Afanasiy Nikitin 

7 602

Afanasiy Nikitin
(1433-1475)
  Rossiyaning Tver shahridan bo`lgan Afa­nasiy Nikitin Ozarbayjon va Eron orqali Hindistonga sayohat qilgan taniqli rus sayyohi, savdogari va yozuvchisidir. Hindiston safaridan qaytayotib Afrikaning Efiopiya va Somali qirg`oqlarida, Ummon va Turkiyada bo`lgan. Ushbu sayohatining natijasi sifatida «Uch dengiz osha sayohat» (Kaspiy, Arabiston va Qora dengiz) nomli tarixiy-geografik va adabiy qimmatga ega bo`lgan yo`l qaydnomasini yozgan.
  Afanasiy Nikitin Rossiyaning Tver shahrida dehdon oilasida dunyoga kelgan. Uning aniq tugilgan yili haqida aniq bir ma’lumot yuk Shu bois ko`pgina manbalarda uning tugilgan yili noma’lum, deya keltiriladi. Ammo uning zamondoshlari yozib qoldirgan, ba’zi manbalarda uning tug`ilgan yili 1433-yil, deb ko`rsatilgan.
  Xuddi tavallud topgan sanasi kabi Afanasiy Nikitin hayotining dastlabki yillari haqida deyarli ma’lumotlar yo`q. Dehqon oilasi­da tug`ilganiga qaramasdan, Afanasiy tadbirkorligi tufayli mohir savdogar bo`lib yetishdi. Manbalarda yozilishicha, u turli mamlakatlardagi savdo uylari bilan hamkorlik qilishga harakat qilgan. XIII-XIV asrlarda yevropalik sayyohlarning Osiyo mamlakatlariga qilgan safarlari, Hindiston to`g`risidagi qiziqarli ma’lumot­lar, o`lkaning turli noyob mollarga, ziravorlarga boyligi haqidagi hikoyalari sayyohni bu mamlakatga sayohat uyushtirishga undagan.
  XV asrda Volga daryosi Rossiyaning savdo kemalari qatnaydigan asosiy yo`l bo`lgan. 1468-yilning bahorida Afanasiy Nikitin ikkita savdo kemasini qimmat mollar, asosan turli hayvonlarning mo`ynalari bilan to`ldirib, ularni Quyi Volga va Shimoliy Kavkazda sotish niyatida yo`lga chiqdi. Nijniy Novgorod shahrida Afa­nasiy Nikitinning savdo karvoni rus knyazi Ivan Shning qabulidan qaytayotgan shirvonlik elchilarga qo`shildi. Volga daryosi quyilish joyiga bexatar yetib kelgan savdo karvoni Astraxan xoni Qosimxon bilan kelisha olmagan. Natijada kemalar turli qaroqchilar tomonidan talandi. Nikitin orqaga qayta olmasdi, chunki sotishga olib ketayotgan mollarining asosiy qismini qarzga olgan edi. Shuning uchun manbalarda yozilishicha, turkiy va fors tilini tuzukkina bilgan Afanasiy Nikitin omon qolgan mollarini chet mamlakatlarda katta foyda bilan sotish ilinjida Darbantga (hozirgi Rossiyaning Dog`iston Respublikasi hududida) jo`nadi. Mazkur shaharda sayyoh bir yilcha qolib ketgan va Shirvon shohi yordamida Astraxanda asir olingan ba’zi hamrohlarini qutqarishga muvaffaq bo`lldi. Ammo mollarini qaytarib ololmagan.
