O‘rta Osiyo tog‘larining iqlimi 

7 327

O‘rta Osiyo iqlimiga xos bo‘lgan eng muhim sifatlar: quyoshli kunlarning ko‘pligi, iqlimning issiqligi, kontinentallik va qurg‘oqchilik o‘lkaning asosiy qismini egallagan tekisliklarda yaqqol ko‘rinadi.

O‘rta Osiyoning sharqi, janubi sharqi va janubida joylashgan tog‘larda ularning balandligi, yonbag‘irlarning quyoshga, asosiy shamollarga nisbatan joylashuvi, tog‘ vodiylarining tor va kengligi, tog‘ning chekka yoki ichki qismida joylashganligi kabi xususiyatlar ta’sirida iqlimiy sharoit tekisliklardagiga nisbatan farq qiladigan xususiyatlarga ega.

Balandlik ortishi bilan havoning tiniqligi oshadi, havo bosimi pasayadi, quyoshning nurli energiyasi ortadi, havo harorati esa pasaya boradi, namlik va yog‘in-sochin ko‘payadi. Tog‘larning turli yonbag‘irlarida iqlim va ob-havo elementlarining o‘zgarishi turlicha. Тog‘lar janubiy va g‘arbiy havo oqimlarini to‘sib, ularni yonbag‘irlar bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilishga majbur etadi. Ko‘tarilayotgan havo soviydi, nisbiy namligi oshib, bulut ko‘payadi, yog‘ingarchilik bo‘ladi. Bu tog‘larning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy yonbag‘irlarida yaqqol ko‘rinadi. Tog‘larga yaqinlashgan sari yog‘in-sochin miqdori ortib boradi.

Тog‘larda qish davri uzoq, yoz qisqaroq bo‘ladi. Baland tog‘larda qor ko‘p yog‘ib, uzoq saqlanadi. Tog‘ vodiylarida va yonbag‘irlarida tog‘-vodiy shamoli esadi. Bu shamol kunduzi vodiy bo‘ylab pastdan yuqoriga esib, issiq havo keltirsa, kechasi yuqoridan pastga esib, salqin havo olib keladi. Shu sababli tog‘ vodiylarida kechalari salqin bo‘ladi. Lekin tog‘li joylarning hammasida ham tekisliklarga xos bo‘lgan asosiy iqlimiy xususiyatlar, umuman, saqlanib qoladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.