Ibn Batuta 

9 762

 

Ibn Batuta
(1304-1377)
  O`rta asrlarda Sharq mamlakatlarida yaratilgan ilmiy-geografik adabiyotlar  o`rtasida safar janrida, ya’ni sayyohlarning o`z ko`zlari bilan ko`rib, ol­gan taassurotlari asosida turli mamlakatlarni tasvirlagan asarlar muhim o`rin tutadi. Ushbu janrda mahorat bilan bitilgan dastlabki asarlardan biri «Ibn Fadlonning Volgaga sayohati» 922-yilda Bag`dodda chop etilgan. Ammo mutaxassislarning fikricha, buyuk arab sayyohi Ibn Battutaning dunyoning turli mamlakatlariga qilgan sayohatlari natijalarini o`z ichiga olgan «Mushohada qiluvchilarga qiziqarli shaharlar va turli yurtlarning mo`jizalari haqida sovg`a» yoki inglizcha nashrida «Ibn Battutaning sayohati» asari mazkur janrda yaratilgan geo­grafik asarlarning eng mashhuri sanaladi.
  Ibn Battuta (to`liq nomi - Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh al-Lavatiy at-Tanjiy) 1304-yilning 24-fevralida Marokashning Tanja (hozirgi ko`pchilik manbalarda Tanjer) shahrida faqih (islom huquqshunosi), shayx Abdulloh al-Lavatiy oilasida tavallud topgan. Ibn Battutaning avlodlari barbarlarning lavat qabilasidan bo`lgani bois, ularning ismi sharifiga al-Lavatiy nisbasi qo`shib ishlatiladi.
  Ibn Battutaning bolalik yillari haqida juda kam ma’lumot­lar saqlanib qolgan. Ammo o`ziga birmuncha to`q oiladan bo`lgan Ibn Battuta yoshligida madrasada turli fanlardan chuqur bilim olgan. Otasi uning o`ziga merosxo`r bo`lishi, ya’ni faqixlik lavozimini egallashi tarafdori edi. Ammo dunyo mamlakatlarini kezish, ular haqida turli ma’lumotlarni to`plash bo`lajak sayyoh-olimning butun fikru xayolini band etgandi.
  Ibn Battuta 21 yoshga to`lgach, ya’ni 1325-yilda Makkaga haj sa­fari qilish niyatida yo`lga chiqqan. Haj safari davomida dunyodagi eng yirik cho`l - Sahroi Kabirni piyoda kesib o`tish vaqtida boshidan kechirgan mashaqqatlarga qaramay, Ibn Battuta o`z sayohatini davom ettirishga qaror qildi.
  Ushbu sayohati davomida Ibn Battuta Misr hududini kesib o`tib, kemada Jiddaga borishni rejalashtirgandi. Ammo o`sha paytlardagi arab qabilalari o`rtasidagi nizolar sayyohni Qohiraga qaytishga majbur qilgan. Shundan so`ng Ibn Battuta Yaqin va O`rta Sharqning o`sha vaqtlardagi eng gullab-yashnagan shaharlari Quddus, Damashq, Makka, Basra, Bag`dod va Tabrizda bo`ldi. So`ng Makkaga qaytib kelib, otasining orzusini amalga oshirgan va bir necha yil faqih lavozimida ish olib borgan.
  Bundan tashqari, sayohati davomida olgan bilimlari tufayli sayyoh, madrasada dars berish huquqiga ega bo`lib, Makkadagi ilm dargohlarida mashhur yurtdoshimiz Imom al-Buxoriyning «Al-Jomiy as-Sahih» deb nomlangan mashhur hadislar to`plami bo`yicha ma’ruzalar o`qigan. Ammo olimning o`z sayohatlarini yana davom ettirish rejasidan sira-sira voz kechgisi kelmasdi.
