Ziyovuddin Akramov 

5 400

Ziyovuddin AKRAMOV
(1923-2003) 
  Geografiya fani sayohatlar bilan chambarchas bog`liqligi bois, unda «birinchi bo`lish» hamisha sharafli va mas’uliyatli hisoblanadi. Xoh sayohat qilib, turli yerlarni kashf etish, xoh geografik tadqiqotlar olib borib, keyinchalik uni rivojlantirish bo`lsin, bi­rinchi bo`lgan kishining xizmatlari bunda doimo muhim rol o`ynaganligi tarixdan yaxshi ma’lum.
 Professor Ziyovuddin Muhitdinovich Akramov ana shunday birinchilardan. U O`zbekis­tonda iqtisodiy geografiya fanini rivojlantirish ishiga katta hissa qo`shgan va bu sohada respublikamizda «geografiya fanlari doktori» ilmiy darajasiga erishgan birinchi o`zbek olimi hisoblanadi. Olim respublikamizning turli chekkalarini chuqur o`rganish bilan bir qatorda dunyoning turli mamlakatlariga safar qilgan va o`z sayohatlari haqida qiziqarli asarlar yozib qoldirgan sayyoh hamdir.
 Haqiqatan ham, Z.Akramov O`zbekistonda iqtisodiy geografiya fanining rivojlanishiga, jumladan, mamlakatimizda qishloq xo`jaligi kompleksiga bog`liq turli sohalarni majmuali iqtisodiy-geografik jihatdan o`rganish, shu asosda iqtisodiyot tarmoqlarini respublika mintaqalari bo`ylab oqilona hududi y tashkil etish va kompleks rivojlantirishni tadqiq etish ishlariga asos solgan olimlardan biri. U Respublikamizda faoliyat olib borayotgan minglab geograflarga nafaqat ta’lim bergan, balki ularning aksariyatiga ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish sirlarini o`rgatgan. Hozirgi vaqtda geografiya sohasida faoliyat olib borayotgan yosh olimlarimizning «bobo ustozi» sanalmish Z.Akramov Res­publikamizda iqtisodiy geografiya maktabini yaratgan.
 Ziyovuddin Muhitdinovich Akramov 1923-yilning 23-sentyabrida o`sha vaqtlar Toshkent shahrining chekkasida joylashgan Allon qishlogida (hozirda Talabalar shaharchasi va Chig`atoy darvoza o`rtasidagi Toshkent shahar Olmazor tumaniga qarashli Allon mahallasi) tug`ilgan. Otasi oddiy kishi bo`lsa-da, ilm-ma’rifatni juda qadrlagan. Shuning uchun ham ma’rifatli oila muhiti ta’sirida Ziyovuddin Akramov yoshligidanoq bilimga chanqoqligini namoyish etib, turli fanlardan chuqur bilim olishga harakat qilgan.
 1939-yilda maktabni tamomlagach, Z.Akramov O`sha vaqtlardagi Toshkent muallimlar oliygohiga (hozirgi Nizomiy nomidagi Tosh­kent davlat pedagogika universiteti) o`qishga kirgan va uni 1945-yilda muvaffaqiyatli tamomlagan. Oliygohni bitirgan bo`lajak olim o`z mehnat faoliyatini Toshkentdagi maktablarning birida o`qituvchilikdan boshladi. Uch yil davomida yosh avlodga geografiya sirlarini o`rgatgan Z.Akramov 1949-yilda M.Lomonosov nomida­gi Moskva Davlat universitetining geografiya fakultetiga aspiranturaga o`qishga kirgan. Aspiranturada o`qib yo`rgan vaqtlarida XX asrning taniqli iqtisodiy geograflaridan biri profes­sor Yu.G.Saushkin rahbarligida Namangan viloyatini majmuali iqtisodiy-geografik jihatdan o`rganish bo`yicha tadqiqotlar olib bordi.
