Nikolay Mikluxo-Maklay 

6 130

(1846-1888) 
  Nikolay Nikolayevich Mikluxo-Maklay - mashhur rus sayyohi, etnografi, antropo­logi, biologi va geografi bo`lib, Janubi-sharqiy Osiyo, Avstraliya va Okeaniyaning tub aholisini, shu jumladan, Yangi Gvineya orolidagi papuaslar hayotini chuqur o`rgangan olim. 160 dan ortiq ilmiy asarlarning muallifi. Mustamlakachilik va irqchilikka qarshi ko`rashgan, o`z tadqiqotlarida barcha irq vakillarining akliy darajasi bir xil ekanligini ilmiy dalillar bilan isbotlab bergan.
  Mikluxo-Maklay 1846-yil 5-iyulda Novgorod guberniyasining Borovichi shahri yaqinidagi Rojdestvenskoye qishlog`ida tug`ilgan. Sayyohning familiyasi Mikluxa va unga Maklay qo`shimchasi uning Yangi Gvineyaga qilgan safarlaridan keyin qo`shilgan. Dastlab Peterburgdagi maktabda, so`ng gimnaziyada o`qigan Mikluxo-Maklay 1863-yilda 17 yoshida Peterburg universitetining fizika-mate­matika fakultetining tabiiy fanlar bo`limiga «erkin tinglovchi» sifatida qabul qilingan. Ammo o`rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmaganligi uchun bir yildan keyin uni universitet talabalari safidan chiqarishdi.
  Shundan so`ng, Mikluxo-Maklay o`qishni davom ettirish uchun chet elga junab ketdi. Dastlab, ikki yil davomida Germaniyaning Xay­delberg universitetida fiziklar, tabiatshunoslar, huquqshunos va faylasuflarning ma’ruzalarini tinglagan. So`ng Leypsig uni­versitetining tibbiyot fakultetida anatomiyani o`rgandi va bir vaqtining o`zida tabiiy fakultetlardagi ma’ruzalarda ishtirok etdi. Anatomiyaga bo`lgan kuchli qiziqish olimda bir umrga qoldi. Shuningdek, Yenadagi tibbiyot fakultetida ham bu boradagi bilim va tajribasini oshirgan. Ayniqsa, o`sha paytlardagi mashhur zoolog olim Ernst Gekkel Mikluxo-Maklayda mustaqil ilmiy izlanishlar olib borish borasida kuchli ta’sir ko`rsatgan, deyish mumkin.
  Tabiiy-tarixiy sohadagi ta’lim olish jarayonini tugatgan Mik­luxo-Maklay hayotning kelib chiqishi, turlarning rivojlanishi, organik dunyoning evolyutsiyasi kabi keng miqyosdagi ilmiy muammolar bilan mashg`ul bo`lishni rejalashtirgan edi. U 1866-yili E.Gekkel bilan hamkorlikda Kanar orollariga o`zining birinchi sayohatini amalga oshirgan.
  1869-yilda Qizil dengizga sayohat qilgan Mikluxo-Maklay juda boy va qimmatli ilmiy material to`plashga muvaffaq bo`ldi. Mahalliy aholi tomonidan ta’kib qilinishdan saqlanish uchun Mikluxo-Maklay sochini ustarada qirdirib, yuzini bo`yagan, arabcha kiyim kiyib, mahalliy til va islom dinining ba’zi qoidalarini o`zlashtirgan.
  Shundan so`ng, sayyoh Konstantinopolga (hozirgi Istanbul) va u yerdan Odessaga yo`l olib, Qrimning janubiy qirg`oqlari va Volga daryosining quyi oqimlarida tadqiqotlar olib bordi. 1869-yilda Moskvada bo`lib o`tgan rus tabiatshunoslari va tibbiyot xodimlarining 2-syezdida zoologik hamda biologik stansiyalar tashkil etish taklifi bilan chiqqan va uning taklifi qo`llab-quvvatlangan. Bir oz vaqt o`tgach, Qora, Kaspiy, Oq va Boltiq dengizlari hamda Volga daryosida birinchi ana shunday ilmiy stansiyalar tashkil etila boshlangan ham.
