Villem Rubruk 

5 289

Villem Rubruk
(1215-1291)
  Turli manbalarda fransuz sayyoh, deb tilga olinadigan Villem Rubruk (asli ismi - Giyom de Rubruk) 1215-yilda hozirgi Belgiyaning Flandriya o`lkasida tug`ilgan. Manbalarga ko`ra, sayyoh fran­suz qiroli Lyudovik IX ning xizmatida bo`lib, yettinchi salib yurishi davrida uni kuzatib borgan va o`sha davrdagi barcha vokealarni qog`ozga tushirgan.
  XIII asrda mo`g`ullarning Yevropaga solgan tahdidi natijasida Fransiya qiroli Lyudovik IX Mo`g`uliston bilan hamkorlik aloqalarini o`rnatish harakatiga tushgan. Fransuzlar o`sha paytdagi Mo`g`ul imperiyasida yashaydigan nasroniylarni qidirib topish va ular orqali Mo`g`uliston bilan hamkorlik o`rnatishga umid qilishardi. Fransuzlarning bunday yo`l tutishlarining o`ziga xos sababi bor. Chunki o`sha vaqtlarda Yevropa mamlakatlarida «Osiyoning ichkari qismlarida qudratli nasroniylar davlati - Ioann Resviter mamlakati borligi» haqida turli rivoyatlar tarqalgan edi. Ammo o`sha paytdagi geografik manbalarda ushbu afsonaviy mamlakatning aniq geografik o`rni haqida biror tayinli ma’lumot bermay, birida uni Hindiston shimolida deyilsa, boshqasida Markaziy Osiyoning ichkari qismida, deya ta’kidlanardi.
  Shu maqsadda 1253-yili fransuz qiroli Lyudovik IX eski qadrdoni, salib yurishidan keyin Suriyadagi ibodatxona rohibiga aylangan Villem Rubrukni Mo`gulistonga elchi qilib jo`natgan. Uning sayohati O`rtayer dengizida suzish bilan boshlanib, Qora dengizga o`tgan va quruqlikda Qrim orqali davom etdi. Sayyoh Qrimdan Sharqiy Yevropa tekisligida o`sha vaqtlarda yashagan ko`chmanchi qichoqlarning yerlariga, undan Volgabo`yi va Janubiy Ural orqali mo`g`ullarning yerlariga yetib borgan ham. Rubruk bu yerlarda nasro­niylarni uchratishga umid qilgandi. Ammo deyarli hamma yerda urug`-qabila munosabatlari ustun bo`lgan mo`g`ullar, aniqrog`i, qipchoqlar yashashiga guvoh bo`lgan.
 XIII asrning yarmiga kelib mo`g`ullar ham atrofdagi, jumladan, Yevropa mamlakatlaridagi davlatlar bilan aloqalar o`rnatishni istab qolgandi. Shu bois, Rubruk sayohatining norasmiy harakterga ega ekanini qayta va qayta ta’kidlashiga qaramasdan, Mo`g`ulistonda uni fransuz qirolining mo`g`ullar bilan tinchlik shartnomasini tuzishga kelgan elchisi sifatida qabul qilishgan. Bu esa sayyohning mo`g`ul yerlari bo`ylab turli safarlar uyushtirishi uchun qulay imkoniyat yaratdi.
  Jumladan, Rubruk Botuxonning ko`chma chodirida bo`lgan va u yerdan o`sha vaqtlardagi Mo`g`ulistonning yangi poytaxti Qora`urum shahriga yo`l oldi. Sayyoh o`z safari davomida Mo`g`ulistondagi turli tabaqa vakillari, hatto, mo`g`ul xoni Xulaguxon bilan suhbatda bo`lgan. U o`zi bo`lgan shahar va qishloqlardagi aholining hayoti, bu joylarning tabiati, geografiyasi va aholisining urf-odatlari bilan qiziqdi. Villem Rubruk yevropaliklardan birinchi bo`lib Kaspiy dengizining mustaqil yopik suv havza ekani, uning O`rtayer dengizi va boshqa shimoliy dengizlar bilan bog`lanmaganligi haqida yozgan.
  V.Rubruk mo`g`ullar va qipchoqlarning etnografik xususiyatlari, turmush tarzi, mo`g`ullar hukmronlik qilgan hududlaridagi aholining urf-odatlari, diniy marosimlari haqida qator qiziqarli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Yevropalik geograflarning Xitoyda yashaydigan «serlar» va «qataylar» ikki qabila, degan fikrlari noto`g`riligini ko`rsatib, ularning aslida Xitoy xonligining asosiy aholisi bo`lgan bitta halk ekanini isbotlab bergan.
  V.Rubruk Osiyoning ichkarisidagi nasroniylar davlati haqidagi afsonaning asossiz ekanini isbot qilishga urindi. Ammo mazkur cho`pchakka ishonish sayyoh, yashagan davrdan keyin ham bir qancha vaqt yevropaliklar o`rtasida saqlanib qolgan. Sayyoh ikki yilcha Mo`g`ulistonda yashagach, 1255-yilda Volgabo`yi, so`ng hozirgi Ozarbayjon va Eron orqali Suriyaga, o`zi xizmat qilgan ibodatxonaga qaytib keldi.
  Sayyoh Suriyada biroz bo`lgach, ikkinchi sayohatiga chiqish taraddudiga tushib qoldi. Ammo ibodatxona bosh rohibi Rubrukka buni man qilib, qirol uchun ikki yillik sayohatining batafsil hisobotini tayyorlashni buyurgan. Buning natijasida yevropaliklar o`sha vaqtda Osiyoning katta qismini egallagan mo`g`ullar hukmronlik qilgan hududlardagi yerlarning geografik tasviri, aholisining turmush tarzi, urf-odat va an’analariga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo`lishgan.
  Manbalarda yozilishicha, keyinchalik V.Rubruk o`rta asrlarning buyuk olimi Rojer Bekon bilan bir necha bor suhbatda bo`lib, undan o`zining Osiyoga safari bo`yicha yozgan asariga oid qimmatli maslahatlar olgan. O`z navbatida Rojer Bekon ham o`z asarlarida bir necha bor V.Rubrukning sayohatiga murojaat qilgan.
  Rubrukdan keyin Osiyoga borgan yevropalik sayyohlar o`z sayohatlarini flandriyalik rohib yo`nalishi bo`ylab tashkil etishgan. Jumladan, Marko Poloning Sharqiy Osiyoga sayohat qilgan otasi va amakisi ham Villem Rubruk yo`nalishi bo`ylab harakatlanib, Qrimdan Kavkazga, so`ng Kaspiy dengizining shimoli orqali Buxoro tomonga yo`l olishgan.
  Villem Rubruk Osiyoning ichkari qismlariga sayohat qilgan birinchi yevropalik sayyoh hisoblanadi. Uning qoldirgan safar hisoboti o`sha davrdagi Sharqiy Yevropa, Janubiy Ural, O`rta Osiyo va Xitoyning ba’zi hududlari geografiyasi, tarixi va etnografiyasiga oid qimmatli manbadir.
  Belgiyaliklar, ayniqsa, Flandriya o`lkasi aholisi o`zlarining sayyoh hamyurtlariga katta ehtirom bilan qarashadi. Mazkur mamlakatda har yili bir marta o`tkaziladigan «Tarixiy kecha» dasturi doirasida mamlakatning ko`plab shahar va qishloqlarida V.Rubruk xotirasiga, uning hayoti, jumladan, Osiyo sayohatiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazish odat tusiga kirgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.