  Xullas, 1330-yilda Makkadan yo`lga chiqqan sayyoh Qizil dengizni kesib o`tib, Yamanning Adan portiga keldi. O`sha vaqtlarda Yamanda faqat ikkita shahar - Sano (Yamanning hozirgi poytaxti) va Zabid (hozirda Yamandagi kichik port shahar) birmuncha ko`zga ko`ringan savdo markazlari edi. Adandan kichikrok kema yollagan Ibn Battu­ta dastlab Somalida, so`ng o`sha paytda Afrika sharqidagi eng boy shaharlar sanalgan Mombas va Kilvada bo`lgan. Sayyohning yozishicha, ushbu shaharlarda uning e’tiborini tortgan narsa - yerli aholining qora tanli ekanligi edi. Afrika sharqi bo`ylab sayohatdan qaytish uchun sayyoh Arabiston yarimorolining janubi bo`ylab suzib, Fors ko`rfaziga kelgan. So`ng Arabiston yarimorolini piyoda kesib o`tib, Makkaga qaytib keldi.
  Sayyohning Rumga (arablar Kichik Osiyoni shunday atashgan) sa­fari 1332-yilning kishida Alaya portidan boshlanib, so`ng hozirgi Turkiyaning Antaliya, Ladik, Kunya, Kayseri va Sivas shaharlari bo`ylab davom etgan. 1333-yilning oxirida sayyoh Qora dengizning Sinop portida bo`ldi.
  Sharq mamlakatlariga sayohat qilish ishtiyoqida bo`lgan tinib-tinchimas Ibn Battuta yunonlar kemasida Qrimning Kafe (hozirgi Ukrainaning Feodosiya) shahriga, so`ng Azov dengiziga va u orqali nihoyat, Shimoliy Kavkazga yetib kelgan.
  Kavkazning Pyatigorsk shahrida Ibn Battuta 1334-yilning mayida Oltin O`rda xoni O`zbekxon tomonidan katta hurmat bi­lan qabul qilingan. Tarixchilar o`rtasida Ibn Battutaning Volga Bulgoriyasiga qilgan safari borasida birmuncha munozarali fikrlar mavjud. Ba’zi olimlar (I.Xrbek, S. Yanichek) Ibn Battuta Vol­ga Bulgoriyasida bo`lmagan, chunki XIV asr sharoitida atigi 20 kun ichida ushbu hududga sayohat qilishga jismonan ulgurmagan bo`lar edi, deb hisoblashadi. Mazkur olimlarning fikricha, Ibn Battuta Volga Bulgoriyasiga safari haqidagi ma’lumotlarni uning o`zi yoki asarlarini ko`chirgan kotibi Ibn Juzay tomonidan Abul Jubayr va Abul Fid kabi boshqa arab sayyohlari asarlaridan olingan bo`lishi mumkin.
   Nima bo`lganda ham, sayyoh Oltin O`rda xoni xizmatkorlari bi­lan birga Xoji-Tarxonga (hozirgi Rossiyaning Astraxan shahri) sayohat qilib, u yerdan O`zbekxonning rafiqasi, Vizantiya imperatori Andronik III ning qizi Boyalun-xotinni o`z otasi huzuriga kuzatib borish sharafiga muyassar bo`lgan. Vizantiya poytaxtida bir oycha bo`lib, 1334-yilning noyabr oyi o`rtalarida sayyoh yana Volgaga, Oltin O`rda xonligi poytaxti Saroy-Berkaga qaytib kelgan.
  1334-yilning oxirida sayyoh Oltin O`rdani tark etib, xorazmlik savdogarlar karvoni bilan birga O`rta Osiyo tomon yo`l oldi. Ibn Battutaning yozishicha, u qo`shilgan savdo karvoni Oltin O`rdadan Xorazmgacha o`ttiz kun yo`l yo`rgan. Karvon kuniga ikki marta – Quyosh tig`i qizdirganda va qorongi tushganda to`xtagan. Karvonning dam olish uchun to`xtash vaqti esa dukkaklilardan (nuxat, mosh, loviya) sho`rva tayyorlashga qancha vaqt talab etilsa, shuncha edi. Ibn Bat­tuta savdogarlar karvonida doim quritilgan go`sht bo`lishi va uni sho`rvaga solib, qatiq qo`shib ichilgani haqida yozgan. Ko`zlangan manzilga tezroq yetib borish maqsadida har bir sayyoh ovqatlanish va hatto, uxlayotgan vaqtida ham aravalarda harakatlanishda davom etgan. Ibn Battutaning 1334-1349-yillarda 15 yil davom etgan eng uzoq sayohatining asosiy qismi shu tariqa boshlangan.
