qaytib kelgan.


 
Jeyms Kukning birinchiikkinchi va uchinchi sayohati

1772-1775-yillarda «Rezolyushn» va «Edvencher» kemalarida Jeyms Kukning ikkinchi ekspditsiyasi tashkil etilgan bo`lib, uning asosiy maqsadi Janubiy materikni (Antarktida) topish va Yangi Zelandiya orollarini to`laroq tadqiq etish edi. Mazkur Yer shari bo`ylab aylanma sayohat XVIII asrning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan geografik kashfiyotlar va tadqiqotlar ichida eng ko`zga ko`ringan voqea bo`ldi. Kuk boshchiligidagi ekspeditsiya Okeaniya va Janubiy Atlantika orollari xaritalariga aniqlik kiritish, ularning geologiyasi, hayvonot va nabotot olamini o`rganish bo`yicha katta hajmdagi tadqiqotlarni amalga oshirgan. Kukning ekspedisiyasi 1773-yilning yanvarida dengiz sayohatlari tarixida birinchi bo`lib 40° sharqiy uzoqlikda Janubiy qutb doirasini kesib o`tib, 66° janubiy kenglikdan ham janubroqqa suzishga erishdi. O`sha yili Janubiy materikni qidirib topish maqsadida yana ikki mar­ta 71°10' janubiy kenglikkacha suzib bordi. Birinchi marta usti yassi aysberglarni uchratgan sayyoh ularni «suzib yuruvchi muz orol­lari», deb atagan.

Qutb yaqinida quruqlik borligiga Kuk qattiq ishonardi. Biroq, muzlarning to`planishini hisobga olib, janub tomonga boshqa suzish mumkin emas, degan xulosaga kelgan. Bu bilan sayyoh «aholi yashaydigan ulkan Janubiy materikning (Antarktida) mavjudligi» hakidagi turli taxminu farazlarga chek qo`ydi. Rus sayyohlari F.Bellinsgauzen va M.Lazarevlar 1820-yilda o`zlarining Janu­biy qutb atrofi bo`ylab aylanma sayohati natijasida Antarktida materigini kashf etdilar va Kukning yuqoridagi xulosasi noto`g`ri ekanini isbotladilar.

Janubiy materikni topa olmagan Kuk Yangi Zelandiya tomon yo`l olgan. Bu yerda ekspeditsiya a’zolari mahalliy aholi o`rtasida kan­nibalizm (odamxo`rlik) holati mavjudligining shohidi bo`lishgan. Shu ahvolni ko`rgan va oziq-ovqat g`amlab olish uchun qirgoqqa tushgan ekipaj a’zolaridan 10 kishining sirli g`oyib bo`lishidan vaximaga tushgan «Edvencher» kemasi Kuk orolni tekshirish bilan band bo`lgan paytda o`zboshimchalik bilan Angliyaga junab ketgan. Bittagina «Rezolyushn» kemasi bilan qolgan Kuk Yangi Zelandiya qirgoqlaridagi Sharlotta qo`ltigidan yana qutb tomon yo`l olgan va 1773-yilning 21-dekabrida ikkinchi marta Janubiy qutb doirasini kesib o`tsa-da, baribir Antarktida qirg`og`ini topa olmagan.

Shundan so`ng, Kuk 1774-yilning martida Pasxa oroliga, aprelning boshlarida Maggiz orollariga va aprelning oxirida Taiti oroliga yetib bordi. Taitidan so`ng sayyoh Xuaxine, Raiatea, Do`stlik, Fiji orollariga ham langar tashladi. Ekspeditsiya tomonidan 1774-yilning 3-sentyabrida Yangi Kaledoniya oroli kashf etilgan. 1774- yilning oktyabrida sayyoh Yangi Zelandiyaning Sharlotta qo`ltigiga qaytdi va bu yerda bir oycha turib, Keyptaunga yo`l oldi. Keyptaunga kelgach, Kuk uchinchi va oxirgi marta qutb tomon suzganida Janubiy Georgiya orolini kashf etgan. Ammo sayyoh bu safar ham Antarktidani topa olmagan. Shundan so`ng, Kuk to`ppa-to`g`ri Angliyaga junab, 1775-yilning 30-iyulida vataniga qaytib keldi.

