Potihkamol G`ulomov 

6 175

G`ulomov Potihkamol Nosirovich
O’zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakulteti Tabiiy geografiya va geografiya ta’limi metodikasi kafedrasi dotsenti  
  O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi Potihkamol Nosirovich G`ulomov geografiya sohasida ko’zga ko’ringan olimlardan. Uning tabiiy geografiya, geografiya ta’limi va uning metodikasi, tabiatdan foydalanish va uni muhofaza qilish, geografik terminologiya va toponimika  sohalaridagi yaratilgan asarlari respublikamiz va chet mamlakatlardagi taniqli mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan. Uning  umumiy mehnat staji 53 yil, pedagogik staji 43 yil.
 Potihkamol Nosirovich G`ulomov 1932-yil 7-sentyabrda Toshkent shahrining Arpapoya dahasida ma’rifatli oilada tug`ilgan. 
 Potihkamol G`ulomovning otasi Nosir (Nasrullo) G`ulomov ziyoli, tarix o’qituvchisi bo’lgan. Onasi Qoriya Temirova "Sharq tongi” fabrikasida tikuvchilik qilgan. 
 P.N.G`ulomov 1947-yili umumiy ta’lim maktabining 7-sinfini tugatib, Toshkent shahar Pedagogika bilim yurtiga o’qishga kirdi va 1951-yilda bilim yurtini tugatdi, o’sha yili Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutining Geografiya fakultetiga o’qishga qabul qilindi. Potihkamol G`ulomov yoshligidanoq tabiiy fanlarga juda qiziqqan va ko’p o’qigan. 1955 yilda institutni bitirgandan keyin Toshkent shahridagi 73-o’rta maktabda uch yil davomida geografiyadan dars berdi. 1956-yildan 1960-yilgacha "O’quvpeddavnashr” nashriyotida tarix va geografiya tahririyatida muharrir, katta muharrir lavozimlarida ishladi. 
 1961-yildan 1964-yilgacha P.N.G`ulomov Moskva Davlat universiteti Tabiiy geografiya kafedrasida aspiranturada o’qidi. 1964-yilning yanvaridan boshlab Toshkent Davlat universiteti Geografiya fakulteti Ilmiy-tadqiqot bo’limida kichik ilmiy xodim bo’lib ishlay boshladi. 1966 yili MDU Geografiya fakulteti Ilmiy Kengashida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1967-va 1968-yillarda O’zbek Sovet ensiklopediyasi nashriyotida ma’sul kotib bo’ldi. 1968-yil 1-sentyabrdan yana ToshDU Geografiya fakultetiga qaytib, Tabiiy geografiya kafedrasida katta o’qituvchi, 1973-yildan 1986-yilgacha dotsent bo’lib ishladi. 1986-yildan 2005-yilgacha Geografiya ta’limi metodikasi kafedrasini boshqardi. Hozir geografiya va geografiya ta’limi metodikasi kafedrasida dotsent lavozimida mehnat qilmoqda. 
 1967-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan olim 1986-2004-yillarda geografiya o’qitish metodikasi kafedrasi mudiri, 2004-yildan esa  tabiiy geografiya va geografiya ta’limi metodikasi kafedrasi dotsenti lavozimlarida faoliyat ko’rsatib kelmoqda. P.N.G`ulomov metodist olim sifatida oliy va o’rta maktab hamda kasb-hunar kollejlari uchun 8 ta darslik, 19 ta o’quv qo’llanma, 8 ta metodik qo’llanma, 30 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. Chop etilgan ilmiy ishlarining umumiy soni 200 dan ziyod. P.N.G`ulomovning ilmiy va o’quv adabiyotlarini o’zbek tiliga tarjima qilish, geografik bilimlarni keng ommaga yoyish borasidagi hizmatlari ham tahsinga loyiq. Jumladan, umumta’lim maktablari va oliy o’quv yurtlari uchun chiqarilgan 19 ta darslik va o’quv qo’llanmalar olim tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan, 24 ta darslik va o’quv qo’llanmaga mas’ul muharrirlik qilgan, uning O’zbekiston Milliy ensiklopediyasida geografiyaga oid 520 dan ortiq maqolasi e’lon qilingan. Shu bilan birga P.N.G`ulomov O’zbekiston geografik atlasining birinchi jildi (1982), umumiy ta’lim maktabalari uchun O’zbekiston geografik atlasi (1999), 5-7-sinflarning o’quv atlaslarini yaratishda (2000-2006) faol ishtirok etgan.    
 Olim tomonidan nashr etilgan "Geografiya va tabiatdan foydalanish”, "Inson va tabiat”, "Umumiy yer bilimi”, "Toponimika va geografik terminologiya”, "Tabiatdan foydalanishning geografik asoslari”, "O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi”, "O’zbekiston tabiiy geografiyasi” singari  darslik va o’quv qo’llanmalari oliy o’quv yurtlari uchun alohida ahamiyatga ega.
  P.N.G`ulomov tomonidan umumta’lim maktablarining 5-7-sinflari uchun tayyorlangan geografiya darsligi respublika tanlovida (tenderda) g`olib deb topilib, maxsus diplom bilan taqdirlangan hamda amalda darslik sifatida foydalanilmoqda.  Olim rahbarligida 2 nafar fan nomzodi tayyorlangan va 2 ta nomzodlik ishi tayyorlanmoqda.   
P.N.G`ulomov geografiya yo’nalishi bakalavrlari va magistrlariga tabiiy geografiya va geografiya o’qitish metodikasi fanlaridan yuqori saviyada ma’ruzalar o’qiydi. Bundan tashqari, magistrantlarga maxsus kurslardan zamonaviy yangi pedagogik texnologiyaga tayangan holda dars olib boradi.
 Olim jamoat ishlarida faol qatnashib keladi. Xususan, universitetda va fakultetda muntazam o’tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, talabalar turar joylarida tashkil etiladigan ta’lim va tarbiyaga oid suhbatlarida uning faol ishtiroki sezilib turadi. 
 P.N.G`ulomov o’zining kamtarinligi, ayni paytda fidoyi, jonkuyar ustoz olim va ilmiy–ijodkorlik qobiliyati bilan respublikamiz geograf olimlari hamda ziyolilari orasida hurmat qozongan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.