Muqaddima
Inson dunyoga kelishi bilanoq sayohat qilishga
oshiqadi va butun umri davomida shunga intilib yashaydi. Agar endigina
atak-chechak qilib yura boshlagan gudakka nazar solsak, u doimo uydan
tashqariga chiqishga intiladi. Chunki dunyoqarashi hali shakllanib ulgurmagan
bola nazdida uydan ko`chaga chiqish ham bir sayohat-da!
Kamolga yetgani sayin insonda sayohat qilishga
bo`lgan intilish ham kuchayib boradi. U o`z sayohatlari davomida olgan
taassurotlarini yaqinlari bilan o`rtoqlashadi, ba’zilar esa ko`rgan kechirganlarini
qog`ozga tushirib, keng omma bilan baham ko`radi. Sayohat davomida olingan
taassurotlar esa kishining xotirasida bir umrga muhrlanib qolishi shubhasiz.
Hatto, insonning kelgusi hayoti mazmunini belgilashda ham muhim rol uynaydi.
Bunga insoniyat tarixida amalga oshirilgan geografik kashfiyotlar misolida
ko`plab dalillar keltirish mumkin.
Darhaqiqat, dunyo tarixida amalga oshirilgan
sayohatlar va ular natijasida yuzaga kelgan asarlar insoniyat rivojining turli
davrlardagi yo`nalishlarini belgilab bergan desak, xato bo`lmaydi. Chunki O`rta
asrlarga kelib astronomiya, matematika, geografiya, geodeziya, kartografiya,
biologiya va boshqa qator fanlarning rivojla- nishi, dengizchilikning taraqqiy
etishi dunyoning Osiyo va Yevropadan boshqa qismlarining kashf qilinishiga
zamin yaratdi.
Tarixdan ma’lumki, XV asrning o`rtalariga qadar
amalga oshirilgan aksariyat sayohatlar savdo karvonlari yordamida Yevropa va
Osiyo hududlari doirasida amalga oshirilgan. Bunda qadimiy «Buyuk ipak yo`li»
muhim rol o`ynaganini ta’kidlash joiz. Dengizda esa Yevropa, xususan, Italiya
savdogarlari birmuncha oddiy kemalarda uncha uzoq; masofalarga suzmasdan, Faqat
Shimoliy va U rta dengiz oralig`ida o`z savdo ishlarini yuritishgan.
Yevropada dengiz kemachiligidagi sezilarli
rivojlanish dunyoning boshqa qismlarini uzlashtirishga bo`lgan urinishlarni
kuchaytirgani, shubhasiz. Buning natijasi ularoq amalga oshiriladigan qit`alararo
sayohatlarning maqsad va mohiyati ham tubdan o`zgardi. Miloddan keyingi
dastlabki 15 asr davomida amalga oshirilgan sayohatlarning asosiy maqsadi
savdo-sotiq uchun yangi bozorlarni qidirib topish va ushbu o`zaro savdo
aloqalarni rivojlantirishga yo`naltirilgan edi. Ammo XV asrning
ikkinchi yarmidan boshlab amalga oshirilgan sayohatlar turli hududlardagi
resurslarning o`zlashtirilishi va savdo-sotiqning o`sishi bilan bir qatorda
mustamlakachilikning rivojlanishiga, boylik orttirish maqsadida yangi kashf
etilgan yerlarning ayovsiz talanishiga, qulchilikning rivojlanishiga ham yo`l
ochib bergan.
Turli davrlarda amalga oshirilgan sayohatlarning
barchasida kashf etilgan yerlarni hamisha ilmiy jihatdan o`rganish va
tasvirlash masalasi dolzarb bo`lgan. Bu esa o`z navbatida turli fanlarning
rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berdi ham. Ilgarigi nazariy bilimlaru
taxminlarga asoslangan geografik va kartografik ma’lumotlar sayohatlar davomida
olib borilgan kuzatishlar natijasida amalda o`z tasdig`ini topgan. Ushbu
tadqiqotlar sayyoh olimlar yaratgan ko`p sonli asarlarda o`z aksini topib,
dunyoning ko`plab tillariga tarjima qilingan.
