A - harfiga oid izohli lug`atlar
Addis-Abeba - Efiopiya poytaxti. Mahalliy ahmara
tilida «bahor guli», «yangi gul» degan ma'nolarni beradi. Shaharning
epiteti-laqabi ham «mangu bahor shahri»dir.
Adeli Yeri - Antarktida materigidagi yer, joy
nomi. Fransuz sayyohi J.Dyumon-Dyurvil o'z rafiqasi nomiga bu yerni shunday
atagan. Pingvinlarning eng ko'p tarqalgan turlaridan biri ham Adeli pingvini
deyiladi.
Adriatika - Yevropadagi dengiz. Italiyaning
shimoli-sharqiy sohilidagi Adriya shahri nomilan olingan.
Afina - Gresiya poytaxti, dunyodagi eng qadimiy
shaharlardan biri. Shaharga dastlab aholi e.a. XVI-XIII asrlarda o'troqlasha
boshlagan. Nom afsonaviy Afina ismidan olingan. Lekin qadimgi yunon tilida
tepalik yerni bildiruvchi atinai so'zi ham bo'lgan. Shahar shunday
tepalikda joylashganligi uchun unga atina, afina-«tepa» nomi berilgan
bo'lishi mumkin, deb hisoblaydi H.Hasanov.
Afrika - qit'a, kattaligi jihatdan Yevrosiyodan so'ng
ikkinchi o'rinda turuvchi materik. Gomer asarlarida (e.a. XII asr) Liviya tarzida
tilgan olingan. Liviya - libu qabilasi nomidan olingan.
Afrika nomi dastlab e.a. III asrda finikiyaliklar
shahri Karfagen (hozirgi Tunis shahri atrofi) atrofidagi yerlarga nisbatan
ishlatilgan. Ushbu nom shu yerlarda yashaydigan afri yoki afariki qabilasi
nomidan olingan. Karfagen davlati e.a. 146-yilda parchalanib, uning o'rnida
qadimgi rimliklarning qo'l ostidagi yerlar-Afrika provinsiyasi paydo
bo'ladi. Keyinchalik ushbu nom butun materikka nisbatan ishlatiladigan bo'lgan.
Afrikaning yana grekcha afri-«sovuq
emas» degan ma'nosi ham bor. Haqiqat ham Afrika dunyodagi eng issiq materik. Lekin
Afrika nomi yuqorida tilga olingan qabila nomidan olinganligi haqiqatga
yaqinroqdir.
Ajal (O'lim) vodiysi - Shimoliy Amerikaning eng past
nuqtasi (dengiz sathidan –86 m pastda joylashgan), shuningdek g'arbiy
yarimsharning eng issiq joylaridan biri. 1849-yili bir guruh oltin izlovchilar
suvsizlikdan halok bo'lishgan, shuning uchun vodiy shunday atalgan.
Alp - Yevropadagi tog'. Qadimgi kelt tilida «tog'»,
«balandlik» ma'nolarini bildiradi. Lekin lotincha «alba»-oq so'zidan olingan
degan farazlar ham bor. Alpinizm, alp o'tloqlari atamalari shu tog' nomidan
kelib chiqqan.
Alyaska - Shimoliy Amerikadagi yarim orol va shtat nomi.
Aleut tilida «katta yer» degan ma'noni beradi.
Amazonka - dunyodagi eng
sersuv va havzasining maydoniga ko'ra eng katta daryo. 1542-yili ispan
konkistadori Fransisko Orelyan boshchiligadagi ekspedisiya daryoning mansabidan
to uning boshlanish qismigacha sayohat uyushtirgan. Madeyra irmog'ining
Amazonkaga qu-yilig qismida ispanlar mahalliy hindu qabilalari bilan to'qnash
kelishadi. Taassufki, askarlarning boshliqlari hindu ayollari edi. Ispanlarga
bu hol qadimgi yunon afsonalaridagi amazonkalar-lashkar ayollarni
eslatar edi. Shuning uchun ular daryoni amazonkalar daryosi, ya'ni lashkar
ayollar daryosi, deb nom qo'yishgan.