  O`rta Osiyoda Ibn Battuta yirik savdo markazlari hisoblangan O`rganch, Buxoro, Naxshab (Qarshi) va Samarqand shaharlariga sayohat qilib, ularning O`rta asrlardagi hayoti to`g`risida qimmatli ma’lu­motlar to`plashga muvaffaq bo`ldi. O`rganchda sayyoh Oltin O`rda xonligining qudratli no`yoni Qutlug` Temur tomonidan katta hurmat bi­lan qabul qilingan. Sayyoh Xorazmda birmuncha uzoqroq vaqt bo`lib, bu yerdagi aholining turmush tarzi, xonlarning hayoti va ziyoratgoh joylari haqida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Ibn Bat­tuta Xorazm xalqi haqida o`z esdaliklarida shunday yozadi: «...butun dunyoda xorazmliklardan xushfe’lroq, xorijliklarga nisbatan oliyhimmat va mehmondo`st kishilarni men hali uchratganim yo`q...».
  Ibn Battuta Amudaryo to`g`risida ham qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan: «...Xorazm ortidan jannatdan boshlanuvchi to`rtta daryoning biri Jayhun (hozirgi Amu­daryo) oqadi. Bu daryo xuddi Itil (hozirgi Volga daryosi) daryosiga o`xshash - qishda muzlaydi va shunda odamlar uning ustidan yurishlari mumkin. Daryo besh oycha muz bilan qoplangan bo`ladi. Muzning erish vaqtida uning ustidan yo`rgan odamlarning ba’zilari cho`kib ketib, halok bo`ladi. Yoz kunlarida daryo bo`ylab kemalarda Termizgacha suzib borib, u yerdan bug`doy va arpa olib kelinadi. Buning uchun o`n kun vaqt kerak bo`ladi...».
  Sayyoh Xorazm qovunlarining butun dunyoga taralgan dongi haqida shunday yozadi: «Dunyoning (musulmon dunyosi nazarda tutilgan) Sharqida ham, g`arbida ham Buxoro qovunlaridan tashqari Xorazm qovunlariga teng keladigani yo`q... Uning po`sti yashil, mag`zi qizil, juda shirin va shu bilan birga qattiq. Shunisi qiziqarliki, uni bo`laklarga bo`lib, xuddi bizda quritilgan anjirni tayyorlaganlari kabi Quyoshda quritib, savatlarga solib, Xorazmdan Hindiston va Xitoyning uzoq shaharlariga olib boradilar. Barcha quritilgan mevalar ichida unga teng keladigani yo`q..».
  Ibn Battuta Xorazm tuprog`ida yashab o`tgan mashhur mutasavvuf sufiylarning ziyoratgohlari haqida hurmat bilan yozgan. Sayyohning xabar berishicha: «...Xorazmga kiraverishda islom olamida mashhur tabarruk zotlardan biri shayx Najmiddin al-Kubro kabri yonida barpo etilgan zaviya (Muqaddas joylarda darveshlar va ziyoratchilar uchun ko`rilgan maxsus bino, xonako) mavjud... Shahardan tashqarida mashhur olim, imom Abul Qosim Maxmud ibn Umar az- Zamaxshariyning dahmasi joylashgan bo`lib, uning ustiga maqbara ko`rilgan...». 
