Marko Polo 

16 738

Marko POLO

 

(1254-1324)
   Har bir chet ellik sayyohga katta shubha bilan qaralgan XII-XIII asrlarda Yevropadan Osiyoga kelib savdo ishlarini ustalik bilan yuritish va hatto, o`zga yurt xoqoni xizmatiga kirib, maslahatchi darajasiga erishish kat­ta jasorat va zukkolikni talab etadi. 1254-yilning 15-sentyabrida venetsiyalik savdogar oilasida dunyoga kelgan Marko Polo o`rta asrlardagi Osiyo davlatlarining hayoti bi­lan yevropaliklarni tanishtirishga muyassar bo`lgan jasur sayyoh edi.
   XIII asrga kelib yangi bozorlarning ochilishidan manfaatdor bo`lgan venetsiyalik va genuyalik savdogarlar yevropalik ko`plab sayyohlarning Markaziy Osiyo, Hindiston va Xitoyga qilayotgan safarlariga befarq qaray olmas edilar. Mar­ko Poloning otasi Nikkolo Polo, amakisi Maffeolar dunyoning yangi ochilgan qismlarida zargarlik buyumlari va Sharqona shirinliklar bilan oldi-sotdi qiluvchi mohir savdogarlar bo`lishgan. Yevropada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishning yangi bozorlarini o`zlashtirish maqsadida Marko Poloning otasi va amakisi XIII asrning ikkinchi yarmida Sharqiy Osiyoga safar qilishga qaror qilishgan.
  Venetsiyalik bu ikki savdogar 1260-yilda Qrimga yo`l olishdi. Ular o`z sayohatida flandriyalik sayyoh Villem Rubruk yo`nalishi bo`ylab harakatlanib, Qrimdan Kavkazga, so`ng Kaspiy dengizining shimoli orqali Buxoro tomonga burildilar. O`sha vaqt­larda ushbu mintaqada Botuxonning ukasi Berkaxon urush harakatlarini olib borishi tufayli aka-uka savdogarlar ortga qayta olmay, Buxoroda uch yil qolib ketishdi. So`ng Xonbaliq (hozirgi Xitoy poytaxti Pekin) tomon ketayotgan eronliklar karvoniga qo`shilib, 1266-yilda Pekin shahriga - Xubilayxon saroyiga yetib borishgan.
  Tez orada saroyda qabul qilingan Marko Poloning otasi hamda amakisi xondan ortga behavotir qaytish huquqini beruvchi oltin yorliqni olishga muyassar bo`lishdi va evaziga Xubilayxonning xatini Rim Papasiga yetkazish majburiyatini olishdi.
  Marko Polo 1271-yilda Sharqiy Osiyoga qilgan ikkinchi sayohatiga o`zi bilan o`n yetti yashar o`g`li Markoni ham olib ketdi. Marko Polo qatnashgan ekspeditsiya Venetsiyadan Layatssoga (hozirgi Turkiyaning Jayxon shahri) yo`l oldi va Arzirum orqali Iroqqa yetgach, Frot daryosining quyilish qismidan kemada Fors ko`rfazidagi Ho`rmuz (hozirgi Bandar-Abbos) bandargohiga jo`nadi.
  Marko Polo hamrohlari bilan Ho`rmuzdan tuya va otlarda Osiyo qit`asining ichkarisiga yo`l olib, Xuroson o`lkasi va Pomir tog`lari orqali Sharqiy Turkistondagi (hozirgi Xitoyning Shinjon-Uyg`ur avtonom rayoni) Qashqar shahriga yetib keladi. Yo`lning keyingi qismi birmuncha qiyin kechib, sayyohlarning Tak-la-Makon cho`lini kesib o`tib, Gobi sahrosining chekkasidan yurishiga to`g`ri kelgan. So`ng Xuanxe daryosi bo`ylab Pekin shahriga yetib kelishgan.
  Aqlli Marko Polo Pekinga yetib kelishi bilanoq, o`zini Xubilayxonga tanishtirgan va xayrixohligini sezgach, unga o`z xizmatini taklif etgan. Xubilayxon Yevropa bilan aloqalarni rivojlantirish lozimligini inobatga olib, Marko Poloning taklifini qabul qildi va shu yo`sinda venetsiyalik yosh sayyoh Xubilayxonning maslahatchisiga aylandi. Bu esa Markoga Xitoy bo`ylab turli sayohatlar uyushtirish va uning yerlarini kengroq o`rganish imkonini bergan.
 Marko Poloning yozishicha, xon unga turli topshiriqlarni berar, yalinishlariga qaramasdan Venetsiyaga qaytishga ruxsat bermas va hatto, uch yil davomida Yanchjou shahrining xokimi etib tayinlagan edi. Shunday qilib, Marko Polo Xitoyda 1275-yildan 1291-yilgacha, jami 16 yildan ortiq vaqt qolib ketgan.