XX
asrlarda Amazonkaga uyushtirilgan sayohatlar hindu ayollarini janglarda
ishtirok etishini yana bir bor isbot etgan bo'lsada, toponimistlar amazonkalar
haqidagi afsonani daryo nomiga aloqasi yo'q, deb hisoblaydilar.
Amazonka nomi hindu qabilalaridan
birining tilidagi «amasunu»-katta suv, daryo so'zidan olingan. Bunday
nomlar dunyodagi boshqa yirik daryolar uchun ham xos. Masalan, Amur, Yenisey,
Missisipi nomlar ham katta suv, daryo degan ma'nolarni anglatadi. Lekin
Amazonka nomi Amerika qit'asidagi boshqa hech bir gidronimlar tarkibida
uchramaydi. Ayrim olimlarning fikricha «amasunu»-daryoning qu-yilish qismida
qalqish hisobiga bo'ladigan tabiiy hodisa-to'lqin bilan bog'liq, deb
hisoblaydilar.
H.Hasanov ham «amazunu»-katta
to'lqin, daryo nomi shundan olingan bo'lsa kerak, deb hisoblaydi.
Amerika - qit'a, H.Hasanov ta'biri bilan aytganda dunyo
xaritasidagi eng chalkash, xato nom. Chunki qit'ani mahalliy xalq bunday
atamagan. X.Kolumb Hindistonga borish maqsadida 1492-yili shu yerlarga kelib
qolib, hatto bu yerlarni Hindiston (Vest Indiya) deb atagan. Lekin undan avval
normannlar va boshqa sayyohlar, savdogarlar bu yerlarga borib turishgan.
Amerika nomi Amerigo Vespuchchi nomi bilan bog'liq. U Janubiy Amerikaning
shimoli-sharqiy va sharqiy sohillarini o'rgangan va 32 betdan iborat maktubida
noma'lum yerlarga borganligini yozadi. 1507-yili nemis kartografi Valdzemyuller
o'z xaritasiga bu yerlarni «Amerigo yerlari»
(«Amerigo Vespuchchi tilgan olgan yerlar» ma'nosida) deb yozib qo'yadi.
Shu bilan butun qit'a nomi Amerika bo'lib ketgan. Amerika qit'asi Shimoliy va
Janubiy Amerika materiklaridan iborat.
Amerika Qo'shma Shtatlari - Shimoliy Amerikadagi davlat. 1776-yili
Angliyaning bu yerlardagi 13 ta koloniyasi Amerika Qo'shma Shtatlariga
birlashgan. Hozir u 50 ta shtatni o'z ichiga oladi. XX asr boshlarida «Shimoliy
Amerika Qo'shma Shtatlari» deb atalgan. Umuman, Amerika va AQSH nomlarini
chalkashtirib yubormaslik kerak: Amerika-umuman qit'a nomi, AQSH-davlat nomi.
Amerika qit'asida 35 ta davlat bor, shulardan biri Amerika Qo'shma
shtatlaridir.
Amsterdam - Niderlandiya poytaxti va yirik port
shahar. Gollandcha «Amstel daryosidagi damba» degan ma'noni beradi.
Amudaryo - ikki yarim ming yildan ortiq vaqt
mobaynida tilga olinib kelinayotgan daryo. Turli davrlarda har xil nom bilan
atalgan. Dastlabki nomlaridan biri «O'kuz» bo'lib «suv», «daryo» degan
ma'nolarni beradi.
O'rta Osiyo haqida kitob yozgan yunon
olimlari mahalliy O'kuz nomini Oks, Oksus, Akes tarzida yozib, g'arbga ma'lum
qildilar. Shundan Oks-Amudaryoning yunoncha nomi degan tushuncha paydo bo'lgan.