  Xorazmdan 18 kun yo`l yo`rgan Ibn Battuta Buxoroga keldi. Uning Buxoro haqida qoldirgan ma’lumotlari haqida olimlar o`rtasida turli munozaralar mavjud. Chunki sayyoh bu shahar haqidagi ma’lumotlarni birmuncha buzib tasvirlagan, degan fikrlar bor. Buxorodan keyin sayyoh Naxshab (hozirgi Qarshi) shahriga yo`l olib, uning sultoni Tarmashirin haqida qator ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
  Ibn Battuta Naxshabdan keyin Samarqandga qilgan safari taassurotlari haqida ham to`lqinlanib yozgan. Uning yozishicha: «...men Samarqandga yo`l oldim. Bu eng yirik va go`zal shaharlardan biridir. U Vodiy al-Kassarin (Zarafshon daryosi) qirg`og`ida joylashgan bo`lib, ushbu daryodan charxpalaklar yordamida bog`larga suv olinadi. Shahar aholisi kechki namozdan keyin ushbu daryo bo`yiga sayr va o`yin-kulgi qilish uchun yig`ilishadi. Bu yerda o`tirish uchun taxtasupalar hamda meva va boshqa yeguliklar sotish uchun rastalar bunyod etilgan...».
  Samarqandda bunyod etilgan turli me’moriy obidalarni sayyoh shunday ta’riflagan: «... Daryo (Zarafshon) qirg`og`ida o`lkan saroy va binolar qad ko`targan va ular Samarqand ahlining naqadar usta me’morligidan dalolat beradi... Bu yerda shahar devori yoki darvozalari yo`q. Shahar ichida bog`lar juda ko`p. Samarqand ahli xorijliklarga nisbatan fe’li keng va mehmondo`st kishilardir...».
  Ibn Battuta Samarqanddan keyin Termizda Amudaryoni kechib o`tib, Xurosonning Balx shahriga keldi. 1333-yilning yozini Ibn Battuta shimoli-sharqiy Eron va Afg`oniston bo`ylab sayohat qilish bilan o`tkazgan va Nishopur, Mashhad, Jom, Bistom va Kobul shaharlarida bo`lgan. Hindikush tog`laridan oshib o`tgan sayyoh sav­do karvoni bilan G`azna orqali Hindistonga yo`l olgan va nihoyat, 1333- yilning sentyabr oyida u Hind daryosini kechib o`tib, bir umr orzu qilgan mamlakati Hindiston tuprog`iga yetib kelgan.
Dehli sultonligida Ibn Battuta sulton Muhammad Tug`loq xizmatiga kirgan. Sayyoh Hindistonda sakkiz yil yashab, dastlab qozi, so`ng faqix lavozimlarida faoliyat olib borgan.
   1342-yilning yozida Ibn Battuta Hind sultoni elchisi sifatida Xitoyga sayohat qildi. Ibn Battutaning Xitoy to`g`risida yozib qoldirgan ma’lumotlari uncha aniq bo`lmagani bois, ba’zi mutaxassislar sayyohning ushbu mamlakatga sayohatiga birmuncha shubha bilan qarashadi. Xitoyda bir qator sarguzashtlarni boshdan kechir- gach, Ibn Battuta Sharqiy Osiyodagi Kanton bandargohiga yetib kel­gan. U yerdan sayyoh Malayziya va Bengaliya orqali Hindistonga, so`ng dengiz yo`li bilan Tunis va Italiyaning Sardiniya oroli orqali 1349-yilda Marokashga qaytib keldi.
  Hindiston va Xitoydagi elchilik tajribasining natijasi ularoq, Ibn Battuta 1350-1351-yillarda Marokash sultoni tomonidan Granadaga (hozirgi Ispaniyaning Andalusiya provinsiyasi hududidagi shahar) diplomatik missiya bilan tashrif buyur- gan. Ushbu sayohati davomida sayyoh o`sha vaqtlardagi Granada va Andalusiyaning hayoti to`g`risida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
  1352-yilda tinib-tinchimas sayyoh yana yo`lga otlanib, bu safar Afrikani o`rganishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ydi. Sayohatni qamroviga ko`ra Ibn Battutaning eng yirik ekspeditsiyalaridan biri, deyish mumkin. Mali mamlakatiga yo`l olgan sayyoh Sahroi Kabirni piyoda kesib o`tgan. Sahrodagi taassurotlaridan eng yorqini sifatida sayyoh ushbu hududda yashaydigan aholining tuz va tuya terilaridan qurilgan uylari haqida yozgan edi. Yo`l birmuncha mashaqqatli va xatarli bo`lishiga qaramasdan, Ibn Battuta Sahroi Kabirni muvaffaqiyatli kesib o`tib, Afrikaning Mali davlatiga yetib kelgan. Ushbu mamlakatning eng boy shaharlaridan biri Timbuktuda bo`lgan sayyoh, bu yerda mahalliy xoqon Sulaymon tomonidan katta ehtirom bilan qabul qilingan.
