Villem Rubruk
Villem Rubruk
(1215-1291)
Turli manbalarda fransuz sayyoh,
deb tilga olinadigan Villem Rubruk (asli ismi - Giyom de Rubruk) 1215-yilda
hozirgi Belgiyaning Flandriya o`lkasida tug`ilgan. Manbalarga ko`ra, sayyoh
fransuz qiroli Lyudovik IX ning xizmatida bo`lib, yettinchi salib yurishi
davrida uni kuzatib borgan va o`sha davrdagi barcha vokealarni qog`ozga
tushirgan.
XIII asrda mo`g`ullarning Yevropaga
solgan tahdidi natijasida Fransiya qiroli Lyudovik IX Mo`g`uliston bilan
hamkorlik aloqalarini o`rnatish harakatiga tushgan. Fransuzlar o`sha paytdagi Mo`g`ul
imperiyasida yashaydigan nasroniylarni qidirib topish va ular orqali Mo`g`uliston
bilan hamkorlik o`rnatishga umid qilishardi. Fransuzlarning bunday yo`l
tutishlarining o`ziga xos sababi bor. Chunki o`sha vaqtlarda Yevropa
mamlakatlarida «Osiyoning ichkari qismlarida qudratli nasroniylar davlati -
Ioann Resviter mamlakati borligi» haqida turli rivoyatlar tarqalgan edi. Ammo o`sha
paytdagi geografik manbalarda ushbu afsonaviy mamlakatning aniq geografik o`rni
haqida biror tayinli ma’lumot bermay, birida uni Hindiston shimolida deyilsa,
boshqasida Markaziy Osiyoning ichkari qismida, deya ta’kidlanardi.
Shu maqsadda 1253-yili fransuz
qiroli Lyudovik IX eski qadrdoni, salib yurishidan keyin Suriyadagi ibodatxona
rohibiga aylangan Villem Rubrukni Mo`gulistonga elchi qilib jo`natgan. Uning
sayohati O`rtayer dengizida suzish bilan boshlanib, Qora dengizga o`tgan va
quruqlikda Qrim orqali davom etdi. Sayyoh Qrimdan Sharqiy Yevropa tekisligida o`sha
vaqtlarda yashagan ko`chmanchi qichoqlarning yerlariga, undan Volgabo`yi va
Janubiy Ural orqali mo`g`ullarning yerlariga yetib borgan ham. Rubruk bu
yerlarda nasroniylarni uchratishga umid qilgandi. Ammo deyarli hamma yerda
urug`-qabila munosabatlari ustun bo`lgan mo`g`ullar, aniqrog`i, qipchoqlar
yashashiga guvoh bo`lgan.
XIII asrning yarmiga kelib mo`g`ullar
ham atrofdagi, jumladan, Yevropa mamlakatlaridagi davlatlar bilan aloqalar o`rnatishni
istab qolgandi. Shu bois, Rubruk sayohatining norasmiy harakterga ega ekanini qayta
va qayta ta’kidlashiga qaramasdan, Mo`g`ulistonda uni fransuz qirolining mo`g`ullar
bilan tinchlik shartnomasini tuzishga kelgan elchisi sifatida qabul qilishgan.
Bu esa sayyohning mo`g`ul yerlari bo`ylab turli safarlar uyushtirishi uchun
qulay imkoniyat yaratdi.
Jumladan, Rubruk Botuxonning ko`chma
chodirida bo`lgan va u yerdan o`sha vaqtlardagi Mo`g`ulistonning yangi poytaxti
Qora`urum shahriga yo`l oldi. Sayyoh o`z safari davomida Mo`g`ulistondagi turli
tabaqa vakillari, hatto, mo`g`ul xoni Xulaguxon bilan suhbatda bo`lgan. U o`zi
bo`lgan shahar va qishloqlardagi aholining hayoti, bu joylarning tabiati,
geografiyasi va aholisining urf-odatlari bilan qiziqdi. Villem Rubruk yevropaliklardan
birinchi bo`lib Kaspiy dengizining mustaqil yopik suv havza ekani, uning
O`rtayer dengizi va boshqa shimoliy dengizlar bilan bog`lanmaganligi haqida
yozgan.