  1869-yilda Mikluxo-Maklay Peterburgdagi Fanlar Akademiyasida iliq ko`tib olingan. Rus geografiya jamiyatida Qizil dengiz faunasi, qirg`oqlari tuzilishi va aholisining turmush tarzi, urf-odatlari to`g`risida ma’ruza qilgan. Xuddi shu paytdan boshlab olimda bundan ham kattaroq hududlarni tadqiq qilish uchun Tinch okean orollariga sayohat qilish va ibtidoiy odamlar turmush tarzi, xarakteri va aqliy darajasi bilan tanishish rejasi paydo bo`lgan.
  Mazkur rejani amalga oshirish maqsadida 1870-yilning 27-oktyabrida «Vityaz» nomli rus harbiy kemasida Yer shari bo`ylab aylanma sayohatga chiqqan Mikluxo-Maklay safarini Kronshtadtdan boshladi. Kema yo`nalishining Janubiy Amerikaning janubidagi Magellan bo`g`izi orqali o`tishi Mikluxo-Maklayga Atlantika va Tinch okeanlarining turli qismlarida ilmiy kuzatishlar olib boorish imkonini bergan. 1871-yil sentyabrda Maklay umumiy maydoni 785 ming kv.km bo`lgan Yangi Gvineya orolining shimoli-sharqiy qirg`og`idagi Astrolyabiya buxtasiga kelib tushib, ikki hamrohi bilan chaylada yashay boshlagan. Olim birinchi bor kelib tushgan ushbu qirg`oq rus tilidagi manbalarda Maklay qirg`og`i, deb ataladi.
  Mikluxo-Maklay Yangi Gvineyaning mahalliy aholisi bo`lgan papuaslar tomonidan sovuq qarshi olingan. Sayyohning yozishicha, "papuaslar turli ishoralar bilan oroldan ketishni talab qilishardi va shu darajaga yetib borar ediki, ular har kuni o`tadigan yoy o`qi mening yonginamdan o`tib ketar edi». Ammo ko`p o`tmay papuaslar sayyoh, bilan inoqlashib qolishgan. Papuaslar 1872-yilning dekabrida Maklayni olib ketishga kelgan rus harbiy kemasiga sayyohni chiqishga quyishmay, unga o`zlarining do`stliklari haqida ta’kidlab, olimni Yangi Gvineyada doimiy yashab qolishga undashgan. Hatto, unga yangi uy ko`rib berib, xohlagan papuas qizga uylantirib quyishni va’da qilishgan. Ammo sayyoh papuaslarga, albatta, qaytib kelishga va’da berib, vataniga jo`nab ketgan.
  O`zining papuaslar bilan o`rnatgan do`stona aloqalari sababi haqida Maklay shunday yozgan: «Xulosa shundan iboratki, yovvoyi odamlar bilan muloqotda eng birinchi navbatda o`zini tuta olish va sabr-toqat talab etiladi». Maklayning papuaslarga bo`lgan ochiq do`stona munosabati mahalliy aborigenlarni o`ziga rom etgan va ular olimni o`zlarining tilida «kaaram-tamo» - «Oydan kelgan odam», deb atashgan. Sayyohning vatani Rossiya esa papu­aslar nazdida Oyda joylashgan mamlakat edi.
  Papuaslar bilan o`tkazgan yillari Mikluxo-Maklayga ko`p narsa berdi, jumladan, olim o`rgangan mahalliy aholining muloqot vositasi - melaneziya papuaslari tili olimning safar hisoboti orqali butun Yevropa faniga ma’lum bo`ldi. Papuaslar olimning familiyasi - Mikluxoni aytishda qiynalishgani uchun uni o`z ta- laffuzlariga moslab «Maklay» deb atashgan. Ana shuning uchun ham olim papuaslarga nisbatan bo`lgan cheksiz hurmat sababli keyinchalik o`z familiyasiga ushbu qo`shimchani qoshib ishlatgan.