Bu daryoning Arang, Aranxa nomlari qadim zamonda, Jayhun degan nomi esa o'rta
asrlarda mashhur edi. Ba'zan Vaxrud, Vaxshu deb yozganlar, Vaxsh so'zi-«suv
xudosi», «suv malikasi» ma'nosida bo'lgan. Pokistonda Amudaryoni hozir ham
Vakshunada deb yuritadilar. Ayrim bo'laklari Jaryob, Balx daryosi, Termiz
daryosi, Kelif daryosi, Urganch daryosi, Xorazm daryosi, Jurjoniya daryosi
nomlari bilan yuritilgan. Jumladan, u o'rta oqimdagi Omul, Omuyya (XV asrdan buyon Chorjo'y, hozirgi Turkmanobod)
shahri yonida Omuy daryosi deb atalgan, qisqarib Amu bo'lib qolgan (bu so'zning
asl ma'nosi aniq emas, amurd ismli xalqqa dahli bo'lsa ehtimol). Zamonlar
o'tishi bilan bu nom butun daryoni «egallab» olgan. Buning boisi shuki, Omuyya
(Chorjo'y) shahri Eron bilan Turkiston o'rtasidagi eng muhim savdo yo'li
ustida, daryo kechigi yonida joylashgan muhim manzil bo'lganligidan ko'p
og'izga olinib, ovoza bo'lib, boshqa nomlardan g'olib chiqqan.
Amudaryo nomiga beriladigan «O'jar
daryo», «Jo'shqin daryo», «Qutirgan daryo» singari izohlar uning lug'aviy
ma'nosi emas, laqabi, xulqidir.
Amur - daryo, Rossiya Uzoq Sharqidan oqib o'tib, Tatar
bo'g'ozining Amur limaniga quyiladi. Daryo turli xalqlar tilida turlicha
ataladi: evenklar Shilkar, mongollar Xoramuren-«qora daryo», manchjurlar
Saxalyan-ula «qora suv», «qora suvli daryo» va hokazo deb ataydilar. Amur
tangu-mangchjur tillaridagi amar-«katta daryo» so'zi asosida vujudga kelgan.
And - Janubiy Amerikadagi tog' sistemasi. Mahalliy
indeyeslar tilida ant-«mis» degan so'z. Haqiqatdan ham bu yerlarda
qadimdan mis konlari ma'lum bo'lgan.
Andijon - shahar, dastlab arab olimlari—Istraxiy, Ibn
Havqal, Muqaddasiy asarlarida Andiyon, shuningdek, Andixon shakllarida
qayd qilingan.
Andijon urug' nomi. Andi-qabila
nomi, andijonliklarni hatto qisqacha «andi» deb ham ataganlar; jon qo'shimchasi,
ehtimol, qadimiy terminlardan biri-gan, gon bo'lib, daryo ma'nosida
bo'lishi ham mumkin, deb hisoblaydi H.Hasanov.
Antarktida - Janubiy qutb atrofidagi muz bilan
qoplangan, eng sovuq va eng baland materik. Ant va Arktika-«Arktikaning
teskarisi» degan so’z.
Antarktika - qit'a nomi. Antarktida
materigi va uning atrofidagi dengizlar hamda orollar.
Antil orollari-Markaziy Amerikadagi Katta va Kichik
Antil orollari. Ispancha anti-qarshi, illas-orollar, ya'ni
«Atlantika okeanining narigi tomonidagi orollar» degan ma'noda.
Anqara - Turkiya poytaxti. H.Hasanovning fikricha
«karvonsaroy», «bekat» ma'nosidagi langar so'zidan olingan. Langar «to'xtab
o'tish joyi» degani.
Apennin - Yevropaning janubiy qismidagi yarim orol va
tog' nomi. Kelt tilida pen-«tepalik».