  Olib borilgan ilmiy ishlarining natijasi o`laroq, 1953-yilda «Namangan viloyatiga iqtisodiy-geografik tavsif» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olimning nomzodlik ishi doirasida olib borgai ilmiy tadqiqotlarining natijalari 1955-yilda «Namangan viloyati» nomi bilan nashr etilgan. Toshkentga qaytgach, ilmiy faoliyatini davom ettirish bilan birga 1954-yildan O`zbekiston geografiya jamiyati prezidentining o`rinbosari vazifasini ham bajargan. 1990-yilda O`zbekiston Geografiya jamiyati prezidenti etib saylanib, umrining oxiriga qadar shu vazifada faoliyat olib bordi. Z.Akramov XX asr 50-yillarning o`rtalaridan boshlab Respublikamizda qishloq xo`jalik geografiyasi, qishloq joylarini maj­muali iqtisodiy-geografik tadqiq qilish masalalari ustida ish olib borgan. Ushbu sohalardagi ilmiy tadqiqotlarga O`zbekistonda alohida e’tibor berilishi va ularning 50-yillardan keyingi rivojlanishi bevosita Z.Akramov nomi bilan bog`liq.
 Shuning uchun ham Respublikamizda geografiya sohasidagi il­miy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish maqsadida 1958 yil­da Z.Akramov tashabbusi bilan O`zbekiston Fanlar Akademiyasi (UzFA) tarkibida Geografiya ilmiy tadqiqot bo`limi tashkil etildi. Ustoz ushbu bo`limning tashkilotchisi bo`lish bilan bir qatorda mazkur ilmiy dargohning 1958-1970 yillardagi birinchi rahbari ham bo`lgan.
  Ushbu ilm dargohida XX asrning ikkinchi yarmida tabiiy geogra­fiya, iqtisodiy geografik muammolar, tabiatni muhofaza qilish va resurslardan oqilona foydalanish hamda kartografiya laboratoriyalari ish olib borib, qator muhim geografik tadqiqotlar amalga oshirildi. Bo`lim ilmiy xodimlari tomonidan respublikaning turli hududlarini iqtisodiy-geografik baholash, turli tematik, o`quv haritalari va atlaslarini barpo etish hamda Orol dengizi muammolariga bag`ishlangan ilmiy ishlanmalar bevosita amaliyot bilan bog`lab olib borilgan.
  XX asrning 80-yillarida O`zFA Geografiya bo`limi olimlari Janubiy Orolbuyiga bir qator ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etib, bu hududdagi ekologik muvozanatni ta’minlash masalalari borasida qimmatli tavsiyalarni ishlab chiqishgan. Shuningdek, profes­sor Z.Akramovning bevosita rahbarligi ostida bo`limda 1981 va 1985 yillarda O`zbekistonning ikki jildli majmuali geografik atlasi tuzilgan va nashr etilgan. Hozirgi kunda ustoz tashkil etgan Geografiya bo`limi O`zbekiston Fanlar Akademiyasining Seysmolo­giya ilmiy tekshirish instituta tarkibida faoliyat olib bormoqda.
  Ma’lumki, o`tgan asrning 50-yillari o`rtalariga kelib, Mirzachul hamda Qizilqum cho`lining Zarafshon va Buxoro vohalariga tutash yerlari jadallik bilan o`zlashgirila boshlagan. Buning natijasida O`zbekistonda iqtisodiyotni mahalliy tabiiy sharoit va resurs imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oqilona va samarali hududiy tashkil etish, mavjud mehnat resurslaridan unumli foy­dalanish, aholining turmush sharoitini yaxshilashga bag`ishlangan kompleks geografik ilmiy tadqiqotlarga bo`lgan ehtiyoj birmuncha kuchaygan.
  Ana shuni hisobga olgan holda Z.Akramov 50-yillar oxiri va 60-yillar boshida O`rta va Quyi Zarafshon vohalarida kompleks iqtisodiy-geografik tadqiqot ekspeditsiyasini tashkil etishda faol ishtirok etgan. Zarafshon vohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida Z.Akramov 1961-yilda «Samarqand va Bu­xoro viloyatlarining qishloq xo`jalik geografiyasi» nomli ikki jildli ilmiy risolasini yozib, chop ettirdi. Ushbu risolaning ik­kinchi jildi A. Rakitnikov, O. Zamkov va A. Shermuhammedov kabi olimlar bilan hamkorlikda yozilgan.