  1354-yilning boshida Ibn Battuta Afrika safaridan Marokashga qaytib kelgan va marinidlar sultoni Ibn Inonning buyrug`iga binoan o`zining barcha sayohatlari haqidagi taassurotlarini granadalik olim shayx Ibn Juzayga so`zlab berdi. 1355- yilning dekabrida Ibn Juzay Ibn Battutaning esdaliklarini umumlashtirishni tugallagan. Bu bilan Ibn Juzay Marko Poloning Sharq mamlakatlariga sayohatiga oid esdaliklarini yozib olgan Rustikano kabi tarixda yorqin iz qoldirgan.
  «Ibn Battutaning sayohati» kitobi sayohat janrida bitilgan mumtoz asardir. Sayyohning Mali, Markaziy va Shimoliy Afrika, Saudiya Arabistoni, Suriya, Livan, Falastin, Qrim, Kavkaz, Oltin O`rda, O`rta Osiyo, Afg`oniston, Xitoy va Hindiston haqidagi esdaliklari ushbu hududlarning O`rta asrlardagi hayoti to`g`risidagi qimmatli tarixiy manba hisoblanadi.
  Hisob-kitoblarga ko`ra, o`zining 28 yillik sayohatlari davomi­da Ibn Battuta dunyoning uch qit`asidagi bir necha yuz shaharlarda bo`lib, 120 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o`tgan. Bunday masofani esa hozirgi vaqtda bosib o`tishga har qanday tadqiqotchi hatto, zamonaviy texnika vositalaridan foydalangan taqdirda ham qodir bo`lavermaydi.
  Sayyoh o`zi borgan yerlarning o`sha davrdagi hayotini iloji boricha to`laqonli va haqqoniy tarzda yoritishga harakat qilgan. Shuning uchun ham uning esdaliklari juda ommabop bo`lib, 1818-yilda lotin, 1829-yilda ingliz, keyinchalik esa dunyoning boshqa ko`pgina tillariga tarjima qilingan.
  Olim 1377-yilda 74 yoshida vafot etgan. O`rta asrlardagi hayotini tadqiq etish borasidagi cheksiz xizmatlari bois, Ibn Battuta bilan nafaqat marokashliklar, balki butun musulmon mamlakatlari ahli faxrlanadi. Shu bois, buyuk sayyohning nomi turli ob’ektlarda abadiylashtirilgan. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi eng yirik savdo markazlaridan biriga Ibn Bat­tuta nomi berilgan. Savdo markazi bir vaqtlar sayyoh borgan yerlar: Andalusiya, Shimoliy Afrika, Eron, Xitoy va Hindiston nomlari bilan atalgan. Savdo markaziga kiraverishda esa Ibn Battutaning katta portreti o`rnatilgan bo`lib, tagida arab va ingliz tillarida sayyoh to`g`risida ma’lumotlar yozilgan.
  Qur’oni Karimni rus tiliga tarjima qilgan rus arabshunos olimi I.Krachkovskiy sayyohning geografik bilimlarni rivojlantirishdagi hissasi haqida shunday yozgan: «Mashhur Ibn Battu­ta barcha musulmon mamlakatlarini aylanib chiqqan oxirgi buyuk sayyoh va universal geograf-amaliyotchi edi. Uning sayohati... hali ham ehtirom bilan tilga olinadi... O`rta asrlardagi Oltin O`rda va O`rta Osiyo haqidagi biror-bir ilmiy ishni Ibn Battutaga murojaat qilmasdan bajarishning iloji yo`q...». Taniqli nemis geografi R.Xennigning fikricha, «XIV asrda yashagan marokashlik Ibn Bat­tuta qadimgi dunyo va o`rta asrlar bilgan sayyohlarning eng buyugi sifatida tan olinishi lozim».

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.