Arabiston - Yevrosiyodagi va umuman dunyodagi
eng katta yarim orol. Arab so'zining ma'nosi «cho'l» bo'lib,
arablar-«ko'chmanchilar», «cho'lliklar» degan ma'noni bildiradi. Shundan Arabiston-«arablar
yeri» kelib chiqqan.
Arafura dengizi - Hind okeanining sharqiy qismidagi
dengiz, Indoneziyadagi arafura qabilasi nomidan olingan.
Araks - daryo. Armaniston va Ozarbayjon, Turkiya va
Eron bilan bo'lgan davlat chegarasidan oqadi. Kuraning o'ng irmog'i. Araks
qadimda Old Osiyoda mavjud bo'lgan aras-«daryo» so'zi bilan bog'liq.
Araks o'rta asr arab geograflarida Ar-rass shaklida uchraydi. Hozirgi turk
tilida Aras.
Ardon - daryo. Rossiyaning Shimoliy Osetiya hududidan
oqib o'tadi. Terekning chap irmog'i. Ardon osetincha arra-«vahshiy
bebosh», don-«daryo» so'zlaridan yasalgan bo'lib, «vahshiy daryo, bebosh
daryo» demakdir. Shimoliy Osetiyadagi Ardon qishlog'i daryo nomi bilan atalgan.
Arga-sala - daryo. Rossiyaning Yakutiya
hududidan oqib o'tadi. Olenok daryosining chap irmog'i. Gidronim turkiy tildagi
archa-«orqa» yoki g'arb va sala-«irmoq» so'zlaridan yasalgan.
Arga-sala orqa yoki g'arbiy irmoqdir.
Argentina - Janubiy Amerikaning
janubi-sharqidagi davlat. Hozirgi Argentina va uning atrofidagi yerlar XVI asr boshlaridan
XVIII va XIX asr boshlarigacha Ispaniya qo'l ostidagi La-Plata mustamlaka
yerlari hisoblangan. Ispan bosqinchilari mahalliy xalq-indeyeslar qo'lida
kumushsimon buyumlar ko'rganlar va ular dastlab kelib to'xtagan daryoni
La-Plata («kumushli») deb ataganlar. 1826-yildagi ozodlikdan so'ng mustaqil
Argentina Federativ Respublikasi tashkil etildi. Argentina lotincha «argentum»-kumush
degan ma'noni beradi.
Argun - Amur daryosining irmoqlaridan biri, uning
Shilka daryosi bilan qo'shilishidan Amur daryosi hosil bo'ladi. Buryat tilidagi
Urgengol («urgen»-keng, «gol»-daryo)-keng daryo so'zidan
olingan.
Aris - daryo va shahar. Janubiy Qozog'iston
viloyatida joylashgan. Sirdaryoning o'ng irmog'i, Gidronimga turkiy xalqlarning
eng katta urug'i arislarning nomi asos bo'lgan. Bu urug'ning o'nlab bo'laklari
qozoq, qoraqalpoq xalqining tarkibida hozir ham bor. Qozog'istondagi ko'l va
temiryo'l stansiyasi ham shu urug' nomi bilan bog'liq.
Ashgabad - Turkmaniston poytaxti, 1881 yilda
asos solingan. Ushbu nom ishq, oshiq so'zlari bilan bog'lanadi va
«oshiqlar shahri», «havas qiladigan joy» degan ma'noni bildiradi.
Atlantika - okean, dastlab qadimgi grek olimi
Gerodot (e.a.V asr) asarlarida «Gerakl ustunlari (Gibraltar bo'g'ozi ortidagi)
ortidagi dengiz Atlantis deb ataladi» deb tilga olingan.
Qadimgi Rim olimi Pliniy (I asr)
asarlarida esa Okeanus Atlantikus-Atlantika okeani tarzida yozilgan.
Turli davrlarda okeanning ayrim qismlari - G'arbiy okean, Shimoliy dengiz,
Ichki dengiz deb nomlangan. XVII asr o'rtalaridan boshlab Atlantika okeani deb
nomlanadigan bo'lgan.