Dunyo tarixida amalga oshirilgan buyuk
geografik kashfiyotlarning aksariyati I.Magidovich hamda V. Magidovichning «Geografik
kashfiyotlar tarixidan ocherklar» («Ocherki po istorii geograficheskix otkritiy»)
nomli besh jildli asarida birmuncha umumlashtirilgan xolda tasvirlangan. Ammo
dunyo tabiiy fanlari taraqqiyotiga katta hissa qo`shgan va qator sayohatlarni
amalga oshirib, qimmatli esdaliklarni yozib qoldirgan sayyoh olimlarning
geografik merosi to`g`risida o`zbek tilida chop etilgan asarlar sanoqli.
Dunyoning turli qismlarini kashf etgan buyuk sayyohlar hayoti va ijodi, yozgan
asarlari, amalga oshirgan sayohatlari davomida boshidan kechirgan qiziqarli
vokea hamda sarguzashtlarni o`z ichiga olgan o`zbek tilidagi yaxlit manba
deyarli yo`q, deyish mumkin.
Shu o`rinda O`zbekistonda geografiya fanining
rivojlanishiga katta hissa qo`shgan olimlar talaygina ekanini ta’kidlab o`tish
kerak. Mazkur risolada ularning barchasini nomma-nom sanab o`tishning ilojini
topa olmadik. Ammo J. Babushkin, N.Dolimov, O.
Poslavskaya, N. Kogay, R. Raximbekov, A. Rafiqov, JI. Alibekov, R. Hodiyev, A.
Xisomov, A. Soatov, P. Yeulomov, Sh. Zokirov, A. Zaynitdinov va boshqa ustoz
olimlarimiz O`rta Osiyoning, shu jumladan, O`zbekistonning cho`lu yaylovlarini
hamda tog`u-toshlarini kezib chiqishganini ta’kidlash o`rinli. Ular bu
hududlarning tabiiy geografik xususiyatlari, resurslari va kelgusi
rivojlanishining istiqbollari haqida O`zbekistonda geografiya fani taraqqiyotida
katta rol o`ynagan ilmiy asarlar yaratishgan.
Ammo haqiqiy jahongashta sayyoh olim sifatida geografiya fanlari
doktori, professor H. Hasanovni tilga olsak, mubolag`a bo`lmas. Ustoz o`z
umrini geografiya faniga, uning O`rta Osiyoda rivojlanishi tarixini o`rganishga
bag`ishlagan va o`zbek geograf olimlari ichida birinchi bo`lib butun dunyoni
kezib chiqqan. Uning «O`rta Osiyolik geograf va sayyohdir», «Sayyoh olimlar»,
«Bobur sayyoh va tabiatshu- nos»,
«Maxmud Qoshg`ariy» kabi kitoblari O`rta Osiyoda geografiya fani rivojiga katta
hissa qo`shgan sayyoh olimlar hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan muhim
asarlardan sanaladi. Ayniqsa, uning 1980-yilda chop etilgan «Sayyoh olimlar»
asarida qirqqa yaqin o`rta osiyolik olimlarning hayoti va ijodi, ularning
geografik merosi haqida batafsil hikoya qilinib, yigirmadan ziyod olimlarning
sayohatlari va yozgan geografik asarlari haqida qisqacha aytib o`tilgan. O`zbekistonda
iqtisodiy geografiyaning rivojlanishiga katta hissa qo`shgan va bu fanning
mamlakatimizdagi otaxonlaridan biri geografiya fanlari doktori, professor Z.Akramov ham dunyoning ko`plab
mamlakatlariga qilgan sayohatlari davomida olgan taassurotlarini yozib
qoldirgan. Jumladan, ustoz «Ispaniya sayohatidan lavhalar», «Yevropa bo`ylab»,
«Ispaniya yo`llarida», «Mustaqil Mag`rib mamlakatlarida (Tunis, Jazoir, Marokash)» va «Hindiston
lavhalari» kabi ilmiy ommabop asarlar muallifi hamdir. Professor R. Raximbekovning asarlarida O`rta
Osiyoda ekologik va geografik tadqiqotlarning tarixi yoritilgan. A. Irisov, A.