  Maklay nafaqat mahalliy aholi tilini yaxshi o`zlashtirib olish va ular bilan xushmuomala bo`lish, balki papuaslarning hayotida ham faol ishtirok etish bilan ham ularning hurmatini qozongan. Turli urushlar payti yoki papuaslar ovga ketganda yosh bolalarga qarab turishni olimga ishonib topshirib ketardilar. Olimning usta diplomatligi papuaslarning turli guruhlari o`rtasida vaqti-vaqti bilan yuz berib turadigan urushlarning oldini olishga ham yordam bergan va sayyoh, ularni tinch yo`l bilan hal qila olgan.
   Mikluxo-Maklay Yangi Gvineyaga hammasi bo`lib besh marta safar qilgan va olim haqida orolning aholisi o`rtasida «Oydan kelgan odam» kabi turli rivoyatlar tarqalib ulgurgan edi. Sayyoh, orolning qayerida bo`lmasin, hamisha papuaslarning o`ziga nisbatan do`stona munosabatini his etgan. 1879-1880-yillarda Maklay Me­laneziya orollariga, jumladan, Yangi Kaledoniya oroliga ekspeditsiya uyushtirdi va bu orada Yangi Gvineyada yana bir marta bo`ldi.
  Maklay papuaslarning yevropalik tredorlar (qul savdosi bilan shug`ullanuvchilar) tomonidan boshqa mustamlakalarga qul qilib sotib yuborilishiga va mahalliy aholini turli yo`llar bilan boshqa yerlarga ko`chishga undaydigan missionerlarga qarshi ko`rashishga harakat qilgan. Ammo bu jarayon shu darajada ildiz otgan ediki, uni to`xtatishga birgina Maklayning sa’y-harakati kamlik qilardi.
  Mikluxo-Maklayning Tinch okeani bo`ylab amalga oshirgan sayohatlari uning antropologik tadqiqotlari uchun mustahkam zamin yaratgan. Uzoq safarlari davomida Maklay bir necha bor Avstraliyaning Sidney shahriga dam olish uchun kelgan va shu yerda 1884-yilda Margarita Robertson ismli ayolga uylangan. Uning ikki o`g`li - Aleksandr-Nils va Vladimir-Ollan bo`lgan.
  1887-yilning may oyida holdan toygan Mikluxo-Maklay o`zining oxirgi safaridan Peterburgga qaytib kelgan va shu yerda 42 yoshida 1888-yilning 14-aprelida vafot etgan. Olimning vafotidan so`ng rafiqasi va ikki o`g`li Avstraliyaga qaytib ketishgan va umrlarining oxirigacha Sidneyda yashashgan.
  Maklayning sayohatlari davomida yozgan kundaliklari geogra­fiya, etnografiya, antropologiya, zoologiya, biologiya va boshqa qator fanlar uchun hali o`zining kashf etilishini kutib yotgan bebaho xazina hisoblanadi. Olimning ilmiy merosi haligacha to`liq chop etilgan emas. Maklay hayotligida 76 ta ishini chop etishga ulgurgan va shularning o`zigina sayyohning keng shuhrat qozonishiga olib kel­gan. U o`z asarlaridan birida Tinch okeani orollarida yashovchi bolalarcha sodda xalqlarning hayotiga Yevropa sivilizatsiyasining kirib kelishi va bu to`qnashuvning qanday salbiy o`qibatlarga olib kelgani haqida yozgan edi.
  Olimni hanuzgacha Papua-Yangi Gvineya davlatida hurmat bilan eslashadi. Ushbu davlatdagi Mak­lay qirg`og`idan tashqari Madange shahrida Mikluxo-Maklay ko`chasi mavjud. Buyuk olim va sayyoh, tavalludining 150 yilligi munosabati bilan BMTning ta’lim, fan va madaniyat ishlari bo`yicha tashkiloti (YuNESKO) 1996-yilda Mikluxo-Maklayni «Dunyo fuqarosi», deb e’lon qilgan. Shu yili Sidney universitetida sayyohning byusti va 2011-yilda Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida uning haykali o`rnatilgan. Olimning nomi Rossiya, Ukraina va boshqa ko`pgina mamlakatlardagi geografik ob’ektlarga berilgan. Miklu­xo-Maklay tug`ilgan kun - 5 iyul etnograflarning kasb bayrami sifatida nishonlanadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.