Yuklanmoqda...

Murod Mamatqulov


MUROD MAMATQULOV
(1932-2018) 

2018-yilning 13-oktyabri… O‘zbek geografiyasi yana bir og‘ir judolikka uchradi. Keng kitobxonlar ommasiga o’rta umumta’lim maktablarining 7-sinfi uchun chop etilgan "Geografiya” darsligi hamda "Tabiat mo‘jizalari” risolasi orqali yaxshi tanish bo‘lgan taniqli olim, yetuk aql-u idrok va mustahkam iroda, yuksak insoniy fazilatlar sohibi, O’zbekiston geomorfologiyasining ustunlaridan biri, geografiya fanlari doktori, professor Murod Mamatqulov 87 yoshida vafot etdi.

Geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi, geografiya fanlari doktori, professor Murod Mamatqulov 1932-yilning 16-dekabrida Jizzax viloyati Jizzax tumani Toshkentlik mahallasida tug‘ilgan.

M.Mamatqulov 1949-yili Jizzax tumanidagi 8-umumiy ta’lim maktabining 10-sinfini tugatib, shu yili Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining geologiya-geografiya fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1954-yilda tugatgan.

1955-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli geologiya (hozirgi H.M.Abdullayev nomidagi geologiya va geofizika) institutining aspiranturasiga kirgan. Aspiranturada mashhur olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Yuriy Aleksandrovich Skvorsov rahbarligida "G‘arbiy Tyanshan tog‘lari baland mintaqasining relyefi va to‘rtlamchi davr yotqiziqlarining kelib chiqish tarixi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi ustida ish olib borgan, uni 1961-yilda muvafaqqiyatli himoya qilgan va geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan.

1960-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasida ochilgan gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi institutiga ishga o‘tib, kichik va katta ilmiy xodim, institut ilmiy kotibi, bo‘lim va laboratoriya mudiri lavozimlarida ishlagan.

1963-yilda M.Mamatqulovga geomorfologiya ixtisosligi bo‘yicha katta ilmiy xodim unvoni berilgan.

M.Mamatqulov 1983-yilda Ozarbayjon Fanlar akademiyasi geografiya institutida "O‘rta Osiyo karsti va uning morfogenetik tahlili” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va unga geografiya fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan.

1985-yilda M.Mamatqulov Toshkent davlat universiteti (ToshDU) professori lavozimiga ishga o‘tgan, 1987-yilda mazkur universitetning Tabiiy geografiya kafedrasi mudirligiga saylangan. 1988-yilda M.Mamatqulovning tashabbusi bilan ToshDU da ekologiya va tabiatni muhofaza qilish fakultetlararo kafedrasi ochilgan va olim unga 1988-1989-yillarda rahbarlik qilgan.

1989-yilda M.Mamatqulovga professorlik ilmiy unvoni berilgan.

Murod Mamatqulov 1989-yildan 2001-yilgacha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedogogika universiteti (TDPU) Tabiiy geografiya kafedrasi mudiri va professori lavozimlarida ishlagan. 2001-yilning noyabridan boshlab to 2016-yilgacha qariyb 15 yil mobaynida olim yana Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) Geografiya fakulteti Tabiiy geografiya kafedrasi professori lavozimida mehnat qildi.

M.Mamatqulov O‘zMU geografiya fakultetida malakali geograf mutaxassislar tayyorlashda samarali mehnat qildi. U bakalavr va magistrlarga "O‘rta Osiyo tabiiy geografiyasi”, "Tabiiy geografik jarayonlar”, "Toponimika”, "Geografik qobiq haqida ta’limot”, "Tabiiy geografiyaga kirish”, "O‘zbekiston tabiiy geografiyasi”, "Geologiya”, "Geomorfologiya”, "O‘rta Osiyo geomorfologiyasi”, "To‘rtlamchi davr paleogeografiyasi” kabi fanlardan ma’ruzalar o‘qidi, malakaviy bitiruv ishlari, magistrlar, katta ilmiy xodim – izlanuvchilarning doktorlik dissertatsiyalariga va talabalarning o‘quv dala amaliyotlariga rahbarlik qilib, ularga dala tadqiqot ishlari olib borishga o‘rgatdi.

