Abdurazzoq Samarqandiy 

6 982

Abdurazzoq Samarqandiy
(1413-1482)
  Amerikani kashf etgan Xristofor Kolumb aslida Yevropadan Hindistonga boradigan dengiz yo`lini topmoqchi bo`lgani tarixdan ma’lum. Ammo uning bu orzusini portugal sayyohi Vasko da Gama 1498-yilda Afrikani aylanib o`tib, Yevropadan Hindistonga den­giz yo`lini ochish orqali amalga oshirgan. «Uch dengiz osha sayohat» asari muallifi, rus sayyohi Afanasiy Nikitin ham 1466-1472- yillarda Rossiyadan Hindistongacha bo`lgan qulay yo`lni kashf etish maqsadida sayohatga chiqqandi.
  Ammo yuqorida nomlari tilga olingan yevropalik sayyohlardan ancha oldin, 1441-1444-yillarda (A.Nikitindan 25 yil, Vasko da Gamadan 56 yil oldin) Hindistonga dengiz orqali borish yo`lini birinchi bo`lib bosib o`tgan va ushbu yo`nalishdagi hududlarni geo­grafik jihatdan tasvirlab bergan sayyoh, hamyurtimiz Abdurazzoq Samarqandiydir.
  Mashhur sayyoh, elchi va tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning (to`liq ismi sharifi - Kamoliddin Abdurazzoq ibn Jaloliddin Ishoq Samarqandiy) otasi asli Samarqandlik bo`lib, Shohrux xizmatida yurganida Hirotda yashagan. Abdurazzoq Samarqandiy 1413-yil 7-noyabrda Hirotda tug`ilgan, keyin uzoq vaqt Samarqandda yashagan.
 Abdurazzoq o`z davrining o`qimishli va aqli o`tkir kishilaridan bo`lgani sababli, Shohrux uni hurmat qilar va muhim vazifalarni ishonib topshirardi. Jumladan, sayyoh, avvalo, Hindistonga, so`ngra Gilonga (Kaspiy dengizining janubi-g`arbida, hozirgi Eron hududida) elchi etib tayinlanib, ushbu yurtlarga yuborilgan.
  Ma’lumki, Hindistonga safar qilgan O`rta Osiyolik olim va sayyohlarning aksariyati bu ishni quruqlik orqali amalga oshirishgan. A.Samarqandiy esa mintakamizdan chiqqan geograf va sayyohlar ichida birinchi bo`lib 1441-1444- yillarda Hindistonga g`arbdan - Hind okeani orqali kemada suzib borgan va uning janubiy viloyatlarida bo`lgan. U sayohati davomida Xurosonning qumli cho`llari, Markaziy Osiyoning janubi, Ozarbayjon, Eron va Iroq orqali o`tib, Fors ko`rfazidan Arabiston dengiziga chiqqan va mazkur den­giz orqali Hindistonga yetib borgan.
 Hindiston safari natijasi ularoq, A.Samarqandiy «Hindiston safari dostoni va yer ajoyibotlarining sharhi, garoyibotlarning bayoni» asarini yozdi. Bu asar boshqacha qilib «Hindiston safarnomasi» deb ham ataladi. Abdurazzoq Samarqandiyning «Hindiston safarnomasi» asosiy asari hisoblanmish «Matlai sa’dayn va majmai bayrayn» («Ikki saodatli yo`lduzning chikish va ikki dengizning qushilish joyi») kitobiga alohida bob tarzida kiritilgan. Bu bobni yozishda muallif o`zi ko`rgan-bilganlaridan iborat boy materiallarning mavjudligini va zamondoshlarining uzoq mamlakatlar haqidagi ajoyib hikoyalar va aniq ma’lumotlar bilan juda qiziqqanligini inobatga olgan.
  «Hindiston safarnomasi»da olim Hindiston, uning tabiati, tog`lari, dengiz va daryolari, bu yerda yashaydigan halklar, ularning urf-odatlari, aholining mashg`uloti, shaharlari, o`simlik va hayvonot dunyosining o`ziga xosligi, qazilma boyliklari va boshqa tabiiy resurslari haqida qimmatli ma’lumotlarni keltirgan. 
