Idrisiy 

5 673

Idrisiy
(1100-1165) 
  Yer sharining birinchi ming yillik boshlaridagi holati, undagi asosiy geo­grafik ob’ektlar tasvirlangan xaritalarni bir qator olimlar tuzishga muvaffaq bo`lgan. Ammo ular orasida o`zi sayohat qilib, ko`rgan-kechirganlarini matnga va xaritaga tushirgan sayyoh-olimlar esa sanoqli. Ana shunday olimlardan biri 1100-1165 yillarda yashab ijod qilgan arab geografi Al-Idrisiydir.
  Al-Idrisiy (to`liq nomi - Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Idris al-Hammudiy al-Hasaniy) Marokashning Seut shahrida tavallud topgan. Kordovada (Ispaniya) turli fanlardan, ayniqsa, Yer haqidagi tabiiy fanlardan chuqur bilim olgan. Sayohat qilishga ishtiyoki kuchli bo`lib, 16 yoshidayoq Kichik Osiyoga safar qilgan.
  Mutaxassislarning fikricha, Al-Idrisiy Yevropa bo`ylab sayohat qilib, bu qit`adagi ba’zi mamlakatlarning XI-XII asrlardagi hayoti to`g`risida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan dastlabki arab olimlaridan sanaladi. Marokashning Janubi-Yearbiy Yevropaga geografik jihatdan yaqinligi bois sayyoh 1120-yillar davomida Portugaliya, Fransiya, Angliya, Shotlandiya, Irlandiya va G`arbiy Germaniyaga bir necha bor sayohat qilgan. Shuningdek, sayyoh Pol­sha, Bolgariya, Vizantiya, Bolqon yarimoroli, Shimoliy Afrika va Sharqiy Yevropadagi boshqa ba’zi davlatlar haqida boy geografik ma’lumotlar to`pladi.
  1138-yilda turli mamlakatlarga sayohat qiluvchi olimlarni qo`llab-quvvatlovchi va ularning safar taassurotlarini umumlashtirib, kitob tarzida chop ettirishga yaqindan ko`mak beruvchi Sitsi­liya qiroli Rojer II ning taklifiga binoan Al-Idrisiy Palermo shahridagi qirol saroyiga keldi. Rojer II nafaqat turli mamlakatlarda bo`lgan sayyohlar bilan suhbat qurishni xush ko`rar, balki atrofdagi qator davlatlarga o`z sayyohlarini yuborib, ularga yaqin hududlardagi hayot va ayniqsa, xo`jalik hamda harbiy salohiyat to`g`risida ma’lumotlar to`plashni topshirar edi.
  Al-Idrisiyning yozishicha, Sitsiliya qiroli bir guruh olimlarga Yerning mukammal tasviri tushirilgan xaritasini kumushdan yasash va shu asosda qog`oz xaritalar chop etishga farmon bergan. Rojer II shuningdek, Al-Idrisiyga grek va arab geograflarining Yer haqidagi tasavvurlarini umumlashtiruvchi ilmiy asar yaratishni buyuradi. Shu tariqa Al-Idrisiy «Nuzxat al-mushtaq fixtiraq al-afaq» yoki boshqacha qilib aytganda «Kitab ar-Rujariy», ya’ni «Rojer kitobi», deb nomlangan mashhur asarini 1154-yilning boshida yozib tugatdi. Al-Idrisiy boshchiligida yaratilgan Yerning tasviri tushirilgan xarita mazkur kitobga ilova qilinadi.
  «Rojer kitobi» Al-Idrisiy­ning shaxsiy sayohatlari natijalari, ko`plab savdogarlar, sayyohlar va ma’lumot to`plash uchun Sitsiliya qiroli tomonidan turli mamlakatlarga yuborilgan kishilarning taassurotlarini o`z ichiga olgan. Kitobning kirish qismida Al-Idrisiy foydalangan asosiy manbalar sifatida Ptolomey, Oroziy, Al-Yakubiy, Al-Maksudiy va Al-Jayxoniy kabi qator mualliflar nomini eslatib o`tadi. Asarda G`arbiy Afrikadan to Xitoygacha bo`lgan hududlar to`g`risida keng ma`lumotlar keltirilgan. Ayniqsa, sayyohning Shimoliy va Markaziy Afrika, Pireney yarimoroli, Sitsiliya, Italiya, Fransiya, Shotlandiya, Irlandiya, Ger­maniya, Polsha, Bolgariya va Kichik Osiyo to`g`risidagi ma’lumotlari juda qimmatlidir. Al-Idrisiy ushbu hududlarning bir-biridan uzoqligi, gidrografiyasi, savdo va madaniy markazlari, u yerda yashayotgan aholining urf-odatlari, taomlari, kiyinishi va asosiy mashg`ulotlari haqida qiziqarli xotiralarni yozib qoldirgan.
  Al-Idrisiy o`zining mashhur asarida Yer sharini yettita iqlimga (zonaga) bo`ladi va ulardan har biri g`arbdan Sharqqa qarab yana 10 ta zonaga ega. Shunisi qiziqarliki, «Rojer kitobi»ga kirgan 70 ta bo`limdagi matnga 70 ta xarita ilova qilingan. Nemis geografi K.Millerning hisoblab chiqishicha, Al-Idrisiyning asaridagi matnda 6000 dan ziyod, ilova qilingan xaritalarda esa 2500 dan ortiq geografik ob’ektlar nomi zikr etilgan.
Mutaxassislarning fikricha, xaritalarda kenglik va uzoqlik tushunchalari unchalik hisobga olinmagan. Shu bois, arab kartografiyasining xaritalarda geografik koordinatalar bo`lmagan so`nggi uchinchi bosqichi Al-Idrisiy nomi bilan bog`liq, deb aytish mumkin. Al-Idrisiyning bizgacha yetib kelgan asarining eng qadimgi qo`lyozmasi, shuningdek, Yer xaritasining nusxasi 1300 yilda ko`chirilgan bo`lib, Parij kutubxonasida saqlanmoqda.
  Yaratgan asarining o`sha davrda katta ilmiy qimmatga ega bo`lganiga qaramasdan, arab geografining ishlari XII—XIII asrlarda lotin tilida ijod qilgan yevropalik mualliflar uchun noma’lumligicha qolgan. XVI asrga kelib «Rojer kitobi»ning Yevropa mamlakatlarida chop etilishi tufayligina Al-Idrisiy eng taniqli arab geograflaridan biriga aylangan. Uning mashhur asari 1592-yil Rimda arab tilida chop etilgan va xuddi shu nashr 1619-yilda lotin tiliga tarjima qilingan. 1836-1840-yillarda esa «Rojer kito­bi» fransuz tilida nashrdan chiqdi. Olim asarining to`la nashri faqatgina XX asrda kitobxonlar va ilmiy jamoatchilik hukmiga havola etilgan.
  Marokashliklar ilk o`rta asrlar geografiyasining rivojiga kat­ta hissa qo`shgan Al-Idrisiydek yurtdoshlari borligi bilan faxrlanishadi. Shuning uchun ham Marokashdagi Al-Xusaym shahridagi aeroport mashhur sayyoh va geograf nomi bilan atalgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.