M.Mamatqulov o‘zining ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyati davrida 500 dan ziyod ilmiy, ilmiy-metodik va ilmiy ommabop ishlar yozgan, bulardan 480 dan ziyodi chop etilgan, qolganlari qo‘lyozma holida. Ular O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti fondida saqlanmoqda. Chop etilgan ishlar ichida 6 ta monografiya, 16 ta risola, 5 ta oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv qo‘llanmalar, oliy o‘quv yurtlari talabalarining tabiiy geografiyadan o‘quv amaliyotini o‘tkazish uchun metodik ko‘rsatma, 2 ta umumiy ta’lim maktablari uchun o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirg‘iz, tojik tillarida nashr etilgan darsliklardir. M.Mamatqulovning ilmiy ishlari xorijiy mamlakatlar (Angliya, Fransiya, Vengriya, Rossiya, Ukraina, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkmaniston) da ingliz va rus tillarida chop etilgan.

M.Mamatqulov bir guruh kasbdoshlari (A.A.Rafiqov, G.F.Tetyuxin,  V.N.Pushkarenko, Sh.Xo‘jaev, N.N.Hojiboyev, A.Soatov) bilan hamkorlikda tayyorlagan O‘zbekiston geografik atlasining (1982-y.) 1-jildidagi "Muhim relyef hosil qiluvchi jarayonlar” (masshtabi 1:2500000) xaritasi 1983-yilda nashr etilgan. Bundan tashqari M.Mamatqulov "O‘rta Osiyo va Janubiy Qozog‘istonning ekzogen geologik jarayonlari” (masshtabi 1:1000000), umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun O‘zbekiston geografik atlasiga (1999-2001-yy.) kiritilgan "Geomorfologik xarita” (masshtabi 1:6000000) xaritalarni tuzishda qatnashgan.

M.Mamatqulov xalqaro, sobiq Ittifoq, O‘zbekiston miqyosidagi London, Budapesht, Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev, Qozon, Perm, Tbilisi, Suxumi, Ufa, Simferopol, Vladivostok, Almati, Ashxobod, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Termiz, Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan 60 dan ortiq ilmiy-amaliy, ilmiy texnika anjumanlarida o‘z ma’ruzalari bilan qatnashgan. 1979-yilda uning tashabbusi bilan Toshkent shahrida "O‘rta Osiyo va tog‘li o‘lkalar karsti”ga bag‘ishlangan Butunittifoq anjumani o‘tkazilgan.

M.Mamatqulov "Fan va turmush”, "Guliston” jurnallarida hamda respublikamizda chiqqan gazetalarda ko‘plab maqolalar e’lon qilgan va ular orqali keng kitobxonalar ommasini geologiya va geografiya fanlari yutuqlari bilan tanishtirgan. U O‘zbek Sovet va O‘zbekiston Milliy ensiklopediyalarida 200 dan ziyod maqolalari bilan qatnashgan.

Samarali ilmiy, ilmiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy ishlarda faol qatnashganligi uchun M.Mamatqulov bir necha marta O‘zbekiston Respublikasi Fanlari akademiyasi, Ittifoq va O‘zbekiston Respublikasi geologiya vazirliklari, O‘zbekiston Milliy universitetining "Faxriy yorliqlari” hamda Sobiq SSSR geologiya vazirligi tomonidan "Yer bag‘rini razvedka qilish a’lochisi”  va "Shavkatli mehnat” medali bilan taqdirlangan.

M.Mamatqulov Y.A.Skvorsov, G‘.O.Mavlonov, B.A.Budagov, N.Sh.Shirinov, N.A.Kogay, N.N.Xojiboyev, O.Y.Poslavskayalarni o‘zining ustozlari deb bilar edi.

M.Mamatqulov o‘zining ilmiy faoliyati davrida (1955-1960-yillar) G‘arbiy Tyanshanning baland tog‘ relefining kelib chiqishi, to‘rtlamchi davr yotqiziqlarining shakllanishi, qadimgi va hozirgi zamon muzliklari va yangi tektonik xarakatlari kabi muammolarini ishlab chiqqan.

1961-1965 yillar O‘rta Osiyo hududining katta qismini egallagan Sirdaryo, Farg‘ona va Zarafshon artezian havzalari yer osti suvlarining shakllanishi muammosi ustida bir guruh gidrogeolog olimlar (A.N.Sultonxo‘jaev, D.S.Ibrahimov, X.R.Do‘stxo‘jaev, E.E.Egemberdiyev) bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib borib, mazkur artezian havzalari yer osti suvlarining shakllanishida ularning geomorfologik tuzilishi va tabiiy geografik sharoitining rolini o‘rgangan.