 Hindistonga qilgan sayohati davomida Samarqandiy Hindiston yarimoroli janubidagi Kalikut, Bajonagar va Xirlish shaharlarida bo`lib, ularning aholisi, hunarmandchiligi, san’ati, savdo-sotig`i, hayvonot va o`simlik dunyosini kuzatgan hamda bu ma’lumotlarni asarida bayon etgan. Shuningdek, A.Samarqandiyning «Hindiston safaronoma»si Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoga qo`shni bo`lgan boshqa mamlakatlarning XV asrdagi geografiyasi, tarixi va etnografiyasiga oid qimmatli qo`llanma ham hisoblanadi.
 O`zbek sharqshunosi A.O`rinboyev Abdurazzoq Samarqandiyning «Hindiston safarnomasi»ni bir necha nushalariga solishtirib chiqib, o`zbek tiliga tarjima qilgan va asarning mukammal ilmiy izohlarini tayyorlab, chop ettirgan.
  Olim «Hindiston safarnomasi»da shunday yozadi: «1441-yili... Ho`rmuz viloyati va dengiz sohillariga qarab safarga otlandim. Bu dostonda... har xil ajoyib-g`aroyiblar so`z ipiga teriladi, uch yil muddat ichida ko`rgan-kechirgan holatim va qo`rqinchli voqealarim mufassal, ham qisqa holda qaytadan bayon qilinadi. So`ng faqir ilgari va’da qilganiga muvofiq Xuroson, Movarounnahr, Fors, Iroq va Ozarbayjonlarda bo`lib o`tgan voqealar bayon qilinadi...».
  Ho`rmuz (hozirgi Eronning Bandar-Abbos) bandargohining o`sha vaqtlarda juda katta xalqaro savdo markazi bo`lgani va A.Samarqandiyning esa geografiyani yaxshi bilgani yuqoridagi satrlardan ko`rinib turibdi. Olim iste’dodli qalamkash bo`lgani bois har bir hodisani badiiy obraz va o`xshatishlar, yaqqol ifodalar bilan tasvirlagan.
 Ho`rmuz bandargohidan jo`nagan sayyoh va uning hamrohlari 18 kun deganda Hindistonning Kalikut shahriga yetib borishgan. Bu shahar Hindistonning janubi-g`arbida joylashgan bo`lib, hozirda uning nomi Kojikode va bu yerda 450 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu shahar haqida Samarqandiy shunday yozadi: «Kolikut xavfsiz va obod bir bandargohdir, ko`p mamlakat va diyorlarning savdogarlari ham bo`lishi va dengiz sohilidagi yerlarning, xususan, Xabasha, Zirbod va Zangibor mamlakatlarining mollaridan ko`plab nafis narsalar topilishi bilan u Ho`rmuzga o`xshab ketadi...», «...Kolikutdan Makkai Muborakka kemalar qatnab turadi va ko`pincha murch olib boradi. Bu bandarda hamma narsa topiladi...».
 Shunisi e’tiborga loyiqki, Abdurazzoq Samarqandiydan 56 yil keyin portugal sayyohi Vasko da Gama kemalari ayni shu Kalikut bandargohiga kelib to`xtagan. Abdurazzoq Samarqandiy Kalikutdan Bajonagarga o`tib, u yerda o`z elchilik vazifasini o`tab, Hindlarning hayoti, urf-odatlari, bayramlari hamda o`lkaning savdo-sotig`i, odamlari, hayvonlari va o`simliklarini kuzatib, ko`rgan-kechirgan ajoyibotlarning hammasini safarnomasida ta’riflagan. Orqaga - Hindistondan Ho`rmuz bandargohiga qadar bo`lgan yo`l esa 75 kunda bosib o`tildi. Keyin sayyoh-elchi quruqlik orqali Xirotga qaytgan. Uning Hindistonga bo`lgan mazkur sayohati jami uch yil davom etgandi.
 Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safari ushbu sirli diyorni nafaqat o`rta osiyoliklar, balki yevropaliklar uchun ham kashf qilgan. Manbalarga ko`ra, Samarqandiydan ancha keyin Hindistonga borgan rus sayyohi A.Nikitin va golland sayyohi Vasko da Gama o`z sayohatlarini tashkil etishda ma’lum darajada hamyurtimizning tajribasidan foydalanishgan ekan. Xullas, A.Samarqandiyni Hindistonga boradigan ham quruqlik, ham den­giz yo`lini kashf etgan ilk sayyohlardan biri, deb aytish mumkin.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.