Kukning uchinchi ekspedisiyasi 1776-1780-yillarda "Rezolyushn” va "Diskoveri” deb nomlangan ikkita kemada Shimoliy Amerikaning shimolidagi dengizlar orqali Tinch okeanidan Atlantika okeaniga o`tadigan shimoli-g`arbiy suv yo`lini topish maqsadida tashkil etilgan. Ekspedisiya 1776-yilning iyulida yo`lga chiqqan va Keyptaunga keta turib, Kanar orollaridagi Tenerife orolida to`xtagan. 1776-yil dekabrda esa Keyptaundan chiqqan Kuk Tas­maniya tomon yo`l olib, Hind okeani janubidagi Kergelen orolini kashf etgan. Tasmaniyada oziq-ovqat, suv va o`tin zahiralarini to`ldirgach, ekspeditsiya 1777-yilning fevralida Yangi Zelandiyadagi Sharlotta qo`ltigiga keldi. Bu yerda Kuk avvalgi safari chog`ida hamrohlarining nobud bo`lishiga sabab bo`lgan kannibal aborigenlarni boshqa go`shtlarni ham iste’mol qilishga o`rgatish maqsadida ularga Angliyadan olib kelgan qo`lardan bir qismini ajratgan.

Kuk kemalari Yangi Zelandiyadan Taiti tomon yo`l oldi va qarshi shamol tufayli dastlab, Do`stlik orollariga, so`ngra 1777-yilning avgustida Taitiga yetib borgan. O`sha yilning dekabrida ekspeditsiya shimoliy yarimshar tomon harakat qildi va 22-dekabrda Ekvatorni kesib o`tib, 24-dekabrda Rojdestvo orolini kashf etdi. 1778-yil­ning 18-yanvarida Kuk Gavayi orollarini kashf qilib, ularga Send­vich orollari, deb nom bergan.

Kuk 1778-yilning aprelida Alyaska tomon borishga qaror qildi. O`sha yili avgust oyida Bering bo`gizi orqali Shimoliy qutb doirasini suzib o`tib, Chukotka dengiziga yetib oldi. Ammo suzib yuruvchi yirik muzlarning ko`pligi sababli ortiga qaytib, rus sayyohlari tomonidan ochilgan Aleut orollariga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettirdi. 1778-yil noyabr oyi oxirlarida Kuk ekspeditsiyasi Gavay orollariga qaytib kelib, bu yerda faqat 1779-yil yanvar oyi o`rtalarida kema to`xtashi uchun qulay joy topgan.

Dastlab, Gavay orollaridagi bir necha ming kishilik mahalliy aholi bilan ekspeditsiya a’zolari o`rtasida iliq munosabat o`rnatildi. Bunga gavayliklarning Kukni o`z xudolaridan biri, deb qabul qilishgani sabab. Sayyohning kemasidagi turli buyum va anjomlar gavayliklar uchun muqaddas tuyulib, asta-sekin u-bu narsalarni ug`irlay boshladilar. Gavayliklar hatto, sayyoh suzib kelgan kemaning eng muhim qismlarini sindirib olib ketib, uning ishdan chiqishiga sabab bo`lishgan. Buning natijasida eks­peditsiya a’zolari va mahalliy aholi o`rtasida to`nashuvlar yuzaga keldi. Kemaning o`g`irlab olib ketilgan qismlarini qaytarib olish ilinjida J.Kuk gavayliklar sardori Kalaniopuni garovga oldi. Sardorlari hayotining xavf ostida qolganini payqagan gavayliklar Kuk kemasini o`rab olib, Kalaniopuni qaytarib berishni talab qilib, dengizchilarga ochiqdan-ochiq po`pisa qila boshlashgan. 1779-yilning 14-fevralida ana shunday to`qnashuvlarning birida Jeyms Kuk mahalliy aborigen tomonidan orqasiga nayza sanchib, o`ldirilgan. Ekspeditsiya a’zolari Kuk jasadining kannibal aborigenlardan ortgan qoldiqlarini oradan ancha kun o`tib, ya’ni 22- fevralda dengizga dafn etdilar.

Kukning halok bo`lganiga qaramasdan uchinchi ekspeditsiya juda sa marali bulganini ta’kidlash joiz.   Bu sayohati davomida Kuk orollar zanjiriga kiruvchi 3 ta atollni, Layn arxipelagidagi 2 ta orolni va 5 ta Gavay orollarini kashf qilgan. U Shimoliy Amerikaning shimoli-g`arbiy qirgoqlarini 44°20' shimoliy kenglikdan 70°44' shimoliy kenglikka qadar o`rganib, Prins-Uilyam, Kuk, Bristol va Norton qo`ltiqlarini kashf etdi. Shuningdek, Muqaddas Ilya tog`lari, Kenay, Alyaska va Styuard yarimorollari, Alyaska va Aleut tog` tizmalarini o`rgangan. Osiyo bilan Amerika o`rtasida Bering bo`gizi mavjudligini tasdiqlab berdi.

Jeyms Kuk butun hayoti davomida «intilish va maqsadga erishish» degan shiorga qat’iy amal qilib yashagan. Uning xotirasi 20 dan ortiq geografik ob’ektlarda abadiylashtirilgan bo`lib, ular orasida uchta qo`ltiq, ikki guruh orollar va ikkita bo`giz mavjud.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.