Okean nomini ayrimlar afsonaviy
Atlantida nomi bog'lashadi. Yana boshqa tahminlarga ko'ra, finikiyaliklar g'arb
tomonni «atlat» tun, qorong'ilik deb ataganlar. Shundan,
Afrikadagi Atlas tog'lari va Atlantika-«g'arbiy qorong'ilik» nomlari kelib
chiqqan.
Avliyo Yelena oroli - Atlantika okeanining o'rta qismidagi
orol. 1502-yilda Bibi Yelena kunida kashf etilganligi sababli
San-Yelena, ya'ni Avliyo Yelena deb nomlangan.
Avliyo Lavrentiy daryosi - Shimoliy Amerikadagi daryo. Buyuk
ko'llardan oqib chiqib shu nom bilan ataluvchi ko'rfazga quyiladi. Bu nom
Avliyo Lavrentiyga bag'ishlangan katoliklar bayrami kunida berilganligi uchun
shunday atalgan.
Avstraliya - materik, «janubiy», «janubiy yer»
degan ma'nolarni beradi. Qadimda ekvatordan janubda to qutbgacha cho'zilgan
noma'lum yer-«Terra australis inkgnito», ya'ni «janubiy noma'lum yer» deb
yuritilar edi. Materikni dastlab 1606-yilning boshlarida gollandiyalik sayyoh
Villem Yanszon kashf etgan. Dastlab gollandlar materikni Yangi Gollandiya
deb atashgan. Abel Tasmanning 1642-1644-yillardagi sayohatlaridan so'ng materik
yaxlit, alohida quruqlik ekanligi aniqlandi. Keyinchalik, materik to'liq kashf
etilgandan so'ng «inkognito»-noma'ulm so'zi tushib qolib, «Terra
Australis»-«Janubiy Yer» deb ataladigan bo'ldi, binobarin, materik to'laligicha
janubiy yarimsharda joylashgan. XIX asr boshlaridan qisqacha Avstraliya deb
ataladi.
Avstriya - Yevropadagi davlat. Asli nomi Osterreyx
bo'lib, nemischa «ost»-sharq, «reyx»-o'lka, ya'ni sharqiy
o'lka degan ma'noni beradi.
Azor orollari - Atlantika okeanidagi Portugaliyaga
qarashli orollar to'dasi. Orollarni XV asrda portugallar kashf etishgan va
ko'plab qushlarni ko'rishgan. Ularni dastlab qirg'iy deb bilganlar va shunga
ko'ra portugalcha «azor»-qirg'iy orollari deb nomlashgan.
Axtuba - daryo. Rossiyaning Astraxan va Volgograd
oblastlaridan oqib o'tadi. Volganing chap irmog'i. Axtuba turkiy so'z
degan fikrlar bor, ya'ni «Oqtepa» degan ma'noda. Turkiy xalqlar baland
tog'lardan oqib keladigan daryolarni oq suv, oq daryo deb ataganlar. Balki
daryoning boshlanish joyiga nisbatan gidronim Axtuba deb atalgandir.
Ayag'uz - daryo. Qozog'istonning Semipalatinsk
viloyatidan oqib o'tib, Balxash ko'liga quyiladi. Ye.Koychubayev toponimni
etnik nom bilan bog'laydi. Ay-qabila nomi bilan guz va o'g'iz «daryo»
so'zlari birikkan. Nomning izohi: Ayaguz-«ay qabilasi daryosi» demakdir.
Ayag'uz ikki so'zdan: ayaq «oyoq» va «uz» so'zlaridan tuzilgan. Ayaq
xalq tilida ko'p qo'llaniladigan geografik termin bo'lib, «past, kun botish,
g'arb» degan ma'nolarni beradi. Uz yoki Us qadimgi turkiy tilda
«suv yoki o'zan, daryo» demakdir. Shunday ekan, Ayag'uz «pastdagi suv, pastdagi
daryo» ma'nosiga egadir.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.