  Afanasiy Nikitin Darbantdan Bokuga va undan esa Eronning Mozandaron shahriga jo`nagan. Bu yerda mayda savdogarlik bilan shug`ullana turib, fors tili bo`yicha malakasini oshirdi. Sayyoh, shu quyi Eronda ikki yilcha qolib ketdi. Ayniqsa, Junnarqal’asida Nikitin uzoqroq vaqt qolishga majbur bo`lgan. Chunki bu yerning xoni uning nasroniyligini eshitib, oti va mollarini tortib ol­gan. Ammo Nikitinning yozishicha, xurosonlik Muhammad ismli kimsa xondan Afanasiyni afv etishini so`ragan va sayyoh uzoq vaqt tutqun bo`lishdan qutulib qoldi.
  1471-yilning bahorida Nikitin Fors kulgigini Arabiston dengizi bilan tutashtirib turuvchi Ho`urmuz bo`g`izida joylashgan yirik bandargoh Ho`rmuz (hozirgi Eronning Bandar-Abbos) shahriga keldi. Ushbu bandargoh Hindiston, Kichik Osiyo, Misr va Xitoy o`rtasidagi asosiy savdo yo`llari kesishadigan nuqta edi. Sayyoh Ho`rmuz shahri haqida o`zining safar qaydnomasida shunday yozadi: «Ho`rmuzda Quyosh tafti juda kuchli bo`lib, kishini yondiray deydi. Ho`rmuzda bir oy bo`lgach, ot sotib olib Pasxa bayrami arafasida kemaga o`tirib Hind yeri sari yo`l oldim». Savdogar yaxshi daromad olish uchun tavakkal qilishdan qo`rqmaslik kerakligini yaxshi bilgan va Hindistonda chopqir otlar qimmat ekanini eshitib, yaxshi bir arab otini sotib olgan. Uni Hindistonda foyda bilan sotishni mo`ljallagan edi.
  Sayyohning dengiz orqali Ho`rmuz bandargohidan Hindistonning Chovul shahriga yetib olishi uchun olti xafta vaqt ketgan. Otini darhol sota olmagan Nikitin, Hindistonning turli shaharlari bo`ylab sayohatga otlandi. Sayyoh ko`rgan-kechirganlarini safar qaydnomasiga batafsil tushirib borardi. Afanasiy mahalliy aholining turmush tarzi-yu, uning mashg`ulotiga qadar keng qamrovli ma’lumotlarni qog`ozga tushirgan. Jumladan, Nikitin Hindlarning qanday ovqat tayyorlashi, otlar va uy hayvonlarini qanday boqishi, qanday kiyinishi va savdo qilishi kabi ma’lumot­larni qiziqarli tarzda ifodalagan.
  Faqatgina Baxmoniylar davlati poytaxti Bidar (hozirgi Hindistonning Karnataka shtati, Bidar okrugi markazi) shahrida sayyoh otini o`zi xohlagan narxda sotishga muvaffaq bo`lgan. Bi­dar shahri XV asrda yirik shahar bo`lib, uning shuhrati ko`pgina mamlakatlarga yoyilgan edi. 1472-yilning yanvar oyida Nikitin muqaddas Parvat shahriga keldi va shu yerda bir yarim yil yashadi. Hindistonning olmos provinniyasi hisoblangan Raychurning boshqa bir shahri - Diuda sayyoh olti oy yashagan.
  Tverlik savdogar Hindiston bo`ylab uch yilcha sayohat qilgan, ammo safar natijalari uni qoniqtirmagan. Sayyoh bu haqda shunday yozib qoldirgan: «bizning yerimiz uchun foydali hech narsa yo`q... faqatgina bo`yoq va qalampir arzon... Ammo bu mollarni bojsiz olib kelishga yo`l bermaydilar. Bojlar juda ko`p va dengizda qaroqchilar ham...».
  Afanasiy Nikitinning Hindiston safari haqida yozganlari bu mamlakatning 1471-1473-yillardagi ijtimoiy hayoti va sodir bo`lgan tarixiy voqealari haqidagi muhim manbadir. Nikitin O`sha vaqtlardagi Hind sultonlari va dehkonlarining tur­mush darajasi o`rtasidagi farqni, turli tabaqa va din vakillarining bir-birlari bilan o`zaro munosabatlarini ham nazardan chetda qoldirmagan. Afanasiy Nikitinning mazkur safar kundaligi O`rta asrlardagi Hindiston hayoti bilan nafaqat Rossiyani, balki butun Yevropani tanishtirdi ham.