  Ushbu asar klassik iqtisodiy-geografik tadqiqot usulida yozilgan bo`lib, unda vaqt utishi bilan asta-sekin o`z ahamiyatini yo`qotadigan turli iqtisodiy ko`rsatkichlarga iloji boricha kamroq ahamiyat berilgan. Mamlakatimizning Samarqand, Buxoro viloyatlari hududini, ulardagi har bir qishloq va shaharni kezib chiqqan olim o`z asarida bu hududlar qishloq xo`jaligiga ta­biiy sharoit, resurslar, demografik holat, iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmalar va boshqa qator omillar nuqtai nazaridan baho bergan.
  Asarda har ikkala viloyatning qishloq xo`jaligidagi o`ziga xosliklar, uning eng muhim tarmoqlari bo`lgan dehqonchilik va chorvachilikka bog`liq holda qayta ishlash sanoatini rivojlantirish imkoniyatlari keng ochib berilgan. Ammo ustoz tomonidan bundan 50 yil muqaddam asoslab berilgan Samarqand va Buxoro viloyatlari hududining, ayniqsa, ularning Qizilqum cho`li va Zarafshon vohasi o`zaro tutashgan qismlarida mavjud imkoniyat va salohiyatdan Faqat Vatanimiz Mustaqillikka erishgandan keyingina to`la foydalanish mumkin bo`ldi.
  Shuning uchun ham ushbu asarlarni hozir o`qigan kishi (ayniqsa, ko`ursatilgan viloyatlarda yashaydigan) beixtiyor o`zi yashab to`rgan hududning bundan 50 yil avvalgi iqtisodiy-geografik holatini ko`z oldiga keltirishi va uni hozirgi holat bilan bemalol taqqoslay olishi mumkin. Asar hozirgi vaqtda ham o`z ahamiyatini yo`qotmagan. Undagi ko`pgina ma’lumotlar, jumladan, aholi soni tobora ko`payib borayotgan Zarafshon vohasida qishloq xo`jaligini rivojlantirishda hisobga olinishi lozim bo`lgan omillar, tabiiy sharoit va qishloq xo`jaligining turli tarmoqlari o`rtasidagi bog`liqlikni aniq ifodalovchi ba’zi qonuniyatlar bugungi kunda ham dolzarb bo`lib qolmoqda.
  Z.Akramov 1962-yilda Zarafshon vohasida olib borgan kom­pleks iqtisodiy-geografik tadqiqotlarining hosilasi sifatida respublikamiz iqtisodiy geograflari o`rtasida birinchi bo`lib «geografiya fanlari doktori» ilmiy darajasini olishga erishdi. Olim O`zbekiston Fanlar Akademiyasining Geografiya bo`limiga rahbarlik qilish bilan birga yosh geograf olimlarni tayyorlash ishiga ham katta hissa qo`shgan. Shu maqsadda ustoz Toshkent Dav­lat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy Universiteti) geo­grafiya fakultetining iqtisodiy geografiya kafedrasida faoliyat olib borgan va 1966-1998-yillarda shu kafedraning professori bo`lgan.
  1970-yildan boshlab Z. Akramov O`zMU Geografiya fakulteti­ning iqtisodiy geografiya kafedrasiga mudir etib tayinlangan va 14 yil, ya’ni 1984-yilgacha ushbu lavozimda faoliyat olib bordi. Olim universitetda faoliyat ko`rsatgan vaqtida birinchilardan bo`lib nafaqat oliy ta’lim, balki o`rta umumta’lim maktablari uchun mo`ljallangan «O`zbekistonning iqtisodiy geografiyasi» darsligini yozgan. Ushbu darslikning keyinchalik to`ldirilgan va uzoq yillar davomida maktablarda foydalanib kelingan qayta nashrlari hammualliflikda yozilgan. Ammo shunday bo`lsa-da, Z. Akramovning nomi Respublikamizda iqtisodiy geografiyadan birinchi maktab darsligini yaratgan ustoz-olim sifatida zamonlar osha qolaveradi. Shuningdek, Z.Akramov Mustaqillik sharofati bilan O`zbekis­ton Milliy universiteti geografiya fakultetida 1993-yilda tash­kil etilgan «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» mutaxassisligi bo`yicha nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish maxsus kengashining birinchi raisi bo`lib, Respublikamizda yuqori malakali geograf mutaxassislar tayyorlash ishiga o`zining katta hissasini qo`shgan. 