V.Rubruk mo`g`ullar va qipchoqlarning
etnografik xususiyatlari, turmush tarzi, mo`g`ullar hukmronlik qilgan
hududlaridagi aholining urf-odatlari, diniy marosimlari haqida qator qiziqarli
ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Yevropalik geograflarning Xitoyda yashaydigan
«serlar» va «qataylar» ikki qabila, degan fikrlari noto`g`riligini ko`rsatib,
ularning aslida Xitoy xonligining asosiy aholisi bo`lgan bitta halk ekanini
isbotlab bergan.
V.Rubruk Osiyoning ichkarisidagi
nasroniylar davlati haqidagi afsonaning asossiz ekanini isbot qilishga urindi.
Ammo mazkur cho`pchakka ishonish sayyoh, yashagan davrdan keyin ham bir qancha
vaqt yevropaliklar o`rtasida saqlanib qolgan. Sayyoh ikki yilcha Mo`g`ulistonda
yashagach, 1255-yilda Volgabo`yi, so`ng hozirgi Ozarbayjon va Eron orqali
Suriyaga, o`zi xizmat qilgan ibodatxonaga qaytib keldi.
Sayyoh Suriyada biroz bo`lgach,
ikkinchi sayohatiga chiqish taraddudiga tushib qoldi. Ammo ibodatxona bosh rohibi
Rubrukka buni man qilib, qirol uchun ikki yillik sayohatining batafsil
hisobotini tayyorlashni buyurgan. Buning natijasida yevropaliklar o`sha vaqtda
Osiyoning katta qismini egallagan mo`g`ullar hukmronlik qilgan hududlardagi
yerlarning geografik tasviri, aholisining turmush tarzi, urf-odat va
an’analariga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo`lishgan.
Manbalarda yozilishicha,
keyinchalik V.Rubruk o`rta asrlarning buyuk olimi Rojer Bekon bilan bir necha
bor suhbatda bo`lib, undan o`zining Osiyoga safari bo`yicha yozgan asariga oid
qimmatli maslahatlar olgan. O`z navbatida Rojer Bekon ham o`z asarlarida bir
necha bor V.Rubrukning sayohatiga murojaat qilgan.
Rubrukdan keyin Osiyoga borgan
yevropalik sayyohlar o`z sayohatlarini flandriyalik rohib yo`nalishi bo`ylab
tashkil etishgan. Jumladan, Marko Poloning Sharqiy Osiyoga sayohat qilgan otasi
va amakisi ham Villem Rubruk yo`nalishi bo`ylab harakatlanib, Qrimdan Kavkazga,
so`ng Kaspiy dengizining shimoli orqali Buxoro tomonga yo`l olishgan.
Villem Rubruk Osiyoning ichkari
qismlariga sayohat qilgan birinchi yevropalik sayyoh hisoblanadi. Uning
qoldirgan safar hisoboti o`sha davrdagi Sharqiy Yevropa, Janubiy Ural, O`rta
Osiyo va Xitoyning ba’zi hududlari geografiyasi, tarixi va etnografiyasiga oid
qimmatli manbadir.
Belgiyaliklar, ayniqsa, Flandriya
o`lkasi aholisi o`zlarining sayyoh hamyurtlariga katta ehtirom bilan qarashadi.
Mazkur mamlakatda har yili bir marta o`tkaziladigan «Tarixiy kecha» dasturi
doirasida mamlakatning ko`plab shahar va qishloqlarida V.Rubruk xotirasiga,
uning hayoti, jumladan, Osiyo sayohatiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazish odat
tusiga kirgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.