   1473-yilning boshida Afanasiy Nikitin Hindistonning Dabxol (Dabul) shahridan kemada vataniga qaytishga qaror qildi. Kema yo`l-yo`lakay Afrikaning Efiopiya va Somali qirg`oqlarida va Ummonning Maskat shahrida bo`lib, uch oylik suzishdan so`ng Hormuz bandargohiga yetib kelgan. Ni­kitin Xurmuzdan shimol tomon yo`l olib, 1474-yilning ko`zida Sheroz, Isfaxon, Kashan, Tabriz va Erzinjon orqali sayyoh, Turkiyaning Qora dengiz bo`yidagi bandargoh shahri Trabzonga yetib olgan. Ammo mahalliy amaldorlar bu yerda uning barcha mollari­ni tortib olib, faqat safar kundaligini qoldirishdi. Sayyoh rus savdogarlarini uchratish va ular yordamida uyiga yetib olish ilinjida Kafe (hozirgi Ukrainaning Feodosiya) shahriga qarab yo`l oldi.
   1474-yilning 5-noyabrida Nikitin Feodosiyaga yetib kelib, shu yerda qishni o`tkazgan. Mutaxassislarning fikricha, sayyoh xuddi shu shaharda o`zining safar davomida yozgan kundaligidagi yozuvlarni tartibga keltirgan va o`z kuzatishlarini qo`shimcha ravishda qog`ozga tushirgan. 1475-yilning bahorida sayyoh Dnepr daryosi bo`ylab shimol tomon yo`l oldi. Ammo Nikitinga o`z shahri Tvergacha yetib borish nasib etmadi. U 1475-yilning bahorida Smolensk yaqinida vafot etgan. Uning safar kundaligini esa boshqa savdogarlar Moskvaga yetkazishgan va bu qimmatli yozuvlar Rus davlati yilnomasiga kiritilgan.
   Yilnomaga kiritilgan Afanasiy Nikitinning «Uch dengiz osha sayohat» safar kundaligi XV-XVI asrlarda bir necha bor qayta ko`chirilgan va hozirgacha uning oltita nusxasi ma’lum. Ulardan birinchisi XIX asrda arxivlardan topilgan va tarixchi-geograflar uchun qimmatli tadqiqot manbai bo`lib kelmoqda.
   Nikitin O`rta asrlardagi Hindiston hayotini oddiy va haqqoniy qilib tasvirlagan birinchi yevropalik sayyoh hisoblanadi. Sayyohning qoldirgan safar kundaligi irqiy yondashuvdan holi bo`lib, boshqa din vakillariga nisbatan bag`rikengligi bilan ajralib turadi. Nikitin o`zining bu sayohati bilan, XV asrning ikkinchi yarmida, ya’ni portugal sayyohi Vasko da Gama tomonidan Yevropadan Hindistonga dengiz yo`lining ochilishidan 35 yil oldin, bu yurtga o`z maqsadi sari olga intiluvchi har qanday kishi sayohat qila olishi mumkinligini isbot qilgan.
  Afanasiy Nikitinning «Uch dengiz osha sayohat», deb nomlangan bittagina qo`lyozma qoldirganiga qaramasdan, uning nomi geogra­fik kashfiyotlar tarixidagi buyuk sayyohlar qatorida tilga olinadi. Sayyohning nomi bilan tog` cho`qqisi va Hind okeanining ekva­tor yaqinidagi uzunligi 275 kilometrdan oshuvchi suvosti tog`ligi atalgan. Rossiyaning Tver va Ukrainaning Feodosiya shaharlarida sayyoh sharafiga haykal o`rnatilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.