O‘rta Osiyo iqlimi. Iqlimga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar
O‘rta
Osiyoning iqlimi juda rang-barang. O‘lkaning shimoliy qismida hali qish hukmron
bo‘lib turgan vaqtda uning janubida va tog‘ oralig‘idagi vodiylarda daraxtlar
gullab, bahor fasli boshlangan bo‘ladi. O‘rta Osiyo o‘lkasidagi iqlimiy
sharoit, asosan, quyidagi omillar ta’sirida vujudga kelgan: joyning geografik
o‘rni va Quyosh radiatsiyasi, havo massalarining harakati, joyning relyef
tuzilishi.
O‘lkaning
geografik o‘rni va Quyosh radiatsiyasi. O‘rta Osiyo Yevrosiyo materigining deyarli qoq markazida joylashgan. Bu uning aynan shu kenglikda joylashgan boshqa hududlarga nisbatan Quyoshdan ko‘proq radiatsiya olishiga sabab bo‘ladi.
Quyoshning
yer yuziga tushadigan nur energiyasi va issiqligi Quyosh radiatsiyasi deb ataladi.
Quyosh radiatsiyasining miq dori muayyan vaqt mobaynida 1 sm.kv yer yuzasiga kaloriya miqdorida tushgan nurli
energiya bilan ifodalanadi.
Quyosh
radiatsiyasining yer yuzasida taqsimlanishi geografik kenglikka bog‘liq, chunki
quyosh nurlarining yer yuzasiga qanday burchak ostida tushishi hamda turli
yerlarda kunning uzoqligi geografik kenglikka bog‘liq. Quyosh nurlari yer yuzasiga
qancha tik tushsa, xuddi shu joy muayyan vaqtda ko‘p issiqlik oladi.
O‘rta Osiyo
shimoliy va janubiy qismlari o‘rtasidagi kunning uzunligidagi eng katta farq
yozgi va qishki quyosh tushishi kunlariga to‘g‘ri keladi. Masalan, dekabrning
oxirida o‘lkaning chekka janubiy qismlarida kun shimolga nisbatan taxminan 1
soat-u 10 minut uzun, iyun oyining oxirida esa, aksincha, 1 soat-u 50 minut
qisqa bo‘ladi.
Joyning
geografik kengligi shu hududda joylashgan yer yuzasiga tushishi mumkin bo‘lgan
quyosh energiyasi miqdorini belgilaydi. Lekin quyoshdan keladigan energiyaning
hammasi ham yer betiga yetib kelmaydi. Uning 20 foizga yaqin qismi yer yuziga
tushmay, havo qobig‘idan yana fazoga qaytib ketadi. Quyosh nurlarining bir
qismini havodagi suv bug‘lari, changlar, shuningdek, bulutlar yutadi va
tarqatib yuboradi. Natijada atmosferada tarqoq radiatsiya vujudga keladi.
Quyoshdan
yer betiga bevosita yetib kelgan radiatsiya to‘g‘ri radiatsiya deyiladi. Yer
yuziga to‘g‘ri radiatsiya ham, tarqoq radiatsiya ham tushadi. Yer yuzasiga tushadigan tarqoq radiatsiya
bilan to‘g‘ri radiatsiya birgalikda yalpi radiatsiya deb ataladi. Yalpi
radiatsiya Qoraqum cho‘lining janubida 1 sm.kv
yuzada 150 kkal issiqlikka teng. Yalpi radiatsiya shimolga tomon kamayib
boradi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.