Nosirov va I. Nizomiddinovlarning 1961-yilda chop etilgan «O`rta Osiyolik qirq
olim» risolasida ham mintaqamiz tuprog`ida yashab ijod qilgan ba’zi sayyoh olimlar
to`g`risida qimmatli ma’lumotlar keltiriladi. Ammo O`zbekiston tuprog`ida tug`ilib,
ijod qilgan olimlar bilan bir qatorda Yer sharining turli qismlarini kashf
etish, ularni turli fanlar nuqtai-nazaridan tadqiq qilishga katta hissa
qo`shgan. G`arb va Sharqning boshqa mamlakatlarida yashab o`tgan sayyoh olimlarning
hayoti hamda faoliyati haqidagi ma’lumotlar o`quvchilarni befarq qoldirmasa
kerak, deb o`ylaymiz. Vaholanki, XV-XVI asrlarda amalga oshirilgan buyuk geografik
kashfiyotlar dunyoning O`sha vaqtdan keyingi rivojlanishini o`zgartirib
yuborgan sayohatlar edi, deb aytish mumkin. Ma’lumki, geograflar, sayyohdar,
olimlar uzoq vaqt davomida o`z tadqiqotlariyu sayohatlarini amalga oshirish
uchun milodiy I—II asrlarda yashab o`tgan yunon olimi K. Ptolomeyning nisbatan
aniq, ammo baribir ba’zi xatoliklardan xoli bo`lmagan Dunyo xaritasidan
foydalanishgan.
X.Kolumb, A.Vespuchchi, F.Magellan, Vasko da
Gama, A.Tasman, J.Kuk, F.Bellinsgauzen va boshqa ko`pgina sayyohlarning amalga
oshirgan geografik kashfiyotlari natijasida Yer yuzining o`sha vaqtlargacha
noma’lum bo`lgan qismlari o`rganilib, natijada Dunyo xaritasi hozirgi ko`rinishini
olgan. Shuningdek, Ibn Battuta, V.Rubruk, D.Livingston, M.Polo, A.Vamberi,
A.Gumboldt va N.Prjevalskiylarning geografik tadqiqotlari turli
materiklarning ichki qismlari o`rganilib, o`sha hududlarni keng miyosda o`zlashtirishning
boshlanishiga turtki bo`lgan.
Ana shu maqsadda dunyo fani rivoji nuqtai-nazaridan muhim ahamiyatga ega
bo`lgan geografik tadqiqotlarni amalga oshirgan Sharq hamda G`arb
mamlakatlarining taniqli sayyoh olimlari hayoti va ijodiga oid qiziqarli
lavhalarni bitta risolaga to`plab, kitobxonlar e’tiboriga xavola etishni lozim
topdik. Mazkur to`plamga 50 dan ortiq sayyoh olimlar, shu jumladan, O`zbekiston
Milliy universitetida uzoq yillar
yoshlarga geografiya fani sirlaridan saboq bergan sayyoh ustozlardan ba’zi
birlari to`g`risidagi lavhalarni ham kiritdik.
Risolada keltirilgan O`rta Osiyoda yashab o`tgan sakkizta olimning
(Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Zamaxshariy, HofiziAbru,
Abdurazzoq Samarqandiy va Zaxiriddin Muhammad Bobur) geografik merosini
yoritishda ustozimiz H.Hasanovning «Sayyoh olimlar» risolasidagi ma’lumotlardan
foydalandik. Sayyoh olimlarga oid ma’lumotlar hozirgi zamon nuqtai-nazaridan sharxlanib,
ularning hayotidagi qiziqarli tafsilotlar yoritildi. Kitobdagi lavhalarni
sayyoh olimlarning yashab o`tgan vaqti bo`yicha xronologik tartibda keng
kitobxonlar ommasiga mo`ljallab bayon qilishga harakat qildik.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.