1966-1968 yillarda Oloy, Turkiston, Chotqol va boshqa tog‘ tizmalaridagi neogen-to‘rtlamchi davrida kelib chiqqan qadimgi muzliklar qoldirgan relyef shakllari va yotqiziqlarini o‘rganib, muzliklar qoldirgan yotqiziqlarni O‘rta Osiyoning tog‘oldi va tekislik qismlaridagi oqar suv va boshqa tabiiy geografik jarayonlar ishi natijasida hosil bo‘lgan yotqiziqlari bilan bog‘lagan. Bu borada M.Mamatqulov tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar va ilmiy xulosalar O‘rta Osiyo to‘rtlamchi davr yotqiziqlarini stratigrafik tizimini tuzishda katta rol o‘ynagan.

1972-yilda M.Mamatqulov tashabbusi bilan gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi institutida karstshunoslik va g‘orshunoslik laboratoriyasi tashkil qilingan. Karstshunoslik va g‘orshunoslik fanlari o‘sha yillarda O‘rta Osiyo uchun yangi yo‘nalish hisoblangan. Laboratoriyada M.Mamatqulov rahbarligida bir nechta yosh odamlar (M.Yusupov, M.Xoshimov, A.Olimov, I.Otajonov, K.Oripov, A.Nizomov va boshqalar) ilmiy ish olib borib, bu fanlarni O‘zbekistonda rivojlanishiga katta hissa qo‘shishgan, bazilari geologiya-mineralogiya va geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajani olishga muvofiq bo‘lishgan.

Karst jarayonlarining nazariy va amaliy ahamiyatlarini inobatga olib, M.Mamatqulovning shaxsiy ishtirokida va rahbarligida bir qancha muammolar hal qilingan. Bulardan eng muhimlari quyidagilardir:

- O‘rta Osiyo va O‘zbekiston hududlarida karstlanuvchi tog‘ jinslari va karst jarayonlarini tarqalish xaritasi (1:2500000, 1:500000 masshtablarda) tuzilgan;

- O‘rta Osiyoda tarqalgan karst jarayonlari va karst relyef shakllarining morfologenetik klassifikatsiyasi yaratilgan;

- O‘rta Osiyo misolida karst jarayonlarining tarqalish va taraqqiy etish qonuniyatlari ishlab chiqilgan;

-   O‘rta Osiyo hududida 1800 ga yaqin yer osti karst bo‘shliqlari (karst g‘orlari, quduqlari, shaxtalari) mavjudligi aniqlangan;

- O‘zbekistonning tog‘oldi va tekislik qismlarida yer yuzasidan turli chuqurliklarda shakllangan bir qancha karstlangan suvli gorizontlar borligi aniqlangan va ularning tarqalish xaritasi tuzilib, bu borada ish olib boruvchi tashkilotlarga tavsiyanomalar berilgan;

- O‘rta Osiyoning tog‘li va tog‘oldi mintaqalarida ko‘plab yer osti karst bo‘shliqlaridan chiqayotgan buloqlar borligi aniqlangan, ularning joylanishi, suvining sarfi, rejimi, harorati, kimyoviy tarkibi va boshqa xususiyatlari o‘rganilgan va ulardan foydalanish maqsadida tegishli tashkilotlarga tavsiyanomalar berilgan; 

- O‘rta Osiyo hududida topilgan va tekshirilgan bir qancha yer osti karst bo‘shliqlarida marmar oniksi, oltingugurt, aragonit, boksit, mumiyo singari kelib chiqishi karst jarayonlari bilan bog‘liq foydali qazilmalar borligi aniqlangan va ulardan foydalanish tavsiyanomalari ishlanib, bunday foydali qazilmalarni qidiruvchi tashkilotlarga topshirilgan;

- O‘zbekiston yer osti karst bo‘shliqlaridan turizm va boshqa maqsadlarda foydalanish va ulardan foydalanishda muhofaza qilish ishlariga asosiy e’tiborni jalb etish masalalari ishlab chiqilgan;

- O‘rta Osiyoda suffozion jarayonlarning tarqalishi, ularning tarqalishi va taraqqiy etishidagi asosiy omillar hamda ularni o‘rganish va xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida salbiy ta’sirini bartaraf etish uchun tavsiyanomalar ishlab chiqilgan.

M.Mamatqulov nafaqat olim, balki oilaparvar inson, namunali ota va nevaralarining sevimli bobojoni ham edilar. Ustozning oxiratlari obod bo’lsin!
 
Mirali Mirakmalov,
O’zbekiston Milliy universiteti Tabiiy geografiya kafedrasi mudiri,
geografiya fanlari nomzodi, dotsent,
Muxriddin Avezov,
O’zbekiston Milliy universiteti Tabiiy geografiya kafedrasi magistranti

Внимание! Если Вы нашли ошибку в тексте, выделите её и нажмите Ctrl+Enter для уведомления администрации.

Комментарии

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив


To Top