  Z.Akramovning keng qirrali olim bo`lganligi uning yozib qoldirgan ko`p sonli ilmiy asarlaridan ham ma’lum. Ustoz 200 dan ortiq risola va ilmiy maqolalar muallifi. Bu o`rinda iqtisodiy geografiya, qishloq xo`jalik geografiyasi va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishga bag`ishlangan ko`plab risolalardan tashqari, tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va Orol dengizining ekologik muammolariga bag`ishlangan asarlarni ko`rsatish mumkin. Ular qatoriga «O`zbekistonda tabi­iy resurslardan foydalanish, ularni saqlash va qayta tiklash muammolari», «Farg`ona vodiysi», «Tabiat imkoniyatlari va hayot» (A. Xisomov bilan hammualliflikda), «Orolbo`yida ekologik muvozanatni tiklash», «Orol dengizi: hozir va kelajakda» va «Orol dengizining o`tmishi, hozirgi holati va kelajagi» (pro­fessor A. Rafiqov bilan hammualliflikda) kabi ko`plab asarlar kiradi.
  Z.Akramov keng miqyosli kompleks iqtisodiy-geografik tadqiqotlar olib borish bilan birga dunyoning turli mamlakatlariga sayohat qilib, o`zining chet el safarlari davomida qiziqarli tabi­iy, iqtisodiy va siyosiy-geografik kuzatishlarni ham amalga oshirgan. Olimning «Ispaniya sayohatidan lavhalar», «Yevropa bo`ylab», «Hindiston lavhalari», «Mustaqil Mag`rib mamlakatlarida (Tu­nis, Marokash, Jazoir)» kabi yozgan asarlarida uning nafaqat sayyoh, ko`zi bilan ko`rganlari, balki geograf-olim sifatidagi qiziqarli kuzatishlarining tahlili ham keltirilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, Z.Akramov o`zining Yevropa safarida, jumladan, Fransiyaga «O`zbek Magellani» professor H.Hasanov bilan birga borgan va Parijdagi Luvr muzeyi, Eyfel minorasi, Yelisey maydoni va boshqa ko`zga ko`ringan me’moriy obidalar hakida qiziqarli taassurotlarni yozib qoldirgan.
  Olim o`zi sayohat qilgan mamlakatlarning tabiati, xo`jaligi, aholisining turmush tarzi va asosiy mashg`ulotiga oid qiziqarli ilmiy xulosalarni keltiradi. Ayniqsa, Z.Akramovning o`zi tashrif buyurgan mamlakatlarning tashqi iqtisodiy va siyosiy aloqalariga oid ma’lumotlari kishining e’tiborini o`ziga tortadi. Ana shunga ko`ra, ustozni XX asrning 60-70-yillaridayoq O`zbekistonda ilk bor siyosiy-geografik yoki hozirgi zamon tili bilan aytganda geosiyosiy tadqiqotlarni amalga oshirgan dastlabki geograf olim, deb aytish mumkin.
  Z.Akramovning Respublikada ilm-fanni rivojlantirishga qo`shgan hissasi munosib tatdirlangan. Olim bir guruh iqtisodchilar bilan bir qatorda O`zbekistonda ishlab chiqarish kuchlarini oqilona hududiy joylashtirish va respublika iqtisodiyotini kompleks ri­vojlantirish borasidagi ilmiy tadqiqot loyihasi uchun 1977-yilda Beruniy nomidagi _O`zbekiston Davlat mukofoti sovrindori bo`ldi. 1983-yilda esa Z.Akramovga «O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni berilgan.
  Z. Akramov 2003-yil 8-mayda vafot etgan. Olim uzining ijodiy hayoti davomida 30 ga yaqin fan nomzodi va fan doktorlarining ilmiy ishlariga rahbarlik qilib, O`zbekiston iqtisodiy geografiya maktabini yaratdi va uni rivojlantirishga katta hissa qo`shdi. Ustoz asos solgan ilmiy maktabning vakillari hozirgi vaqtda vatanimizning turli burchaklarida va iqtisodiyotning turli sohalarida mehnat qilib, uning boshlagan ishlarini davom ettirib kelmoqdalar.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.