  1291-yilda Yevropaga qaytishga xondan ruxsat olishga erishgach, Marko Polo Zaysun (hozirgi Xitoyning Futszyan provinsiyasidagi Syamin) bandargohidan yo`lga chiqib, Malakka yarimorolini aylanib o`tib, Sumatra oroli, Bangal qo`ltig`i va Hindiston yarimoroli bo`ylab suzib, Eronning Ho`rmuz portiga yetib kelgan. Bu yerdan quruqlik orqali Hamadon va Tabrizdan o`tib, Turkiyaning Qora dengiz bo`yidagi Trabzon shahriga yetib olgan. Marko Polo Trabzondan hech qanday to`siqlarsiz Konstantinopol (hozirgi Istan­bul) shahriga va so`ng O`rtayer dengizi orqali Venetsiyaga qaytib kel­gan. Sharqiy Osiyoga qilingan sayohati Marko Polo oilasiga shon-shuhratdan tashqari katta boylik ham keltirdi.
  Marko Poloning Xitoydan Yevropaga qaytganidan keyingi hayoti to`g`risida ma’lumotlar uncha ko`p emas. 1298-yilda u o`zining kichikroq shaxsiy kemasida uncha uzoq bo`lmagan sayohatga chiqqan. O`sha vaqtlarda genuyaliklar va venetsiyaliklar o`rtasida bo`layotgan urush sababli Marko Polo genuyaliklar tomonidan asirga olingan. Mar­ko Poloning shuhrati tufayli genuyaliklar unga nisbatan birmuncha yumshoq muomalada bo`lishgan.
  Qamoqdaligida Marko Polo Italiyaning Piza shahri fuqarosi Rustikanoga amalga oshirgan sayohatlari taassurotlarini aytib yozdirgan va keyinchalik ushbu qo`lyozma «Dunyoning rang-barangligi haqida kitob» nomi bilan chop etilgan.
Genuyaliklar tutqunidan ozod bo`lgach, Venetsiyaga qaytib keldi va umrining oxiriga qadar uzoq muddatli sayohatlarga chiqmadi. Sayyoh 1324-yilning 24- yanvarida Venetsiyada 70 yoshida vafot etgan.
  «Dunyoning rang-barangligi haqida kitob»da hozirgi O`zbekiston hududidagi ba’zi shaharlar haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bor. Marko Polo Buxoroni o`sha paytlardagi yirik savdo markazi ekani, atrofiga baland devorlar qurilgani va shahardagi binolarning Quyoshda yarqiraydigan gumbazlarining ajoyibligi to`g`risida yoz­gan. Sayyoh: «...shaharning savdo rastalari ipak, chinni, fil suyagi va ustalik bilan ishlangan metall buyumlar bilan to`lib ketgan edi», deya ma’lumot keltiradi o`z asarida. Samarqandni esa sayyoh «buyuk va ulug`vor shahar» deya tasvirlab, juda ko`p bog`lari borligini aytgan. Sayyoh Samarqanddan aholisi san’at va hunarmandchilikda tajribali bo`lgan Qarqon shahriga yo`l olgan. Mutaxassislarning fikricha, sayyoh Qarqon, deb bunda Qo`qon yoki Farg`ona shahrini nazarda tutgan bo`lishi mumkin. 
  Marko Polo Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyoga ilk bor sayohat qilgan va bu yerdagi mamlakatlarni tasvirlab bergan dastlabki yevropalik sayyoh hisoblanadi. Uning yozib qoldirgan asarlari, jumladan, «Dunyoning rang-barangligi haqida kitob»i bir qancha noaniqliklarga ega bo`lishiga qaramay, O`rta asrlardagi Osiyo mamlakatlari - Eron, Xitoy, Mo`g`uliston, Hindiston, Indoneziya hamda Markaziy Osiyodagi davlatlarning geografiyasi, etnografiyasi va tarixiga oid juda qimmatli tarixiy manbadir. Bu asar haqiqatan ham, Yevropadagi eng ommabop tarixiy manba bo`lib, u bo`yicha turli Yevropa tillarida 2300 dan ortiq ilmiy ishlar qilingan.
  «Dunyoning rang-barangligi haqida kitob» asari XIV-XV asrlarda yashagan dengizchi-sayyohlar, kartograflar va yozuvchilar faoliyatiga ham katta ta’sir ko`rsatgan. Ma’lumotlarga ko`ra, asl maqsadi Hindistonga dengiz yo`lini topish bo`lgan, ammo Amerikani kashf qilgan Xristofor Kolumbning ekspeditsiyasi davomida Marko Poloning ushbu kitobi mashhur sayyohning kemasida bo`lgan ekan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.