K - harfiga oid izohli lug`atlar


Kabu-Branku - burun, Janubiy Amerikaning eng sharqiy chekka nuqtasi, Braziliyada joylashgan. Portugalcha Savo Branco-«oq burun» (savo-«burun», brancho-«oq») degan ma'noni bildiradi.

Kavkaz - tog'li o'lka, Kaspiy, Qora va Azov dengizlari oralig'ida joylashgan. Katta Kavkaz va Kichik Kavkaz tizmalaridan iborat. Dastlab qadimgi grek manbalarida e.a. V asrda Kaukasos tarzida tilga olingan. Kaukasos qadimgi hind manbalarida-tilga olingan Groukasim (hindlar Elbrus tog'ini shunday atagan) nomining talaffuzda buzilib aytishidan hosil bo'lgan va u «qorli tog'» ma'nosini beradi. Keyinchalik Kaukasos nomi butun tog'li o'lka nomiga o'tgan va Kavkaz tarzida tilga olinadi.

Kalaxari - Janubiy Afrikadagi cho'l. Mahalliy xalq tilida «mayda shag'alli-qumli joy» degan ma'noni bildiradi.

Kale - Fransiya qirg'og'idagi shahar, ya'ni «Kale shahri yonidagi yo'lak, bo'g'oz» degan ma'noni bildiradi. Ushbu bo'g'ozning Angliya qirg'og'ida Duvr shahri bo'lib, inglizlar bo'g'ozni Duvr bo'g'ozi deb atashadi.

Kalimantan - Malayya arxipelagidagi yirik orol. Indoneziya, Malayziya va Bruney davlatlari joylashgan. Malayya xalqlari tilida Kalimantan-«mango daraxti o'lkasi» demakdir.

Kama - daryo, Volga daryosining chap irmog'i. Udmurt tilidagi kom-«katta suv» so'zidan olingan. 

Kamerun - G'arbiy Afrikadagi davlat va vulkan nomi. Shu yerdagi Rio-dos-Kamarones-«qisqichbaqalar daryosi» nomidan olingan. Ushbu nom XV asrda portugaliyalik sayyohlar tomonidan qo'yilgan bo'lib, keyinchalik Kamerun deb ataladigan bo'lgan.

Kamchatka - Uzoq Sharqdagi yarim orol. XVII asr o'rtalarida shu yerlarda bo'lga kazak Ivan Ivanovich Kamchatiy nomi bilan bog'liq. Yana boshqa tahminlarga ko'ra, koryaklar dostonidagi Kamchatoy nomi bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Lekin yakutcha kamche-«chilim», «vulkan alangasi» ma'nosida bo'lishi ham mumkin ekan.

Kanada - Shimoliy Amerikadagi davlat. Mahalliy indeyeslar «to'p-to'p chayla», «ovul»ni kanata deb atashadi. Fransuz kolonistlari shu yerdagi dastlabki qishlog'ini Kanata (Kanada) deb nomlashgan. Keyinchalik ushbu nom kichik hududga, so'ngra butun mamlakatga yoyilgan.

Kara dengizi - Shimoliy Muz okeanidagi dengizlaridan biri. Shu dengizga quyiladigan Kara daryosi nomidan olingan. Daryoning o'zi nenescha xarayaga-«egri suv», «jarlik» deyiladi, chunki u chuqurlikda ilonizi bo'lib oqadi. 

Karakas - shahar, Venesuela poytaxti. Shahar nomi karaka degan qabila nomidan olingan va ispancha ko'plik belgisi – s qo'shilgan.

Karib dengizi - Markaziy Amerikadagi dengiz. Indeyeslarning karib qabilasi nomidan olingan.

Karochi - shahar, Pokistondagi yirik port. Shahar XVIII asr boshlarida baliqchilarning Kulachi posyolkasi o'rnida bunyod etilgan. Kulochi-qabila nomi bo'lib, shahar nomi shundan olingan va talaffuzda o'zgarib Karochi bo'lib ketgan.

Karpat - Yevropadagi tog' sistemasi. Dastlab Ptolomey asarlarida tilga olingan. Karpat-qadimiy tillarda «qoya», «tosh» degan ma'nolarni beradi.

Kasablanka - Marokashdagi yirik shahar, XVI asrda asos solingan. Kasablanka ispancha so'z bo'lib, casa-«uy», blanco-«oq», ya'ni «oq uy» degan ma'noni beradi.

Kaspiy dengizi - Yer sharidagi eng katta oqmas dengiz-ko'l, Yevropa va Osiyo qit'alari chegarasida joylashgan. Dengizning jami 150 ga yaqin nomi bo'lgan. Kaspiy nomi dengizning Kavkaz tomonida yashagan kaspi qabilasi nomidan olingan.

Katun - Oltoydagi daryo, Biya daryosi bilan qo'shilib, Ob hosil bo'ladi. Qadimgi turkiy tilda katun, xatun-daryo demakdir. Boshqa izohlar ham mavjud, lekin Sibir daryolarining ko'pchiligini asosi kat termini tashkil etadi va «daryo» ma'nosini bildiradi. YE.M.Pospelov kat (xat) terminlari «daryo» degan ma'noni bildiradi, lekin bu termin qaysi tildan olinganligi juda ham aniq emas, deb hisoblaydi.

Kolorado - AQSH va Meksika hududlaridan oqib o'tuvchi daryo. Ispancha Rio-Kolorado deb yuritiladi va u «qizil daryo» demakdir. Daryo vodiysini tashkil etuvchi tog' jinslari qizil rangda bo'lganligi uchun shunday nomlangan. Lekin suvi loyqa, jigarrang tusda.
Kolima-Shimoli-sharqiy Osiyodagi daryo. Evenklar qadimdan daryoni Kulu deb atashadi, hozir faqatgina uning irmoqlaridan biri shunday aytiladi. Daryoning quyi oqimi Kuloma deb atalgan bo'lib, evenk tilida kula-«shimolga nishab daryo», ya'ni «shimolga oquvchi daryo» ma'nosini beradi. Rus tiliga avval Kovima, keyinchalik Kolima tarzida o'zlashib ketgan.

Kolumbiya - AQSH va Kanadaning g'arbidagi daryo. Daryoning quyilish qismini 1792-yili amerikalik sayyoh Robet Grey kashf etgan va «Kolumbiya» kemasining nomiga daryoni shunday atagan.

Karpentariya - Avstraliya shimolidagi Arafur dengizida joylashgan qo'ltiq. 1623-yili gollandiyalik dengizchi YA.Karstens tomonidan kashf etilgan va general-gubernator Piter Karpentar nomiga Karpentariya deb atalgan.

Kura - Kavkazdagi daryo, Kavkazorti xalqlaridan birining qadimiy tilida kur-«suv», suv ombori ma'nosini beradi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing!

Sharhlar

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив