Afg'oniston Islom Respublikasi 

7 355

  Afg'oniston  Islom Respublikasi Yevrosiyo materigi ichkarisida joylashgan bo`lib, Eron, Turkmaniston, O'zbekiston, Tojikiston va Pokiston davlat­lari bilan chegaradosh. Ma’muriy jihatdan 29 viloyatga bo'linadi. Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat - Loyya Jirg'a va Milliy Kengash. Davlat boshlig'i — Prezident.
  Relyefi tog'li. Iqlimi shimolda kontinental, janubda tropikdan subtropikkacha o'zgarib boradi. Tabiiy boyliklari yetarli o'rganilgan emas.
  Aholi soni 32,7 mln. kishi, zichligi 1 km.kv ga o'rtacha 48 kishi. Har 1000 kishiga tug'ilish 37 va o'lim 19 kishidan to'g'ri keladi Ahoining 0-15 yoshdagilari 43%, 65 va undan yuqori yoshdagilari 3% ni tashkil qiladi. O'rtacha umr erkaklarda 43, ayollarda 42 yoshga teng. Aholisining 22,9%i shaharlarda yashaydi. 
  Aholisi ko‘p millatli. Asosiy millat vakillari bo`lgan pushtunlar bilan bir navbatda tojiklar, o'zbeklar, turkmanlar, xazorliklar va boshqalar istiqomat qiladilar. O‘zbeklar shimoliy va shimoli-g'arbiy provinsiyalarda, tojiklar shimoliy va shimoli-sharqiy provinsiyalarda keng tarqalgan. Turkmanlar Badxiz provinsiyasida, xazorliklar Bomiyon va Hirot provinsiyalarida istiqomat qiladilar.
  Xo‘jaligi. 1979-yildan boshlab deyarli 10 yil davom etgan fuqarolar urushi tufayli, achinarli ahvolga tushib qolgan. YIMning 36% I qishloq xo`jaligida, 24% I sanoatda, 39% I xizmat ko`rsatish sohasida ishlab chiqariladi. YIM 2012-yilda 40,7 mlrd. AQSH dollarni tashkil etdi (sotib olish paritetini hisobga olganda). 
  Sanoat tarmoqlaridan neft qazib olish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil va oziq-ovqat tarmoqlariga tegishli korxonalar Kobul, Mozori-Sharif, Maymana, Qunduz va boshqa shaharlarda faoliyat ko'rsatmoqda.
  Hozirgi vaqtda xalqaro hamjamiyat ajratgan moliyaviy yordamlar asosida zamonaviy sanoat korxonalar qurilmoqda.
  Qishloq xo'jaligining asosini sug'orma dehqonchilik tashkil etadi. Keyingi yillarda yuz bergan siyosiy beqarorlik ekinlar tarkibiga salbiy ta’sir ko'rsatmoqda. Sug'orma yerlarning katta maydonlarida norasmiy guruhlar tomonidan ko‘knori o'stirilib, qoradori va geroin ishlab chiqarish uchun asos tayyorlanmoqda. Afg'onistonning keyingi yillarda qora dori va geroin yetkazib berish bo'yicha yetakchilikni qo'ldan bermay kelayotganligi qo'shni davlatlar, shu jumladan O'zbekistonda ham notinchlik keltirib chiqarmoqda.
  Umuman olganda, dehqonchilikda boshoqli ekinlar va paxta ekish, meva va uzum yetishtirish muhim rol o'ynaydi. Chorvachilik ekstensiv xususiyatga ega. Qo'ychilik va echkichilik birmuncha yaxshi rivojlangan.
  Transport tarmoqlari ichida avtomobil transporti muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki tashilgan barcha yuk va yo'lovchilarning aksariyat qismi aynan avtomobil transportiga to'g'ri keladi. Keyingi yillarda О zbekiston quruvchilari yordamida kо`plab daryolarda buzilgan kо`priklar qaytadan tiklandi. Undan tashqari bir qator yangi ko'priklar ham barpo qilindi. Havo transporti endi-endi rivojlantirilmoqda. Mamlakatning Kobul, Mozori-Sharf, Qandahor va Hirot shaharlarida aeroportlar ishlab turibdi.
  Afg'oniston O'zbekiston bilan о`zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga intilmoqda. Bu o'rinda qator ishlar ham amalga oshirilganligini ta`kidlab o'tish zarur (shimoliy hududlami yoqilg'i, elektroenergiya va suv bilan ta’minlash va boshqa tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda). 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.